Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
21.07.2016

MAMLAKATIMIZDA KO‘PPARTIYAVIYLIK TIZIMI SHAKLLANISHI

demokratiyaning mustahkam asosini yaratdi

Insoniyat necha asrlardan buyon yaxshi hayot, yaxshi jamiyat qurishni orzu qilib keladi. Qancha-qancha soxta dohiylar, soxta tuzumlar yaratildi, lekin uzoq yashamadi, yo‘q bo‘lib ketdi. Bir paytlar dunyoda eng insonparvar jamiyat, deb jar solingan sovet tuzumi ham barbod bo‘ldi. Qanday yashashni, qanday yo‘ldan yurishni o‘zimiz hal etadigan zamon keldi — O‘zbekistonimiz mustaqil bo‘ldi. Biz huquqiy demokratik davlat, insonparvar, odil jamiyat qurishni maqsad qilib belgiladik. Dunyo tajribasidan ma’lumki, ko‘ppartiyaviylik tizimiga erishmay turib, bunday davlatni, jamiyatni qurib bo‘lmaydi.

Bu haqda Prezidentimiz shunday degan edi: «Modomiki, biz demokratik jamiyat qurmoqchi ekanmiz, jamiyatimizda albatta ko‘ppartiyaviylik tizimi bo‘lishi kerak. Bu tizim nima uchun zarur, degan savolga men shunday javob bergan bo‘lardim. Ko‘ppartiyaviylik, avvalo, jamiyatimizda o‘z manfaat va qarashlariga ega bo‘lgan har qaysi ijtimoiy qatlam va guruhning maqsad va intilishlarini to‘liq aks ettirish uchun kerak. Chunki hayot bor ekan, inson bor ekan, har qaysi toifa o‘zining manfaatlarini qandaydir yo‘llar bilan amalga oshirishga harakat qiladi, bu hayotni qanday tashkil qilish lozim, inson, oila qanday sharoitda tinch va baxtli yashashi mumkin, degan masalalar atrofida fikr yuritadi, kerak bo‘lsa, qonuniy yo‘llar bilan o‘z maqsadlariga erishishga intiladi.

Shu ma’noda, har bir partiya o‘ziga bo‘lgan ishonchni, kuch-quvvatni xalq ichidan oladi. Shuning uchun ham har qaysi partiya — xalqning ma’lum qatlami manfaatlarini ifodalovchi siyosiy kuch, desak, ayni haqiqat bo‘ladi».

Ushbu fikrlar qanday demokratik jamiyat qurish yo‘lidan borayotganimiz, ko‘ppartiyaviylik tizimi nima ekani va uning ahamiyati haqida keng, aniq tasavvur beradi.

Darhaqiqat, siyosiy partiyalarsiz mamlakatda vakillik demokratiyasini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki fuqarolar aynan o‘z vakillari orqali jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqini amalga oshiradi.

Siyosiy partiyalar tashkiliy-huquqiy asosi mustahkamlangan hujjat O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bo‘lib, unda siyosiy partiyalar huquqiy maqomini belgilab beruvchi normalar aks etibgina qolmay, fuqarolarning siyosiy partiyalarga uyushish huquqi ham mustahkamlandi. Xususan, 34-moddada «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga ega»ligi to‘g‘risidagi qoida belgilangan. Konstitutsiyamizning 58-moddasida davlat siyosiy partiyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlashi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib berishi lozimligi, shuningdek, davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan siyosiy partiyalarning faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligi ham mustahkamlandi.

O‘zbekistonda Konstitutsiya asosida siyosiy partiyalar faoliyatini huquqiy tartibga soluvchi tegishli qonunchilik tizimi shakllandi. Mustaqillikka erishganimizdan buyon shu kunga qadar siyosiy partiyalar faoliyatini huquqiy tartibga soluvchi bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Misol uchun, «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida», «Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida», «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida», «Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlar, «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunlar bu borada muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

O‘z o‘rnida shuni aytish joizki, siyosiy partiyalar to‘g‘risidagi qonunchilik siyosiy-ijtimoiy hayot bilan hamohanglikda rivojlanib bordi. Huquqiy asoslar yaratilishi barobarida aholining huquqiy-siyosiy madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Chunki har qanday qonunning ijrosi fuqarolar huquqiy-siyosiy bilimi darajasiga bog‘liq.

Mamlakatimizda haqiqiy demokratiyaning zarur va qonuniy belgisi bo‘lgan ko‘ppartiyaviylik tizimi tanlanishini quyidagi omillar bilan izohlash mumkin:

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 12-moddasida: «O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi» mazmunidagi qoida mustahkamlangan va uning mohiyati ko‘ppartiyaviylik tushunchasi bilan mutanosib;

Ikkinchidan, katta aholi soniga ega bo‘lgan davlatimizda fikrlar, qarashlar ham xilma-xil bo‘lishi tabiiy edi. Shuning uchun ham, jamiyatda mavjud turli qatlamlar, guruhlarning manfaatini ifodalovchi hamda uning davlat boshqaruvida amalga oshishiga zamin yaratuvchi ko‘ppartiyaviylik tizimi zarur, deb tanlandi;

Uchinchidan, jamiyatdagi barcha siyosiy kuchlar, ijtimoiy tabaqalarning keng ishtirokini ta’minlovchi ko‘ppartiyaviylikka asoslangan saylov davlat hokimiyati vakillik organlarini tashkil etishning demokratik ko‘rinishi hisoblanadi. Saylovlarni ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazish, saylovchilar tanlovi uchun bir necha nomzodlar kurashini taqozo qiladi. Saylovchilar, ya’ni xalqqa ushbu nomzodlardan tanlab olishning real huquqi beriladi.

