O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
26.06.2012

Giyohvandlik: Insoniyatni falokatga etaklovchi ogu

26 iyun — xalqaro hamjamiyat tomonidan giyohvandlikka qarshi kurash kuni deb e’lon qilingan. Bu qaror bundan 25 yil oldin — 1987 yili BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan.

Bugungi kunda BMT doirasida ushbu illatga qarshi Giyohvandlikni nazorat qilish bo‘yicha xalqaro qo‘mita, Giyohvandlik vositalari bo‘yicha komissiya, BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi samarali faoliyat olib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalarini tan olgan holda, insoniyatni falokatga yetaklovchi og‘u — giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi samarali chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash borasida mintaqaviy va xalqaro miqyosda yetakchi o‘rinlardan birini egallab turganligini alohida qayd etish kerak.

O‘zbekiston — giyohvand moddalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadigan guruhlarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yish, kontrabanda yo‘llarini yopish, giyohvand moddalar ekilgan maydonlarni yo‘q qilish, shuningdek, giyohvandlikning oldini olish bo‘yicha aniq maqsadli tadbirlarni o‘tkazishga katta e’tibor qaratmoqda. Bu borada giyohvandlik va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha davlat tizimi shakllangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazidan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda bu ofatga qarshi kurashuvchi alohida tizim faoliyat yuritmoqda.

Aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish har qanday rivojlangan demokratik davlatning muhim ijtimoiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Zero, jamiyat har tomonlama yetuk, sog‘lom va barkamol genofond asosidagina rivojlanadi, taraqqiy etadi. «Asr vabosi»ga aylanib ulgurgan giyohvandlik bugungi kunda dunyo miqyosida millionlab insonlarning umriga zomin bo‘layotganligi tashvishli holdir. Zotan, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar inson sog‘lig‘i va xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi, mamlakatdagi kriminogen vaziyatga, jamiyatning iqtisodiy va ma’naviy negiziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ko‘pincha u uyushgan jinoyatchilik bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi uning ijtimoiy xavfliligini yanada oshiradi.

Ayniqsa, mazkur giyohvandlik vositalaridan jabr ko‘ruvchilarning aksariyatini yoshlar tashkil etayotganligi yanada achinarli holdir. Giyohvandlikka duchor bo‘lganlarning asosiy qismini 16-29 yoshdagilar, 30 foizini esa 24 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi.

Respublikamiz hududidan narkotranzit sifatida foydalanishga urinishlar ham barcha-barchani ogohlikka undaydi.

O‘zbekiston o‘zining jug‘rofiy o‘rniga ko‘ra, Janubiy Osiyo va Yevropaning chorrahasida joylashgan. Giyohvand vositalar kontrabandasi respublikamizning Afg‘oniston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegaradosh bo‘lgan janubiy va sharqiy hududlarida tashkiliy tarzda amalga oshiriladi. Ularning yo‘li chegaraning nazorat qilish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlaridan, shuningdek, Amudaryo orqali o‘tadi. Giyohvand vositalarning kontrabandasi uchun juda katta miqdorda moliyaviy mablag‘lar sarf qilinadi. Bugun butun dunyoda xalqaro aloqalarga ega bo‘lgan jinoiy narkoguruhlarning faollashuvi kuzatilayotganini qayd etib o‘tish kerak.

Giyohvandlik chegara bilmaydi. Odam tanlamaydi. U kirib kelgan oiladan falokat arimaydi. Shuni afsus nadomat bilan aytish kerakki, voyaga yetmaganlar orasida giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish, iste’mol qilish holatlari hamon uchramoqda.

Respublikamiz huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ochilgan va giyohvandlik vositalar bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar birgina 2010 yilda 8854 tani tashkil etgan.

Davlatimiz tomonidan har yili ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, amalga oshirilayotgan profilaktika natijasida mamlakatimizda 2011 yil holatiga ko‘ra 1994 yildan buyon 47 tonna 546 kilogramm narkotik moddalar yo‘q qilindi.

Respublikamizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning mohiyati jamiyat a’zolarining osoyishtaligini ta’minlash va erkin kamol topishiga qaratilgandir. Shuningdek, har bir fuqaroning ma’naviyati va dunyoqarashini davr talablari asosida shakllantirish hamda shaxs ma’naviyatida yuzaga keladigan turli illatlarga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlash ham davlat siyosatida alohida e’tiborga olingan.

Shaxs ma’naviyatiga salbiy ta’sir etuvchi giyohvandlik kabi illat hamda uni yuzaga keltiruvchi sabab va sharoitni tugatishga davlatning alohida e’tibor qaratayotganligi ushbu muammoning naqadar dolzarbligidan dalolatdir.

BMT va boshqa xalqaro miqyosdagi nufuzli tashkilotlar chiqargan bir qator normativ hujjatlarda giyohvand vositalar bilan bog‘liq cheklovlarning davlat miqyosida amalga oshirilishi e’tirof etilgan va bu talablar O‘zbekiston qonunchiligida ham o‘z aksini topgan. Umuman olganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha huquqiy islohotlarning bosh maqsadi inson va uning manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga qaratilganidadir.

Omonulla MUHAMMADJONOV,

TDYuI prorektori, yuridik fanlar doktori.

Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: