Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning viloyatimizga tashrifini barcha samarqandliklar intiqlik bilan kutgan edi.
Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifini Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi. Shuningdek, bu yerda barpo etilayotgan yodgorlik majmuasi bilan tanishdi. Birinchi Prezidentimiz maqbarasi Hazrati Xizr masjidi bilan uyg‘un bo‘lishi zarurligini alohida ta’kidladi. Ziyoratchilar va rasmiy delegatsiyalar uchun keng sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Davlatimiz rahbarining bu yerda Birinchi Prezidentimizning buyukligi, pok iymon-e’tiqodi, sermazmun hayoti aks etishi, ushbu majmuani yuksak ma’naviyat, ilm-ma’rifat maskani bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi fikrlari qalblarimizda o‘zgacha faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Prezidentimiz Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida islom madaniyati, umumbashariy sivilizatsiya rivojiga bebaho hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qurilishi loyihasi bilan tanishar ekan, uning mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Bino devorlarida buyuk allomalarimizning ma’naviy qudrati va salohiyati namoyon bo‘lib turishi, buning uchun har bir xonani muayyan alloma nomi bilan atash va shunga muvofiq jihozlash zarurligini alohida ta’kidladi.
Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida Samarqand viloyatida yirik loyihalarni amalga oshirilishi xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Jahonda iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy inqiroz hali beri davom etmoqda. Bu jarayon O‘zbekistonga ham ta’sir etmay qolmaydi, albatta. Inqirozning bizga ta’sirini kamaytirishning birdan-bir yo‘li mamlakatdagi barcha mavjud imkoniyatlarni ishga solib, qisqa fursatda, birinchi navbatda, iqtisodiy yuksalish choralarini ko‘rishdir. Bu yo‘nalishda, avvalo, sanoatning rivojlanishi juda muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham Samarqandda yangi sanoat korxonalarini tashkil etish bo‘yicha bir nechta ulkan loyihalar ma’qullandi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonni agrosanoat mahsulotlarini faol eksport qiluvchi mamlakatga aylantirish va bu orqali byudjetga valyuta tushumini keskin oshirish bo‘yicha katta imkoniyati borligiga alohida urg‘u berdi.
Prezidentimizning Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Qo‘shrabot tumanida yuzlab gektar maydonlarda serhosil, erta meva beradigan Koliforniya yong‘og‘i bog‘lariga birinchi ko‘chatlar ekildi. Qo‘shrabot va boshqa tumanlarda baliq, parranda, chorva mahsulotlari, sabzavot, uzum yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha tegishli moliya muassasalariga topshiriqlar berildi.
Prezidentimizning viloyatlarga tashriflari mazmunini tahlil qilsangiz, aksariyat ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishdagi rejalar, muayyan topshiriqlar yagona bosh mezonga qaratilganligini yaqqol ko‘rasiz. U ham bo‘lsa, inson manfaatlari, bunda inson manfaatlari aniq obyekt sifatida namoyon bo‘ladi.
Ko‘rilayotgan barcha chora-tadbirlar, har bir kishining ehtiyojini qondirishga qaratilgan. Aholini ish bilan ta’minlash, moddiy-ma’naviy darajasini ko‘tarish, tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini yaxshilash.
Qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarda keskin burilish yasash, yanada rivojlantirish, bu borada foydalanilmay kelayotgan barcha imkoniyatlarni ishga solish ham, ichki intizom va ijro mas’uliyatini mustahkamlash ham, sud-huquq idoralarining faoliyatini takomillashtirish ham, dehqonlar ixtiyoridagi yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish ham, Samarqandday tarixiy shaharda turizimni yanada rivojlantirish ham, xullas, barcha-barcha yo‘nalishdagi harakatlarga inson va faqat inson manfaati nuqtai nazaridan, yangicha nigoh bilan qaralmoqda. Davlat va uning barcha idoralari xalqqa xizmat qilishi, uning manfaatlaridan kelib chiqqan holda ishlashi zururligi, yana bir karra, Samarqandda ham ta’kidlandi.
Mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalq qabulxonalari xalq bilan Prezident o‘rtasidagi to‘siqlarni butunlay olib tashlab, davlat bilan odamlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirdi va yillar davomida ko‘z yumub kelinayotgan mavjud kamchiliklarni ro‘yi rost ko‘rsatib berdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz xalq dardini eshitmoqda. Xalqimiz e’tirof etayotganiday chinakamiga xalq Prezidenti nomiga sazovor bo‘lmoqda.
Viloyatlarga qilinayotgan tashriflardan mutaxassislarning joylarda amalga oshirilgan tahliliy ishlari orqali hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalari shakllantirilyapti. Xuddi shu yo‘sinda, Samarqand viloyatiga qilingan tashrifda ham Prezidentimiz Jomboy, Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Nurobod va boshqa tumanlar aholisini yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlashga, u joylardagi ijtimoiy hayotni yaxshilashga qaratilgan bir nechta mukammal loyihalarni ko‘rib chiqib, ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning chetdan kelib, hech kim bizning muammolarimizni yechib bermaydi. O‘z aqlu zakovatimiz, mehnatimiz tufayli hayotimiz yaxshilanib boradi, — degan da’vatlarida butun xalqni harakatga keltiruvchi qudratli kuch bor.
Dunyo bozorida yurtimizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlariga talab yuqori ekanligini e’tiborga olgan holda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashga, tog‘oldi hududlarida yong‘oqzorlar, tokzorlar barpo etish, chorva boqishni tashkil qilish, baliqchilikni ko‘paytirishga qaratilgan qator loyihalar taqdimoti viloyatimizda hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘pligini ko‘rsatdi.
Mazkur loyihalarning hayotga tatbiq etilishi natijasida viloyatimizda minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, insonni ish bilan ta’minlanishi uning oilasi farovon bo‘lishiga, ertasiga, davlatga ishonchi oshishiga asos bo‘ladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Samarqand shahrida tramvay transport harakatining yo‘lga qo‘yilishi shahar aholisi kutayotgan voqealardan biri bo‘ldi. Shuningdek, shaharning Amir Temur ko‘chasida sayyohlik mehmonxona kompleksi, Samarqand eshkak eshish kanali bo‘yida qishki dam olish maskani barpo etilishi, hayvonot bog‘i tashkil etish kabi loyihalarning amalga oshirilishi ham viloyatimiz ijtimoiy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Keyingi 4-5 oy ichida xususiy tadbirkorlikka berilayotgan imkoniyatlar shu qadar kengaydiki, ilgari tadbirkor bank muassasasi eshigi oldida kunlab o‘tirgan bo‘lsa, endi bank xodimlari uyma-uy yurib, aholiga xizmatlarini taklif qilmoqda.
Ziyolilar tili bilan aytganda, mamlakatimizda shiddatli iqtisodiy-ma’rifatparvarlik davri boshlandi.
Davlatimiz rahbari ikki yil tanqidiy tahlil asosida ishlaymiz, tomoshabin va xiyonatchini bu jarayondan chetlatamiz, — deganida, belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarishda qatiy kurash bo‘ladi, deb tushundim.
Prezidentimiz Samarqanddan yaxshi kayfiyat bilan qaytdi, degan umiddaman. Samarqandliklar ushbu islohotlar, tashabbuslar, ulkan istiqbolli rejalardan ruhlanib, o‘z ishlariga shiddat bilan yondashishiga imonim komil.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
texnika fanlari doktori, professor.