Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 31 1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 1 2
16.12.2017

NISHON TUMANIDAGI YUKSALISH NISHONALARI

Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 24-25 fevralida Qashqadaryo viloyatiga tashrifidan so‘ng yanada yorqinroq namoyon bo‘la boshladi.

Qarshi cho‘lining bundan yarim asr muqaddam o‘zlashtirilgan hududida joylashgan Nishon tumanida iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotga xizmat qiladigan 1058 loyihani amalga oshirish ishlari ko‘tarinki kayfiyatda olib borilmoqda. Prezidentimizning yaqinda Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan o‘tgan tantanali marosimda bildirgan fikrlari butun Qashqadaryo viloyati, jumladan, Nishon tumani dehqonu tadbirkorlari ko‘nglini yanada ko‘tarib yubordi.

Islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida safarimizni «Nishon ko‘zgu» fermer xo‘jaligidan boshladik. Sababi, joriy yilning boshida davlatimiz rahbari mazkur xo‘jalikning Qarshi shahridagi qushxonasida bo‘lgan, jamoa erishayotgan yutuqlar bilan tanishgan va bu yerda go‘sht mahsulotlarini qayta ishlaydigan kichik korxona qurish yuzasidan takliflar bergan edi.

 

MEHNAT QIL, ROHATINI KO‘R

Shudgor qilingan maydonlardan o‘tib, yam-yashil dalaga duch keldik. Ushbu 51 gektar g‘allazor «Nishon ko‘zgu» fermer xo‘jaligiga tegishli ekan. Xo‘jalik rahbari Sherzodjon Uzoqovni shu yerda uchratdik, tanishdik.

O‘ttiz besh yoshli tadbirkor yigit faqat dehqonchilik bilan shug‘ullanib qolmasdan, boshqa ibratli ishlarni ham amalga oshirib kelayotgani bilan ko‘pchilikning hurmat-e’tiborini qozongan ekan. «Agrobank»dan 3 milliard 930 million so‘m kredit olib, Qarshi shahrida zamonaviy avtomatlashtirilgan qushxona quribdi. Mazkur korxonaning 40 tonna go‘sht mahsulotlari va 200 tonna meva-sabzavotni saqlaydigan muzlatgich — omborxonasi ham bor ekan. 100 dan ortiq ish o‘rni yaratilayapti.

— Kelgusi yil hosiliga tayyorgarlik zo‘r-ku, — deyman maysalar yashnagan g‘alla paykaliga ishora qilib. — Bu yil g‘alla, paxta qanday bo‘ldi?

— Joriy yilda 22 gektar joydagi g‘alla, 21 gektar joydagi paxtadan yuqori hosil olib, shartnoma rejalarini oshirib ado etdik, — deydi Sherzodjon. — Tumandagi boshqa fermerlar ham yuksak marralarga erishdi. Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan Toshkentda o‘tgan tantanali marosimda Prezidentimiz peshqadam tumanlar qatorida Nishonni ham e’tirof etgani hammamizning ko‘nglimizni g‘ururga to‘ldirdi, yanada g‘ayrat bilan ishlashga ruhlantirdi.

—Bilishimizcha, xo‘jaligingizda paxta bilan g‘alladan boshqa ekinlar ham yetishtiriladi, shu haqda ham ikki og‘iz gapirib bersangiz.

— Ko‘p tarmoqli xo‘jalik barpo etish — davr talabi. Buni o‘z faoliyatimizda ko‘rdik. 8 gektar yerda qovun yetishtirib, 37 ming 800 dollarga eksport qildik. Mana 5 gektar yerga «to‘qsonbosti» sarimsoqpiyoz va piyoz ekib, ko‘kartirib oldik. 100 bosh qoramolimiz bor. Yerimizning adog‘idagi tashlandiq 1 gektar yerda baliq boqamiz. Toshkentdan mutaxassis olimlarni olib kelib, yangi yildan gulkaram ekmoqchiman...

Sherzodjonning mulohazalarini tinglar ekanman, Qarshi cho‘lida ilk bor o‘zlashtirilgan Nishon tumani yerlarining meliorativ holati yaqin o‘tmishda ayanchli ekani esimga tushdi. Qanchalik harakat qilinmasin, keyingi o‘n besh-yigirma yilda rejalar o‘lda-jo‘lda qolib ketaverdi. Hatto, o‘tgan yili ham paxta rejasi 80 foizdan oshmadi.

Tumanga yangi hokim kelgandan so‘nggina vaziyat o‘zgara boshladi. Tumandagi 57 ming 475 gektar sug‘oriladigan yerning 35 ming gektari sho‘rlangan, shundan 2 ming gektari kuchli sho‘rlangan maydonlardir. Keyingi uch yil davomida yangi kollektorlarni qurish, eskilarini ta’mirlash bo‘yicha 24 loyiha amalga oshirildi. Natijada 30 ming gektarga yaqin yerning meliorativ holati yaxshilandi. 2017 yilda esa 6 loyiha asosida yana 4 ming gektarga yaqin yerning unumdorligi oshiriladi. Demak, bugunga kelib Sherzodjon aytgan rejalarni hayotga tatbiq etish uchun yetarli shart-sharoit yaratildi.

— Bu yil 19 ming gektarga yaqin yerda g‘alla yetishtirilib, shartnomaviy rejalar bajarildi, — deydi tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ma’ruf Ergashev. — 21 ming gektar yerdan 50 ming tonnadan oshiq paxta terib olindi. Agar tumanda 1365 fermer bo‘lsa, deyarli barchasi yaxshi natijalarga erishdi. Demak yuksak marralarni ko‘zlab ishlaydigan davr keldi.

Darhaqiqat, 48 gektar yerda dehqonchilik qilayotgan fermer Chori Baratov bu yil g‘alla hosildorligi 60 sentnerdan, paxta hosildorligi 40 sentnerdan oshganini mamnuniyat bilan so‘zladi.

Tumanda oraliq ekinlar ekishga ham e’tibor kuchaymoqda. Joriy yilda g‘alladan bo‘shagan 2 ming gektar yerga mosh, 6 ming gektar yerga sabzi, 1,5 ming gektar yerga tarvuz, 700 gektar yerga piyoz, 250 gektar yerga sarimsoqpiyoz ekildi.

Tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, issiqxonalar qurishga ham katta e’tibor berilmoqda. «Yulduz qo‘rg‘oncha» MFYga qarashli hududdagi qarovsiz bino va yerlar fermer Ibrohim Arslonovga nol qiymati bilan berilgan ekan. Reja asosida 500 tonna sig‘imga ega muzlatgich — omborxona qurayotgan fermer shu joyda uchta issiqxona tashkil etibdi. Rediska kelasi yil mart oyida yetilar ekan. Ayniqsa, 19 sotix joydagi issiqxona havasimizni keltirdi. Ilgari Gollandiyadan keltirilgan «Bela» navli serhosil pomidorni ko‘rgandim. Bu ?4-160» navli Gollandiyaning yangi pomidor navi issiqxonada gurkirab o‘sib, hosil tukkan. Ish boshqaruvchi Asror Qurbonovning aytishicha, pomidor Yangi yil dasturxoniga tortiq etilar ekan. Asrorning o‘zi hovlisida turfa daraxt, xususan, archa ko‘chatlari yetishtirar ekan.

 

KATTA VA KICHIK KORXONALAR

Paxta tozalash korxonasini boshqarayotgan yosh mutaxassis Jasurjon Ko‘charov jamoasida 612 ishchi-xizmatchi mehnat qilayotgani, bu yilgi paxta tolasi nihoyatda sifatli ekani haqida hikoya qiladi. Kelajakda tumanda ip yigiruv korxonasi barpo etilar ekan.

Jasurjon bilan xayrlashib, Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasi tomon yo‘l oldik. Mamlakatimiz rahbari saylovoldi uchrashuvlarida ushbu korxonaning ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirish masalasida ham fikr bildirgandi.

Korxona rahbari Abdusalom Normo‘minov bilan tanishdik.

— IESning quvvatini oshirish uchun o‘zimizning hamda xorijiy kompaniyalarning sarmoyalari yo‘naltirilgan, — deydi u. — Qurilishning bosh pudratchisi Janubiy Koreyaning «Dayva» kompaniyasidir. Bir necha yil mobaynida juda katta ishlar amalga oshirildi. Stansiyamizga Yaponiyaning «Mitsubisi», Janubiy Koreyaning «Duysong» kabi taniqli kompaniyalarining zamonaviy gaz quvurlari va boshqa uskunalari o‘rnatildi. Natijada shu yilning mart oyiga kelib, har biri 450 MGV elektr quvvat beradigan 2 ta gaz qurilmasi ishga tushdi. Yangi loyihalar amalga oshadi, elektr stansiyamiz quvvati tobora oshib boraveradi...

Tumanda kichik korxonalar ravnaqiga ham katta e’tibor berilmoqda. Katta maydonda qad ko‘targan qo‘sh qavatli yangi bino tadbirkor Bahrom Murodovning «Nishon gold» xususiy korxonasiga tegishli ekan.

Bahromjon dastlab plastmassa eshik-romlar tayyorlaydigan sex quribdi. Ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida 295 million so‘m kredit olib, mazkur binoni tiklayapti.

— Birinchi qavatga savdo do‘koni, maishiy xizmat shoxobchalari joylashadi, — deydi Bahromjon.

Ikkinchi qavatga chiqdik. Xitoy davlatidan keltirilgan 26 tikuv mashinasida ishlayotgan chevarlarga ushbu kasbning mohir ustasi Dilnoza Ro‘ziyeva ishboshi ekan.

Tuman hokimligidan aytishlaricha, hukumat qarorida amalga oshiriladigan loyihalar dastlab 1040 ta ekan. Keyin ular yana 18 taga ko‘paygan. Ular amalga oshsa, tumanda 5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

O‘tgan ikki yil orasida 100 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etildi. Masalan, tadbirkor Bahodir Zulfiqorov Nuriston shaharchasida yangi to‘yxona qurib berdi. «Asadbek Lukchayev» MChJ avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasini ishga tushirdi. Murod Alimovga tegishli xususiy «Fayzistoniy» korxonasi pardozlovchi gips ishlab chiqarib, eksportga jo‘natmoqda. Tadbirkor Otquduq qishlog‘i yaqinidagi kichik konda kelgusi yili 400 million so‘m kredit evaziga gips-karton ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni mo‘ljallayapti. Yana bir tadbirkor Nuriddin Nurmatov esa paxta chiqindisidan momiq tayyorlash uskunalarini olib kelibdi. Bunday istiqbolli rejalar ko‘p.

 

XAZINA

Nishon kengliklarini kezsangiz, to‘satdan qarshingizda ko‘m-ko‘k havzalar paydo bo‘ladi. Buning tarixi shunday. Yetmishinchi yillarning o‘rtasida Qarshi dashti o‘zlashtirila boshlangach, yirik qurilish birlashmasi tuziladi. Amu suvlari o‘zlashtirilgan yerlarga oqa boshlagach, alohida baliqchilik xo‘jaligi tashkil topadi. Zamon o‘zgargach, birlashma tugab ketadi. Baliq havzalari «Xazina» MChJ mulkiga aylanadi.

 Unga ko‘p yillar Sayfullo Nazarov boshchilik qiladi. Keyinchalik jamoa o‘rnida yangi tadbirkorlik subyektlari — fermer xo‘jaliklari paydo bo‘ladi. Sayfullo aka fermerga aylanadi. Ko‘l bo‘yidagi shiyponda u kishi bilan suhbatlashamiz.

— 2008 yilda 3 ta mustaqil fermer xo‘jaligi tashkil topdi, — deydi u. — Mening ixtiyorimdagi xo‘jalikka 32 gektarlik ko‘l qaraydi. 8 gektar ko‘lda chavaq yetishtirishni yo‘lga qo‘yganmiz. Asosan do‘ngpeshona, zog‘ora, oq amur kabi baliqlarni yetishtiramiz. Bu yil 90 tonnadan ko‘proq mahsulot chiqarishni mo‘ljallayapmiz. Qarshi shahrida «Oltin baliqcha» oshxonamiz, do‘konimiz bor.

Sayfullo Nazarov bilan xayrlashib, yana yo‘lga tushamiz. Anchadan keyin ulkan inshoot — Tollimarjon suv omboriga yetib kelamiz. Qurilishi 1974 yilda boshlangan suv ombori 1986 yilda ishga tushgan. Nafaqat vohadagi, balki yurtimizdagi eng yirik sun’iy dengizlardan biri, 1,5 milliard kubometr suv saqlaydi. Qarshi dashtidagi tumanlar dalalari,Tollimarjon IES, «Sho‘rtangazkimyo» majmuiga Amudaryo suvlarini uzatadi.

Davlatimiz rahbari tavsiyasi bilan 2017-2019 yillarda viloyatda baliqchilikni rivojlantirish maqsadida alohida markaz tashkil etildi. Unga ko‘ra, «Qashqadaryo baliq sanoat-agro» MChJga suv omborining 4209 gektari ijaraga beriladi. «Ipoteka-bank» ATIB viloyat filiali bilan jami 1 milliard 400 million so‘m kredit ajratish yuzasidan shartnoma tuzildi. Hozirgacha 600 million so‘m sarmoya berildi. Bu ishga «Namuna» baliqchilik MChJ ham qo‘shildi. Uning ta’sis jamg‘armasiga qo‘shgan hissasi 375 million so‘mni tashkil etdi. Loyihaga ko‘ra, 1,5 million dona baliq chavaqlari parvarish qilinishi mo‘ljallangan. 2017 yilning 10-18 aprel kunlari suv omboriga do‘ngpeshona zotli baliqning 350 mingga yaqin chavaqlari tashlangan...

Yuqorida bo‘layotgan o‘zgarishlar viloyatning chekka tumani — Nishonda amalga oshirilayotgan istiqbolli rejalarning bir qismi xolos. 2016 yilda boshlangan, 2019 yilda poyoniga yetishi ko‘zda tutilgan bu loyihalar biri-biridan muhim. Demak, Nishon tumanida yana ko‘plab korxona va xo‘jaliklar barpo etiladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Hududning iqtisodiy quvvati oshadi, odamlar turmushi yanada farovonlashadi...

 

Yunus UZOQOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.