Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
29.10.2016

DO‘STLIK VA HAMKORLIK YANADA MUSTAHKAMLANADI

Yigirma besh yildirki, Qirg‘iziston Respublikasi jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi, mustaqil davlat sifatida tashqi va ichki siyosatni olib bormoqda. U BMT va ko‘plab xalqaro tashkilotlar safidan munosib o‘rin oldi. Mamlakat iqtisodiyoti, ma’naviy hayotida sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Sanoat, energetika, tog‘-kon zaxiralarini qayta ishlash borasida yutuqlarga erishdi.

Ammo turli siyosiy guruhlar tomonidan «demokratik tamoyillar», «so‘z erkinligi» kabi tushunchalarga turlicha talqin berilishi oqibatida ichki siyosatda mamlakat uchun murakkab, ba’zida tahlikali voqealar yuz berdi. Bugun erishilgan yutuqlarni e’tirof etish bilan birga yo‘l qo‘yilgan xatolarni oshkora tan olib, undan to‘g‘ri xulosa chiqarilayotgani mamlakat ichki va tashqi siyosat yo‘lini belgilashda ijobiy natija berayotir.

O‘zbekiston barcha davlatlar, jumladan, yaqin qo‘shnilar bilan hamjihatlikda, teng huquqli manfaatlarga asoslangan hamkorlik munosabatlariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Ayniqsa, quda-anda, qon-qondoshlik rishtalari bog‘langan Qirg‘izistonga nisbatan bag‘rikenglik siyosatini yuritib kelgan va bu yurtda bo‘layotgan voqealarga hech qachon befarq qaramagan. Bir-biriga intilib, bir-birini qo‘llab, yonma-yon yashab kelayotgan o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasini buzishga harakat qilgan kuchlar o‘z yovuz maqsadiga yetolmadi. Tili bir, dini va maqsadlari bir bu ikki xalq do‘stligi mustahkamligini oktabr oyida bo‘lgan voqealar ham tasdiqlab turibdi. 2016 yil oktabrini qirg‘izistonliklar eng «issiq» oy deb atamoqdalar. Yo‘q, bu fikr quyoshli kunlarning haroratiga bog‘liq emas.

Oktabrning birinchi kuni Qirg‘izistonning O‘sh, Botken, Jalolobod viloyatlari rahbarlari, jamoatchilik vakillaridan iborat 130 nafar mehmon mamlakat Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammadkaliy Abdulg‘aziyev boshchiligida O‘zbekistonga, Andijonga tashrif buyurdi. Qadrli mehmonlarni o‘zbekistonliklar eng yaqin do‘st-birodar sifatida quchoq ochib kutib olishdi. Mehmonlar Andijon misolida O‘zbekistondagi islohotlar, bunyodkorliklar bilan tanishdilar. Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy, ma’naviy aloqalarni mustahkamlash to‘g‘risida anglashuv (memorandum) imzolandi.

Bu voqeaga siyosatchilar, jurnalistlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlaridagi yangi bosqichning boshlanishi, deb baho berishdi.

— Bizning munosabatlarimiz qayta boshlanayotgani yo‘q, aksincha, davomli do‘stligimiz shu kunlarda yanada mustahkamlanmoqda, — dedi Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammadkaliy Abdulg‘aziyev Farg‘ona vodiysi viloyatlari vakillarining O‘sh shahriga javob tashrifi chog‘idagi uchrashuvda. — Biz do‘stlikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasida talay ishlar qilishimiz zarurligini ham bilamiz.

2016 yil 26 oktabr kuni erta tongda O‘zbekiston — Qirg‘iziston «Do‘stlik» chegara-bojxona postida Farg‘ona, Namangan, Andijon viloyatlarining rahbarlari, jamoatchilik vakillaridan iborat 140 kishilik delegatsiya tantanali ravishda kutib olindi. Shaharning bosh maydonigacha bo‘lgan o‘n chaqirimlik yo‘l chetida o‘shliklar qo‘llarida ikki mamlakat bayroqlarini silkitib, quvonch bilan mehmonlarni olqishlashdi.

—      Biz bu damlarni orziqib kutdik, — deydi mehnat faxriysi Jenish Sarmasov bizni astoydil uyiga taklif qilar ekan. — Qirg‘izistonliklarning Andijonga borgani, u yerdagi juda katta o‘zgarishlar haqida televizorda ko‘rib hayratga tushdik. Keyin Andijonga borib kelgan tuqqanlarim bilan uchrashib suhbatlashdim. Cho‘ng rivojlanish bo‘libdi, O‘zbekistonda. Xudoyim xohlasa, o‘zim ham borib ko‘raman. Sizlarning Qirg‘izistonga kelishingiz biz uchun katta xursandchilik.

Bu kabi gaplarni deyarli har bir mezbondan eshitdik.

O‘sh shahrining markazida o‘nlab yurta (chodir)lar tikilgan bo‘lib, Qirg‘iziston xalqlar Assambleyasi vakillari — o‘zbek, rus, uyg‘ur, turk, nemis madaniy markazlari o‘z urf-odatlariga ko‘ra, dasturxon yozgandilar.

Qirg‘iz eposi — «Manas»ning el sevgan satrlari baxshilar tomonidan mohirlik bilan chertilgan do‘mbira jo‘rligida kuylandi. Ortidan zamonaviy qo‘shiqlar ijro etildi. Eng hayajonli voqea turli millat kiyimidagi bolajonlar tinchlik, do‘stlikni madh etuvchi qo‘shiqni zavq bilan ijro etganida ro‘y berdi. Shunda maydondagi kamida besh ming tomoshabin o‘rnidan turib ketdi, qo‘shiq tugagunga qadar gulduros qarsaklar yangradi.

—      Buni qarang, biz sizlarni sog‘inganmiz, — dedi Qirg‘iziston xalq artisti Salamat Sadikova ko‘ziga yosh olib. — Do‘stligimiz abadiy bo‘lsin!..

Bu noyob ovoz sohibasi, taniqli jamoat arbobi 2005 yilda Samarqandda «Sharq taronalari» xalqaro festivalida qatnashgan edi.

— O‘zbekistonda san’atni rivojlantirishga yaratilgan sharoit, san’atkorga bo‘lgan e’tibor meni doimo to‘lqinlantiradi. «Sharq taronalari» festivalidagi muvaffaqiyatim tufayli xalqaro miqyosda tanlov, festivallarga taklif etiladigan bo‘ldim. Yurtimda esa xizmatim, erishgan yutug‘im qadrlanib, xalq artisti degan unvon bilan siylandim, — deydi Salamat Sadikova. — Nasib qilsa, endi O‘zbekistonga konsert dasturim bilan gastrolga bormoqchiman.

O‘sh viloyatida 1,3 million aholi bo‘lib, sanoati asosan qayta ishlash sohasiga ixtisoslashgan. Qishloq xo‘jaligi, uning tamaki yetishtirish, paxtachilik, jun va teri tayyorlash tarmoqlari rivojlangan. Yaqinda O‘zgan toshko‘mir havzasida yangi zaxiralar topildi.

Viloyat xalqaro miqyosdagi muhim yo‘l tarmog‘iga ega. O‘sh — Ergashtom xalqaro yo‘li orqali Xitoy, Tojikiston, Pokiston bilan bog‘lanish imkoniyati bor. 2017 yilda esa Xitoyning Qashqar shahridan tortib kelinayotgan temir yo‘l Jalolobod shahri orqali O‘zbekiston temir yo‘liga ulanadi. Bu esa Janubiy Qirg‘iziston uchun iqtisodiyotni rivojlantirishda yangi istiqboldir.

—      Biz mamlakatimiz xalqaro miqyosda munosib o‘rin egallashini istaymiz. O‘sh Davlat Universitetidagi xalqaro tibbiyot fakultetining bugungi faoliyati ham shunga qaratilgan, — deydi universitet xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Erlan Kamolov. — Tibbiyot fakultetida yigirmadan ziyod mamlakatdan kelgan yoshlar shifokorlik kasbini egallashmoqda. Biz O‘zbekistonda tibbiy oliy ta’lim yuksak saviyada ekanini bilamiz. Bizning o‘qituvchi-professorlar orasida aynan Toshkent, Samarqand, Andijon tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olganlar anchagina. O‘zbekistonliklarning bugungi tashrifi tibbiy ta’lim sohasidagi hamkorlik rivojiga ham katta hissa qo‘shadi, degan umiddamiz.

Darhaqiqat, shunday ham bo‘ldi. Safar chog‘ida «Andijon Davlat Universiteti va O‘sh Davlat Universitetlari hamkorlik Shartnomasi» imzolandi. Endi bu oliy o‘quv yurtlari ilmiy tadqiqot, malaka oshirish, kelgusida talabalar almashish borasida ham sherikchilik qilishlari mumkin.

Bobur nomidagi o‘zbek drama teatri mehmonlarga «Manas o‘g‘li Semetey» asaridan parcha namoyish etdi. Shaharda Bobur nomi bilan bog‘liq ziyoratgoh bor. U Sulaymon tog‘i tarixiy etnografik majmuasi tarkibida edi. Hamyurtlarimiz muzey va yodgorliklar bilan qiziqib tanishishdi.

O‘shga tashrif, albatta, ikki mamlakat va uning xalqlari orasidagi munosabatlar mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Ammo uchrashuvlar chog‘ida iqtisodiy mavzudan ko‘ra, ijtimoiy masalalar, avvalo, do‘stlik, tinch-totuv qo‘shnichilik, bordi-keldidagi ayrim to‘siqlarga barham berish kabi masalalar ko‘proq tilga olindi.

Mamasoli Axmatov, Jalolobod viloyati gubernatorining birinchi o‘rinbosari:

—      Jalolobod sihatgohida dam oluvchilarning deyarli uchdan biri o‘zbekistonliklar bo‘lardi. Jalolobodliklar Shohimardonga, Xonobodga borishni yoqtirar edi. Biz aka-ukadek yaqinlarmiz. An’analarimizni hech kim to‘xtata olmaydi. Yaqinda Andijonga borganimizda ulkan qurilishlar, yirik sanoat korxonalari, eng zamonaviy sport inshootlari, keng, obod ko‘chalarni, muhimi xushchaqchaq, ko‘zida ertangi kuniga ishonch charaqlagan insonlarni ko‘rib, havas bilan qaytdik. Garchi Qirg‘iziston ham aynan bir davrda mustaqillik inshootini qurayotgan bo‘lsa-da, biz turli sabablar bilan ma’lum muddat vaqtimiz va imkoniyatimizni boy berganimizni tushunib turibmiz. Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan izchil va mustahkam hamkorligi, do‘stona munosabatlar bizga har jihatdan yordam berishi muqarrar.

Orozbek Akimboyev, O‘sh viloyati faxriylar kengashi hamraisi:

—      Farg‘onadan chiqqan buyuk zotlar Ahmad al-Farg‘oniy, Burxoniddin Marg‘inoniy, bugungi kunning mashhur olim, yozuvchi, san’atkorlari bilan biz ham faxrlanamiz. Bizning millatlar yer yuzida paydo bo‘lganidan buyon do‘st. Shunday bo‘lib qoladi. Andijonda imzolangan «Do‘stlik memorandumi»dan umidimiz katta. Biz bugun kechagidan, ertaga bugundan yaxshiroq yashashimiz kerak. O‘zbek — qirg‘iz do‘stligi uni ta’minlovchi omillardan biri, deb hisoblayman.

Hamidullo Ismoilov, O‘sh shahar kengashi deputati:

—      Shahar kengashidagi 45 deputatdan 7 nafari o‘zbek. Qabul qilinadigan qarorlarimizda diniy va millatlararo bag‘rikenglik mezonlariga rioya qilinadi. — Biz, deputatlar sessiyada O‘zbekiston erishayotgan yutuqlar sababini oshkora tilga olamiz. Bizningcha, mamlakatda ahillik, vatan manfaati yo‘lida siyosiy birlikka erishilmas ekan, taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Andijon va O‘sh uchrashuvlari munosabatlarimizni mustahkamlashga xizmat qiladi, albatta.

Gulbara Kenjiyeva, Qirg‘iziston teleradiokompaniyasi «Ala-Too» informatsion ko‘rsatuvlar direksiyasi muxbiri:

—      Qirg‘iziston delegatsiyasining O‘zbekistonga, Andijonga tashrifi haqidagi ko‘rsatuvni tomoshabinlarimiz juda katta qiziqish bilan kutib oldi. Talablarga ko‘ra, hatto ikkinchi bor takroran namoyish qilishga ham to‘g‘ri keldi. Sababi, birinchidan, ikki xalq do‘stligiga hech qanday kuch to‘sqinlik qila olmasligi ko‘rinib turgani, Andijon uchrashuvi chog‘ida bizga ko‘rsatilgan cheksiz hurmat, ehtirom edi. Ikkinchidan, yurtingizda qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan ulkan islohotlar, buyuk bunyodkorlikni ko‘rgan qirg‘izistonlik tomoshabin biz, muxbirlar kabi O‘zbekistonni qayta kashf etdi. Bilasizmi, tomoshabinlardan biri menga qo‘ng‘iroq qilib, biz «demokratiya» haqida tortishib yurganimizda O‘zbekiston zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, hashamatli o‘quv yurtlari, uy-joy majmualarini qurib tashlagan ekan, dedi. Menimcha, biz axborot almashish borasida ham ko‘p ishlar qilishimiz, jurnalistlar ijodiy safarlarini uyushtirishimiz lozimga o‘xshaydi.

O‘shdagi «Shanxay Siti» mehmonxonasi konferensiya zalida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Adham Ikromov va Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammadkaliy Abdulg‘aziyevlar ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar. Unda ikki mamlakat bundan buyon gumanitar sohada hamkorlikni har jihatdan rivojlantirishga kelishib olgani, O‘zbekiston — Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraga bog‘liq ayrim muammolar tez orada hal bo‘lishi aytildi.

O‘sh uchrashuvi Qirg‘iziston san’at ustalari hamda O‘zbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Zulayho Boyxonova, Abduhoshim Ismoilov, Gulsanam Mamazoitova, «O‘zbekiston» raqs ansambli ishtirokidagi gala konsert bilan yakunlandi.

 

Muhammadjon OBIDOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: