Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
21.12.2017

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATINING O‘N UCHINCHI YALPI MAJLISI TO‘G‘RISIDA AXBOROT

2017 yil 20 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi ochildi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev boshqardi.

Senatorlar ishni O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdan boshladilar.

Ta’kidlanganidek, 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning, soliq va byudjet siyosati konsepsiyasining prognozlari hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan va 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qayd etilgan maqsad va ustuvor yo‘nalishlar, shuningdek, joylardagi ishlarning real holati hamda hududlar imkoniyatlarini o‘rganish, hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolarni aniqlash asosida ishlab chiqilgan.

2018 yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti xalqaro moliya institutlari tomonidan tan olingan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, narx indekslari asosida tuzilgan. Jumladan, 2018 yilda YaIM 290,6 trillion so‘m miqdorida bo‘lishi, YaIM deflyatori 14,1 foizni tashkil etishi, iste’mol narxlari indeksi 12-13 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Davlat byudjetining parametrlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,02 foiz profitsit bilan bajarilishi kutilmoqda.

2018 yilgi soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari soliq yuki yanada kamaytirilishini, bir xil soliqqa tortish bazasiga ega soliq va majburiy to‘lovlar miqdorining qisqartirilishini, mahalliy byudjetlarning daromad bazasi mustahkamlanishini va ularning mustaqilligi oshirilishini, resurslardan oqilona foydalanilishini hamda byudjetga tushumlarning to‘liq tushishi ta’minlanishini ko‘zda tutadi.

Xususan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari o‘rtacha 30 foizga kamaytirilishi nazarda tutilmoqda, bu esa, o‘z navbatida, aholining tadbirkorlikka intilishini yanada oshirishga olib keladi.

2018 yilga mo‘ljallangan Davlat byudjeti xarajatlarining asosiy yo‘nalishlari mamlakat byudjet siyosatining ijtimoiy yo‘naltirilganligini saqlab qolishni nazarda tutadi. Xususan, 2018 yilda ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar 34,7 trillion so‘mni tashkil etadi. Qabul qilingan davlat dasturlarini amalga oshirishga esa 8,5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirish taklif etilmoqda. 2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish Dasturi doirasida maktabgacha ta’lim muassasalarini jihozlashga 815 milliard so‘m yoki 2017 yildagiga nisbatan qariyb 3 barobar ko‘proq mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. 48 ta oliy ta’lim muassasasining moddiy-texnika bazasini yaxshilashga 559,1 milliard so‘m yoki 2017 yildagiga nisbatan 1,5 barobar ko‘p mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. 296 ta tibbiyot muassasasini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlariga 803,6 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Mamlakatimizning bosh moliyaviy hujjatida uy-joy kommunal ishlarini bajarish hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu ishlarga 230,3 milliard so‘m ajratiladi, shu jumladan, ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarni obodonlashtirishga 47,2 milliard so‘m, ko‘p qavatli turar joy fondining lift uskunalarini ta’mirlash va yangilariga almashtirishga 22,4 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Sog‘liqni saqlash muassasalarining dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish maqsadida 915,4 milliard so‘m hajmida yoki 2017 yil parametrlarida nazarda tutilganidan 2,5 barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltiriladi.

Senatorlarning fikricha, 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning, soliq va byudjet siyosati konsepsiyasining prognozlari hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga mos keladi.

Senatorlar 2018 yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetini tasdiqlash to‘g‘risida tegishli qaror qabul qildilar.

Shundan so‘ng senatorlar «Soliq va byudjet siyosatining 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar.

Mazkur me’yoriy-huquqiy hujjatning maqsadi 2018 yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosatini amalga oshirish uchun huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, Soliq va byudjet siyosatining 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan qonun hujjatlarining ayrim me’yorlari bir xilda qo‘llanilishi uchun ularga aniqlik kiritib qo‘yishdan iborat.

Qonun Byudjet kodeksi, Soliq kodeksi va «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi 3 ta moddadan iborat. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksiga, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunga kiritilishi nazarda tutilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mahalliy byudjetlarning mustaqilligini oshirish, tumanlar va shaharlarning zaxira jamg‘armalarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibini nazarda tutadi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining byudjet vakolatlarini ularga qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan alohida soliqlar bo‘yicha belgilangan stavkalarga hududlarning hamda faoliyat amalga oshiriladigan joyning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda pasaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni kiritish huquqini berish orqali oshirish nazarda tutilmoqda.

Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i bilan foyda solig‘i birlashtirilayotganligi, shuningdek, ayrim turdagi majburiy ajratmalarni yagona to‘lovga — davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarga birlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonun ijro hokimiyati organlari faoliyatining zamonaviy tashkiliy-huquqiy shakllarini joriy qilish, ichki idoraviy nazorat mexanizmini kuchaytirish, davlat boshqaruvi sohasida rasmiyatchilik va suiiste’molchilikka chek qo‘yish, shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatishning samarali amalga oshirilishini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilishga qaratilgan.

Qonunda huquqni qo‘llash amaliyotini, sohadagi mavjud muammolarni, shu jumladan, xorijiy tajribani chuqur o‘rganish asosida ma’muriy tartib-taomillarning umumiy qoidalari belgilangan. Xususan, davlat organlari va fuqarolar, tashkilotlarning hamkorligini aks ettiruvchi ma’muriy tartib-taomillarning asosiy tamoyillari ko‘rsatilmoqda. Qonunda ishlarni ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilishning aniq tartibi, ma’muriy hujjatni bekor qilish, o‘zgartirish yoki qonuniy kuchga ega bo‘lmagan deb tan olish uchun asoslar, norozi bo‘lib shikoyat arizasi berishning umumiy tamoyillari mustahkamlab qo‘yilgan. Ma’muriy ishlarning taalluqliligi, idoralararo o‘zaro hamkorlik, ma’muriy ish yuritishda vakillik, vorislik, dalillar, ma’muriy ish yuritish muddatlari va ma’muriy ishni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq xarajatlar to‘g‘risidagi nizomlar nazarda tutilmoqda. Ma’muriy ish yuritish ishtirokchilari, shuningdek, ma’muriy ishni hal qilishga ko‘maklashuvchi shaxslar toifalari, ularning huquqlari va majburiyatlari batafsil belgilab berilmoqda.

Senatorlarning fikricha, «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi davlat organlarining fuqarolar va yuridik shaxslar bilan o‘zaro munosabatlarining qonuniylik va shaffoflik darajasini oshiradi, sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun sharoit ta’minlaydi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilgan «Kelajak bunyodkori» medalini ta’sis etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonunning maqsadi yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlar ongida mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik tuyg‘usini, milliy o‘zlikni anglashni, Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatni va yurt taqdiriga daxldorlikni qaror toptirish, yoshlarning tashabbuslarini rag‘batlantirishdir.

Qonun bilan «Kelajak bunyodkori» medalining tavsifi va «Kelajak bunyodkori» medali to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.

Ushbu Nizom «Kelajak bunyodkori» medali bilan xalq manfaatlari yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilayotgan, yuksak vatanparvarlik, fidoyilik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon etib kelayotgan, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va shon-shuhratini yuksaltirishga munosib hissa ko‘shayotgan, jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faolligi va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan, o‘qishda va mehnat faoliyatida katta yutuqlarga erishgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mukofotlanishi tartibini belgilab beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar. Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab qo‘yilgan vazifalarni ijro etish doirasida tayyorlanganini qayd etdilar.

Muhokama davomida senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi harbiy sohadagi milliy xavfsizlikni ta’minlashga doir rasmiy qarashlar, prinsiplar va yondashuvlar tizimini o‘zida ifodalashini ta’kidladilar. Hujjat respublikaning qonun hujjatlariga va xalqaro huquq normalariga asoslanadi, mamlakatning milliy manfaatlaridan, jahondagi va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatdan, hozirda yuz berayotgan harbiy nizolar xususiyatidan kelib chiqadi, shuningdek, mudofaa sohasidagi davlat siyosatining istiqboldagi ustuvorliklarini, Qurolli Kuchlarni tayyorlash, tashkil etish va qo‘llash asosiy prinsiplarini hamda yo‘nalishlarini belgilab beradi.

Shuningdek, harbiy sohada milliy xavfsizlikka tahdidlar ko‘lami o‘zgarishiga, harbiy-siyosiy vaziyat shart-sharoitlariga hamda hozirgi harbiy nizolar xususiyatiga, mamlakatimiz harbiy tuzilmani rivojlantirish vazifalari va yo‘nalishlariga qarab Mudofaa doktrinasining ayrim qoidalariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlik kiritilishi va to‘ldirilishi mumkin. Bunda harbiy xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi davlat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan aniqlashtiriladi.

Mudofaa doktrinasi ochiq xususiyatga ega, bu esa shunga o‘xshash konseptual hujjatlar qabul qilish borasidagi chet el tajribasiga mos keladi. Hujjat O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqligi, yaqin qo‘shnilar bilan amaliy munosabatlarni rivojlantirish ustunligini mustahkamlaydi va rivojlantiradi, shuningdek, mamlakatimiz mudofaa siyosatining shaffofligini ta’minlaydi, xavfsizlik va mudofaa sohasida boshqa chet davlatlar bilan samarali harbiy-siyosiy munosabatlar va hamkorlik qilish uchun tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar «Sudlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga, «O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual va Xo‘jalik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 12 apreldagi qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Oliy sudi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining bir qator kodekslarini tasdiqlashni nazarda tutuvchi qonunlarni ko‘rib chiqdilar.

Oliy Majlis Senatiga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksini tasdiqlash haqida»gi qonunlar sud-huquq sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini aks ettiradi. Mazkur islohotlar sud tizimini izchil demokratlashtirishga, sud hokimiyati mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy prinsipga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashga, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.

Kodekslarni ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktabrdagi «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 2017 yil 7 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi, 2017 yil 21 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlarida hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan talablar e’tiborga olindi.

«O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqish davomida senatorlar ushbu huquqiy hujjat 1997 yil 30 avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Fuqarolik protsessual kodeksi normalari va qoidalari asosida ishlab chiqilganligini qayd etdilar. Mazkur normalar va qoidalar zamon talabini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida keltirilgan farmonlari bilan tasdiqlangan dasturlarni hisobga olgan holda hamda Kodeksda mavjud nuqsonlarni bartaraf etish maqsadida takomillashtirildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

«O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni ko‘rib chiqilayotganda Kodeks O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Xo‘jalik protsessual kodeksining zamon talablarini hisobga olib va amaldagi qonun hujjatlarida mavjud bo‘lgan nuqsonlarni bartaraf etish maqsadida takomillashtirilgan normalari asosida ishlab chiqilganligi ta’kidlandi. Masalan, Kodeksda ayrim nizolarni (chet ellik shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari ishtirokidagi ishlarni; xorijiy sudlar va arbitrajlar qarorlarini e’tirof etish hamda ijro etish to‘g‘risidagi ishlarni) ko‘rib chiqish viloyat darajasidagi iqtisodiy sudlar sudloviga kiritildi.

Nizolar tez ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida sudlovga taalluqlilikning umumiy qoidasi o‘zgartirildi (yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga da’volar ular ro‘yxatdan o‘tkazilgan joy bo‘yicha sudga taqdim etiladi).

Fuqarolik protsessual kodeksida bo‘lganidek, shartlashilgan (ixtiyoriy) vakillar ro‘yxati keltirilmoqda, shuningdek, sudda vakil sifatida ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha professional faoliyat bilan faqat advokatlar shug‘ullanishlari mumkin.

«O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksini tasdiqlash haqida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqishda ta’kidlanishicha, ma’muriy sohalardagi hamda boshqa huquqiy munosabatlar borasida fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, ushbu sohalarda qonuniylikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga ko‘maklashish, qonun va sudga hurmat munosabatini shakllantirish Kodeksda ma’muriy sud ishlarini yuritishning muhim vazifalari etib belgilangan.

Shu munosabat bilan Kodeksda bir tarafdan davlat organlari va (yoki) ularning mansabdor shaxslari hamda boshqa tarafdan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar, tashkilotlar o‘rtasidagi ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ish yuritish tartibini, shuningdek, boshqa ommaviy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar bo‘yicha ishlar yuritilishi tartibga solinadi.

Kodeks ma’muriy sud ishlarini yuritishning tamoyillarini mustahkamlaydi. Odil sudlovning faqat sudlar tomonidan hamda fuqarolarning qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshirilishi, sudyalarning mustaqilligi va faqat qonunga bo‘ysunishi, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi, sud ishlari yuritiladigan til, sudda ish ko‘rishning oshkoraligi, sudda ishni ko‘rishning bevositaligi va og‘zakiligi, ishlarni qonun hujjatlari asosida hal qilish va boshqa tamoyillar shular jumlasidandir.

Sud tizimi faoliyati samaradorligini va aholining odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida Kodeksda sud majlisini audio va videoyozuvga olish imkoniyati nazarda tutilgan. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi farmonini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, mustaqillik yillarida ushbu tarmoqda tahsinga loyiq natijalarga erishildi. Temir yo‘l transporti tarmoqlari — bu iqtisodiyotimizning qon tomirlari bo‘lib, ular yordamida mamlakatimizda yuk va yo‘lovchi tashish, shuningdek, temiryo‘l tashuvlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha diqqatga molik ishlar bajarilmoqda.

Bugungi kunda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatida 73 ming nafar yuqori malakali xodim faoliyat yuritmoqda. Muhandis-texniklar va mutaxassislar, yo‘l xizmati xodimlari, vagon mashinistlari va kuzatuvchilari, sanoat, loyihalashtirish va qurilish tashkilotlari xodimlari, ijtimoiy infratuzilma obyektlarining ishchi va xizmatchilari, sohaning mehnatsevar xodimlari shular jumlasidandir.

Ular mehnati tufayli o‘tgan yillar mobaynida temir yo‘l transporti xodimlari tomonidan 1,1 ming kilometrdan ortiq temir yo‘llar yotqizildi, 4 ming kilometrdan ortiq temiryo‘l magistrallari modernizatsiya qilindi, 1,7 ming kilometr temir yo‘l uzellari elektrlashtirildi, 1,4 milliard tonna yuk tashildi, shuningdek, 350 milliondan ortiq yo‘lovchi manzillariga yetkazildi.

Temir yo‘l transportining turli tarmoqlari xodimlari faoliyatining o‘ta murakkab va muhimligini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi qonuni avgust oyining birinchi yakshanbasini O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni deb belgilaydi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi

Shuningdek, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 avgustdagi farmoniga muvofiq tayyorlangan «O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, mustaqillik davrida mamlakatimiz qiyofasi tubdan o‘zgardi. Qurilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat shahar va qishloqlar qiyofasini o‘zgartirdi, balki hayotimizga alohida mazmun-mohiyat bag‘ishlab, inson manfaatlariga xizmat qila boshladi. Xususan, aholini arzon va qulay turar joylar bilan ta’minlash maqsadli dasturlari doirasida namunali ko‘p qavatli uylar, madaniyat va san’at markazlari, sport inshootlari, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy obyektlar qurilmoqda, shuningdek, yo‘llar, ko‘priklar va boshqa infratuzilma obyektlari barpo etilyapti.

Senatorlar ta’kidlaganidek, avgust oyining ikkinchi yakshanbasini O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni deb belgilovchi «O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi soha xodimlariga o‘z kasb bayramini davlat miqyosida nishonlash imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga tuzatishlar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan mamlakatimiz ijtimoiy va siyosiy hayotidagi islohotlar munosabati bilan tayyorlangan «Ayrim davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi, shuningdek, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yilning 5 oktabridagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ham nazorat organlarining tadbirkorlik subyektlari va ular xodimlariga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash bo‘yicha funksiya va vakolatlarini sud organlariga bosqichma-bosqich berishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bu sud hokimiyatining tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini va huquqlarini himoya qilishdagi rolini oshirishga xizmat qiladi, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ma’muriy choralarni qo‘llashda noxolis yondashuvning oldini olishga ko‘maklashadi.

Bundan tashqari, Kodeksga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar birovning mulkini qasddan yo‘q qilish yoki zarar yetkazish uchun javobgarlik mexanizmini maqbullashtiradi, davlat organi mansabdor shaxslari tomonidan parlament so‘rovi, deputat so‘rovi, senator so‘rovini ko‘rib chiqmay qoldirganlik yoki uzrli sababsiz ularni ko‘rib chiqish muddatlarini buzish yoxud ular bo‘yicha ishonchsizligi avvaldan ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etganlik uchun javobgarlik kiritishni nazarda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 iyundagi «Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligi va kapitallashuvi darajasini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga banklar tomonidan to‘lovlar uzluksiz amalga oshirilishini ta’minlash hamda banklarni kreditlash shartlari to‘g‘risidagi axborotning ochiqligi va qulayligini ta’minlash maqsadida banklarning likvidliligini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki tomonidan kreditlar ajratishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

«Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni ijtimoiy sheriklikni amalga oshirish sohasini belgilash hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqlariga aniqlik kiritishni nazarda tutuvchi normalar bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, «Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga xavfli ishlab chiqarish obyektlarini hisobga olish va ularning davlat reyestrini yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 fevraldagi «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq 2017 yilning 1 iyulidan boshlab oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning ikki pog‘onali tizimi joriy etildi. Shundan kelib chiqib, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, Mehnat kodeksiga, Uy-joy kodeksiga, shuningdek, Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimi nomlariga tegishli bo‘lgan o‘zgartishlar kiritilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi tegishli normalar bilan to‘ldirilmoqda. Ular nikohni bekor qilish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan. Jumladan, ushbu qo‘shimchalarga muvofiq sud (Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari) er-xotinga yarashish uchun (ariza topshirilgan kundan boshlab) muhlat tayinlab, ishning ko‘rilishini keyinga qoldirgan taqdirda, er-xotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan bo‘lsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini er-xotinni yarashtirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun uch kundan kechiktirmasdan yozma ravishda xabardor qilishi kerak. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2017 yil 18 iyuldagi farmonini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan «Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonun hujjati soliq solish tizimini izchillik bilan soddalashtirishga, soliq solish bazasini kengaytirishga, soliq ma’muriyatchiligining zamonaviy usullarini joriy etishga qaratilgan.

Qonunga muvofiq Soliq kodeksi halol soliq to‘lovchilarga soliq solishga doir joriy masalalarni hal qilishda har tomonlama ko‘mak berish orqali ular va soliq organlari o‘rtasida kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutadigan soliq monitoringi joriy etilishini belgilab beruvchi yangi «Soliq monitoringi» bobi bilan to‘ldirilmoqda.

Shuningdek, qonun bilan Fuqarolik kodeksi va «Bankrotlik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan va muqaddam tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi natijasida yuzaga kelgan soliq qarzdorligiga ega bo‘lgan, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirgan jismoniy shaxslarga bankrotlikning qo‘llanishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Soliq kodeksiga hamda «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda Internet tarmog‘ida savdo va xizmatlar ko‘rsatish sohasida soliq nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilgan.

«Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga va Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar bilan soliq to‘lovchi vakolatli organlarga murojaat qilgan sanadan boshlab 15 ish kuni davomida ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar summalarini qaytarish yoki hisobga olish tartibi o‘rnatilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi qaroriga muvofiq «Garov to‘g‘risida»gi, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi hamda «Ipoteka to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Qonunning bir qator qoidalari voyaga yetmagan bolalarning qonuniy huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Jumladan, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz bolalarni, shuningdek, ota-onalarni ta’minlash uchun alimentlar to‘lashdan bo‘yin tovlash muddatlari qisqartirilmoqda. Bu muddat tugagach, shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Voyaga yetmagan bolalarning, shuningdek, mehnatga layoqatsiz va muhtoj ota-onalarning moddiy ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatilishiga va qarzdorning aliment majburiyatlari bo‘yicha to‘lov qobiliyatining yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Jinoyat kodeksidan jarima tarzidagi sanksiya chiqarib tashlanmoqda. Bundan tashqari, alimentlar to‘lanishini ta’minlash maqsadida Jinoyat kodeksi shaxs moddiy zararni qoplagan taqdirda, uni javobgarlikdan ozod qilish to‘g‘risidagi qoidalar bilan to‘ldirilmoqda.

Oila kodeksiga qo‘shilgan normaga muvofiq voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun, shu jumladan, ko‘chmas yoki ko‘char mulk tarzida yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan oldindan to‘lanishi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash bosqichida ularning har tomonlama muhokamasini ta’minlash, ular normalarining sifatini oshirish maqsadida «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi, «Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida»gi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ularda qonun loyihasini tayyorlash vaqtida jamoatchilik fikrini o‘rganishda fuqarolik jamiyati institutlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillarining ishtirok etishi nazarda tutiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, tuman (shahar) ma’muriy sudlari tashkil etilishi munosabati bilan qonun asosida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi sudda ma’muriy va jinoiy ishlarni ko‘rib chiqish tartibini yanada takomillashtirishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining Harakatlanuvchi uskunalarga nisbatan xalqaro kafolatlar to‘g‘risidagi Konvensiyaga (Keyptaun, 2001 yil 16 noyabr) va Harakatlanuvchi uskunalarga nisbatan xalqaro kafolatlar to‘g‘risidagi Konvensiyaning Aviatsiya uskunalari bo‘yicha protokoliga (Keyptaun, 2001 yil 16 noyabr) qo‘shilishi haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatlar Keyptaun shahrida 2001 yil 16 noyabrda qabul qilingan va 2006 yil 1 martda kuchga kirgan. Bugungi kunda 73 ta davlat mazkur xalqaro hujjatlarning ishtirokchilari hisoblanadi.

Keyptaun Konvensiyasi va Aviatsiya uskunalari bo‘yicha protokol bilan aviatsiya obyektlari — samolyotlar, dvigatellar va hokazolarga ushbu hujjatlarning barcha ishtirokchi davlatlari tomonidan e’tirof etiladigan xalqaro kafolatlar vujudga kelishi tartibi va oqibati belgilab beriladi.

Senatorlarning fikricha, O‘zbekiston Respublikasining mazkur xalqaro huquqiy hujjatlarga qo‘shilishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik aviatsiyasining havo kemalari saroyini modernizatsiyalashda qimmatbaho aviatsiya texnikasini xarid qilish uchun sarflanadigan davlat xarajatlarini tejash imkonini beradi, bu esa pirovardida parvozlar xavfsizligi darajasini oshirishga ko‘maklashadi.

Senatorlar «Xorvatiya Respublikasining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi, bir tomondan, Yevropa Hamjamiyatlari hamda ularga a’zo-davlatlar, ikkinchi tomondan, o‘rtasida sheriklik ta’sis etuvchi Sheriklik va Hamkorlik to‘g‘risida Bitimga Bayonnomani (Bryussel, 2017 yil 17 iyul) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar.

1996 yil 21 iyunda Florensiyada imzolangan Yevropa Hamjamiyatlari bilan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (ShHB) O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy huquqiy hujjat hisoblanadi. Hozirgi vaqtda ShHB qoidalari O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining 27 ta a’zo-davlati o‘rtasidagi hamkorlikka tatbiq etiladi.

Bayonnoma Xorvatiya Respublikasining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi munosabati bilan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va u bilan bog‘liq boshqa hujjatlarning Xorvatiya Respublikasi tomonidan tasdiqlanishini nazarda tutadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilgi Davlat byudjeti xarajatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar hamda tegishli qaror qabul qildilar.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n uchinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati.



DB query error.
Please try later.