Turli mamlakatlarda partiyalarning rivojlanishi har xil kechadi. Bu rivojlanish har bir davlat, millat tarixi, siyosiy faolligi, ijtimoiy-siyosiy tajribasidan kelib chiqib, milliy xususiyatlari asosida turlicha bo‘ladi. Albatta, qonunlarda belgilab qo‘yilgani bilan ko‘ppartiyaviylik tizimi o‘z-o‘zidan shakllanib qolmaydi. Buning uchun muayyan vaqt, fuqarolarning siyosiy-huquqiy dunyoqarashi yuksalishi talab etiladi. Ya’ni, ko‘ppartiyaviylik qonuniy asoslarga ko‘ra, tabiiy sharoitda yuzaga keladi.

Shu ma’noda, mamlakatimizda ko‘ppartiyaviylik tizimi o‘ziga xos tadrijiy tarzda shakllandi. Avvalo, shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan, yakka hokimlikni surib kelgan kommunistik partiyadan voz kechilgan bir sharoitda xalqning boshini qovushtiradigan, bir g‘oya atrofida birlashtirishni o‘z zimmasiga oladigan siyosiy kuch kerak edi. Ana shunday murakkab vaziyatda, 1991 yil noyabr oyida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil etildi. Bu yangi partiya yangi tuzum sharoitida ko‘p sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi, tajriba orttirdi.

1995 yilda O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, 2003 yilda esa Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi tuzildi.

Hozirgi kunda ushbu to‘rt siyosiy partiya bir xil sharoitda, tengma-teng huquq bilan faoliyat ko‘rsatmoqda. Albatta, bu siyosiy partiyalar o‘z maqsadi va vazifalari, ustavi va dasturiga ega.

Siyosiy partiyalarning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash maqsadida, 2004 yilda qabul qilingan «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi qonun siyosiy partiyalarning tom ma’nodagi mustaqilligini ta’minlashga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur Qonunning 7-moddasida siyosiy partiyalarning ustav faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish nazarda tutilgan. Xususan, unda «Siyosiy partiya, agar u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylov yakunlari bo‘yicha «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiq Qonunchilik palatasida siyosiy partiya fraksiyasini tuzish uchun zarur miqdorda deputatlik o‘rinlarini olgan bo‘lsa, o‘zining ustavida nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat mablag‘larini olish huquqiga ega bo‘ladi», deb belgilangan.

Aytish kerakki, siyosiy partiyalar faoliyatining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslari vujudga kelgach, jamiyatni yangilashning yangi bosqichida ularning konstitutsiyaviy huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish zarurati tug‘ildi.

2007 yil 11 aprelda qabul qilingan «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy Qonun hamda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga (89-moddasiga, 93-moddasining 15-bandiga, 102-moddasining ikkinchi qismiga) tuzatishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun siyosiy partiyalar faoliyatini rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘ldi.

Har ikki qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilganini alohida ta’kidlash joiz. Mazkur qonunlar mamlakatimizdagi tadrijiy demokratik islohotlarning izchil va mantiqiy davomidir.

Konstitutsiyaviy qonun siyosiy partiyalarga keng imkoniyatlar berdi. Masalan, unda siyosiy partiyalar fraksiyalarining huquqiy maqomi aniq belgilangan hamda siyosiy partiya fraksiyasi tushunchasi ochib berilgan. Qonunchilik palatasida ko‘pchilik o‘rinni egallagan siyosiy partiya fraksiyasi parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etishi, shu bilan birga, dasturiy vazifalarining yaqinligi yoki o‘zaro mosligidan kelib chiqqan holda blok tuzgan bir necha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlar ham parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etishi mumkinligi belgilandi. Qolaversa, qonunda «muxolifat» tushunchasi kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra, yangidan shakllantirilgan hukumatning tutgan yo‘li (kursi) va dasturi yoki uning ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmaydigan siyosiy partiyalar fraksiyalari, shuningdek, O‘zbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlar o‘zlarini muxolifat deb e’lon qilishi mumkinligi nazarda tutildi.

Konstitutsiyaviy qonunning 3-moddasida siyosiy partiyaning Qonunchilik palatasida tuzilgan fraksiyasi o‘z vakilini Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari lavozimlaridan birini egallashida kafolatli huquqqa ega ekanligi belgilangan. Bu norma mazmun va maqsadiga ko‘ra, siyosiy partiyalar fraksiyalarining Oliy Majlis quyi palatasi faoliyatini tashkil etishdagi rolini yanada kuchaytirishga, fraksiyalarning vakolatlari va imkoniyatlarini kengaytirish, palatada qarorlar qabul qilish jarayonini demokratlashtirishga sharoit yaratadi.

Mazkur konstitutsiyaviy qonun mamlakat siyosiy maydonidagi partiyalarga keng vakolatlar berish barobarida ular zimmasidagi mas’uliyatni ham oshirdi. Siyosiy partiyalarning faoliyat yo‘nalishi va dasturlarini yanada rivojlantirish, ularning parlament quyi palatasi va mahalliy Kengashlar ishidagi keng ishtirokini mustahkamlaydigan barqaror tizimni shakllantirish ko‘zda tutildi.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ushbu o‘zgarishlar «Hech shubhasiz, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish borasida asosiy va hal etuvchi rol o‘ynaydi». Mazkur muhim hujjat partiyalararo sog‘lom raqobatni kuchaytirib, siyosiy kuchlarning o‘z elektorati manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan xatti-harakatlarini keskin oshirdi, dasturiy masalalarda turli tortishuv va keskin bahs-munozaralarini kuchaytirdi.

Prezident Islom Karimovning 2010 yil 12 noyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida ham siyosiy partiyalarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi. Ushbu takliflar asosida 2011 yil 18 apreldagi qonun bilan Konstitutsiyamizning 98-moddasiga kiritilgan o‘zgartishlar alohida ahamiyat kasb etadi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad Bosh vazir lavozimiga nomzod ko‘rsatish va uni tasdiqlashning yanada demokratik tartibini o‘rnatish hisoblanadi. Unga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovlarda eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiyalar tomonidan taklif etiladi». Ushbu norma siyosiy partiyalarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirishga qaratilgan islohotlarning navbatdagi muhim bosqichini boshlab berdi.

2014 yilda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)»gi Qonun mamlakatimizda siyosiy partiyalar rolini kuchaytirish hamda ko‘ppartiyaviylik tizimini rivojlantirish bo‘yicha oxirgi o‘n yillikda amalga oshirilgan demokratik o‘zgarishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Xususan, mazkur qonun asosida Konstitutsiyaning 98-moddasiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzod Oliy Majlisda uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi. Bu Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga hukumatning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi eng muhim vazifalarni amalga oshirish yo‘nalishidagi siyosatiga nisbatan o‘z pozitsiyalarini aniq belgilash imkoniyatini yaratadi.

Konstitutsiyaga kiritilgan ushbu norma konstitutsiyaviy rivojlanishning xalqaro amaliyotiga to‘liq mos keladi. Xususan, Yevropaning qator mamlakatlarida parlament a’zolari nafaqat hukumat rahbari va a’zolarini tasdiqlaydi, balki hukumat dasturi loyihasi bo‘yicha o‘z munosabatlarini ham bildiradi.

Shuni ham ta’kidlash muhimki, Konstitutsiyamizga kiritilgan mazkur norma siyosiy partiyalar faolligini oshirish, partiyalararo raqobatni kuchaytirish, qonunchilik va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlari faoliyatini yanada demokratlashtirishning muhim omiliga aylandi.

Xo‘sh, bu o‘zgarishlar parlamentga o‘tkazilgan saylov natijalariga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

Mamlakatimizda 2014 yil 21 dekabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga o‘tkazilgan saylov natijasi quyidagicha ko‘rsatkichlarni yuzaga keltirdi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 113 ta saylov okrugida Qonunchilik palatasi deputatlari saylandi. Shu bilan birga, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, O‘zbekiston ekologik harakatining Konferensiyasida Qonunchilik palatasining 15 nafar deputati saylandi. Siyosiy partiyalarning keskin raqobati natijasida 22 saylov okrugida nomzodlarning birortasi ham saylanish uchun zarur ovozlarni to‘play olmadi. Shu munosabat bilan 2015 yil 4 yanvar kuni ushbu okruglarda takroriy ovoz berish o‘tkazildi.

Saylovning yakuniy natijalariga ko‘ra, parlament quyi palatasiga 150 nafar deputat saylandi. Ularning 24 nafari yoki 16 foizi xotin-qizlardir.

Parlamentda qo‘lga kiritilgan deputatlik o‘rinlari har bir siyosiy partiyaning jamiyat va siyosiy sahnadagi real o‘rnini belgilab beradi. Quyi palatada ko‘pchilik o‘rinni egallagan siyosiy partiya hukumat rahbari nomzodini taklif etish orqali o‘z Saylovoldi dasturini amalga oshirishda nisbatan katta imkoniyatga ega bo‘ladi. Demak, parlament quyi palatasida eng ko‘p o‘rinni olish uchun kurash siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirib boraveradi.

Bu demokratik jamiyatga xos siyosiy jarayon bo‘lib, har bir siyosiy partiya jamiyatimizdagi muayyan qatlam manfaatini samarali himoya qilishini ta’minlaydi, fuqarolarning xohish-istaklari, xalqimizning siyosiy irodasi ro‘yobga chiqishiga xizmat qiladi.

 

Xushvaqt HAYITOV,

Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi,

yuridik fanlar nomzodi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: