Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
13.10.2016

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATINING YETTINCHI YALPI MAJLISI TO‘G‘RISIDA AXBOROT

2016 yil 12 oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev boshqardi.

Senatorlar o‘z ishini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 23-bandiga muvofiq parlamentning yuqori palatasiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi masalani ko‘rib chiqishdan boshladilar.

Majlis ishtirokchilari ta’kidlaganlaridek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risidagi ushbu hujjatning qabul qilinishi davlatimiz insonparvarligining, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanishining, olib borilayotgan demokratik, ijtimoiy-siyosiy hamda sotsial-iqtisodiy islohotlar uning mazmun-mohiyatini aks ettirishining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Amnistiya aktining ayrim toifadagi shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi katta ijtimoiy va tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi, sud-huquq tizimini erkinlashtirishga qaratilgan strategik yo‘lning davomi sanaladi.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda ayollarni, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarni, 60 yoshdan oshgan erkaklarni, chet davlatlar fuqarolarini, shuningdek, qonunda belgilangan tartibda I yoki II guruh nogironlari deb topilgan shaxslarni, boshqa toifadagi qator fuqarolarni (ayrim cheklovlarni hisobga olgan holda) jazodan ozod etish nazarda tutilgan. Shuningdek, amnistiya to‘g‘risidagi qaror tatbiq etilmaydigan shaxslar toifalari ham belgilangan.

Senat qarori qo‘llanilishi tartibi belgilanib, unda amnistiya hujjati bo‘yicha jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod etilishi lozim bo‘lgan shaxslarga nisbatan ishlar hamda materiallarni sudda ko‘rib chiqish tartib-taomili belgilab berilmoqda. Bunda senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar Kengashlari deputatlari amnistiya to‘g‘risidagi qarorning qo‘llanilishi, shuningdek, qarorni ijro etish tartib-taomillari ochiq-oshkoraligining ta’minlanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda faol ishtirok etishi nazarda tutilmoqda.

Muayyan toifadagi shaxslarni javobgarlikdan yoki jazodan nafaqat ozod qilishni, balki ularni davolashni, ishga joylashtirishni, shuningdek, jazodan ozod etilayotgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va hayotga moslashtirishni belgilab beruvchi bir qator tadbirlar nazarda tutilgan.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan taklif etilgan “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturini ijro etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Ushbu qonun aholining ehtiyojmand toifalariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning umumiy talablari va asosiy yo‘nalishlarini aniqlab olish, shuningdek, davlat tashkilotlari, nodavlat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarining ushbu sohadagi roli va javobgarligini oshirish maqsadida qabul qilinganligi ta’kidlandi. Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoni ustidan monitoring yuritish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari nazarda tutilmoqda.

Qonun aholining ehtiyojmand toifalariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar sifati, darajasi va samaradorligini oshirishga, ularning manfaatlarini himoya qilishga doir kafolatlarni mustahkamlab qo‘ygan yaxlit hujjatdir.

Mazkur huquqiy hujjatda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish samaradorligini oshirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari aniq belgilab qo‘yilgan, ijtimoiy xizmatlarga muhtoj aholi toifalari aniqlab berilgan, ularni aniqlash mezonlari va tartibi belgilangan.

Qonunda, ayniqsa, ta’lim, ishga joylashtirish va sog‘liqni saqlash sohalarida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish shakllari hamda turlari muhim o‘rin egallaydi, ushbu sohadagi idoralararo hamkorlik va ijtimoiy sheriklik masalalari tartibga solinmoqda.

Huquqni qo‘llash amaliyoti va amaldagi qonun hujjatlarini inobatga olgan holda aholining ehtiyojmand qatlamlari ijtimoiy himoya qilinishini ta’minlash, ularga xizmatlar ko‘rsatish borasidagi vakolatli organlar va tashkilotlarning, shu jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarining, tadbirkorlik subyektlarining vazifalari, funksiyalari, huquqlari hamda majburiyatlari aniq belgilab berilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonun normalarining ro‘yobga chiqarilishi ijtimoiy himoya qilish tizimi jamoatchilik nazorati uchun ochiq bo‘lishini ta’minlaydi, nafaqat aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayonini tartibga solishga, balki fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yanada yaxshilashga, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirishga, mamlakatda amalga oshirilayotgan ko‘lamdor kuchli ijtimoiy siyosat davom ettirilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan va parlamentga kiritilgan “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Amaldagi qonunga kiritilishi nazarda tutilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kasaba uyushmalari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga, qonunning amalda qo‘llanish amaliyotini tahlil qilish natijasida aniqlangan eskirgan normalar, qoidalar va nuqsonlarni bartaraf etishga, foydalanilayotgan tushunchalar va atamalarning bir xilda qo‘llanilishini ta’minlashga, qonunning ayrim normalarini yangi qabul qilingan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqlashtirishga qaratilganligi qayd etildi. Hozirgi zamon talablarini inobatga olgan holda, shu jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlar ishlaydigan joylarda, shuningdek, tarmoqlar va hududlar darajasida kasaba uyushmalari tashkilotlarini tuzish va faoliyatini ta’minlash tartibi belgilandi. Kasaba uyushmalari organlarining saylab qo‘yiladigan lavozimlariga saylanishi munosabati bilan ishdan ozod etilgan xodimlarning mehnat huquqlariga rioya qilish kafolatlari kuchaytirildi. Xodimlarning mehnat va ijtimoiy huquqlarini himoya qilishda kasaba uyushmalarining rolini oshirishga qaratilgan boshqa tashkiliy-huquqiy mexanizmlar mustahkamlandi.

Oliy Majlis Senati a’zolarining fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi ijtimoiy-mehnat sohasida kasaba uyushmalari faoliyati erkinligining kafolatlanishini ta’minlashga xizmat qiladi, huquqni qo‘llash amaliyotini yaxshilashga, ijtimoiy-mehnat sohasida qonuniylikni ta’minlashga hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Ushbu qonunga muvofiq bir qator qonun hujjatlariga ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va sud-huquq sohalarida amal qilib turgan qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 22 fevralda qabul qilingan “Aholining hojatmand qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Mehnat vazirligiga o‘zgartirildi, uning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari belgilab berildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi, sog‘liqni saqlash hududiy boshqarmalari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari zimmalariga nogironlar, shu jumladan, nogiron bolalar, urush qatnashchilari, faxriylar, yolg‘iz keksalar va aholining boshqa zaif qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy yordam berish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning kasbga o‘qitilishini tashkil etish va inklyuziv kasbga o‘qitishni rivojlantirish, Moliya vazirligi va uning hududiy organlari zimmalariga muhtoj oilalarga hamda fuqarolarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlanishi hamda to‘lanishi ustidan monitoring olib borish vazifalari yuklatildi. Shuningdek, nogironlar va keksalar uchun mo‘ljallangan Muruvvat hamda Saxovat uy-internatlari, Nogironlar uchun reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, nogironlar uchun mintaqaviy reabilitatsiya markazlari, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriyalar hamda pansionatlar, shuningdek, qator ta’lim muassasalari Mehnat vazirligi tasarrufidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.

Qayd etilgan farmon talablaridan kelib chiqib, qonunda bir qator qonun hujjatlariga, jumladan, “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunlarga, shuningdek, Soliq kodeksiga hamda Mehnat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Parlament yuqori palatasi vakillari ta’kidlaganlaridek, kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar nogironlar, urush va mehnat faxriylari, yolg‘iz keksalar va aholining boshqa zaif qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy yordam berishga, ularning turmush darajasi va sifatini oshirishga, shuningdek, aholini ijtimoiy himoya qilish samaradorligini yuksaltirishga ko‘maklashadi.

“Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilinishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga, xususan, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi, “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi qonunlarga, shuningdek, Jinoyat kodeksiga, Soliq kodeksiga, Byudjet kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar veterinariya to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlardagi hamda ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlaridagi nomuvofiqliklarni bartaraf etishga, qonun hujjatlari normalaridagi atamalar va tushunchalarning bir xilda qo‘llanilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Jinoyatlar tahlilini, dinamikasini va huquqni qo‘llash amaliyotini hisobga olgan holda Jinoyat kodeksiga firibgarlik va transport vositasini olib qochganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritildi.

Senatorlarning fikricha, ushbu tuzatishlar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirishga, jazolashda adolat prinsipini ta’minlashga, shuningdek, ushbu sohalarda jinoyat sodir etilishiga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga byudjet hamda smeta-shtat intizomi sohasidagi huquqbuzarliklarni tasniflashda huquqni qo‘llash amaliyotida mavjud bo‘lgan nomuvofiqliklarning bartaraf etilishini va bir xilda talqin etilishini ta’minlashga, shuningdek, Byudjet kodeksidagi ayrim normalarning va jinoyat to‘g‘risidagi hamda ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining mazmunidagi tafovutlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Ushbu o‘zgartishlar ham byudjet va smeta-shtat intizomini buzganlik uchun javobgarlikni yanada erkinlashtirishga va maqbullashtirishga qaratilgan. Jumladan, shu sohada faqat ko‘p miqdorda yoki juda ko‘p miqdorda sodir etilgan qilmishlar jinoiy javobgarlikka, uncha ko‘p bo‘lmagan miqdorda yoki ancha miqdorda sodir etilgan qilmishlar ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Senatorlar ushbu o‘zgartishlarning kiritilishi byudjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni yanada maqbullashtirishga va byudjet intizomini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar “Xalqaro mehnat tashkilotining birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi 87-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Konvensiya Xalqaro mehnat tashkilotining 1948 yilgi Bosh Konferensiyasida qabul qilingan bo‘lib, unda xodimlar va ish beruvchilarning tashkilotlar tuzish, shuningdek, bunday tashkilotlarga a’zo bo‘lish huquqi nazarda tutilgan. Konvensiyada ushbu tashkilotlarning o‘z ustavlari va ma’muriy reglamentlarini ishlab chiqish, o‘z faoliyatini tashkil etish, harakat dasturini tasdiqlash hamda ro‘yobga chiqarish huquqlari nazarda tutilmoqda. Birlashish huquqini cheklovchi yoki uning qonunchilik yo‘li bilan amalga oshirilishiga to‘sqinlik qiluvchi davlat organlari aralashuvidan holi bo‘lish ko‘zda tutilmoqda, xodimlar va ish beruvchilarning birlashish bo‘yicha o‘z huquqini erkin amalga oshirishini kafolatlovchi chora-tadbirlar hamda boshqa huquqlar qayd etilmoqda.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyoti ushbu Konvensiya qoidalariga to‘liq muvofiq kelishini ta’kidladilar. Xususan, fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari belgilangan bo‘lib, bunday kafolatlar O‘zbekiston Respublikasining 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatida, shu jumladan, “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda va O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan.

Hozirgi vaqtda 14 ta tarmoq, 14 ta hududiy va 37 mingdan ortiq birlamchi kasaba uyushmasi tashkilotini birlashtiruvchi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi 6,3 milliondan ziyod xodimning manfaatlarini ifodalaydi.

Senatorlarning fikricha, ushbu Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi har bir kishining o‘zgalar bilan erkin uyushma tuzish huquqini, shu jumladan, kasaba uyushmalarini tuzish va o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lish huquqini kafolatlovchi 1948 yilgi Butunjahon inson huquqlari deklaratsiyasida aks etgan inson huquqlarini himoya qilishning umume’tirof etilgan normalariga O‘zbekiston sodiq ekanligining isboti bo‘ladi, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan konstruktiv munosabatlarni rivojlantirishda muhim omil bo‘ladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi tarkiblariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Barcha ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Senatning yalpi majlisi davomida demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich chuqurlashtirishga va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan 10 ta masala, shu jumladan, 4 ta qonun ko‘rib chiqildi. Ularning amalga oshirilishi aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish, mamlakatda barqarorlik va farovonlikni mustahkamlash uchun kuchli omil bo‘lib xizmat qiladi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati. 


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: