Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Aprel 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 1 2 3
25.04.2017

2018-2022 YILLARDA ISSIQLIK TA’MINOTI TIZIMINI RIVOJLANTIRISH DASTURI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Iste’molchilarga issiqlik energiyasi yetkazib berish sifatini oshirish va uzluksizligini ta’minlash chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish, zamonaviy tejamkor va energiyani iqtisod qiladigan texnologiyalarni joriy etish asosida issiqlik ta’minoti tizimining asosiy fondlarini yangilash va modernizatsiyalash, yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali va oqilona foydalanish maqsadida:

1. Quyidagilar respublikada issiqlik ta’minoti tizimini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalari etib belgilansin:

issiqlik ta’minoti tizimiga energiya va resurslarni tejaydigan yangi texnologiyalar va uskunalarni, shu jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda joriy etish;

energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan mahalliy qozonxonalar qurish, shuningdek, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta’minoti tizimini o‘rnatish yo‘li bilan ko‘p xonadonli uy-joy fondi, ijtimoiy va boshqa obyektlarning nomarkazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish;

jismoniy va ma’naviy eskirgan tejamkor bo‘lmagan qozonxona agregatlarini almashtirgan holda ishdan chiqqan magistral va taqsimlash issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish;

energiya resurslari iste’mol qilinishi va ishlab chiqarilishining me’yor bo‘yicha hisobga olinishini tashkil etish, iste’molchilarning issiqlik ta’minoti xizmati haqini hisoblash va to‘lashning avtomatlashtirilgan hisob-kitob tizimini joriy etish;

noishlab chiqarish xarajatlari o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik va issiqlik energiyasini yetkazib berish, taqsimlash va iste’mol qilishda me’yoridan ortiqcha nobudgarchiliklarni kamaytirish hisobiga sarf-xarajatlarni qisqartirishga yo‘naltirilgan issiqlik ta’minoti tizimida yagona texnik siyosatni amalga oshirish.

2. 2018-2022 yillarda issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish dasturi (keyingi o‘rinlarda — Dastur) tasdiqlansin, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

2018-2022 yillarda mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

2018-2022 yillarda energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan mahalliy qozonxonalar qurish, jumladan, gelioqurilmalarni qo‘llash parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

2018-2022 yillarda markaziy qozonxonalarni modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish parametrlari 3-ilovaga muvofiq;

2018-2022 yillarda issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish parametrlari 4-ilovaga muvofiq;

2018-2022 yillarda xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta’minoti tizimini o‘rnatish parametrlari 5-ilovaga muvofiq;

2018-2022 yillarda issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish kompleks tadbirlari 6-ilovaga muvofiq.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari — Dasturning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi organlar hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Ko‘p xonadonli uylar va issiqlik ta’minoti obyektlari qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi — Dastur doirasida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha buyurtmachi hisoblanadi;

«Issiqlikelektrloyiha» aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika «O‘zInjiniring» loyiha instituti — Dastur doirasida amalga oshiriladigan loyihalarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha bosh loyiha tashkilotlari hisoblanadi.

4. Quyidagilar tasdiqlangan Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari sifatida:

a) mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish va qurish qismida:

ijtimoiy soha obyektlari uchun — O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobiga markazlashtirilgan investitsiya mablag‘lari;

ko‘p xonadonli uylar uchun — xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining o‘z mablag‘lari, tijorat banklarining kreditlari, pudrat tashkilotlarining mablag‘lari hamda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

b) markaziy qozonxonlarni hamda issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish uchun — issiqlik ta’minoti tashkilotlarining o‘z mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobiga markazlashtirilgan investitsiya mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hamda xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari;

v) xonadonlar ichki yakka tartibdagi issiqlik ta’minoti tizimini o‘rnatish uchun — turar joy va noturar joy xonalari mulkdorlarining mablag‘lari, shuningdek, tijorat banklarining imtiyozli kreditlari;

g) markaziy qozonxonalar va issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish doirasida loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari (texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari)ni TIA (TIHK) ishlab chiqish uchun — Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti hamda viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlarining mablag‘lari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

d) mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish va qurish bo‘yicha loyihalarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun — O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari.

5. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, «Issiqlikelektrloyiha» AJ, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika «O‘zInjiniring» loyiha instituti, «ToshuyjoyLITI» AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda:

2017 yilning 1 sentabriga qadar markaziy qozonxonalarni, issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarning TIA (TIHK) ishlab chiqilishi va vakolatli organlarda ekspertizadan o‘tkazilishini hamda mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish va qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi va vakolatli organlarda ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin;

loyihalarning TIA (TIHK) va loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda tasdiqlanishi natijalari bo‘yicha Dastur doirasida loyihalarning amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan pudrat tashkilotlarini tegishli tajribaga, texnik va moliyaviy salohiyatga ega bo‘lgan tashkilotlar orasidan tender (tanlov) asosida aniqlash, bunda tender (tanlov) hujjatlarida mahalliy qozonxonalar qurish va keyinchalik ularga ta’mirlash-servis xizmati ko‘rsatish nazarda tutilsin.

6. Dasturni amalga oshirish doirasida bir bosqichli tartibda loyihalarning TIA (TIHK)larini tasdiqlash bilan birga loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqishga ruxsat berilsin.

7. Loyihada energiya samaradorligi yuqori mahalliy qozonxonalar yoki xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta’minoti tizimidan foydalanish nazarda tutilmagan yangi qurilayotgan ko‘p xonadonli uylar, shuningdek, tashkilotlar va idoralarning binolari bo‘yicha arxitektura-rejalashtirish topshiriqlariga rozilik berish qat’iyan taqiqlansin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, «O‘zstandart» agentligi O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro quyosh energiyasi instituti bilan birgalikda ikki oy muddatda mahalliy qozonxonalar, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta’minoti tizimi, quyosh kollektorlari bilan birga loyihalashtirilgan obyektlarning energiya samaradorligi bo‘yicha shaharsozlik normalari va qoidalarini, shuningdek, quyosh kollektorlarini tayyorlash, sinash va qo‘llash bo‘yicha davlat standartlarini ishlab chiqsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 5 maydagi «2015-2019 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida»gi PQ-2343-sonli qarori bilan tuzilgan Respublika energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish komissiyasi zimmasiga (A.N.Aripov) quyidagi vazifalar yuklansin:

Dasturni amalga oshirishni muvofiqlashtirish va monitoring qilish;

issiqlik ta’minoti tizimida energiya va resurslarni tejaydigan yangi texnologiyalar hamda uskunalarni joriy etish bo‘yicha, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda tavsiyanomalar ishlab chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlarining Dastur amalga oshirilishi to‘g‘risidagi hisobotlarini har chorakda eshitib borish;

Dastur parametrlariga asosli o‘zgartish va aniqliklar kiritish.

10. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi 2018 yildan boshlab har yili O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha Dasturni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti hisobidan markazlashtirilgan kapital mablag‘lar limitlari ajratilishini nazarda tutsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturini ishlab chiqishda 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi hududida energiya samaradorligi yuqori mahalliy qozonxonalar, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta’minoti tizimlari ishlab chiqarishni tashkil qilishni nazarda tutsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, «O‘ztransgaz» AK, «O‘zbekenergo» AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari belgilangan tartibda, mansubligi bo‘yicha qurilayotgan mahalliy qozonxonalarga zarur muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari tortilishini, shunindek, tabiiy gaz, elektr energiyasi va sovuq suv uzluksiz berib turilishini ta’minlasinlar.

13. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, «Sanoatgeokontexnazorat» DI, «O‘zdavneftgazinspeksiya» DI, «O‘zdavenergonazorat» DI bilan birgalikda mahalliy qozonxonalar, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta’minoti tizimlari o‘rnatilishi va foydalanishga qabul qilinishi ustidan doimiy nazoratni ta’minlasinlar.

14. Respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan, Dasturni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallar 2023 yilning 1 yanvariga qadar bojxona to‘lovlari to‘lashda (bojxonada rasmiylashtirish uchun yig‘imlardan tashqari) ozod qilinsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2017 yil 20 aprel 


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: