07.12.2017

KONSTITUTSIYAGA BINOAN

O‘zbekistonda o‘lim jazosining bekor qilinishi xalqaro hamjamiyat tomonidan o‘ta muhim voqea sifatida e’tirof etilib, insonparvarlik g‘oyalariga sadoqat namunasi sifatida tan olinib kelinadi.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari natijasida qonunlarimiz liberallashtirilib, insonparvarlik tamoyillariga muvofiqlashtirildi.

Bosh qomusimizda inson va uning qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida ulug‘landi. Ana shu tamoyildan kelib chiqib, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish maqsadida 2008 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi jazo turi sifatida butunlay bekor qilindi va Jinoyat kodeksidan olib tashlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, «Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir». Zero, inson hayoti huquqiy muhofaza obyekti sifatida ilk bor Konstitutsiyamizda mustahkamlandi. Sud-huquq tizimini isloh qilishda mazkur tarixiy hujjatning ahamiyati beqiyos.

Muxbirimiz insonning yashash huquqi, ya’ni O‘zbekistonda jazolash tizimidan o‘lim jazosini chiqarish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida yuridik fanlar doktori, professor Bahrom AHROROV fikrlari bilan qiziqdi.

— Hamma narsa taqqoslanganda bilinadi. Shu o‘rinda o‘tmish va bugungi kun qonunchiligimiz qiyoslanganda, avvalo, qanday farqlanishlar ko‘zga tashlanadi?

— Sobiq sho‘rolar tuzumi davrida O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksidagi 33 ta moddada o‘lim jazosi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, 1994 yil qabul qilingan yangi mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida ular soni 20 taga qisqartirilib, 13 ta modda sanksiyasida o‘lim jazosi nazarda tutilgan edi. Bosqichma-bosqich ular soni yana qisqartirib borildi. 1998 yilga kelib, o‘lim jazosi nazarda tutilgan moddalar 8 ta, 2001 yilda 4 taga, 2003 yilda esa 2 taga qisqartirildi.

2005 yil 1 avgustda Birinchi Prezidentimiz tarixiy hujjatga imzo chekdi. «O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida»gi Farmon e’lon qilindi. Bu insonparvarlik tamoyillariga qat’iy amal qilayotgan mamlakatimizning fuqarolari konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Farmonga ko‘ra, 2008 yilning 1 yanvaridan boshlab o‘lim jazosi jazo turi sifatida butunlay bekor qilindi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksidan olib tashlandi.

 Mamlakatimiz sud-huquq sohasidagi bu islohot jahon hamjamiyati tomonidan qizg‘in kutib olindi va ma’qullandi. 2008 yil 5 yanvarda matbuotda O‘zbekistonda o‘lim jazosining bekor qilinishi munosabati bilan Sloveniya raisligining Yevropa Ittifoqi nomidan bayonoti e’lon qilindi.

Unda shunday so‘zlar bor: ?. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda 2008 yilning 1 yanvaridan o‘lim jazosi bekor qilinganini qizg‘in ma’qullaydi. Biz O‘zbekiston hukumati va xalqini ushbu muhim qaror bilan samimiy qutlaymiz. Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston hukumatini ushbu qarorni to‘la ro‘yobga chiqarish hamda sud tizimidagi islohotlarni bundan buyon ham izchil amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlaydi.

2. Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar o‘lim jazosining bekor qilinishi inson qadr-qimmatini hurmat qilish va qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘ladi, deb hisoblaydi.

Yevropa Ittifoqi o‘lim jazosining butun dunyoda bekor qilinishiga erishish o‘z faoliyatining asosiy maqsadi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda o‘lim jazosining bekor qilinishi yuqorida qayd etilgan maqsad yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam, deb biladi va mintaqadagi boshqa mamlakatlar ham bu borada O‘zbekistondan o‘rnak oladi, deb umid qiladi».

Bu hujjat O‘zbekiston sud-huquq sohasidagi islohotlarga berilgan yuqori baho va e’tirofdir. Mamlakatimizda o‘lim jazosining bekor qilinishi xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan o‘ta muhim voqea bo‘ldi. Nufuzli xorijiy ekspertlarning fikricha, ushbu va boshqa chora-tadbirlar tufayli O‘zbekiston dunyoda eng liberal jinoyat qonuniga ega bo‘ldi.

Binobarin, huquq tizimida jinoyat uchun jazoning og‘ir yoki yengilligi emas, uning muqarrarligi muhim hisoblanadi. Qolaversa, o‘lim jazosi mahkum uchun hech qanday tarbiyaviy ahamiyatga ega emas. Bu jazo insonni axloqan tuzatmaydi.

Jinoiy jazo — jinoyat sodir etgan shaxslarni qayta tarbiyalash, jamiyat uchun xavfli harakatlar sodir etishdan tiyish, keyingi hayotini foydali tomonga burish vositasi. Mahkum jazoni o‘tash paytida ozodlik va inson yashashi uchun zarur bo‘lgan boshqa huquqlarning qadriga yetadi, kerakli xulosa chiqaradi.

— O‘zbekiston mustaqillikning qisqa davrida o‘lim jazosidan butunlay voz kechdi. Vaholanki, ko‘pgina rivojlangan demokratik davlatlar qonunchiligida o‘lim jazosi saqlab qolingan. Bu holni qanday izohlash mumkin?

— Shu o‘rinda bir gapni aytsam. Demokratik davlat o‘z fuqarosidan voz kechmasligi kerak. Ya’ni qonunchiligida o‘lim jazosi bor davlatda demokratiya to‘g‘risida gapirish, fikrimcha, ortiqcha.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining qisqa vaqtida, ya’ni o‘n yetti yilda o‘lim jazosidan voz kechishga erisha oldi. Bunday yutuqlarga demokratik hisoblangan Yevropa davlatlari bir, hatto ikki asrlab harakat qilganliklari tarixdan ma’lum. O‘lim jazosini bekor qilish jinoyatchilikning ko‘payib ketishiga sabab bo‘ladi, degan fikrlar ham noto‘g‘ri, asossiz ekanligi O‘zbekiston misolida isbotlanganligini alohida ta’kidlash lozim. O‘lim jazosi jazo turi sifatida o‘zini hech qachon oqlagan emas. Dunyo tajribasida o‘lim jazosini qo‘llashning jinoyatchilikni kamaytirishga umuman bog‘liq emasligi allaqachon isbotlangan. Aksincha, uni tayinlashda yo‘l qo‘yilgan xatolar orqali ko‘plab begunoh insonlar hayotdan erta mahrum qilindi. Sobiq sho‘rolar tuzumidagi qatag‘on yillarida nohaq o‘lim jazosiga hukm qilinib, qanchadan-qancha bobolarimiz asossiz otib tashlandi. Achchiq haqiqat shuki, o‘lim jazosining adolatsizligi aniqlansa, uni hech qachon tuzatib bo‘lmaydi. U keyinchalik tuzatib bo‘lmaydigan jazo turi sifatida ham xavfli va adolatsizdir.

Ta’kidlash kerakki, dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bu jazo turidan mutlaqo voz kechish yoki ijro qilishga moratoriy qo‘llash amaliyoti mavjud. Bugungi kunda yer yuzidagi yuzdan ziyod mamlakatda o‘lim jazosidan butunlay voz kechilgan yoki ular amalda qo‘llanilmaydi. Shu jumladan, yigirmadan ortiq davlatda o‘lim jazosiga hukm etish yoki uni ijro qilishga moratoriy o‘rnatilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1977 yil 8 dekabrdagi rezolutsiyasida o‘lim jazosi borasida ko‘zda tutiladigan asosiy maqsad, bunday jazoni bekor qilish ehtiyojidan kelib chiqqan holda, o‘lim jazosi qo‘llaniladigan huquqbuzarliklar miqdorini kamaytirib borishdan iborat bo‘lmog‘i lozimligi qayd etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 7-moddasi «Insonparvarlik prinsipi» deb atalib, unda «Jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamaydi. Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo‘ladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi kerak»ligi aytilgan.

2008 yil 1 yanvardan boshlab o‘lim jazosining bekor qilinishi mamlakatimizda inson hayotining daxlsizligi va uning yashashga bo‘lgan huquqi kafolatlandi. Qolaversa, ushbu hujjat insoniylik va bag‘rikenglikning yuksak namunasi sifatida nafaqat xalqimiz, balki jahon jamoatchiligi tomonidan katta xayrixohlik bilan kutib olindi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda o‘lim jazosining bekor qilinishi xalqaro tamoyil hamda Konstitutsiyamizga mos keluvchi eng maqbul yo‘l tanlanganining yaqqol isbotidir.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Ravshan SHODIYEV suhbatlashdi.



DB query error.
Please try later.