An’anaga ko‘ra, O‘zbekiston futbol federatsiyasida oliy liga jamoalari rahbarlari hamda murabbiylari ishtirokida o‘tgan mavsum yakuni muhokama etilib, yangi mavsum uchrashuvlariga qur’a tashlandi.
— Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi o‘z tarixida birinchi marta O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi, — dedi O‘zbekiston professional futbol ligasi bosh direktori Farhod Magometov. — «Bunyodkor» va «Nasaf» futbolchilari kumush hamda bronza medallariga sazovor bo‘ldi. «Andijon» vakillari chempionatni oxirgi o‘rinda yakunlashdi va endi ular birinchi ligada o‘ynaydi. «Navbahor» jamoasi esa oliy ligada o‘rnini saqlab qolish uchun «Norin» (Haqqulobod)ni yengdi va kuchlilar safida qoldi.
Mavsumda jami 22 ta gol muallifi bo‘lgan Temurxo‘ja Abduxoliqov («Lokomotiv») oliy liga to‘purari bo‘ldi. 2016 yilgi mavsumda dunyoning o‘n mamlakatidan 51 nafar legioner futbolchi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Yil boshida Toshkentda o‘tgan O‘zbekiston Superkubogi bahsida «Paxtakor» jamoasidan ustun kelgan «Nasaf» futbolchilari o‘z tarixida ilk bor g‘alaba qozondi. «Lokomotiv» jamoasi esa bu yil ham chempion, ham mamlakat kubogi sohibiga aylandi. Afsuski, tomoshabinlarning stadionlarga tashrifi o‘tgan yilgidan sezilarli darajada kamaydi.
Mazkur yig‘ilish doirasida O‘zbekiston XXVI milliy chempionati oliy liga uchrashuvlariga qur’a tashlandi. Mavsum bahslari 4-5 mart kunlari boshlanadi. Ikkinchi tur uchrashuvlari esa 10-11 mart kunlari o‘tkaziladi.
1-TUR, 4 — 5 MART
«Mash’al» (Muborak) — «Lokomotiv» (Toshkent)
«Metallurg» (Bekobod) — «Dinamo» (Samarqand)
«Sho‘rtan» (G‘uzor) — «Neftchi» (Farg‘ona)
«Paxtakor» (Toshkent) — «Qizilqum» (Navoiy)
«Navbahor» (Namangan) — «Obod» (Toshkent)
«Qo‘qon-1912» (Qo‘qon) — «Nasaf» (Qarshi)
«Buxoro» (Buxoro) — «Olmaliq» (Olmaliq)
«Bunyodkor» (Toshkent) — «So‘g‘diyona» (Jizzax)
2-TUR, 10 — 11 MART
«Mash’al» — «Metallurg»; «Lokomotiv» — «So‘g‘diyona»
«Dinamo» — «Sho‘rtan»; «Neftchi» — «Paxtakor»
«Qizilqum» — «Navbahor»; «Obod» — «Qo‘qon-1912»
«Nasaf» — «Buxoro»; «Olmaliq» — «Bunyodkor».
Erkin XOLBOBO,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.