O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
30.06.2012

Bugungi davr siyosiy partiyalardan uygoq bolishni

xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘z dasturiy maqsadlariga erishish yo‘lida ko‘proq amaliy ishlar bilan shug‘ullanishni talab etmoqda. «Adolat»chilar mana shu oddiy haqiqatni anglab yetmayotgan ko‘rinadi

Mamlakatimizda «Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyili asosida amalga oshirilayotgan, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi mavqei va ishtirokini kengaytirishga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarning bugungi bosqichida siyosiy partiyalar zimmasiga har qachongidan ko‘proq mas’uliyat yuklanmoqda.

Bu borada so‘z ketganda «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun hamda «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»da partiyalarni islohotlar jarayonida ta’sirchan kuchga aylantirishga qaratilgan g‘oyalarga e’tibor qaratish kerak bo‘ladi.

Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan bu ezgu maqsadlarning ro‘yobga chiqishi ko‘p jihatdan siyosiy partiyalarning faolligiga bog‘liq. Siyosiy partiya faqat g‘oyalarni ilgari surish yoki hukumat qarorlarini qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanmasligi, balki amaliy ishlar orqali saylovchilar va elektorat ishonchini qozonishi, markazda va joylarda ijro etuvchi hokimiyat idoralarini shakllantirish jarayoniga faol ta’sir ko‘rsatishi lozim.

Aytish kerakki, keyingi paytlarda partiyalararo sog‘lom raqobat tobora shakllanib borayotir, ijtimoiy-siyosiy nashrlarda shu mavzuda e’lon qilinayotgan maqolalar sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilayapti. Bu siyosiy partiya va deputatlik guruhlari o‘z ishiga yanada mas’uliyat bilan yondashib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kishilarni o‘ylantirayotgan masalalarga ijobiy yechim topish, elektorat manfaati va hududlar taraqqiyoti bilan bog‘liq muammolarga ijro hokimiyati diqqatini qaratishga astoydil harakat qilayotganidan darak beradi.

Biroq bu — barcha maqolalar xolislik bilan yozilayapti, ya’ni, ularda asosli fikrlar aytilayapti, bahs madaniyatiga to‘liq rioya qilinayapti, deb bo‘lmaydi. Ba’zi siyosiy partiya nashrlari raqobatchi partiya faoliyatining salbiy va ijobiy tomonlari, yutuq va kamchiliklarini muayyan nuqtai-nazardan tahlil qilish hamda baholash o‘rniga, ko‘proq tanqidbozlik bilan shug‘ullanayotganidan, qora piar texnologiyalaridan foydalanib, yolg‘on ma’lumot asosida jamoatchilikni chalg‘itib, kishilarda noto‘g‘ri tushuncha va tasavvur uyg‘otayotganidan, afsuski, ko‘z yumaolmaymiz.

So‘nggi vaqtlarda «Adolat» gazetasida chop etilayotgan tanqidiy materiallar bizni shunday xulosa chiqarishga undaydi. Misol sifatida «Eplagan ish, eplamagan gap topar ekan-da» sarlavhali maqolani olib ko‘raylik. Unda O‘zXDP Jomboy tuman kengashi va partiyamizdan saylangan deputatlar faoliyati tanqid qilingan. Biroq u yerda bildirilgan da’volarni konstruktiv raqobat tamoyillariga to‘g‘ri keladi, deyish qiyin. Aksincha, maqolada haqiqatdan yiroq va siyosiy partiyalar dasturi hamda qarashlaridan oz bo‘lsa-da, xabardor odamlarni taajjubga soladigan jumlalarga keng o‘rin berilgan.

Maqolada tuman kengashi O‘zXDPning elektorat manfaatiga xizmat qilayotgan, ularni tashvishga solayotgan muammolarni bartaraf etishning sinalgan va boshqa partiya tajribasida uchramaydigan instituti — Jamoatchilik qabulxonasi faoliyatiga bee’tibor qarayotgani va fuqarolarning murojaati o‘rganilmayotgani ta’kidlanadi.

Ammo 2011 yil davomida Jamoatchilik qabulxonasiga 37, joriy yilning shu davriga qadar esa 12 nafar fuqaro murojaat qilgani, ular ko‘targan muammolarning 75-80 foizi ijobiy yechim topgani xususida lom-mim deyilmaydi.

Bundan tashqari, maqolada XDPning 11 nafar deputati «2012 yilning besh oyi mobaynida bor-yo‘g‘i 2 ta deputatlik so‘rovi» kiritgan, deb ta’na qilinadi. Xalq deputatlari tuman Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi rahbari Eshpo‘lat To‘ychiboev bilan suhbatlashganda bu ma’lumot uydirma ekani oydinlashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2012 yilda partiyamizning deputatlik guruhi jami yetti marta turli tashkilot va idoralarga deputatlik so‘rovi bilan chiqishgan. Birgina uning o‘zi tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi, tuman suvdan foydalanish uyushmasi hamda chekka hududlardagi aholi murojaatiga asosan kommunal to‘lovlarni tartibga solish bo‘yicha tuman gaz va elektr ta’minoti bo‘limiga 3 ta deputatlik so‘rovi yuborgan. Bu masala joriy yil boshida bo‘lib o‘tgan tuman Kengashi sessiyasida ham muhokama qilingan.

Shuningdek, O‘zXDP deputatlik guruhi investitsiya kiritish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish masalasini tuman Kengashi doimiy komissiyasiga olib chiqqan. Buning natijasida 450 nafardan ziyod aholi, jumladan, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari doimiy ish bilan ta’minlangan. Ammo, maqolada bu ma’lumotlar aks etmagan. Qani bu yerda, xolislik?

Yana bir fikr. Maqolada tumandagi istiqbolli vazifalar haqida so‘z yuritilib, «fermer xo‘jaliklari tuzish va ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda jiddiy muammolar ko‘zga tashlanayotgani, fermerlarning imtiyozli kreditga bo‘lgan ehtiyoji hal etilmayotgani» aytiladi.

O‘ylab ko‘raylik, bu gaplar bevosita O‘zXDPga nechog‘lik daxldor? Agar shunday muammolar yuzaga kelayotgan bo‘lsa, ularni bartaraf etish avvalo, tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlar manfaatini ifoda etuvchi O‘zLiDePning ustuvor vazifasi ekani barchaga yaxshi ma’lum-ku! Kishilarni chalg‘itishga xizmat qiluvchi bu kabi da’volar bilan «adolat»chilar nimaga erishmoqchi?

To‘g‘ri, XDP faollari va deputatlarining elektorat vakillari — kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar, jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar, bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar manfaatlarini himoya qilish hamda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi vazifalarni ijro etishdagi intilishlari talab darajasida, deyishdan yiroqmiz. Ammo, o‘z navbatida, tumanda partiya dasturidan kelib chiqib amalga oshirilayotgan ishlar mutlaqo inkor etilishi bilan ham kelisha olmaymiz.

Nazarimizda, «adolat»chilar avvalo, ushbu tumanda o‘z partiyasi faoliyatini tahlil etib, to‘g‘ri xulosa chiqarib olsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki, tumanda bu partiyaning na bir amaliy ishi bor, na tashabbusi...

...Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarni ro‘yobga chiqarish, o‘z elektorati manfaat va ehtiyojlarini e’tiborga olgan holda, jamiyat va davlat qurilishi jarayonlarida faol ishtirok etishni o‘z oldiga asosiy vazifa qilib qo‘ygan «Adolat» SDPning tuman kengashi faollari va partiyadan saylangan 1 nafar deputat bu borada sukut saqlashni ma’qul ko‘rmoqda.

Bugungi davr siyosiy partiyalardan uyg‘oq bo‘lishni, xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘z dasturiy maqsadlariga erishish yo‘lida faqat olg‘a intilishni talab etmoqda. Zero, bu — mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish borasidagi islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshishida muhim omil hisoblanadi. «Adolat»chilar asossiz tanqid o‘rniga sog‘lom va amaliy bahs olib borsa, nafaqat saylovchi va elektoratga naf tegadi, ayni paytda jamiyat rivojiga ham munosib hissa qo‘shgan bo‘ladi.

Dilshod NARZULLAYeV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: