Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
17.07.2012

Yana bir bor Rog‘un gesi qurilishi haqida

So‘nggi bir necha yil davomida keng xalqaro jamoat­chilik, nufuzli ekologik tashkilotlar vakillari, ko‘pchilik mamlakatlarning suv xo‘jaligi qurilishi sohasida tadqiqotlar bilan shufullanadigan ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislarining e’tibori Tojikistonning Amudaryoning yuqori qismida quvvati 3600 MVtga teng Rog’un GESi inshootlari kompleksini qurish loyihasini qayta jonlantirishga doir qay­sarona xatti-harakatlari muhokamasiga qara­tilmoqda.

Avval bir necha marta ta’kidlanganidek, Rog‘un GESini qurish loyihasi  keng ko‘lamli jiddiy texnologik, ijtimoiy, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy tahdid hamda xavflarni keltirib chiqaradi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi nufuzli ­xalqaro tashkilotlar va mutaxassislar, shuningdek, Amudaryoning quyi oqimida joylashgan mamlakatlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Bu, avvalo, quyidagi asosiy omillar bilan bog‘liq. Birinchi navbatda, Rog‘un GESi qurilishining har jihatdan xavfsiz gidroinshootlar qurilishini ta’minlash bo‘yicha hozirgi zamon talablariga mutlaqo mos kelmaydigan eski standartlar, qurilish norma va qoidalari bo‘yicha 35-40 yil muqaddam, sovet davriga xos gigantomaniyaga intilishga asoslangan holda ishlab chiqilgan texnik-loyiha yechimlarining bugungi talablarga mutlaqo javob bermasligi bilan izohlanadi. Buni nufuzli mutaxassislar va ekspertlar ham bir necha bor ta’kidlagan.

So‘nggi o‘n yilda yirik GESlar barpo etgan quruvchilar (Xitoy Xalq Respublikasidagi «Uch dara», Rossiya Federatsiyasidagi Sayano-Shushensk va Boguchansk GESlari, Janubiy Amerikadagi yirik GESlar va boshqalar) to‘qnash kelgan keng ko‘lamli muammo va halokatlar bugungi kunda bunday gidroinshootlarga qo‘yilayotgan standart hamda talablar mutlaqo o‘zgargani, buning natijasida ko‘p hollarda bunday inshootlarni qurish masalasini qayta ko‘rib chiqish, to‘xtatish va, hattoki, ulardan voz kechishga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari, sovet davri mutaxassislari Rog‘un GESini loyihalashtirish davridayoq hal etilmay qolgan qator muammoli masalalar yuzasidan zarur texnik yechimlarni topa olmagan edilar. Jumladan, katta miqdordagi suvning to‘g‘on ostida qoladigan yirik tuz qatlamiga (qalinligi 100 metrdan ziyod) muqarrar singishi (filtratsiya) va uning mazkur qatlamga ta’sirini bartaraf etish choralari hal etilmagan, shuningdek, qurilish olib borilayotgan hududdagi tog‘ jinslari massasining tez-tez takrorlanib turadigan xavfli siljishlari hisobga olinmagan. O‘tgan vaqt mobaynida ushbu muammolar yanada murakkablashdi. 1993 yilda Rog‘un GESidagi vaqtinchalik ko‘tarma to‘g‘onda sodir bo‘lgan avariya va mazkur inshootning butunlay vayron bo‘lishi, shuning­dek, keyinchalik yuz bergan boshqa bir qator avariyalar ham buni tasdiqlaydi.

Ikkinchidan, loyihada jahon amaliyotida misli ko‘rilmagan, balandligi 335 metrlik to‘g‘onni barpo etish ko‘zda tutilgan. Inshootni bir necha marta Rixter shkalasi bo‘yicha 9-10 ballni tashkil qilgan zilzilalar sodir bo‘lgan tog‘li joyda qurish taklif etilmoqda.

Rog‘un GESi qurilishi olib borilayotgan maydon Janubiy Tyan-Shan va Hisor-Qoqshol mintaqaviy yorig‘i tizimining bir qismi hisoblangan Vaxsh tektonik yorig‘idagi nisbatan yangi paydo bo‘lgan tog‘ massivlari yaqinida joylashgan. Ushbu zonalar Markaziy Osiyodagi eng faol seysmik hududlar bo‘lib, u yerda 10 ball­gacha bo‘lgan zilzilalar muntazam takrorlanib turadi. Tojikistonda o‘tgan asrning birinchi yarmida ro‘y bergan bunday zilzilalar 100 ming­dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan. Misol uchun, 1911 yilda sodir bo‘lgan yer silkinishini esga olaylik. O‘shanda 9 balldan ortiq zilzila Usoy uyumi va 20 milliard kub metr suv sig‘imiga ega Sarez ko‘lining hosil bo‘lishiga olib keldi.

Ayni paytda ushbu hududlarda seys­mik faollik darajasi yanada oshmoqda. AQSh geologiya xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, Rog‘un GESi qurilayotgan maydon joylashgan Pomir-Hindiqush tog‘ tizmasida bugungi kunda haftasiga sakkiz martagacha zilzila qayd etilmoqda. Tojikistonda o‘rtacha har to‘rt yilda kuchli, har 10-15 yilda esa halokatli zilzilalar ro‘y bermoqda. Ko‘plab ekspertlar ma’lumotlarni tahlil qilish asosida keyingi 10 yil mobaynida ushbu tog‘ massivida kuchli halokatli zilzilalar yuz berishini taxmin qilmoqda. Buni, shu jumladan, tojikistonlik seysmolog olimlarning tadqiqotlari ham tasdiqlaydi.

Ayni paytda, bunday katta dambani qurish uchun 80 million kub metr tuproqni ko‘chirish va yotqizish ishlarini bajarish talab etiladi. Buning natijasida suv omborida 14 milliard tonna suv to‘planadi va tog‘ massiviga qo‘shimcha bosim hosil qiladi. Bu esa, shubhasiz, mintaqaning seysmik jihatdan zaifligini oshiradi va shuni ishonch bilan aytish mumkinki, Rog‘un GESi qurilishi natijasida ushbu hududda zilzilalar takrorlanishi yanada kuchayadi.

Zilzila yoki texnogen omillar natijasida bunday to‘g‘onning buzilishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Olimlar va muhandislarning fikricha, bunday holda suv omborida to‘plangan 14 kub kilometr suv hosil qiladigan kuchli dinamik bosim katta (soatiga qariyb 500 kilometr) tezlik bilan Vaxsh daryosi oqimi bo‘ylab quyiga 100 metr balandlikdagi shiddatli to‘lqinning, ta’bir joiz bo‘lsa, «yasama sunami»ning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Buning natijasida Nurek GESi to‘g‘oni, Vaxsh kaskadidagi boshqa barcha GESlar va gidrouzellar butunlay vayron bo‘ladi, Nurek, Sarbon, Qo‘rg‘ontepa hamda Rumiy shaharlari butunlay suv ostida qoladi. Boz ustiga, ushbu to‘lqin halokatli harakatini davom ettirib, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmanistondagi bosh­qa o‘nlab shaharlar va qishloqlarni supurib ketadi va suvga g‘arq qiladi, mislsiz fojiali oqibatlarni yuzaga keltiradi, yuz minglab odamlar hayotiga zomin bo‘ladi.

Uchinchidan, Rog‘un GESi loyihasi Markaziy Osiyo mamlakatlari atrof-muhiti va ijtimoiy-iqtisodiy sohalariga uzoq yillar o‘nglab bo‘lmaydigan darajada katta xavf soladi.

Katta gidroinshoot qurilishi mintaqadagi zaif ekologik muvozanatga putur yetkazadi, suv xo‘jaligi va ekologik vaziyatga halokatli ta’sir ko‘rsatadi. 14 kub kilometr hajmdagi suv rezervuarini hosil qilish kamida 8-10 yil davomida Vaxsh dar­yo­si oqimini keskin cheklashni talab qiladi. Bu esa mintaqada suv oqimidan ko‘p yillar samarali foydalanish va uni boshqarish jarayonini butunlay izdan chiqaradi, hatto, shusiz ham tan­qisligi ortib borayot­gan suv resurslarining halokatli darajada kama­yib ketishiga olib keladi.

Stansiyaning barpo etilishi oqibatida tabiiy suv oqimi tizimi butunlay izdan chiqib, vegetatsiya mavsumida suv hajmi keskin kamayadi, kuz-qish davrida esa uni o‘tkazish hajmi va sarfi oshadi. Bu Amudaryo quyi oqimida joylashgan mamlakatlarda yozda suvning keskin kamayishiga, kuchli qurg‘oqchilikka, shuningdek, qishda halokatli toshqinlarga sabab bo‘ladi.

Amudaryo oqimi gidrologik rejimining o‘zgarishi natijasida o‘zanlardagi yo‘qotishlar ham ortadi. Hozir ham suv taqchil mavsumlarda bunday yo‘qotishlar 15 foizgacha yetmoqda. Gidrologik rejimning o‘zgarishi oqibatida Amudaryo quyi qismidagi ko‘llar va vetlandlarning qurish jarayoni bir necha marta tezlashadi, yangi sho‘rxok va taqir yerlar paydo bo‘ladi. Oqibatda u qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtiriladigan maydonlarni tuz bo‘ronlari bilan zararlaydigan ayovsiz manbaga aylanadi, tuproq unumdorligi hamda hosildorlik keskin pasayib ketadi. Buning oqibatida dunyo miqyosidagi ekologik muammo hisoblangan Orol dengizi halokati yanada murakkablashadi.

Shu tariqa, O‘zbekiston va Turkmaniston ishlab chiqarishining iqtisodiy asosi buziladi hamda ushbu mamlakatlarning Amudaryo quyi oqimlaridagi vohalarda yashayotgan 10 milliondan ortiq aholisi turmush tarzi batamom izdan chiqadi, odamlar qurg‘oqchilik va ochlikka mahkum bo‘lib, alal oqibat boshqa joylarga ko‘chishga majbur bo‘ladi.

Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, Rog‘un GESi qurilishi oqibatida Amudaryo quyi qismida joylashgan mamlakatlar, xususan, O‘zbekistonning bevosita iqtisodiy yo‘qotishlari 20 milliard dollardan oshadi. Bu zararni qoplashni hech kim zimmasiga olmoqchi emas. O‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydigan suv resurs­lari taqchilligi sharoitida millionlab odamlarning majburan ko‘chishi bilan bog‘liq ko‘plab qo‘shimcha iqtisodiy va ijtimoiy muammolar paydo bo‘ladi, mintaqada ijtimoiy beqarorlik keskinlashadi.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi oqibatida yuzaga keladigan iqtisodiy zararni hisoblab chiqish mushkul, qolaversa, millionlab odamlar chekadigan azob-uqubat va baxtsizlik ko‘lamini qaysi valyuta va qanday raqamlar bilan o‘lchab bo‘ladi? Turgan gapki, bunday to‘g‘onning qurilishi nafaqat texnik standartlar va iqtisodiy mantiqqa, balki sog‘lom aqlga ham ziddir.

Rog‘un GESi qurilishi oqibatida yuzaga keladigan aynan mana shu tahdidlar xalqaro jamoatchilikni, BMT, Katta to‘g‘onlar bo‘yicha xalqaro komissiya, Butunjahon suv kengashi, Xalq­aro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi kabi ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar, Yevroparlament, AQSh, Belgiya hamda boshqa davlatlar parlamentlari a’zolari, Yaponiya, AQSh, Gollandiya, Koreya Respublikasi va boshqa mamlakatlar ilmiy-tadqiqot markazlarini haqli ravishda tashvishga solmoqda. So‘nggi bir necha yil mobaynida turli darajada BMTning nufuzli tuzilmalarida, xalq­aro ilmiy-amaliy forumlar va konferensiyalarda mazkur loyiha bilan bog‘liq muammolarning keng ko‘lamda muhokama etilishi natijasida xalqaro ham­jamiyat­da ushbu loyi­hani chuqur, sinchkovlik bilan xolis mustaqil xalqaro ekspertizadan o‘tkazish zarurligi to‘g‘risida prinsipial pozitsiya shakl­landi.

Ta’kidlash lozimki, mustaqil ekspertlarning fikr-mulohazalari transchegaraviy suv oqimlaridan foydalanish sohasida qabul qilingan xal­qaro huquq normalariga to‘liq mos keladi. Bu masalalar bo‘yicha BMTning qator konvensiyalari (1992 yil 18 sentyabrda qabul qilingan Transchegaraviy suv oqimlari va ­xalqaro ko‘llarni himoya qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiya, 1997 yil 21 mayda Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan Xalqaro suv oqimlaridan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi konvensiya) qabul qilingan. Mazkur xalqaro hujjatlarda amalga oshirilishi transchegaraviy ta’sir bilan bog‘liq loyihalarni ishlab chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilinishidan oldin transchegaraviy suv ob’ektlari hududida joylashgan barcha tomonlar manfaatlarini albatta hisobga olish zarurligi haqidagi talablar qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, 1997 yilda kuchga kirgan Transchegaraviy nuqtai nazardan atrof-muhitga ta’sirni baholash to‘g‘risidagi konvensiyada bunday ob’ektlar qurilishining ekologik oqibatlarini to‘liq hisobga olish va manfaatdor barcha tomonlarni jalb etgan holda, ta’sirni har taraflama baholash ko‘zda tutilgan.

Jahon banki ushbu xalqaro tashkilotlar va tuzilmalar fikrlarini e’tiborga olib va xalqaro huquq normalaridan kelib chiqqan holda, 2010 yilda Rog‘un GESi qurilishi loyihasini xalqaro mustaqil ekspertizadan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi hamda uni amalga oshirish uchun 20 million dollar ajratdi. Yevropaning Fransiya, Shveytsariya va boshqa mamlakatlaridan qator firmalar ushbu loyihani amalga oshirmoqda hamda ekspertizani 2013 yilning birinchi choragida yakunlashi kutilmoqda.

O‘z navbatida, Tojikiston hukumati 2010 yilda mazkur loyiha amalga oshirilishi oqibatlarini mustaqil texnik-iqtisodiy hamda ijtimoiy-ekologik baholash ishlari yakunlanmagunicha GES hududida qurilish ishlarini olib bormaslik majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Ayni paytda, Tojikis­ton Xalqaro­ ­valyuta jamg‘armasining Rog‘un GESi qurilishi loyihasini moliyalashtirish uchun mamlakat aholisidan majburiy ravishda pul yig‘ish kampaniyasini to‘xtatish talabini qabul qilgan.

Biroq, ming afsuski, bugungi kunda Tojikiston tomoni Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi oldidagi majburiyatlari bilan hisoblashmay, Rog‘un GESida qurilish ishlarini olib bormaslik to‘g‘risida erishilgan kelishuvlarni o‘zboshimchalik bilan qo‘pol ravishda buzib, «havoyi g‘oya»larini zo‘r berib amalga oshirishga harakat qilayotganini ta’kidlashga to‘g‘ri keladi.

Ko‘plab faktlar Tojikiston xalq­aro hamjamiyatdan pinhon tutgan holda, stansiya hududida o‘tgan asrning 70-yillarida boshlangan keng ko‘lamli qurilish ishlarini yopiq rejimda davom ettirayotganidan dalolat beradi. Ayni paytda stansiya maydonida, suv tashlaydigan tunnellar qurilishida, mashina zali, karerlar va stansiyaning boshqa ob’ektlarida katta hajmdagi qurilish ishlarini olib bormoqda.

Shu bilan bir qatorda, Tojikiston hukumat tuzilmalari tomonidan Rog‘un GESi inshootlarini loyihalashtirish ishlariga xorijiy (Rossiya, Ukraina va boshqa mamlakatlardan) pudrat tashkilotlari faol jalb etilmoqda. Bir paytning o‘zida Tojikiston tomoni stansiyaning birinchi navbatini ishga tushirish uchun zarur bo‘ladigan uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzmoqda. Jumladan, birinchi energiya bloki uchun sotib olingan, tayyorlangan uskunalar allaqachon stansiya maydoniga keltirib qo‘yilgan, ikkinchi energiya blokining uskunalarini tayyor­lash yakunlanmoqda va ularni keltirish choralari ko‘rilmoqda.

Keyingi bir necha yil davomida Tojikiston katta miqdorda byudjet mablag‘larini ajratish (har yili 200 million dollardan ziyod) bilan bir qatorda, Xalqaro valyuta jamg‘armasi oldidagi majburiyatlarini buzib, aksariyat Tojikiston fuqarolarining moliyaviy ahvoli og‘irligiga qaramay, so‘nggi paytda Rog‘un GESi aksiya­larini aholiga majburlab sotish ishlarini yana faollashtirdi.

Ushbu barcha xatti-harakatlar yaqinda «Kim Rog‘un loyihasiga qarshi bo‘lsa — tojik xalqining dushmanidir» deb bayonot bergan Tojikiston rahbariyatining kuchli tazyiqi ostida amalga oshirilmoqda.

Tabiiy savol tug‘iladi: Tojikiston Rog‘un GESi kompleksini qurish borasida amalga oshirayotgan bunday harakatlardan qanday maqsadni ko‘zlayapti, nima uchun ko‘plab haqli e’tirozlarni nazar-pisand qilmay, xalqaro huquq normalarini qo‘pol ravishda buzgan holda, stansiyaning birinchi nav­bati qurilishini shoshilinch yakunlashga urinmoqda?

Javob aniq – Tojikiston rahbariyatining bundan ko‘zlagan maqsadi stansiyaning birinchi navbati qurilishini yakunlash va shu tariqa Jahon banki hamda butun xalq­aro hamjamiyatni ilojsiz ahvolda qoldirib, ekspertlar hamjamiyati va xalqaro tuzilmalar keskin qarshi chiqayotgan mazkur loyihani «qonuniylashtirish»­dan iboratdir.

Haqiqiy vaziyatni buzib ko‘rsatish, chalg‘itish, amalga oshirilayotgan ishlarni jahon jamoatchiligidan bekitish yo‘li bilan Tojikiston tomoni vaqtdan yutishga va boshlangan ishlarni go‘yoki yakuniga yetkazish orqali xalqaro ekspertlarni Rog‘un GESi qurilishi bilan noilojlikdan murosa qilishga majburlamoqchi.

Shu bilan bir paytda Tojikiston tomoni o‘z nazorati ostidagi ommaviy axborot vositalari va «yollanma ekspertlar» yordamida mamlakat aholisini Rog‘un GESi qurilishining muqobili yo‘qligiga ishontirish maqsadida real faktlar, xalqaro ekspertlarning ko‘plab dalil-isbotlarini butunlay buzib ko‘rsatib, raqamlardan o‘z hiyla-nayranglarini asoslashda foydalangan holda mas’uliyatsizlik bilan tashviqot olib borishga urinmoqda.

Ular bu bilan ushbu loyiha keltirib chiqaradigan halokatli tahdid va xavf-xatarlar bilan hisoblashmay, o‘z maqsadlari yo‘lida haqiqiy ahvolni buzib ko‘rsatib, mumkin va mumkin bo‘lmagan barcha vositalarni ishga sol­gan holda Rog‘un GESini qurishga harakat qilmoqda.

Shuni ta’kidlash kerakki, ko‘pchilik xalqaro ekspertlar va Tojikistonga qo‘shni — Amudaryoning quyi oqimida joylashgan mamlakatlar Tojikistonni kam mablag‘ sarflagan holda, qisqa muddat ichida elektr energiyasi bilan ishonchli ta’minlash muammosini hal etishga yordam beradigan, Tojikiston uchun ham, unga qo‘shni davlatlar uchun ham texnogen, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatga ega katta xavf­larni keltirib chiqarmaydigan oqilona, muqobil yo‘lni — qator kichik GESlar qurish taklifini bildirmoqda. Zero, ushbu muqobil variantni ko‘rib chiqish Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Yuqorida bayon etilgan fikrlardan quyidagi xulosalarga kelish mumkin.

Birinchidan. Tojikiston tomoni xalq­aro ekspertlar va mutaxassislarning ko‘plab ogohlantirishlari hamda tavsiyalariga bepisandlik bilan qarab, Jahon banki tomonidan o‘tkazilayotgan xalqaro ekspertiza yakuniga yetmay turib, barcha qurilish ishlarini to‘xtatib turish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni qo‘pol ravishda buzgan holda Rog‘un GESi qurilishini davom ettirayotgani bilan mutlaqo kelishib bo‘lmaydi.

Ikkinchidan. Bugungi kunda Tojikiston tomoni xalqaro jamoatchilik hamda Amudaryo oqimining quyi qismida joylashgan mamlakatlardan pin­hona amalga oshirayotgan siyosat — Rog‘un GESi kompleksi qurilishining davom ettirilishi oldindan aytib va keyinchalik o‘nglab bo‘lmaydigan o‘ta og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Tabiiyki, buni inobatga olmaslik mumkin emas.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: