O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
26.06.2012

Adolat SDPga ishonch qay darajada?

2012 yilning o‘tgan davri mobaynida mamlakatimizda davlat hokimiyatining mahalliy vakillik organlariga bo‘shab qolgan o‘rinlarga bo‘lib o‘tgan saylovlar natijalari buni yana bir bor yaqqol ko‘rsatdi

Mamlakatimizda demokratik jarayonlar chuqurlashib, fuqarolik jamiyati rivojlanib borayotgan hozirgi sharoitda voqea-hodisaga baho berishda o‘ta xolislik bilan, chuqur o‘ylab fikr yuritish talab etilmoqda. Bugun odamlarni yolg‘on va’dalarga ishontirib bo‘lmaydi. Ayniqsa, siyosat maydonida. Afsuski, ayrim siyosiy partiyalarning faollari tajribada qayta-qayta isbotlangan bu hayotiy haqiqatni hamon anglab yetmayotganga o‘xshaydi.

«Adolat» SDP saylov oldidan «...qayta tiklanadigan noan’anaviy energiya manbalaridan foydalanishni asoslash mexanizmlarini ishlab chiqish, qabul qilish va tadbiq etish masalalari ham partiya diqqat markazida bo‘ladi. Partiya energiyaning mavjud barcha muqobil turlarini kompleks ravishda rivojlantirish orqali raqobatli energetika bozorini tashkil etishni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratadi», deb va’da bergan edi. Shu bilan birga, partiyaning Saylovoldi dasturida «ayniqsa, qishloqlarda yangi ijtimoiy ob’ektlar — qishloq vrachlik punktlari, bolalar bog‘chalari va yaslilari, maktablar, bolalar sporti, telekommunikatsiya va pochta aloqasi ob’ektlarini qurishda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda, energiyani tejaydigan zamonaviy tizimlarni joriy etish» vazifalari belgilab olingan.

To‘g‘ri, mamlakatimizda muqobil energiya manbaalaridan deyarli foydalanilmayotgan, ayniqsa, qishloq joylarda bu o‘ta muhim hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan bir paytda, mazkur g‘oya juda dolzarb edi. Shu sababli ham 2011 yil yakunlari va 2012 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisida muqobil energiya resurslarini izlash va joriy etish ishlari talab darajasida emasligi, bu sohada zudlik bilan hal qilinishi lozim bo‘lgan ko‘plab muammolar to‘planib qolgani alohida ta’kidlandi.

Agar ushbu masala bo‘yicha «Adolat» SDP e’tirof etishga munosib amaliy ish qilganida, e’tiroz bildirish noo‘rin bo‘lar edi. Darhaqiqat, siyosiy partiya nafaqat g‘oyani ilgari surishi, barki uni amalga oshirish uchun kurashishi zarur. Aks holda jamiyatda e’tibor qozonish qiyin.

«Adolat» gazetasida chiqayotgan maqolalarda esa bu partiya ishchan, harakatchan partiya deb tez-tez takrorlanmoqda. Ammo mamlakatimizning ko‘plab tumanlari miqyosida tahlil etilsa, hududlarning ijtimoiy-siyosiy hayoti, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida «Adolat» SDPning o‘rni deyarli sezilmayotganiga guvoh bo‘lasiz.

Shunday bir vaziyatda «Adolat» yetakchilari va faollarida vaziyatni xolis tahlil eta olish qobiliyati yetishmayotgani yaqqol sezilib qolmoqda. «Adolat» gazetasida chiqayotgan ayrim maqolalarda «O‘zXDPning obro‘si tushib, «Adolat» SDPning mavqei kuchayib borayapti», qabilidagi gaplar tez-tez uchrayotgani fikrimiz tasdig‘idir. Xususan, gazetaning 2012 yil 27 aprel sonidagi «XDP: bugunni o‘ylayotgan partiya» sarlavhali maqolada jumladan shunday deyiladi: «Muxolif partiya bo‘lmish XDPda mamlakatni yangilash va modernizatsiyalash bo‘yicha aniq takliflari yo‘qligi bois uning parlament va xalq deputatlari mahalliy kengashlaridagi mavqei tobora, yildan-yilga, saylovdan saylovga tushib borayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bunga bir misol: yaqinda Buxoro viloyatida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘shagan o‘rinlarga o‘tkazilgan saylovlarda XDP vakillaridan bironta ham deputat saylanmadi. Adolatchilarning esa bir yo‘la uch nafar nomzodi deputatlikka saylandi. Bu albatta «Adolat» SDPning hayotiy g‘oyalariga bo‘lgan ishonch ortib borayotganining nishonasidir».

Saylov davlat hokimiyatini shakllantirish, davlat boshqaruvida fuqarolar ishtirokini ta’minlashning eng demokratik shakli. Shuningdek, saylov siyosiy partiyalarga odamlar xolis, erkin munosabat bildirishining ham vositasidir. Saylovda ko‘proq o‘rin egallash xalqning siyosiy partiyaga ishonchidan dalolatdir. Siyosiy kuchlarga eng xolis, eng adolatli, eng to‘g‘ri bahoni shak-shubhasiz, saylovchi beradi. Ammo «adolat»chilar Buxoroda bo‘lib o‘tgan saylovlar haqida to‘xtalibdi-yu, negadir mamlakatimizning boshqa mintaqalarida ham 2012 yilning o‘tgan davri mobaynida o‘tkazilgan saylovlar natijalari haqida lom-mim deyishmabdi.

Shu yil boshidan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga bo‘shab qolgan 33 ta okrugda saylovlar bo‘lib o‘tdi. Ulardan 10 tasi bo‘yicha O‘zbekiston XDP vakillari deputat etib saylandi. «Adolat» SDpning nomzodlari esa bor-yo‘g‘i 2 ta okrugda ko‘proq ovoz oldi. 2 ta okrug bo‘yicha o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari g‘alaba qozondi. Qolgan joylarni O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» DP qo‘lga kiritdi.

Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga bo‘shab qolgan 55 ta okrugda ham saylovlar bo‘lib o‘tdi. Shundan 27 ta saylov okrugi bo‘yicha O‘zXDP nomzodlari deputat etib saylandi. «Adolat» SDP esa 4 ta okrug bo‘yicha nomzodlari saylanishiga erishdi, xolos. 6 ta okrugdan o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari deputat bo‘ldi. O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» DPga 8 tadan joy nasib etdi.

Bu raqamlar nimani anglatadi? «Adolat» SDP g‘oyalariga ishonch ortib borayotganinimi? Yo‘q, albatta! Lekin negadir, «adolat»chilar hayot haqiqatini teskari ko‘rsatishga zo‘r berib harakat qilmoqda. Shu orqali obro‘ topishmoqchi shekilli. Ammo saylovchi har bir partiyaning qilgan amaliy ishlariga qarab, xolis bahoni beraveradi.

Gulruh SAYFIDDINOVA


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: