O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
07.07.2012

Kamchilikni yashirishning liberalcha usuli

yoxud O‘zLiDeP o‘z zimmasidagi ishni mahalliy hokimliklar vazifasi, deb hisoblayotgani haqida

Bugungi zamon talablari, taraqqiyot sur’atlarini tezlashtirish vazifalari siyosiy partiyalar zimmasiga ham katta mas’uliyat yukladi. Bu vazifalarni o‘z vaqtida kun tartibiga qo‘yish uchun har bir siyosiy kuch mamlakatning rivojlanish istiqbollari aniq ifoda etilgan dasturga ega bo‘lishi, bozor iqtisodiyoti sharoitida o‘ziga xos g‘oya va qat’iy pozitsiya bilan odimlashi lozim. Siyosiy partiyaning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va mavqei ham bevosita shunga bog‘liq.

Iqtisodiy islohotlar chuqurlashishi, kuchli ijtimoiy siyosat qaror topishi har qanday davlat rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu jihat bir-biriga uyg‘un ravishda takomillashib boradi. Negaki, iqtisodiyotni ijtimoiy siyosatsiz, ijtimoiy tizimni esa iqtisodiyotsiz rivojlantirib bo‘lmaydi. Ma’lumki, bu borada mamlakatimizdagi har bir siyosiy partiya o‘z yondashuviga ega.

O‘zXDP iqtisodiyotni rivojlantirishning strategik yo‘li negizida ijtimoiy bozor iqtisodiyoti bo‘lishi kerak, degan g‘oyani ilgari suradi. Bir so‘z bilan aytganda, partiyamiz ijtimoiy himoyaga asoslangan bozor qonunlariga mos iqtisodiyotni yoqlaydi.

Bu partiyamizning 2011-2014 yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturida ham o‘z ifodasini topgan. Dasturda partiya mahalliy kengashlari zimmasiga elektorat manfaatlariga daxldor qator vazifalar yuklangan. Masalan, aholini ish bilan ta’minlash, ijtimoiy himoya qilish, ichki bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, kasanachilik va hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga aholining bandlik darajasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Bu vazifalar partiyaning Saylovoldi dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan.

Shundan kelib chiqib, mahalliy Kengashlardagi partiyamiz deputatlik guruhlari Harakat dasturi asosida joylarda aholini ish bilan ta’minlash, ishlab chiqarishni kengaytirish, pensiya va nafaqa tayinlashda uchrayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, umuman olganda, aholi turmush farovonligini oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bog‘liq qator tashabbuslarni ilgari surayapti, bu borada ijro hokimiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha nazorat-tahlil ishlarini olib borib, aniqlangan xato va kamchiliklar bo‘yicha takliflarni doimiy komissiya hamda sessiyalar muhokamasiga olib chiqayapti. Bir misol — o‘tgan yili Harakat dasturi ijrosi bo‘yicha O‘zXDP deputatlik guruhlari yig‘ilishlarida 49 ta masala muhokama etildi, 23 ta masala tuman Kengashlaridagi doimiy komissiyalarda ko‘rib chiqildi. 20 ta masala esa sessiyalarga olib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi. Muhimi, deputatlik guruhlari tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar saylovchilar manfaatiga xizmat qilayapti, ularni o‘ylantirayotgan masalalar yechim topayapti... Shu tariqa Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilayapti.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga katta e’tibor qaratilayapti. Bu soha iqtisodiyot tarmoqlarida yetakchi o‘rin tutganligi bois, yangi-yangi imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilayapti. O‘zXDPdan farqli ravishda O‘zLiDeP tadbirkorlik tashabbusi bozor iqtisodiyoti rivojlanishining bosh omili, ekanini e’tirof etadi. Tadbirkorlik erkinligi, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga aralashmaslik mamlakatning muvaffaqiyatli iqtisodiy rivojlanishi asosi hisoblanishini tan oladi.

Albatta, bu kabi g‘oya va shunga muvofiq ishlab chiqilgan dastur maqsadi e’tiborga munosib. Biroq belgilangan vazifa bajarilmasa, katta va’dalar berib kichik ishlar bilan cheklanib qolinsa, ba’zan esa ijro hokimiyati yutuqlariga ega chiqishga urinish partiyaga qanchalik obro‘ olib keladi?

Bejizga bunday savollarni o‘rtaga tashlamadik. Negaki, liberallar mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning erkin faoliyat yuritishi, ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha davlat tomonidan olib borilayotgan ishlar panasida turib, ko‘krak kerib gapirishga o‘rganib qolishayapti. Bugungi kunga qadar O‘zLiDeP o‘z elektorati manfaatlari ifoda etilgan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy taklif yoki loyiha ishlab chiqqanicha yo‘q. Vaholanki, joylarda hali-hamon tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammo va kamchiliklar oz emas.

O‘zLiDeP nashridagi «Har kim kamchilikni o‘zidan axtarishi kerak» sarlavhali ostida chop etilgan maqolada shunday deyiladi: «O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham joylarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan, islohotlarning ijtimoiy samarasini oshirishga xalaqit berayotgan kamchilik va nuqsonlarni aniqlash, ularni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bunda, eng avvalo, O‘zLiDePning Saylovoldi dasturi (platformasi)ni amalga oshirishda deputatlik guruhlari faolligini kuchaytirish, joylardagi mutasaddi idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitish amaliyotini kengaytirish evaziga hududiy dasturlar ijrosi qat’iy nazoratga olinayapti».

Maqolada Samarqand viloyati bo‘yicha O‘zLiDeP olib borgan ishlar tahlil qilinadi. Unda mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining hisoboti eshitilgani bot-bot takrorlanadi. Endi o‘ylab ko‘ring. O‘tgan yili Samarqandda liberal deputatlar faqat xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasiga bor-yo‘g‘i 1 ta masala kiritgan. Ko‘plab tuman va shaharlarda ular tomonidan hech qanday masala kiritilmaganini hisobga olsak, kishida bir savol tug‘iladi: Nima, Samarqandda O‘zLiDePdan deputat saylanmaganmi? Yoki liberallar deputatning vazifasi faqat mutasaddi idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitishdan iborat, deb o‘ylashadimi?

Kishini hayron qiladigan jihati, O‘zLiDePning mahalliy Kengashlardagi deputatlari faoliyatidagi kamchiliklar, ayrim hududlarda tadbirkorlar muammolarga duch kelayotgani, O‘zLiDeP tashkilotlari va deputatlik guruhlari bu kamchiliklarga loqayd qarayotgani haqida tanqidiy fikr aytilganda, ular har qanday tanqidni inkor etib, turli bahonalar o‘ylab topishayapti. Xususan, «XXI asr» gazetasida chiqqan maqolalarning birida shunday deyiladi: «Ayrim hududlarimizda qishloq mulkdorlari faoliyatiga yetarlicha e’tibor qaratilmayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu mahalliy hokimiyatlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xatolar, sohaga bo‘lgan e’tiborsizlik natijasidir. Ammo bunday kamchiliklarda bevosita O‘zLiDeP, «Adolat» yoki «Milliy Tiklanish» partiyalari a’zolarini aybdor qilish mantiqqa to‘g‘ri kelarmikin? Bu siyosiy partiya vakillarini ijro hokimiyati faoliyatiga aralashishga da’vat emasmi?»

Oxirgi gapni o‘qigan kishi «yo ajab» deya yoqa ushlab qolishi tabiiy. Siyosiy partiyaning siyosiy nashrida bunday fikr aytilishi aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Siyosiy partiya ijro hokimiyati faoliyatiga aralashmasligi kerak emish. Birinchidan, biz liberal deputatlar faoliyatini tanqid qilayapmiz. Ikkinchidan, siyosiy partiyalardan saylangan deputatlar ijro hokimiyati faoliyatini nazorat qiladi, joylarda qonunlar ijrosi ahvoli bo‘yicha davlat idoralari rahbarlari hisobotini eshitadi. Kerak bo‘lganda elektorat manfaatidan kelib chiqib, tegishli idoralarga deputatlik so‘rovi yuboradi va hokazo. Liberallarning biz ijro hokimiyati faoliyatiga aralashmaymiz, deb turishi nimani bildiradi?..

O‘zLiDeP Saylovoldi dasturida «Tadbirkorlar va ishbilarmonlar faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan byurokratik to‘siqlarning bartaraf etilishi ularning salohiyat va imkoniyatlari to‘la ro‘yobga chiqishiga yordam beradi, bu esa iqtisodiyotning o‘sishi va mamlakat fuqarolari turmush farovonligining yanada yuksalishida eng muhim omil bo‘lib xizmat qiladi», deb belgilab qo‘yilgan. Yuqoridagi fikr bu vazifaga qarshi emasmi? Joylarda tadbirkorlik rivojlansa, «bu bizning ishimiz», ishlab chiqaruvchi muammoga duch kelsa «bu mahalliy hokimliklarning aybi» deb bir chetda turish liberallar odatiga aylanib qoldi.

Xo‘sh, ularning aytganicha, tadbirkorlar duch kelayotgan muammolar mahalliy hokimliklarning aybi ham deylik. Shunday bo‘lgach, nega liberallar bu kabi xato va kamchiliklarni nazorat qilib, ularni yechish bo‘yicha takliflarini sessiyalarga olib chiqmaydi? Qabul qilingan qonunlarning ijro etuvchi hokimiyat, ya’ni hukumat tomonidan markazda, hokimliklar tomonidan esa joylarda qanday bajarilayotgani ustidan qat’iy deputatlik nazoratini o‘rnatish mahalliy kengash deputatlarining muhim vazifasi-ku. Agarda O‘zLiDeP o‘z elektorati muammolarini yaqindan o‘rgangan bo‘lsa, uni hal qilish bo‘yicha tashabbus bilan chiqqan bo‘lardi. Afsuski, partiya vakillari o‘z kamchiligini tan olgisi kelmaydi.

Yaqinda, O‘zLiDeP faollari yana bir da’vo bilan chiqishdi. «O‘zXDPning xususiy sektor egalari va tadbirkorlar faoliyatiga nisbatan kuyunchakligi har qancha tahsinga sazovor. Ammo bunday munosabat mahalliy hokimliklar zimmasidagi vazifalarni siyosiy partiyalar zimmasiga yuklash lozim, degan fikrni keltirib chiqarmayaptimi? Xo‘sh, XDP nashrida izchil e’lon qilinayotgan va asosan ana shunday g‘oyalar singdirilgan maqolalar soni tobora ortib borayotganidan qanday xulosa chiqarish mumkin? Bizningcha, XDPning ayrim faollari haligacha demokratik islohotlardan ko‘zda tutilgan asl maqsadni anglab yetmayotirlar. Zero, islohotlarning bugungi bosqichida siyosiy partiyalardan fuqarolarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, aholi xohish irodasi va fikrini ifodalash, markazda va joylarda davlat hokimiyati organlari ustidan nazorat o‘rnatish talab etilmoqda», deyiladi «XXI asr» gazetasida.

Yana o‘sha gap, o‘sha oldi-qochdi fikr. Qiziq, O‘zXDP O‘zLiDeP kamchiligini aytsa, bu demokratik islohotlarni anglab yetmaslikmi? Xo‘sh, liberallar yuqorida fikrni keltirgan ekan, bir savolimiz bor: Joylarda davlat hokimiyati ustidan nazorat o‘rnatish siyosiy partiyaning vazifasi ekan, unda nega tadbirkorlar manfaati bilan bog‘liq ishlarni nazorat qilib, aniqlangan xato va kamchiliklarni sessiyalarga olib chiqmaysiz?

Demak, ko‘rinib turibdiki, liberallar o‘zlarini mutlaqo bekamu ko‘st hisoblashmoqda. Hech qanday tanqidni qabul qilishni istashmayapti. Agar O‘zLiDeP o‘z kamchiligini tan olib, uni bartaraf etish yo‘llarini izlasa, bundan avvalo, tadbirkor va ishbilarmonlar manfaat ko‘rar edi.

Laziza SHEROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: