O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 1
07.07.2012

Baxt dabdabayu hashamdami?

To‘ylar bilan bog‘liq turli marosimlarni kimlar o‘ylab chiqarmoqda? Bular hayotimizga quvonch keltiryaptimi yoki ortiqcha tashvish?

Mehr-oqibatli xalqmiz. Qo‘ni-qo‘shnichilik, qarindosh-urug‘chilik munosabatlari bizda azaldan ezgu qadriyat sanaladi. Xursandchiligini yaqinlari bilan baham ko‘rish istagi xalqimizning hamjihatligi, jipsligi, ahilligidan darak beradi. To‘y — millatimizga xos ana shunday betakror fazilatlardan biri.

Chindan ham ko‘ngling suygan odam bilan dildan suhbatlashganga nima yetsin! Bunday paytda dasturxonga nimalar qo‘yilgani, necha xil taom tortilgani muhim emas. Asosiysi — yaxshi gurung, ma’naviy suhbatdan ko‘ngil yayraydi.

Do‘stu birodarlarning bir-birini yo‘qlab, diydor ko‘rishishidan maqsad ham shu aslida. Ammo keyingi paytlarda to‘ylarni o‘tkazishda qo‘shimcha marosimlar tobora ko‘payib bormoqdaki, haytovur, ular ma’naviy suhbatlar emas, dabdababozlik, hashamat, kimo‘zarlik va oxir-oqibat isrofgarchilik asosiga qurilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimovning 1998 yil 28 oktyabrda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishga oid farmoni qabul qilingan edi. Albatta, shundan so‘ng xalqimiz tabiatiga yot bunday xunuk holatlarga chek qo‘yish va ularning oldini olish borasida birmuncha ijobiy natijalarga erishildi. Joylarda to‘y-ma’rakalarni o‘tkazish ishlari ancha tartibga tushdi.

Biroq vaqt o‘tishi bilan o‘z-o‘zini ko‘z-ko‘z qilishning, shuhratparastligu dabdababozlikning yangi-yangi usullari paydo bo‘la boshladi. Eng yomoni, bunday noxush odatlarning «ijodkorlari» o‘zimiz. «Mahallada duv-duv gap» filmi qahramoni singari bitta qo‘zini hammaga o‘nta qo‘y, deb aytgimiz keladi. Hofizning ovozini yetti mahallaga yetkazishni istaymiz. O‘sha filmda Lutfixonim Sarimsoqova ijrosidagi Mehriniso aya aytganidek, «bu tinib-tinchimagan odamlar nimalarni o‘ylab chiqarmaydi-ya».

Ha, kundan-kunga ko‘payib borayotgan bunday odatlarning azaliy milliy qadriyatlarimizga aloqasi yo‘q. Ular kimlar tomonidandir o‘ylab topilgan, balki kimlarningdir manfaatiga xizmat qiladigan bid’at-xurofotlardir.

Misol uchun, Toshkent shahrida nikoh to‘yi davomida yigirmaga yaqin marosim o‘tkaziladi. Ba’zan bu marosimlarning har biri alohida to‘yga aylanib ketadi. Ularda o‘zaro almashinadigan sovg‘a-salomlaru sarpoyu tog‘oralarni aytmay qo‘ya qolaylik.

O‘tgan yili qizini uzatgan toshkentlik Gulsanam opaning aytishicha, urf-odatga ko‘ra, dastlab «oq o‘rar» marosimi bo‘ladi. Unda qizning onasi rozilik alomati sifatida quda tomondan kelgan ayollarga bosh-oyoq sarpo, meva-shirinliklardan yasalgan savat beradi, dasturxon bezatib, mehmon qiladi. «Katta fotiha» marosimida kuyov tomondan o‘nlab tog‘orada oziq-ovqat hamda kelinga sarpo keladi. Qiz tomondan ulardan oshirib, ya’ni tog‘ora-tog‘ora taom, kuyov va qudalarga sarpo qilinadi.

To‘ydan oldin kuyovnikida «Mol yoyar» — mebel, parda, idish-tovoqlar, o‘rin-ko‘rpa, gilamlarni namoyish etish marosimi, kelinnikida «Qizlar majlisi» o‘tkaziladi. To‘y kuni restoranda osh beriladi, kuyovnavkarlar kutiladi. To‘ydan so‘ng «Kelin salom», «Charlar», «Haftalik» marosimlari, hayitlar munosabati bilan yana bir qancha qo‘shimcha rasm-rusumlar bajariladi.

Opaning aytishicha, qizi yaqinda farzandli bo‘lar ekan. Endi u «Kichik qovurdoq», «Katta qovurdoq», ma’lum bir vaqtdan so‘ng «Beshik to‘yi» marosimlarini o‘tkazishi kerak ekan. Unda ham yig‘ilganlarga turli sovg‘a-salomlar ulashiladi. Chaqaloq qirq kunlik bo‘lganda, «Chillaguzaron» o‘tkazilib, kuyov tomon turli sarpo, ovqat va pishiriqlar bilan mehmon qilinadi.

O‘ylab qaralsa, to‘ydan oldingi va to‘ydan keyingi marosimlar shunchalik ko‘p ekanki, ularni ado etish uchun qancha mablag‘ ketishini oddiy xomcho‘t qilishning o‘ziyoq uncha-buncha oilani shoshirib qo‘yishi tayin. Bularning barchasiga yana qancha odamning qimmatli vaqti ketadi, ishdan qoladi, gohida asabbuzarlik ham bo‘ladi.

Xo‘sh, bunday ortiqcha marosimlar, katta-katta sarf-xarajatlardan maqsad nima? Nahotki, ikki yoshning baxti uchun shuncha narsa, shuncha marosim kerak bo‘lsa?! Yoshlarning baxti, oilaning mustahkamligi shular bilan belgilanadimi?.. Koshki edi... Bizningcha, ushbu tartib-qoidalarni «kashf» etayotganlar bu haqda o‘ylamaydi ham.

Bunday havas va intilishlarning nosog‘lom musobaqaga aylanib ketishi esa or-nomusli kishilarni og‘ir ahvolga tushirib, yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. To‘ydan keyingi kelishmovchiliklarga sabab bo‘lib, oilalar mustahkamligiga putur yetkazadi. Shu bois to‘y-hasham, oilaviy tadbir, ma’raka va marosimlarni tartibga solish bugungi kunda jamiyatimiz oldida dolzarb masalalardan bo‘lib turibdi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi xayrli bir tashabbus boshladi: to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solishga oid qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Nuroniy» jamg‘armasi, Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda ushbu tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi jamoatchilik kengashlari tuzildi. Ular tomonidan to‘y va marosimlarni o‘tkazishdagi me’yorlar, amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

— Bunday kengashlar Toshkent shahar va barcha tuman hokimliklarida, poytaxtimizdagi 476 mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritadi, — deydi Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, senator Farida Abdurahimova. — Jamoatchilik kengashlarining olimlar, tajribali pedagoglar, san’at namoyandalari va mahalla faollaridan tarkib topgani aholining ularga nisbatan e’tibori va ishonchini oshirmoqda. Yaqinda Shayxontohur tumanidagi Janggoh mahallasi, Yunusobod tumanidagi Matonat va Mingo‘rik mahallalarida mazkur kengash tavsiyalari asosida namunaviy to‘ylarni o‘tkazdik. Qisqartirilgan yoki ixchamlashtirilgan marosimlardan, qatorlashgan avtomashina va «birrovchi» xonandalarga ketadigan xarajatlardan tejalgan mablag‘ evaziga yosh oilaga ro‘zg‘or buyumlari olib berildi. Eng asosiysi, buni ko‘pchilik to‘g‘ri tushundi, mamnuniyat bilan qabul qildi. Yana bir muhim jihati, poytaxtimizdagi to‘yxonalar bilan uzviy aloqa yo‘lga qo‘yilganidir. Endilikda ularning ma’lumotlari orqali tegishli jamoatchilik kengashi o‘z hududidagi to‘y va marosimlardan xabardor bo‘lib boradi, tashkilotchilarga zarur maslahat va tavsiyalar beradi. Bu orqali nafaqat dabdabali tadbirlarning, balki qarindoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi nikohlarning ham oldi olinmoqda.

Bu xayrli tashabbus xalqimiz hayotiga befarq bo‘lmagan, o‘zini shu jamiyatga daxldor deb bilgan har bir insonni quvontiradi, albatta. Lekin ushbu me’yorlarning hayotimizga chuqur singishi, barchaga birdek me’yorga aylanishi uchun hali ko‘p ish qilinishi kerak. Avvalo, xalq nazaridagi odamlar, el orasida obro‘-e’tiborli kishilar bu borada barchaga o‘rnak bo‘lishlari lozim.

Masalan, so‘nggi paytlarda ayrim xonandalarning to‘ylari yozilgan disklar aholi orasida tarqalib ketdi. Ularda ko‘z-ko‘z qilinayotgan ko‘rku hashamat oddiy odamlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Ayniqsa, oila qurish arafasidagi yoshlar bunday dabdabali to‘ylarni ko‘rgach, hoyu havaslarga berilib, ota-onasini turli qiyinchiliklarga duchor qilishi, oqibatda ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabatlarga ziyon yetkazishi ham mumkin. Axir, bunaqa to‘y o‘tkazishga hammaning ham qurbi yetmaydi-ku.

Dabdabali to‘yining videosini tarqatayotganlar aholi, ayniqsa, yoshlar orasida hashamga o‘chlik, takabburlik va manmanlikni targ‘ib etib qo‘ymayaptimikan?! Tegishli idoralar bunday noma’qulchiliklarni amaldagi qonunchilik asosida chuqur o‘rganib, tegishli choralar ko‘rsa, yuqorida tilga olingan illatlarning oldi olingan bo‘larmidi...

Yana bir mulohaza. Bugungi kunda to‘y va marosimlarni «yuqori saviyada» o‘tkazishni taklif etayotgan ko‘plab firmalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning reklamalarida an’anaviy xizmat turlaridan tashqari «yulduzli osmon», «kapalak va sharlardan feyerverk», «shokoladli fontan» kabi g‘aroyib takliflarni ham uchratish mumkin. Nomlanishidan ham ko‘rinib turibdiki, bu g‘aroyibotlar faqat dabdabayu as’asaga xizmat qiladi. To‘y sohiblari ulardan hammani hayron qoldirish, boshqalardan ajralib turish, kerak bo‘lsa, shu yo‘l bilan o‘z obro‘yini oshirib olish istagida foydalanadi.

Aynan mana shunday ma’naviy qashshoq istaklar bizni yangi-yangi rasm-rusumlarga, «moda»larga yetaklamoqda. Shu vaqtgacha «Jip» va «Limuzin»larda sayr qilgan kelin-kuyovlar endi oq otli foytunlarda shahar aylanmoqda. Chunki yuqoridagi avtomashinalarda yurish hayratlanarli bo‘lmay qoldi. Foytunda sayr qilish esa (hozircha) yangilik!

Bunday yangi xizmatlarni taklif etayotganlar o‘z bilganicha narx bichib, ko‘plab oilalarning yelkasiga og‘ir yuk bo‘lib tushmoqda.

Eng qizig‘i, bunday yangi tartib-qoidalarning ortiqcha daxmaza ekanligini hammamiz bilamiz, ularni qisqartirishga ich-ichimizdan qo‘shilamiz. Lekin amalga kelganda, fikrimizga suyanib ish ko‘rmaymiz. Odamlar nima deydi, degan istiholani hech yengolmaymiz. Oqibatda o‘z istagimizga, imkoniyatlarimizga qarshi boramiz.

To‘yni ma’naviyat belgisi, do‘stu birodarlarning shirin diydorlashuvi, dedik. Ha, to‘yga yoki mehmondorchilikka borishdan maqsad qorin to‘yg‘azish emas. Biroq so‘nggi paytlarda to‘y va marosimlarda, mehmondorchilikda ma’naviy ishtiyoqdan ko‘ra moddiylik ustun bo‘lib borayotganiga o‘xshaydi. Bir ovqatni yeb bo‘lmasdan ikkinchisi, uni hazm qilmasdan uchinchisi tortiladi. Yoningdagi odam bilan hol-ahvol so‘rashish, gurunglashishga deyarli fursat bo‘lmaydi. Quloqni qomatga keltiradigan musiqa esa gapni-gapga qo‘shmaydi...

Ibn Sino bobomiz o‘z asarlarida bir ovqat to‘liq hazm bo‘lmasdan ikkinchisini yeyish me’da faoliyatini buzishini bot-bot takrorlagan. Bunga butun dunyo rioya qiladi. Ammo buyuk tabibning vorislari bo‘lgan biz bu qoidani go‘yo unutib qo‘yganmiz.

Muqaddas dinimizda xayr-ehson va turli sadaqalarni berishda me’yordan oshish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish qoralanadi. Qur’oni Karimning «Furqon» surasi 67-oyatida xayr-ehsonda o‘rtahol bo‘lganlar Allohning mahbub bandalari ekanligi ta’kidlanadi. Hadisi shariflardan birida «Allohning noz-ne’matlaridan yeb-ichinglar, sadaqa qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymanglar!» deyiladi.

To‘ylarimiz — yurtimizdagi tinchlik, xalqimiz farovonligi belgisidir. Holbuki, dunyoda qanchadan-qancha odamlar urush va tahlika ichida yashayapti. Biz shunday erkin va obod diyorda rohat-farog‘atda to‘yu shodiyonalar o‘tkazayotgan ekanmiz, bunga shukr qilish, haddan oshmaslik, me’yorni bilish zarur. To‘ylardagi ortiqcha dabdaba, isrofgarchilik ham noshukrlik alomatidir.

Ha, yurtimiz yanada farovon bo‘lsin, to‘ylarimiz, yaxshi kunlarimiz ko‘payaversin — buni hammamiz xohlaymiz. Lekin to‘kinlik va farovonlikni suiiste’mol qilib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, turli ortiqcha marosimlarni joriy etib, milliy an’analarimizga putur yetkazishning nima keragi bor?

O‘ziga to‘q insonlar xalqimizning azaliy odatlariga amal qilib, ehtiyojlaridan ortiq mablag‘larini muhtojlarga, yetim-esirlarga, beva-bechoralarga yordam berish, mahallalarni obod qilish, yo‘llar, ko‘priklar qurish kabi ishlarga sarf qilsa — shunday ezgu sa’y-harakatlar orqali haqiqiy obro‘ orttirsa, qanday yaxshi! Bunday olijanob, saxiy, muruvvatli insonlarimiz ko‘p. Ularning safi yanada kengaysin, deymiz...

...Inson organizmi har qanday salbiy ta’sirni yengib o‘tish uchun butun vujudi bir bo‘lib unga qarshi kurashadi. Bu immunitet deyiladi. Shunday kurashilmasa, birgina virus ham vaqt o‘tishi bilan butun organizmni ishdan chiqarishi mumkin.

Xalq ham bir butun organizm, yagona sistema kabidir. Bugun bir joyda paydo bo‘lgan noxush illat ertaga butun yurtimizga tarqalishi hech gap emas. Buning oldini olish uchun esa unga qarshi birgalikda kurashish kerak. Bu tushunchani, avvalambor, ayollar va yoshlarning ongiga singdirish, qolaversa, ularga ortiqcha erk berib qo‘yayotgan biz erkaklar ham chuqur anglab olmog‘imiz zarur. To‘ylarni dabdababozlik namoyishi emas, xalqimizning hamjihatligini, go‘zal urf-odatini ifoda etadigan marosimga aylantirish el-yurtimizga faqatgina sog‘lom ruh, farovonlik bag‘ishlaydi.

Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, xalqimizning sog‘lom tafakkuri, asriy tajribasi, ko‘pni ko‘rgan oqsoqollar, ota-onalar, opa-singillarimizning, mahalla faollari, keng jamoatchilikning qat’iyati bilan bu muammoni oqilona hal qilishga bizning kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham yetadi.

Anvar SAMADOV,

O‘zA sharhlovchisi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: