Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
05.07.2012

O‘zbekiston sporti: Asrlarga teng yuksalish

Biz mustaqillik yillarida xalqimiz bosib o‘tgan g‘oyat murakkab va sharafli yo‘l haqida, shu davrda qo‘lga kiritilgan ulkan yutuq-marralari­miz to‘g‘risida gapirar ekanmiz, hech shubhasiz, qalbimizni g‘urur-iftixor tuyg‘ulari egallay­di, shu paytga qadar o‘zimiz, olis va yaqin ajdod­larimiz boshdan kechirmagan alohida yuksak kechinmalarni his etgandek bo‘lamiz.

Bu — dunyoda yakkayu yagona bo‘lgan erkin va obod Vatanimizning kun sayin ko‘z o‘ngimizda kuch-qudratga to‘lib, jadal rivojlanib, dunyo miqyosida obro‘-e’tibori tobora yuksalib borayotganini ko‘rish, bu jarayonlarning bevosita ishtirokchisi bo‘lish aynan bizga nasib etayotganidan — bunday tengsiz saodatdan quvonish, g‘ururlanish baxti bo‘lsa ne ajab?

Bu haqda fikr yuritganda, so‘z bilan ifoda etish qiyin bo‘lgan bunday tengsiz baxtning ikkita muhim jihatini alohida ta’kidlashga haqlimiz. Birinchidan, biz mustaqil taraqqiyot yo‘lida qanday yutuq va natijalarga erishayotgan bo‘lsak, barchasiga o‘z kuchimiz, aql-idrokimiz, halol peshona terimiz bilan erishmoqdamiz. Ikkinchidan, qo‘lga kiritayotgan har bitta yutug‘imiz misolida o‘tgan tarixan qisqa davrda bizning hayotimiz, ongu tafakkurimiz, eng muhimi, o‘zimizga, o‘z kuch va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonchimiz qanchalik o‘zgarib, yangicha sifat kasb etib borayotganiga amin bo‘lmoqdamiz.

Shu nuqtai nazardan qarab, «Kim edigu kim bo‘ldik?» degan savolni o‘zimizga beradigan bo‘lsak, aytish kerakki, shu qis­qa davrda biz erishgan, ahamiya­ti va mohiyatini hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydigan ulkan imkoniyatlar, huquq va erkinliklar, qulay ­sharoitlar, yangicha hayotiy qadriyat va mezonlar haqida uzoq gapirish, har bir sohadan ko‘plab mi­sollar keltirish mumkin. Bu xu­sus­da so‘z borar ekan, Prezidentimiz Islom Karimovning 90-yillardagi hayot bilan bugungi hayot o‘rtasida yer bilan osmoncha farq borligi haqidagi fikr­lari naqadar to‘g‘ri va haqqoniy ekaniga ishonch hosil qilamiz.

O‘tgan yillar davomida barcha soha va tarmoqlar qatori mamlakatimizning sport hayotida, yurtdoshlarimizning sport haqidagi tasavvur va qarashlarida ham olamshumul o‘zgarishlar yuz bermoqda. Shu o‘rinda o‘zim bevosita guvoh bo‘lgan bir misolga e’tiboringizni tortmoqchiman.

Yaqinda poytaxtimizda barpo etilgan muhtasham Ma’rifat markaziga borib, bu majmua tarkibidagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga kirdim. Albatta, eng so‘nggi zamonaviy texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlangan, barcha sharoit va qulayliklarga ega bo‘lgan ushbu me’moriy mo‘‘jiza haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin hozir gap bu haqda emas...

Kutubxona zallarini, xususan, davriy nashrlar taxlamlari saqlanadigan bo‘lmalarni aylanar ekanman, sobiq sho‘­ro davrida chop etilgan «O‘zbekiston fizkulturachisi» gazetasi to‘plamlari beixtiyor e’ti­borimni tortdi. Yoshi katta yurt­doshlarimiz yaxshi biladi: es­ki tuzum davrida O‘zbekistonda sportga ixtisoslashgan yagona nashr shu edi. Haftada bir marta rus va o‘zbek tillarida chop etiladigan bu gazeta asosan sobiq Markazdagi chiqishlarni ko‘chirib yoki tarjima qilib bosardi. Qiziqish us­tun kelib, eski gazetalarni va­raqlay boshladim.

Gazetaning 1990 yilgi sonlaridan asosan viloyat, tuman birinchiliklari, turli soha (masalan, kasaba uyushmalari yoki ta’lim-tarbiya, ilm-fan va madaniyat sohasi) xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqa yoxud istiqomat manzili bo‘yicha tashkil etilgan deyarli bir xil mazmundagi sport tadbirlari o‘rin olgani meni taajjubga soldi. Vaholanki, o‘sha paytlarda joylarda nomigagina o‘tkaziladigan ana shunday bellashuvlar haqidagi xabarlarni ham qiziqib o‘qir edik.

Aksariyati yugurish, sakrash, futbol, voleybol, qo‘l to‘pi, shashka kabi maxsus jihozlanishni ko‘p ham talab qilavermaydigan sport turlari haqidagi xabarlar. Hozirgidek yirik xalqaro musobaqalar, qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlari, yurtdoshlarimizning ulardagi ishtiroki haqi­da esa deyarli hech narsa uchratmaysiz. Go‘yo bunday musobaqalar u paytlarda yo o‘tkazilmagan yoki ular biz uchun begonadek. Vaholanki, o‘sha payt­larda ham O‘zbekistonda mohir sportchilar, yosh iste’dodlar yetarlicha topilar edi, lekin... Lekin, hayotimizning boshqa jabhalarida bo‘lgani kabi sportimiz va sportchilarimizning par­vozi ham, xalqimiz iborasi bilan ayt­ganda, To‘ytepadan nariga o‘tmas edi. Chunki hukmron mafkura bizni mahdudlikda, «ikkinchi sort odamlar» darajasida saqlashdan manfaatdor edi.

Bunday adolatsizlik haqida ko‘pchilik bilsa-da, ammo hech kim oshkora gapirmas edi. Faqat Prezidentimiz Islom Karimov ana shunday achinarli ahvol haqida birinchi bo‘lib, 1990 yil 24 fevral kuni sho‘rolarning katta minbaridan turib kuyinib gapirgan va quyidagilarni ta’kidlagan edi: «Yosh avlod tarbiyasi bilan bog‘liq ishlar — o‘quv jarayoni bo‘lsin, madaniyat va san’at bo‘lsin, jismoniy tarbiya bo‘l­sin — hammasiga qolgan-qutgan mab­lag‘lar sarflandi. Bu arzimas mablag‘lar ham xalq xo‘jaligining boshqa sohalari bilan solishtirganimizda doim eng oxirida ajratildi».

Biz uchun unutilmas tarixiy kun bo‘l­mish 1991 yil 31 avgustda O‘zbekiston mustaqilligining e’lon qilinishi mamlakatimiz sporti hayotida ham yangi va yorqin sahifalar ochdi. Buning tasdig‘ini sportchi yigit-qizlarimizning dunyo miqyosidagi turli nufuzli sport anjumanlarida qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuq va natijalari misolida bugun yaqqol ko‘rmoqdamiz. Mamlakatimizda tashkil etilayotgan xalqaro miqyosdagi yirik turnirlar, Osiyo va jahon chempionatlari ham aynan shundan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbari yurtimiz yoshlariga, jumladan, sportchi yoshlarimizga murojaat qilar ekan, «Biz hech kimdan kam bo‘lmaganmiz va hech kimdan kam bo‘lmaymiz ham» degan da’vatkor so‘zlarni alohida ta’kidlab aytishlari bejiz emas. Chunki dunyodagi har qaysi xalq va millatning hech kimdan kam emasligi, jismoniy va ma’naviy salohiyatini namoyon etishda sport beqiyos rol o‘ynaydi. Shuning uchun mus­taqillik yillarida yurtimizda bu soha rivojiga alohida ahamiyat berilmoqda. Sport va jismoniy tarbiya sohasiga bizning eng muqaddas orzumiz, maqsadimiz bo‘lgan barkamol avlodni voyaga yetkazish, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishning eng muhim vositasi sifatida qaralib, uning rivojiga kompleks yondashilmoqda. Shu borada erishilgan yutuqlarimizni tasavvur qilish uchun mustaqillikkacha bo‘lgan davr va mustaqillik yillaridagi ayrim raqamlarni o‘zaro solishtirish o‘rinli bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Dastavval, yurtimizda jismoniy tarbiya va sportning huquqiy bazasini mustahkamlash bo‘yicha ulkan ishlar qi­linganini qayd etish lozim. Bu haqda gapirganda, avvalo 1992 yilda «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingani va u 2000 yilning 26 mayidan boshlab zamon talablari asosida yangi tahrirda kuchga kirganini ta’kidlash darkor. Shuningdek, Prezidentimizning 2002 yil 24 oktyabrda imzolangan «O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jam­g‘armasini tuzish to‘g‘risida»gi va bosh­qa Farmonlari, Hukumatning bir qa­tor qarorlari yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda ayniqsa, beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday qulay huquqiy zamin va yaratilgan moddiy-texnik baza tufayli milliy sportimiz va sportchilarimizning jahon maydon­larida erishayotgan yutuqlari tobora salmoqli bo‘lib bormoqda.

Masalan, o‘tgan asrning 1990 yilida yurtimizda 448 ming 800 nafar o‘quvchi yoki jami o‘quvchilarning atigi 7,4 foizi sport bilan muntazam shug‘ullangan bo‘lsa, 2010 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2 million 219 ming nafarga yoki 34,8 foizga yetdi. 1990 yili O‘zbekistonda 1 ming 825 ta bolalar sporti maskani faoliyat yuritgan bo‘l­sa, istiqlol yillarida ularning soni 6 mingtani tashkil etdi. E’tibor bering, istiqlol yillarida — qariyb 74 yillik sobiq Ittifoq hukmronligi davridagiga nisbatan salkam to‘rt barobar kam vaqt ichida — 4 ming 200 ga yaqin yoki uch yarim barobar ko‘p sport inshooti bunyod etilgan. Boshqacha ayt­ganda, eski tuzum davrida yiliga 25 ta, istiqlolning har bir yilida esa o‘rtacha 207 tadan ziyod, yana ham aniqrog‘i, mustaqil O‘zbekistonda sobiq mustabid tuzum zamonidan ko‘ra 10 barobar ortiq sport maskani yoshlar ixtiyoriga topshirilgan.

Bolalar shug‘ullanadigan sport turlari miqdorida ham jiddiy tafovut kuzatilmoqda. Chunonchi, 1991 yili yurtimizda 52 ta sport turi bo‘yicha mash­g‘ulotlar olib borilgan bo‘lsa, 2011 yilga kelib ularning soni 75 taga yetdi. Albatta, bu o‘sish yangi «kashf qi­lingan» sport turlari hisobidan emas, balki yetarli sharoit yo‘qligidan bolalarimiz shug‘ullana olmagan sport turlari hisobidan ta’minlangani e’tiborlidir. Eng muhimi, sport bilan shug‘ullanishni istagan yoshlarimiz endi avvalgidek mashaqqat chekib tuman markazi yoki shaharga qatnashi shart emas, balki o‘z qishlog‘ida, mahallasida, ota-onasining bag‘rida — zamonaviy talablar asosida jihozlangan sport maskanlarida o‘z sevgan sport turi bilan malakali murabbiylar qo‘li ostida shug‘ullanish imkoniya­tiga ega.

Bir misol. Surxondaryo viloyatida eski tuzum davrida bugungidek zamonaviy sport inshooti u yoqda tursin, hatto tuzukroq stadion ham yo‘q edi. Voha sportchilarining mamlakat va xalqaro miqyosdagi bellashuvlardagi ishtiroki haqida esa deyarli hech kim bilmasdi. Faqat milliy istiqlolgina Alpomishdek kuragi yerga tegmagan mard va botir pahlavonlarni, Oybarchindek go‘zal va barno qizlarni ul­g‘aytirgan bu zamin va uning far­zandlariga sport sohasida ham o‘z ­salohiyat va mahoratini keng namo­yish etish imkonini berdi.

Bugungi kunda Abdulla Tangriev nomini butun jahon yaxshi biladi, uning kuchiga, mahoratiga tan beradi. Holbuki, Surxon zaminida ilgari ham undan kam bo‘lmagan polvonlar ko‘p edi. Lekin ular to‘y va yig‘inlarda kurash tushishdan nariga o‘tolmasdi. Esimda, o‘tgan asrning 90-yillari boshida ilk bor Hakim Termiziy xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro turnirda maktabdoshimiz O‘rol polvon To‘rayev g‘olib bo‘lgan va bundan biz hamqishloqlar rasmiy mu­so­baqalarda ham o‘zbek o‘g‘loni hech kimdan kam bo‘lmas ekan-ku, yoshlarga ishonsa bo‘lar ekan-ku, deb ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarilgan edi.

Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida olti yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 22 ming 902 nafar o‘quvchi sport bilan muntazam, 179 ming 429 nafar o‘quvchi esa jismoniy sog‘lomlashtirish mash­g‘ulotlarida shug‘ullanmoqda. 2011 yi­li mavjud bolalar sporti inshootla­ri atrofidagi 182 ta ta’lim muassasasining 22 ming 500 dan ortiq o‘quvchisi ana shu maskanlardagi sport mashg‘ulotlariga jalb etildi. Sport seksiyalari soni esa oxirgi bir yilning o‘zida 371 taga ko‘payib, 1 ming 117 taga yetdi.

Muhimi, keyingi 7 yilda viloyatda sport va jismoniy sog‘lomlashtirish bilan shug‘ullanuvchilar soni 29 foizdan 40 foizga o‘sdi. Ayni paytda 520 ming nafar o‘quvchining qariyb yarmi sportni o‘zining kundalik mashg‘uloti, deb biladi. O‘tgan yili shular­dan 1014 nafari respublika va xalqaro miqyosdagi bellashuvlarda qatnashib, 683 ta (174 tasi oltin) medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

2011 yili Termizda viloyat tarixi­da ilk bor yirik sport tadbiri — aka­demik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining «Barkamol avlod» sport musobaqalari o‘tkazildi. Ana shu nufuzli sport anjumani munosabati bilan shaharda keng ko‘­lamli qurilish-obodonchilik ishlari amalga oshirilib, viloyat markazining qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. Ayniqsa, mazkur bellashuvlarga mo‘ljallab barpo etilgan 10 ming o‘rinli zamonaviy stadion hamda «Delfin» suzish havzasi o‘zining me’moriy yechimi, zamonaviy dizayni va yaratilgan sharoitlari bilan hech bir rivojlangan davlatdagi sport inshootidan qolishmaydi.

Endi bunday mulohazalarni tumanlar misolida davom ettiradigan bo‘lsak, uzoqqa bormasdan, o‘zim o‘sib-ulg‘aygan va men uchun sobiq tuzum davridagi ahvol bilan bugungi holatini bevosita solishtirish, taqqoslash imkonini beradigan Qumqo‘rg‘on tumani haqida fikr yuritsak, to‘g‘ri bo‘lardi, deb o‘ylayman.

Hali aytganimizdek, avvallari yurtimizning uzoq chekkasida joylashgan bu tumandan biror Osiyo yoki jahon chempioni, Olimpiada ishtirokchisi chiqishi go‘yoki aqlga sig‘maydigan ish edi. Bugun-chi? Bugungi kunda bu tumanning hatto qizlar o‘rtasida ham o‘z chempionlari, o‘z iftixorlari borligiga nima deysiz? Masalan, Sohibjamol Xoliqulova kurash bo‘yicha jahon chempioni. Dilnoza G‘anieva, Shuhrat Murodov, Abdulla Xoliyorov, Elbek G‘afforov kabi Qumqo‘rg‘on farzandlari esa Osiyo va respublika chem­pionatlari sovrindorlaridir. Bular, ta’bir joiz bo‘lsa, Qumqo‘rg‘onning birinchi qaldirg‘ochlari.

Hozirgi vaqtda shu birgina tumanning o‘zida ming-minglab ularning izdoshlari paydo bo‘lmoqda. Buning uchun yetarli shart-sharoit yaratilmoqda. Masalan, keyingi yillarda tumanda 8 ta zamonaviy sport inshooti qurilib, foydalanishga topshirildi. Ular tasdiqlangan me’yorlarga muvofiq malakali murabbiy kadrlar bilan ta’minlandi, mashg‘ulotlarning sifat va samaradorligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda sov­rinli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgan qumqo‘rg‘onlik yoshlar safining tobora kengayib borishiga sabab bo‘lmoqda. Chunonchi, 2009 yili respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda qum­qo‘rg‘onlik 31 nafar sportchi sovrindorlar qatoridan o‘rin olgan bo‘l­sa, 2010 yili bu ko‘rsatkich 64 nafarga yetdi. Futbolga ixtisoslashtirilgan 3-maktab-internat o‘quvchilari mamlakat chempioni bo‘ldi.

— Kenja farzandim Qizlargul dars­dan bo‘sh vaqtlarida stol tennisi bilan shug‘ullanadi, — deydi o‘qituvchi Oysara Baratova. — Bizning bolaligimizda bunday sharoitlar qayoqda edi, deysiz. «Jismoniy tarbiya» darsi no­migagina o‘tilardi. O‘qituvchimiz bizni maktab hovlisiga chiqarib qo‘­yib, o‘zining ishini qilar yoki qorovul Jalil amaki bilan gurunglashib o‘tirardi. U paytlarda biz sport inventari de­ganda, faqat rezina koptokni tushu­nar edik.

Endi eng muhim jihat, o‘quvchilarning xalqaro sport musobaqalarida erishgan yutuqlari — qo‘lga kiritgan medallari sonidagi tafovutga e’tiboringizni qaratmoqchimiz: 1990 yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilarning atigi 22 nafari xalqaro miqyosda g‘olib va sovrindor bo‘lgan bo‘lsa, 2010 yilda mustaqillik davrida tug‘ilib voyaga yetgan o‘g‘il-qizlarimiz 420 ta medalni qo‘lga kiritgan yoki yigirma yil avvalgidan qariyb yigirma barobar ko‘p g‘alabaga erishgan.

Shuni mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, bugungi kunda umumta’lim maktablari o‘quvchilarining har uch nafaridan biri turli seksiya va to‘garaklarda sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Shunga mos ravishda yosh sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda erishayotgan natijalari ham sezilarli darajada yaxshilanib bormoqda. 2008 yili 487 nafar sportchi-o‘quvchimiz turli xalqaro musobaqalarda 47 ta medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 2009 yilda esa ularning 595 nafari qirqdan ortiq mamlakatda o‘tkazilgan bellashuvlarda qatnashib, 63 ta oltin, 45 ta kumush va 58 ta bron­za (jami 166 ta) medalni qo‘lga kiritdi.

E’tiborni tortadigan yana bir misol. Farg‘ona viloyatidan 2000 — 2010 yillarda — atigi o‘n yilda ellikka yaqin jahon va Osiyo chempioni yetishib chiqqani ham, hech shubhasiz, mamlakatimizda barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarning jismoniy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik samarasidir. Boshqacha aytganda, ana shu o‘n yil ichida viloyatdan ilgari qariyb 74 yil davomida faqat orzu qilish mumkin bo‘lgan natijaga erishilgan — har yili o‘rtacha 5 nafardan jahon va qit’a miqyosidagi chempionlar yetishib chiqqan.

Ma’lumki, hozirgi paytda mamlakatimizda badiiy gimnastika sportning jadal rivojlanib borayotgan turlaridan biri hisoblanadi. Bu borada alohida dastur asosida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida sportning ushbu nafis turi bilan shug‘ullanadigan qizlar soni, jumladan, 2010 yilning o‘zida 6-7 barobar, ayrim viloyatlarda esa, 10-12 barobor o‘sgani diqqatga sazovordir. Bugungi kunda badiiy ginastika bilan yurtimizda 5 yoshdan — 18 yoshgacha bo‘lgan 35 mingga yaqin qiz malakali murabbiylar rahbarligida muntazam shug‘ullanmoqda.

Xalqimizning o‘ziga xos mentaliteti, an’ana va qadriyatlari asosida Yurtboshimiz tashabbusi bilan 2006-2007 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida xotin-qiz murabbiylar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada jonlantirib yubordi. Ayni paytga kelib 500 ga yaqin qiz­larimiz bu sohada oliy ma’lumotli mutaxassis diplomiga ega bo‘ldi.

Ana shunday sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, 2009 yili o‘zbekistonlik badiiy gimnastikachilar jahon va Osiyo miqyosidagi musobaqalarda 15 ta oltin, 10 ta kumush va 14 ta bronza, jami 39 ta medalni qo‘lga kiritdi. 2011 yilda esa ushbu sport turi bo‘yicha xalqaro turnirlarda g‘olib chiqqan qizlarimiz sharafiga 57 marta (oldingi yilgidan 18 ta ko‘p) O‘zbekiston madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz ko‘tarildi. Bugungi kunda Aziza Mamajonova, Husniyabonu G‘ulomova, Ulyana Trofimova, Zarina Qurbonova, Zamira Sanaqulova, Sevara Qobilova singari yoshlarimizning jahon kubogi bahslari, Gran-pri turnirlari va boshqa xalqaro musobaqalarda ko‘rsatayotgan natijalariga nafaqat yurtimiz, balki xorijdagi tengdoshlari ham hayrat va havas bilan qa­ramoqda.

Albatta, bu kabi natijalarga o‘z-o‘zi­dan erishilayotgani yo‘q. Bugungi kunda yurtimizning uzoq-yaqin hududlari, hatto chekka qishloqlarida ham sport bilan shug‘ullanish uchun yetarli shart-sharoit yaratish, zamonaviy sport inshootlari barpo etish va ushbu majmualarni zarur uskuna va anjomlar bilan jihozlashga katta ahamiyat berilmoqda. Ayni paytda bolalar sporti uchun zarur bo‘lgan 120 xil inventarning 113 tasi mamlakatimizda ishlab chiqarilayotganini ham alohida ta’kidlash joiz.

Yana bir muhim jihat shundaki, yurtimizda sport bilan muntazam shug‘ullanadigan iqtidorli yoshlarni har tomonlama rag‘batlantirishga ham katta e’tibor berilmoqda. Iste’dodli yosh sportchilar, ayniqsa, qishloq yoshla­rining rivojlangan davlatlarga o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari va sport festivallariga yuborilishi, sport bilan shu­g‘ullanadigan 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘l­gan o‘quvchi qizlarga Prezident sov­g‘asi — sport kiyim-kechaklari topshi­rilishi kabi tadbirlar shular jumlasidandir. Masalan, joriy yilda maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida tahsil olish barobarida sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan, kam ta’minlangan oila farzandlaridan 190 ming nafariga sport kiyimlari topshirildi.

Ma’lumki, 2000 yildan buyon mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va Universiadadan iborat uch bosqichli sport musobaqalari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Xalq­aro olimpiada qo‘mitasi esa bunday tizimli bellashuvlarni 2010 yildan boshlab yo‘lga qo‘ydi. Singapurda o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi ayni shu yo‘nalishdagi birinchi yozgi olimpiada musobaqalarida istiqlol yillarida tug‘ilgan, tom ma’noda mustaqil­lik farzandlari bo‘lgan va uch bos­qichli musobaqalarda toblangan yosh­larimiz 9 ta medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekistonda xorijdagi tengdoshlari bilan munosib tarzda bellashishga qodir yangi avlod voyaga yetayotganini amalda isbotladi.

Umuman, mustaqillik yillarida sport­chilarimizning qit’a va jahon chempionati, nufuzli xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan medallari soni yildan-yilga oshib bormoqda. Xususan, 2011 yildagi medallar sonini (jami 789 ta — 235 tasi oltin) 2010 yilgi ko‘rsatkich (766 ta) bilan taqqoslasak, 23 taga ortganini ko‘rish mumkin. Joriy yilning o‘tgan besh oyida esa O‘zbekiston sportchilari 62 ta oltin, 57 ta kumush, 54 ta bron­za, jami 173 medalni qo‘lga kiritdi. Odatda, jiddiy musobaqalar ko‘proq yilning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tishini inobatga olsak, yil oxirigacha bu raqamlar yana bir necha borabar ko‘payishiga aslo shubha yo‘q.

Yaqinda London shahrida XXX yozgi Olimpiya o‘yinlariga start berilishi va unda hozircha 60 ga yaqin sportchimiz ishtirok etish huquqini qo‘l­ga kiritganidan xabardorsiz, albatta. Bu borada ham bir qiyosni keltiraylik. Sobiq mustabid tuzum davri­dagi so‘nggi olimpiada — 1988 yilgi Seul olimpiadasida O‘zbekistondan atigi 9 nafar yurtdoshimiz qatnashganining o‘ziyoq o‘sha paytdagi asl ho­latni aks ettira oladi, deb o‘ylaymiz.

Mustaqillik yillarida yaratilgan sharoit va imkoniyatlar tufayli nafaqat yurtimiz, balki qit’a va jahon miqyosida ham yuksak e’tirofga sazovor bo‘layotgan alohida maktablar paydo bo‘lgani O‘zbekistonning, o‘zbek spor­tining buyuk g‘alabalari hali oldinda ekaniga ishora. Chunonchi, birgina Olot tumanidagi Olimpiya sport maktab-internati tarbiyalanuvchilari qo‘lga kiritayotgan natijalar eski tuzum davrida butun respublikamiz uchun ham orzu edi. Ushbu dargoh tarbiyalanuvchilari 2000 — 2010 yillarda jahon chempionatlarida 8 ta oltin, 8 ta kumush va bronza, Osiyo chempionatlarida 6 ta oltin, 15 ta kumush, 8 ta bronza — jami 43 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bunday natijalar hatto ayrim xorijiy davlatlar uchun hali-beri armon bo‘lib kelmoqda, desak, adashmagan bo‘lamiz.

Yana bir misol, Andijon Olimpiya zaxiralari sport kolleji o‘quvchilari atigi uch yil — 2008-2010 yillarda jahon va qit’a birinchiliklarida 7 ta oltin, 8 ta kumush, 7 ta bronza, Urganch Olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchilari 9 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Bularning barchasi bolalar sporti — o‘zbek sportining kelajagi, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning poydevoriga aylanishi kerak, degan so‘zlarning naqadar hayotiy asosga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Eng muhimi, bolalar sportiga bo‘lgan ana shunday doimiy e’tibor farzandlarimizning salomatlik darajasining ortib borishiga xizmat qilmoqda. Buning tasdig‘ini birgina mustaqillik yillarida yurtimizda mutlaqo sog‘lom bolalar ko‘rsatkichi 63 foizga yetgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Agar rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 70-72 foizni tashkil etishini va O‘zbekistonda bu masala bo‘yicha o‘sish 2005-2010 yillarda — atigi besh yilda 10 foizni tashkil etayotganini ino­batga oladigan bo‘lsak, qanday jiddiy yuksalishga erishilayotgani ayon bo‘ladi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan ana shunday ezgu chora-tadbirlar xalq­aro miqyosda ham keng e’tirof etilmoqda. Buni shu yil boshida poytaxtimizda tashkil etilgan «Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash — mamlakatni bar­qaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti» mav­zuidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari bildirgan fikrlar ham tasdiqlaydi.

— Bugun hech bir nufuzli sport musobaqasi O‘zbekiston vakillarisiz o‘t­maydi. Qolaversa, ular doimo g‘o­liblikka asosiy da’vogarlardan biri sifatida qaraladi, — dedi o‘shanda ba­diiy gimnastika bo‘yicha murabbiy, germaniyalik Barbara ­Klima. — Mamlakatda sport soha­siga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani bunda muhim aha­miyat kasb etmoqda. Bu yerda yosh avlodning ham jismoniy, ham ma’naviy ji­hatdan kamol topishi, dunyoviy bilimlarni puxta egallashi uchun yaratilgan shart-sharoitlarga havas qil­sa arziydi.

Fransiyaning «Gerflor» kompaniyasi tijorat ishlari bo‘yicha direktori Leonel Arlin esa o‘z fikrlarini qu­yidagicha ifodalaydi: — Ko‘p yillik faoliyatim davomida dunyoning 50 dan ortiq davlatiga ish yuzasidan safar uyushtirganman. Ularning hammasida mahsulotlarimizni faqat markaziy shaharlar sport infratuzilmalariga yetkazib berganmiz. O‘zbekistonda esa sport, ayniqsa, bolalar sporti doirasida barcha hududlarga davlat tomonidan birdek e’tibor qaratilayotganiga guvoh bo‘ldim. Yosh avlod o‘rtasida sportni ommalashtirishning bun­day puxta o‘ylangan mexanizmiga qoyil qoldim.

— O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qi­lingan Kadrlar tayyorlash milliy das­turini amalga oshirishda yoshlarni sportga jalb etish masalasiga alohida ahamiyat qaratilayotgani tahsinga loyiq, — deydi Buyuk Britaniya Xalq­aro Vestminster universiteti rektori Jeffri Pets. — Ayniqsa, uch bos­qichdan iborat yaxlit sport musobaqalari tizimi shakllantirilgani barcha mamlakatlar o‘rgansa arziydigan tajribadir. Farzandlarini mana shunday o‘ziga xos ta’lim modeli asosida bilimli, jismonan yetuk insonlar sifatida kamolga yetkazayotgan O‘zbekiston yaqin kelajakda dunyoning eng rivojlangan davlatlari safiga qo‘shilishiga chin dildan ishonaman.

Yurtimizdagi ta’lim-tarbiya va sport uyg‘unligidan hayratini yashirolmagan Kemyon universiteti rektori Shin Il Xi (Janubiy Koreya) esa bun­day deydi: — Bugun dunyoning aksariyat davlatlari «Millat genofondini mustahkamlashning eng to‘g‘ri yo‘li qaysi?» degan savol ustida bosh qotirmoqda. Mening nazarimda, O‘zbekistonda joriy etilgan ta’lim bilan sport uyg‘unligi bunga munosib javob bo‘la oladi.

Darhaqiqat, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislarining fikricha, bugungi kunda ortiqcha vazn — semizlikning keng yoyilishi ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda tobora xavfli tus olmoqda ekan. Bu jarayon yildan-yilga «yosharib», ortiqcha vazn­lilik nafaqat o‘rta yoshli va keksalar, balki yoshlar va bolalar o‘rtasida ham muammoga aylanib borayotgani ayniqsa, achinarlidir. Matbuotda e’lon qilingan ma’lumotlarga qaraganda, ushbu holat bo‘yicha dunyoda «ilg‘or»lardan bo‘lgan avstraliyaliklarning har biri tanani ozdiruvchi turli dori vositalariga yiliga o‘rtacha 250 ming dollar sarflar ekan. Ammo bu hech qanday natija bermagach, hukumat aynan shuncha mablag‘ni sport inshootlari qurishga yo‘naltirishni rejalashtiribdi.

Yuqorida bayon etilgan muxtasar qiyosiy tahlillardan shunday mantiqiy xulosa chiqarish mumkin: mustaqil O‘zbekistonda barcha sohalarda bo‘l­gani kabi jismoniy tarbiya va sport sohasida ham avvalboshdan to‘g‘ri yo‘l tanlangani, poydevor mustahkam qo‘yilgani bois bugungi kunda jahon miqyosidagi bellashuvlarga qodir, o‘z yurti va Vataniga sadoqatli yetuk va barkamol yoshlar kamol topmoqda.

Sobiq tuzum davrida biz nomlari bilan faxrlanadigan, jahon miqyosida tan olingan sportchilar sanoqli edi. Bugun esa ularning safi yildan yilga kengayib bormoqda. M.Abdullayev, R.Qosimjonov, I.To‘laganova, A.Grigoryan, R.Ermatov, V.Menkov, R.Sobirov, O.Chusovitina, K.To‘laganov, D.Mansurov, K.Murodov, T.Ibragimov, O‘.Haydarov.... Bugun bunday sportchi yoshlarimizning nomi butun jahonda O‘zbekiston nomi bilan birga tilga olinmoqda. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, zamonaviy dunyo spor­ti ularsiz qandaydir kemtik bo‘­lib qolardi.

Ayni paytda turli xalqaro federatsiyalar bizning sportchilarimizni «Jahonda eng yaxshi» degan nominatsiya bo‘yicha tan olishi oddiy holga aylanib bormoqda. Masalan, birgina o‘tgan yilning o‘zida Xalqaro dzyudo fe­deratsiyasi Olimpiya o‘yinlari sov­rindori, ikki karra jahon chempioni Rishod Sobirovni «Zamonamizning eng yaxshi dzyudo ustasi», uning murab­biysi Andrey Shturbabinni esa «Eng yaxshi murabbiy» deb e’tirof etdi. Shuningdek, Vadim Menkov «Jahonning eng yaxshi kanoechisi» (qatorasiga uchinchi marta) va Ravshan Ermatov (qatorasiga to‘rtinchi marta), Server Jeparov (ikkinchi marta) kabi mohir sportchilarimiz o‘z yo‘nalishlarida Osiyoda tengsiz deb topildi.

Aslida mardlik, botirlik, azmu shijoat, birovga haq-huquqini bermaslik, kuch va iroda — bizga bobomeros fazilat. Istiqlol yillarida yurtimizda yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar tufayli ana shu fazilatlar ruhida o‘sib-ulg‘ayib, har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetayotgan avlod bugungi kunda O‘zbekistonning, o‘zbek sportining shuhratini sarhadlar osha uzoq-uzoqlarga taratmoqda.

Maqolamiz avvalida gapni eski tuzum davrida respublikamizda sportga ixtisoslashgan nashr haqidagi gap bilan boshlagan edik. Endi o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: xo‘sh, bu boradagi ah­vol bugun qanday? Sportsevar muxlis­lar ehtiyojini qondirish yo‘lida yurtimizda qancha ommaviy axborot vosi­talari faoliyat yurtimoqda?

Bu borada ham kishini quvontiradigan jihatlar ko‘p. Avvalo, bugun yurtimizda sport mavzusini yoritadigan maxsus nashrlar soni yigirmadan ortib ketganini ta’kidlash kerak. Eng muhimi, ilgarigi «Axborot» dasturi so‘nggidagi 1-2 daqiqalik sport xabarlari o‘rniga mustaqillik yillarida sobiq Ittifoq respublikalari orasida birinchilardan bo‘lib alohida «Sport» telekanali faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Qolaversa, bugun istalgan nashrni olib ko‘ring, ularda deyarli har kuni qaysidir sportchimizning xalqaro miqyosdagi turli yirik musobaqalarda qo‘lga kiritgan va qalbimizni cheksiz faxr tuyg‘usiga to‘ldiradigan zafari haqidagi xabarni o‘qiysiz.

Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik yillarida sportimiz, sportchilarimiz erishayotgan barcha muvaffaqiyatlar Prezident Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol avlodni tar­biyalashga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy natija­si sifatida barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlab, jonajon O‘zbekistonimiz shuhratini dunyoga tarannum etishga, jamiyatimizda sog‘lom turmush tamoyillarini yanada kuchaytirishda eng muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu boradagi natijalarimiz mamlakatimiz boshqa soha va tarmoqlar qatori jismoniy tarbiya va sport sohasida ham o‘tgan 21 yil davomida asrlarga teng taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi, deb aytishga asos beradi.

J.HAYITOV


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: