Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Mart 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
24 25 26 27 28 29 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31 1 2 3 4 5
29.11.2016

«KUCHLI IJTIMOIY HIMOYA – ASOSIY MAQSADIMIZ»

Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonov qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashdi

Prezidentlikka nomzod bilan uchrashuv bo‘ladigan kun erta tongda Qashqadaryo viloyat partiya kengashiga yetib keldim. Saylovni o‘tkazishga ko‘mak beruvchi shtab shinam xonada joylashgan. Javonlarda va stol ustida saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, siyosiy adabiyotlar, nomzodimizning surati tushirilgan kalendar, yon daftar, Dastur bitilgan ixcham kitoblar, vaqtli matbuot nashrlari namunalari bor. Men katta stol qarshisida o‘tirib, qaydlar bitilgan daftarimni ochib, bir zum fikrlarimni jamlayman.

Mamlakatimiz Prezidentligiga muqobil ravishda o‘tkazilgan birinchi saylovdan to hozirgi vaqtgacha o‘tgan davrni tahlil qilishga urinaman. Qanchalik rivojlanish va yangiliklar kirib kelibdi hayotimizga! Bugungi talabchan saylovchining xohish-irodasi amalga oshishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ochig‘i, bu safargi nomzodlarning hayoti va faoliyati haqida markaziy televideniye orqali berilayotgan ta’sirchan va hayotiy lavhalar ko‘pchilikning e’tiborini qozondi. O‘zim ham ularni qiziqib tomosha qildim. Ularda nomzodlarning yoshligi, nimalarga intilgani va erishgani tasvirlanmoqda, ustozlari, do‘stlari, oddiy odamlarning ular haqidagi fikrlari saylovchilarga yetkazilmoqda...

Men 1994 yilda partiyamiz safiga kirganman. Yetakchilarimizning so‘zlarini tinglab, xulosaga kelishga odatlanganman. Esimda, Xatamjon Abdurahmonovich O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi etib saylangach, Qashqadaryoga bir necha bor kelgandi. Ayniqsa, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda partiya tashkilotlarining vazifalariga bag‘ishlangan tadbir esimdan chiqmaydi. O‘shanda tadbirga kelgan yoshlar, partiyamizning yangi a’zolari, boshlang‘ich tashkilotlarning yetakchilari bilan yurakdan suhbat bo‘lgandi. Ko‘pchilik bu uchrashuvni esdan chiqarmagan bo‘lsa kerak. Partiyamizning oddiy a’zosi sifatida Xatamjon Ketmonov rahbarlikka kelgach, Markaziy Kengash, Oliy Majlisdagi fraksiyamiz faoliyatida sifat o‘zgarishlari yuzaga kelgani, tashkilotchilik va tashabbusga keng yo‘l ochilgani, deputatlarimiz davlat va xalq taqdiriga daxldor masalalarni muhokama qilishda faol ishtirok etishayotganini sevinib ayta olaman...

Saylovchilar bilan uchrashuv «O‘zgeoburg‘uneftegaz» tashkilotining majlislar zalida boshlandi. Uchrashuvni O‘zXDP Qarshi shahar kengashi raisi, shahar Kengashidagi partiyamiz guruhi rahbari Rashid Murtazayev olib bordi. Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda viloyatning barcha hududlari saylovchilaridan 3000 nafardan ziyod vakil ishtirok etdi.

Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili — O‘zXDP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi Olim Ravshanov saylovchilarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. 

— Demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish, bozor munosabatlariga asoslangan yangi iqtisodiyotni vujudga keltirish, barcha islohotlar inson va uning manfaatlari uchun, degan shiordan kelib chiqqan holda kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish hamda bunyodkorliklar borasida yurtimizda misli ko‘rilmagan natijalarga erishildi, — dedi Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonov. — Xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib hayot bunyod etish yo‘lidagi chuqur islohotlar Qashqadaryo viloyatida ham o‘z ifodasini topgan. Vohaning tariximizda tutgan o‘rni beqiyos. Mustaqillik yillarida Qashqadaryo mamlakatimizdagi sanoati eng rivojlangan hududlardan biriga aylandi.

Ayniqsa, viloyatdagi «Sho‘rtangazkimyo» majmuasi, «Sho‘rtanneftgaz», «Muborakneftgaz» korxonalari, «Muborak gazni qayta ishlash», «Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar» zavodlari, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi va boshqalar mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. Qashqadaryo xalqi ajdodlari kabi mard va tanti, matonatli va bag‘rikeng, irodasi mustahkam insonlardir. Ular orasida Abdimurod Bozorov, Muhabbat Sharopova, Bo‘ron Ro‘ziyev, Qobil Mo‘minov va marhum Murodillo Saidovlarning «O‘zbekiston Qahramoni» unvoniga sazovor bo‘lgani bejiz emas...

Yuksak taraqqiyotning hayotiy tamoyili barcha nomzodlarning dasturlarida aks ettirilgan. Shu ma’noda, partiyamiz nomzodining «Biz uchun ustuvor yo‘nalish, avvalambor, aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilish hisoblanadi», degan fikri bir-biriga chambarchas bog‘liq hayotiy, dolzarb, taraqqiyot tayanchi bo‘la oladigan qator vazifalarni birlashtiradi. Masalan, bandlik tizimini olaylik. Eng avvalo, mehnat qilish huquqi — inson uchun eng hayotiy va ishonchli ijtimoiy himoya, orzu-istaklari, farzandlari kamoloti yo‘lidagi tengi yo‘q tayanch vositasidir. Nomzod bu borada ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, barqaror ish o‘rinlari, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, investitsiya amallarini yuzaga chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda dolzarb masalalarning yechimini taklif qildi.

Davlatimizning iqtisodiy imkoniyatlari muttasil o‘sib bormoqda. Hali bundan-da yuksak marralar bor. Nomzod «Iqtisodiy islohotlarga — ijtimoiy samaradorlik!» shiorini o‘rtaga tashlaydi. Partiyamizning aholi xarid qobiliyati oshishi — iqtisodiy taraqqiyotning mustahkam asosi, degan g‘oyasini asoslashga harakat qiladi. Bu o‘rinda istiqbolli korxonalar taraqqiyoti, mehnat resurslarini keng jalb etish, ichki bozorni to‘ldirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash borasida oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rag‘batlantirish kabi yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilgan. Nomzodning iqtisodiyotga «o‘rta korxona» tushunchasini kiritish borasidagi takliflari ham saylovchilarning e’tiborini tortdi.

Dasturda «Ijtimoiy ko‘mak tashabbuskorlikka yo‘l ochmog‘i darkor!» g‘oyasi asosida ijtimoiy adolat, o‘z biznesini ochmoqchi bo‘lganlarga imtiyozli kreditlar ajratish haqidagi va boshqa masalalar dalillab beriladi. Nomzodning ta’lim, tibbiy xizmat, dori-darmon ta’minoti, demokratik, huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi mulohazalari ham uchrashuv ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shunisi o‘ziga xos va e’tiborli bo‘ldiki, so‘zga chiqqanlar va savollari bilan qatnashgan saylovchilar Prezidentlikka nomzodning dasturi mohiyati, ustuvor yo‘nalishlarini ochib berishda faol ishtirok etishdi. Ya’ni, uchrashuv nihoyatda jonli, fikr almashish tarzida o‘tdi.

Maqsuda BOZOROVA, Qarshi shahridagi 3-oilaviy poliklinika bosh shifokori, viloyat Kengashi deputati:

 — Men shifokor sifatida Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonovning aholiga yuqori sifatli va maqbul tibbiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish borasidagi takliflariga to‘la qo‘shilaman. Bugungi kunda olis qishloq hududlaridagi barcha vrachlik punktlari to‘liq jihozlangan va malakali shifokorlar bilan ta’minlangan, deb bo‘lmaydi. Shuning uchun ham nomzodning bu sohadagi ishlarga e’tiborni kuchaytirish, qishloq vrachlik punktlari tarmog‘ini kengaytirish takliflari nihoyatda o‘rinli. Shuningdek, imtiyozli va bepul asosda malakali tibbiy-sanitariya yordamini tartibga solish borasida qonun hujjatlari ijrosi samaradorligini oshirish ham dolzarb hisoblanadi. Bundan tashqari, dori vositalari ro‘yxatidagi dori-darmonlarning tibbiyot muassasalarida mavjud bo‘lishi va ayrim toifadagi shaxslarga imtiyoz asosida berilishini ta’minlash, bu masalada davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ham shu kunning talabidir.

Baxtiyor ASHUROV, Qarshi sanoat kolleji direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi:

— Bugungi kunda bizning kasb-hunar kollejimizda tadbirkorlikka qiziquvchan yoshlar ko‘p. Shu yilning o‘zida 7 nafar bitiruvchimiz kredit evaziga o‘z biznesini tashkil etdi. Demak, nomzodimizning kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyozli mikrokreditlar ajratish haqidagi takliflari hayot taqozosidir. Bugungi kunda kollejimiz «Sho‘rtangazkimyo» majmuasi, «Sho‘rtanneftgaz» MChJ, «Qashqadaryo parmalash ishlari» OAJ, «Koson neft-gaz quduqlarini sinash» OAJ, Qarshi mexanik ta’mirlash zavodi bilan mustahkam aloqani yo‘lga qo‘ygan. Bu borada nomzodning «kollej — korxona» tizimini mustahkamlash takliflari ham juda dolzarbdir.

Jamila TO‘RAQULOVA, Qarshi shahridagi 29-umumta’lim maktabi direktori:

— Bugungi kunda bepul va imtiyozli to‘lovlar asosida faoliyat yuritadigan maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish muhim vazifadir. Hozir viloyatimizda 332 shunday ta’lim maskani mavjud. Ammo tan olish kerakki, ular orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun bepul va imtiyozli to‘lovlar asosida faoliyat ko‘rsatayotgani juda kam. Shuning uchun ham nomzodning bunday tarbiya maskanlarini ko‘paytirish borasidagi takliflari ijtimoiy ahamiyatga molik. Shuningdek, nogiron bolalarni maxsus adabiyot va qo‘llanmalar bilan ta’minlashni qamrab oladigan inklyuziv ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, soha o‘qituvchilariga imtiyozlar yaratish ham zaruriy masala. Bu nogiron bolalarning sifatli ta’lim olishini kafolatlaydi. Shular qatori jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga oid takliflar ham partiyamizning g‘oya va maqsadlariga mushtarakdir.

Shundan keyin Shahrisabz tuman partiya kengashining raisi, tuman Kengashi deputati Dilshod Yorov videotasvir orqali nomzodning sud mexanizmlari ommabopligini kengaytirish, fuqarolar murojaatlari va sud hujjatlarini olishning elektron tizimini keng joriy qilish haqidagi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Koson tuman bo‘limining yetakchi mutaxassisi Laziza Allayarova yoshlar kelajagi borasida nomzod olg‘a surayotgan takliflarni ma’qullashini bildirdi.

Saylovchilarning savollariga Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonov atroflicha javob berdi.

Lobar RAHMONOVA, Qarshi shahridagi 6-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, O‘zXDP «Faol ayollar» qanoti a’zosi:

— Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiyotga davlat aralashuvini cheklashga harakat qilinadi. Lekin siz o‘z dasturingizda davlatning tartibga soluvchilik rolini mustahkamlash kerakligini ta’kidlayapsiz. Iltimos, fikringizni kengroq tushuntirsangiz...

JAVOB:

— Dasturdagi asosiy shiorimiz «Kuchli ijtimoiy himoya — asosiy maqsadimiz!» deb belgilangan. Har bir mamlakatda ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlat asosiy vazifani bajaradi. Yurtimizda ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash borasida katta ishlar olib borilmoqda.

Mustaqillik yillarida ijtimoiy ta’minot bo‘yicha samarali tizim yaratildi. Lekin hayot bir joyda to‘xtab turmaydi, rivojlanib boradi, odamlarning munosib hayot kechirish bo‘yicha ehtiyojlari muttasil ortadi. Shuning uchun dasturimizda ijtimoiy himoya sohasida davlatning tartibga soluvchilik rolini mustahkamlash masalasini belgilab qo‘ydik. Nimalarni nazarda tutmoqdamiz? Birinchidan, meditsina, bolalar bog‘chalari, ta’lim muassasalari kabi yetakchi ijtimoiy sohalarning tijoratlashuvini cheklash biz uchun dolzarb hisoblanadi. Ikkinchidan, biznes vakillari mas’uliyatini oshirish talab etiladi. Uchinchidan, gaz, elektr va issiqlik ta’minoti va boshqa tabiiy monopoliya subyektlari xizmati narxlari davlat tomonidan tartibga solinib turilishi shart. To‘rtinchidan, davlat mulkini xususiylashtirishdan keladigan mablag‘larning ma’lum qismini turar-joy fondini shakllantirishga yo‘naltirishni taklif qilayapmiz. Demak, bu vazifalarni bajarishda davlatning faol ishtiroki lozim.

Otabek ABDURAHMONOV, Qarshi qurilish kolleji direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:

— Hukumatimiz tomonidan har yili bir millionga yaqin odam ish bilan ta’minlanmoqda. Ularning asosiy qismi — yoshlar. Bu borada sizning qanday yangi takliflaringiz bor?

JAVOB:

— Sizning fikringizga to‘liq qo‘shilaman. Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Mening fikrimcha, bandlik dasturini qabul qilish va ijrosini ta’minlashda yangicha yondashuvlarga o‘tish kerak. Birinchi navbatda, mehnat bozoridagi talab va taklifni hisobga olib, hududlarni rivojlantirish dasturlarini tuzish va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini aniq belgilash talab qilinadi. Ikkinchidan, yoshlarimiz bugun kam haq to‘lanadigan ishga borishni xohlashmaydi. Demak, ularga barqaror va munosib ish o‘rinlarini taklif etishimiz kerak. Buning uchun yuqori texnologik tarmoq korxonalari, xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish lozim. Uchinchidan, o‘z biznesini ochish harakatidagi yoshlar kredit olishda sarson bo‘lmasliklari shart. Barqaror ish o‘rinlarini yaratayotgan tadbirkorlik subyektlariga imtiyoz yaratish, rag‘batlantirish maqsadida soliq tizimini takomillashtirish, ushbu masalada qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish takliflarini bildirayapmiz.

Nomzod, shuningdek, Muborak ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi Nodira Umirovaning boqimandalik kayfiyatini bartaraf etish, Kasbi tumanidagi 15-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Shoira Tursunovaning farmatsevtika korxonalari va dorixonalar faoliyati ustidan davlat nazoratini kuchaytirish hamda dori vositalari reklamasini cheklash masalalari haqidagi savollariga batafsil javob berdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonovning saylovoldi dasturini ma’qullashlarini bildirib, uchrashuv qatnashchilarini saylov kuni nomzodimiz uchun ovoz berishga da’vat etishdi.

 

Yunus UZOQOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: