Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Yanvar 2021   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31
08.10.2016

FUQAROLARNING HUQUQ VA ERKINLIKLARINI

ishonchli himoyalash — dolzarb masala

Bugungi kunda xalqaro vaziyatning shiddat bilan o‘zgarishi, yer yuzining turli nuqtalarida yangi nizo o‘choqlarining paydo bo‘lishi jahon jamoatchiligida chuqur tashvish va xavotir uyg‘otmoqda. Mamlakatlar iqtisodiyoti orqaga ketmoqda, ish o‘rinlari qisqarmoqda, insonning oliy huquqlari, muqaddas qadriyatlari poymol qilinmoqda. Bu davlatlar tinchligiga, fuqarolar hayotiga katta xavf solyapti.

Ana shunday murakkab sharoitda mamlakatimizda xotirjamlikni ta’minlash, xalqimizning osoyishta turmushini himoya qilish, huquq-tartibot idoralari faoliyati va mas’uliyatini kuchaytirish dolzarb masaladir. Yaqinda qabul qilingan «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonun bu borada muhim ahamiyatga ega.

Mazkur Qonunning mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Komila KAROMOVA bilan suhbatlashdik.

— Bugun dunyoning turli hududlarida yuz berayotgan mudhish voqea-hodisalar, tahdidlar faqat o‘sha davlat yoki mintaqa hayotiga daxldor degan odam adashadi. Chegara bilmas bu xavf-xatarlar butun insoniyatning, taraqqiyotning dushmanidir. Geosiyosiy o‘yinlar, diniy ekstremizm, terrorizm, narkobiznes, millatlararo nizolar insoniyatga katta ofatlar keltirishini hammamiz ko‘rib, bilib turibmiz.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan, ichki ishlar tizimi faoliyati bunday qaltis jarayonda mamlakatda tinchlikni ta’minlashda katta ahamiyat kasb etadi. Bir so‘z bilan aytganda, yurtda tinchlik, osoyishtalik hukm surishi, fuqarolar xavfsizligi, huquq va erkinliklari ta’minlanishi ko‘p jihatdan ushbu soha xodimlari mas’uliyatiga bog‘liq.

Shuning uchun mamlakatimizda ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikning yaxlit tizimini joriy etish zarurati tug‘ildi. «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonun shu maqsadda ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Qonunga ko‘ra, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv hamda dastlabki tergovni o‘tkazish ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlariga kiradi. Shuningdek, ular uyushgan jinoyatchilikka va terrorizmga qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, ehtiyot choralari va jazoni ijro etish choralarini qo‘llashni tashkil qilish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlashga doir ishlarni amalga oshiradi.

Qonunda ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, yagonalik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini hurmat qilish, ochiqlik va shaffoflikdan iborat ekanligi belgilangan.

— Shu o‘rinda fuqarolar huquqlarini himoya qilishning qonuniy asoslariga chuqurroq to‘xtalsangiz...

 — Qonunda qayd etilishicha, ichki ishlar organlari o‘z faoliyatini fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini hurmat qilish asosida amalga oshiradi.

Qiynoqlarga solish, zo‘ravonlik qilish, boshqa shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsitadigan tarzda muomalada bo‘lish taqiqlanadi.

Agar Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ichki ishlar organlari fuqaroning sha’ni, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilishga haqli emas.

Yana bir muhim tomoni — ichki ishlar organi xodimi fuqaroga murojaat etganida o‘z lavozimini, unvonini, familiyasini, ismini, otasining ismini aytishi, fuqaroning talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi, shundan so‘ng murojaat qilishining sababi va maqsadini ma’lum qilishi kerak. Fuqaroga nisbatan uning huquq va erkinliklarini cheklovchi choralar qo‘llanilgan taqdirda, buning sababini hamda asoslarini, shuningdek, fuqaroning shu munosabat bilan yuzaga keladigan huquqlari va majburiyatlarini unga tushuntirishi shart.

— Ichki ishlar organlari xodimlarining majburiyatlari va huquqlari nimadan iborat?

— Bu haqdagi me’yorlar Qonunning 3-bobida keltirilgan. Xususan, 16-moddada ichki ishlar organlarining majburiyatlari belgilangan. Unga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, yuridik va jismoniy shaxslarning mulkini, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida barcha zarur choralarni ko‘rishi lozim. Jamoat joylarida, shu jumladan, ko‘chalarda, maydonlarda, istirohat bog‘larida, transport magistrallarida, vokzallarda, aeroportlarda, shuningdek, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish chog‘ida ular fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashi kerak. Bundan tashqari, Qonunda jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, chek qo‘yish va fosh etish choralarini ko‘rish majburiyatlari qayd etilgan.

Ichki ishlar organlari xodimlarining huquqlari haqida gapiradigan bo‘lsak, ular fuqarolardan qonun hujjatlariga rioya etishni, g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni tugatishni talab qilishi, bu talablar bajarilmagan taqdirda esa majburlov choralarini qo‘llashi mumkin.

Shuningdek, fuqarolarning shaxsiy xavfsizligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish, ularni sodir etgan yoki qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash hamda ushlash maqsadida fuqarolarga tegishli bo‘lgan turar-joylarda va boshqa binolarda, ularga qarashli yer uchastkalarida fuqarolarning roziligi bilan, tashkilotlar joylashgan hududda va binolarda esa ularning ma’muriyati ruxsati bilan yoki mulkdorning roziligi bilan bo‘lish huquqiga ham ega.

Umuman olganda, ichki ishlar organlari fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning xavfsizligini ta’minlash, hududlarda, jamoat joylarida tartibni saqlash bo‘yicha qator huquq va majburiyatlarga egaligi qonunda batafsil bayon etilgan.

— Ichki ishlar organlari xodimlarining ijtimoiy himoyasini ta’minlash masalasi ham dolzarbdir. Qonunda bu borada qanday kafolatlar belgilangan?

— Albatta, Qonunda bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, ichki ishlar organlari xodimlari sog‘lig‘ini saqlash, mehnatiga haq to‘lash, uy-joy bilan ta’minlash, mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida transport vositalaridan imtiyozli foydalanishi mumkinligi belgilangan. Shuningdek, Qonunda ichki ishlar organlari xodimlarining davlat pensiya ta’minoti, sug‘urtasi bilan bog‘liq masalalar ham aks etgan.

Saylovoldi dasturimizda fuqarolarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, huquq-tartibot islohotlarini takomillashtirish yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratilganligini inobatga olsak, mazkur Qonun partiyamiz uchun ham prinsipial ahamiyatga ega.

Xulosa qilib aytganda, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonun fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoyalash, yurtimizdagi tinch va osuda hayotni asrab-avaylashga xizmat qiladi.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Laziza SHEROVA suhbatlashdi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: