O'zb  
 
29.04.2017

JIZZAX NEFTNI QAYTA ISHLASH MAJMUASI XALQIMIZ FAROVONLIGINI YUKSALTIRISHGA XIZMAT QILADI

Avval xabar qilinganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida Zafarobod tumanida neftni qayta ishlash majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda Jizzax viloyati faollari, neft-gaz sanoati vakillari, quruvchi va muhandislar ishtirok etdi. O‘zA muxbiri ulardan ayrimlarining taassurotlarini yozib oldi.

Bahodir SIDDIQOV, «O‘zbekneftgaz» Milliy xolding kompaniyasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, «Neftgazinvest» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori:

— Mustaqillik yillarida neft-gaz sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biriga aylandi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi kabi yirik korxonalar tashkil etildi, mavjudlari modernizatsiya qilindi. Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, AQSh, Malayziya va boshqa davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari majmua qurilishining boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda bu korxonaning ahamiyati, iqtisodiy samaradorligini tushuntirib berdi. Masalan, neftni transport orqali tashib kelish katta xarajat talab etadi. Bu benzin, kerosin, rezina, moy, bitum kabi iqtisodiyot uchun zarur mahsulotlar, bunga bog‘liq bo‘lgan tovar va xizmatlar narxining oshishiga sabab bo‘ladi.

Jizzax neftni qayta ishlash majmuasining afzalligi shundaki, unga xomashyo quvur bilan olib kelinadi. Ma’lumki, bugungi kunda Omsk-Pavlodar-Chimkent neft quvuri mavjud va uning bir tarmog‘i Jizzax viloyatiga yaqin yerga kelgan. Shu joydan atigi 95 kilometr quvur tortish orqali yangi majmua arzon xomashyo bilan ta’minlanadi.

Yana bir ahamiyatli tomoni bu — korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar. Loyihaga ko‘ra, majmuada yiliga 5 million tonna xomashyoni qayta ishlash orqali Yevro-5 standartidagi 3 million 700 ming tonna motor yoqilg‘isi, 700 ming tonnadan ziyod aviatsiya kerosini, bundan tashqari, suyultirilgan gaz, benzol, mazut, bitum kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Aviatsiya kerosini ham mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun juda foydali. Bu O‘zbekiston samolyotlarining parvoz geografiyasini kengaytirish bilan birga xorijiy aviakompaniyalarga xizmat ko‘rsatish hajmini ham oshirishga asos bo‘ladi. Masalan, Janubiy Koreya yoki Xitoydan Yevropaga yuk tashiydigan samolyotlar yoqilg‘i o‘rniga ko‘proq mahsulot ortib, O‘zbekistondan yoqilg‘i quyib o‘tsa, katta foyda ko‘radi. Yo‘lovchi va yuk samolyotlarimiz reyslari ko‘payishi savdo-iqtisodiy aloqalar, turizm rivojida muhim o‘rin tutadi.

Majmua uchun juda qulay hudud tanlangan. Jizzax viloyati mamlakatimizning o‘rtasida joylashgan, eksport rejalashtirilayotgan qo‘shni davlatlar ham bir qadam. Bu korxona mahsulotlarini barcha hududlarimizga va eksportga minimal xarajatlar bilan yetkazish imkonini beradi. Bu yerga yaqin joyda Jizzax sement zavodi bor. Infratuzilma obyektlarini qurishga ko‘p vaqt va mablag‘ ketmaydi. Hamkorlarimiz va mutaxassislarimiz bilan birga ushbu yirik majmuani o‘z vaqtida qurib, foydalanishga topshiramiz. Norqul NUShAROV, «Nuroniy» jamg‘armasi Jizzax viloyati bo‘limi raisi:

— Viloyatimizga Prezidentimiz tashrif buyurib, Zafarobod tumanida ulkan korxona qurilishini boshlab bergani quvonchli voqea bo‘ldi.

Bunday paytlarda beixtiyor o‘tgan yillar yodimizga tushadi. Sobiq tuzum davridagi paxta yakkahokimligi oqibatida Jizzaxda ham ahvol og‘irlashib qolgan, 90-yillar boshida ham uning ta’siri yo‘qolmagan edi. Qishloq ho‘jaligi butunlay izdan chiqqan, hosildorlik o‘ta pasayib ketgandi. Ishlab chiqarish haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Paxta zavodlaridan boshqa korxona yo‘q edi. Zavod desa hamma shuni tushunardi.

Shavkat Mirziyoyev viloyatimizga rahbar bo‘lib kelib Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida juda ulkan ishlarni amalga oshirdi. Har bir sohaning ichiga kirdi, fermerlar, ziyolilar, oddiy odamlar bilan suhbatlashdi. Barcha muammolarga birin-ketin yechim topdi, odamlarning dunyoqarashini o‘zgartirdi. Xalq bilan muloqot qilish, odamlar dardi bilan yashash Prezidentimizning doimiy shiori, talabi bo‘lgan.

Asta-sekin viloyatimizning iqtisodiyoti o‘nglandi. Paxta, g‘alla rejalari bajarildi, Jizzax akkumulyator zavodiga o‘xshash ishlab chiqarish korxonalari paydo bo‘ldi.

O‘shandan buyon viloyatimiz izchil rivojlanib, mana bugungiday bayramlarga yetib keldik. Bu majmuaning qurilishini eshitib, hammamiz xursand bo‘ldik. Viloyatimiz yanada rivojlanadi, mahalliy byudjet mustahkamlanadi, yoshlarimiz ishli bo‘ladi. Qarang, bu zavodda 2 mingdan ziyod, sohaga aloqador va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida yana 14 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlanar ekan. Bundan quvonmay bo‘ladimi?!

Bunday ulkan voqealar, mamlakatimizdagi o‘zgarishlar biz, nuroniylarga ham alohida mas’uliyat yuklaydi. Katta hayot tajribasiga ega bo‘lgan mehnat faxriylari Prezidentimizga yelkadosh bo‘lishimiz, har tomonlama ko‘mak berishimiz kerak.

O‘zA muxbiri

Anvar SAMADOV

yozib oldi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: