O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
29.04.2017

MAMLAKATNI OBOD, XALQNI ROZI QILISH YOLIDAGI EZGU ISHLAR IFODASI

Joriy yil yurtimizda bahor o‘zgacha fayz bilan o‘tmoqda. Saxiy tabiatning ko‘klamni seryog‘in qilishiga elimizda ezgu maqsadlarni ko‘zlab amalga oshirilayotgan ulkan ishlar esh bo‘lib, xalqimizni yangi marralar sari ruhlantirmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi yurtimiz tabiatida ham, odamlar hayotida ham ana shunday bahoriy yasharish va yangilanish pallasiga to‘g‘ri keldi. Bu yaratuvchanlik davlatimiz rahbarining joylarda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishi, xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilishi asnosida yangi-yangi rejalar muhokamasi jarayonida yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda.

Prezidentimiz tashrifi davomida bo‘lgan uchrashuvlarda ishtirok etib, shu yurtning oddiy bir fuqarosi sifatida ulkan bunyodkorlik ishlaridan, davlatimizning aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirish, har bir oila, har bir odamning baxtli yashashi uchun ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligidan o‘zimni g‘oyat mutaassir sezdim, qalbim iftixorga to‘ldi. Davlatimiz rahbarining viloyatimizda o‘tgan har bir uchrashuvi yurtdoshlarimiz qalbida bugunidan shukronalik, ertangi kuniga mustahkam ishonch tuyg‘ularini yuksaltirdi.

Prezidentimiz Zafarobod tumanidagi «Chimqo‘rg‘on» qishloq fuqarolar yig‘ini hududida Jizzax neftni qayta ishlash majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yishini nafaqat ramziy ma’noda, balki amalda ham mamlakatimiz iqtisodiy qudratini, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga qo‘yilgan poydevor, desam, mubolag‘aga yo‘ymang.

Butun Markaziy Osiyo mintaqasida noyob sanoat obyektlaridan biri bo‘lishi ko‘zda tutilayotgan bu qudratli ishlab chiqarish korxonasining mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish, aholi bandligini ta’minlash, eng muhimi, turmushimiz yanada obod bo‘lishidagi ahamiyatini tasavvur etib, tadbirning barcha ishtirokchilari kabi men ham davlatimiz rahbaridan behad minnatdor bo‘ldim.

Iqtisodiyot – hamma narsaning asosi. Shuning uchun davlatimiz tomonidan iqtisodiyotning barcha sohalarini rivojlantirish, tadbirkorlarga keng qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz inson manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish deganda, avvalo xalqimizning turmush madaniyatini yuksaltirish, milliy, tarixiy, ma’naviy qadriyatlarimizni mustahkamlashga katta e’tibor qaratayotir. Bu davlatimiz rahbarining Jizzax shahrini bosh reja asosida qayta qurish borasidagi bunyodkorlik ishlari, tumanlarda mahallalar hayoti, xalqimizning ardoqli farzandi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishishi asnosida ham namoyon bo‘ldi.

Prezidentimizning shu yil 27 martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori asosida Jizzax shahrida ushbu ulug‘ insonning yodgorlik majmuasini barpo etish, haykalini o‘rnatish, uning memorial uy-muzeyini tashkil etish va muzey hududini obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari Jizzax shahrida barpo etilayotgan Sharof Rashidov yodgorlik majmuasida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Ishning sifat va sur’atiga alohida e’tibor qaratib, uni noyabr oyigacha tugatish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi. Quruvchilar, ijodkorlar, faxriylar bilan dildan suhbatlashdi. Suhbatda Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyi munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan adibning «Saylanma» asarlari, hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan «Xalqimizning otashqalb farzandi» nomli xotira kitobini nashrga tayyorlash va chop etish, hujjatli film yaratish, ilmiy konferensiya o‘tkazish ustida ish olib borilayotgani qayd etildi.

Jizzaxning tarixiy qismi bo‘lgan sobiq Eski shahar hududida barpo etilayotgan yana bir ma’naviyat maskani – «Hamid Olimjon va Zulfiya bog‘i» deb yuritiladigan ijodkorlar bog‘i qurilishi bilan ham tanishdi. Xalqimizning ikki otashnafas shoiri nomi bilan barpo etilayotgan ushbu bog‘ majmuasi viloyatdagi muhim madaniy maskanlardan biri bo‘ladi. Bog‘ hududidagi tarixiy Xo‘ja Nuriddin madrasasi ta’mirlanib, bu yerda Zulfiya nomidagi ma’naviyat markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi ham shu binoga joylashtirilib, turli madaniy, adabiy-badiiy tadbirlar o‘tkazilishi uchun zamonaviy sharoit yaratiladi.

Prezidentimiz ijodkorlar bog‘ining tashkil etilishi uchun tanlangan joyning tarixiy, tabiiy jihatdan qulayligi, uning shahar ma’naviy hayotidagi o‘rni, yoshlarning adabiyot, she’riyatga muhabbatini o‘stirishdagi ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Ushbu ulkan adiblarimizning bebaho ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish, she’rlariga jo bo‘lgan ezgu tushunchalar mohiyatini yosh avlodga yetkazish maqsadida majmuada yosh ijodkorlarning «Zulfiya va Hamid Olimjon maktabi»ni tashkil etish taklifini bildirdi.

Suhbat davomida bunyodkorlik, ma’naviyat va kitobxonlik o‘zaro uyg‘un va chambarchas tushunchalar ekani ta’kidlandi. Izchil amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari ma’naviyat, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyati bilan bog‘liq ekanini ishtirokchilar ham chin dildan his etdi.

Mehribon ABDURAHMONOVA,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari.

O‘zA


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: