Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
16.07.2016

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING MAJLISI TO‘G‘RISIDA AXBOROT

2016 yil 15 iyulda Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari muhokama qilindi va respublika Hukumatining joriy yil 15 yanvardagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari bajarilishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Majlisda respublika tarmoqlari va hududlarini rivojlantirish asosiy prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi, ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashni ta’minlash, sanoat, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmaning ishga tushiriladigan eng muhim obyektlarini foydalanishga topshirish, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar turlari va hajmlarini kengaytirish, shuningdek, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini izchil qisqartirish, xususiy mulkni yanada rivojlantirish, xorijiy investorlarni aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallariga jalb etish, korporativ boshqaruvning zamonaviy metodlarini, eng avvalo, yangidan tashkil etilgan tuzilmalarda joriy etish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarning amalga oshirilishi samaradorligi har tomonlama ko‘rib chiqildi va tanqidiy tahlil qilindi.

Qayd etib o‘tildiki, puxta o‘ylangan hamda jahonda rivojlanishning «o‘zbek modeli» sifatida e’tirof etilgan strategiyaning milliy manfaatlarga javob beradigan izchil va aniq maqsadga yo‘naltirilgan tarzda amalga oshirilishi tufayli, jahon iqtisodiyotidagi chuqur tizimli muammolarning mavjudligiga qaramay, O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyot o‘sishining yuqori sur’atlari, aholining turmush darajasi va sifatini uzluksiz oshirish barqaror ravishda saqlanmoqda. Respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligi va samaradorligi umuman xalqaro moliya institutlari va jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholanmoqda, jumladan, bu joriy yilning 23-24 iyunida Toshkent shahrida o‘n beshinchi yubiley sammiti muvaffaqiyatli bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan ham qayd etib o‘tildi.

Mamlakatimiz Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga bag‘ishlangan qarorida qayd etilganidek, ushbu yillarda milliy iqtisodiyot qariyb 6 baravarga o‘sdi. O‘zbekistonning g‘alla, yoqilg‘i-energetika va transport-kommunikatsiya mustaqilligiga erishildi. Sanoatning iqtisodiyotdagi ulushi 34 foizga, tayyor mahsulotlarning eksport tarkibidagi salmog‘i 70 foizdan ziyod oshdi. Iste’mol tovarlari hajmi aholi jon boshi hisobiga 7 baravarga, real daromadlar 12 baravardan ortiq ko‘paydi. Davlat byudjetining 60 foizidan yuqorisi ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda.

Iqtisodiyotni isloh qilishni, tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning 7,8 foizga o‘sishini ta’minladi. Sanoat hajmlari 6,7 foizga o‘sdi. Qurilish ishlari hajmi 17,5 foizga, xizmatlar ko‘rsatish hajmi 12,9 foizga ko‘paydi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdoridagi profitsit bilan ijro etildi. Inflatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi.

Moliya-bank tizimi barqarorligini yanada oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar banklar jami kapitalining 23,3 foizga va depozitlarning 27,7 foizga o‘sishini ta’minladi, bu iqtisodiyotni kreditlash hajmlarining 26,2 foizga ko‘payishiga ko‘maklashdi. Barcha bank kreditlarining qariyb 80 foizi investitsiya maqsadlariga berilgan uzoq muddatli kreditlardir.

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini modernizatsiyalash, diversifikatsiyalash va optimallashtirish dasturiy chora-tadbirlarini faol amalga oshirish davom ettirildi. Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishga davlat buyurtmasi joriy etildi. G‘o‘za maydonlari qisqartirildi, bo‘shagan maydonlarga meva-sabzavot ekinlari ekildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,8 foizga ko‘paydi.

Ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar tufayli yil boshidan buyon 462,5 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Ularning 276,7 mingtasi yoki 59,8 foizi qishloq joylardadir.

«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi doirasida onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom va har tomonlama kamol topgan avlodni tarbiyalash tizimini yanada mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ularni moliyalashtirishga barcha manbalar hisobiga 4,4 trillion so‘mdan ko‘p va 111 million dollar miqdorida mablag‘lar yo‘naltirildi.

Muhokamalar davomida vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar va hokimliklar rahbarlari oldiga 2016 yil uchun belgilangan barcha maqsadli parametrlarga va prognozlarga erishishni ta’minlaydigan qo‘shimcha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, eng avvalo, iqtisodiyot tarmoqlarini tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashni chuqurlashtirish, hududlarni kompleks rivojlantirishning qabul qilingan o‘rtacha muddatli dasturlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish hisobiga kelgusi yilda iqtisodiyotning barqaror ishlashi uchun tayyorgarlik ishlarini tashkil etish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi.

«O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi va «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati rahbarlarining e’tibori, shu jumladan, har yili o‘tkazilayotgan Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi doirasida xorijiy kompaniyalarni — jahondagi yetakchi tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni birgalikda faoliyatga jalb etishni ta’minlagan holda paxta tolasini qayta ishlash hamda tayyor to‘qimachilik va tikuvchilik-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rishning zarurligiga qaratildi.

Strategik investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirish va joriy yilda ishga tushiriladigan muhim obyektlarni hamda sanoat quvvatlarini, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini o‘z vaqtida foydalanishga topshirishni so‘zsiz ta’minlash masalalari majlis qatnashchilarining diqqat-e’tibori markazida bo‘ldi. Qayd etib o‘tildiki, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmlarini 11,8 foizga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar va kreditlarni 17,2 foizga ko‘paytirish ta’minlandi. Jami qiymati 1,9 milliard AQSh dollari bo‘lgan 43 ta ishlab chiqarish obyektlari foydalanishga topshirildi. Umumiy qiymati 3,4 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 72 ta yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshlandi. Mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari 1,5 baravarga oshishi ta’minlandi.

Farg‘ona vodiysi viloyatlarini respublikaning boshqa hududlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l orqali bog‘laydigan, 19,2 kilometr uzunlikdagi noyob tunnelga ega bo‘lgan 123,1 kilometr uzunlikdagi elektrlashtirilgan Angren-Pop temir yo‘l liniyasi ishga tushirildi. Samarqand-Buxoro temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish loyihasi nihoyasiga yetkazilmoqda. Uzunligi 1250 kilometrdan ortiq bo‘lgan keng polosali tola-optik aloqa liniyalari barpo etildi. Aholini raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasi 68 foizga yetkazildi. Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha 13 mingta yakka tartibdagi uy-joyni qurish va foydalanishga topshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

Vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining e’tibori, eng avvalo, mahalliy, qishloq xo‘jaligi va boshqa xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shilgan qiymatli, raqobatbardosh hamda ichki va tashqi bozorlarda talab katta bo‘lgan tayyor mahsulotlarning yangi zamonaviy turlarini ishlab chiqaruvchi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish obyektlarini o‘z vaqtida ishga tushirishni ta’minlash yuzasidan ularning shaxsan javobgar ekanliklariga qaratildi.

Bir qator vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi rahbarlariga, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlariga infratuzilmalarni, transport va muhandislik-kommunikatsiya qurilishini rivojlantirish, hududlarni obodonlashtirish dasturlarida nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirishni, shuningdek, shu yil 30 iyun va 1 iyulda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan qo‘yilgan vazifalarni hal etishni o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Majlisda eksport qilinadigan mahsulotlarning turlari va hajmlarini kengaytirish, mahalliy tovarlarni sotishning yangi xorijiy bozorlarini o‘zlashtirish, shu asosda 2016 yilda, ayniqsa, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish prognoz parametrlariga so‘zsiz erishishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi puxta tahlil qilindi.

Qayd etildiki, jahon bozorlarida kon’yunkturaning nobarqarorligiga va noqulayligiga qaramay, eksportni ko‘paytirish rezervlarini maksimal jalb etish, eksport qiluvchi korxonalarni faol rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar eksport hajmlarining jadal sur’atlar bilan o‘sishini va tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosini ta’minladi. Yil boshidan buyon ilgari o‘z mahsulotlarini eksport qilmagan qariyb 600 ta korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, mahsulotlarning 208 ta yangi turlarini eksport qilish o‘zlashtirildi. Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishni ko‘paytirish ta’minlanmoqda.

Ushbu masalani muhokama qilish davomida xo‘jalik birlashmalari va viloyatlar hokimliklari rahbarlari oldiga eksportni ko‘paytirishning mavjud rezervlarini safarbar etish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining hamda «O‘ztadbirkoreksport» kompaniyasi rahbarlarining kichik biznes subyektlarini va fermer xo‘jaliklarini eksport faoliyatiga faol jalb etishni ta’minlash, shuningdek, «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi va «O‘zagroeksport» aksiyadorlik jamiyati rahbarlarining eng avvalo, yakuniga yetayotgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida tuzilgan shartnomalar asosida yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksportga yetkazib berishni kengaytirishni ta’minlash yuzasidan shaxsiy mas’uliyati alohida ta’kidlab o‘tildi.

Majlisda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini tubdan qisqartirish, davlat aktivlari va ulushlarini xorijiy investorlarga sotish hisobiga xususiy mulkni jadal rivojlantirish hamda aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvning zamonaviy metodlarini joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning holati va natijadorligiga alohida e’tibor berildi. Qayd etib o‘tildiki, joriy yilning birinchi yarim yilligi mobaynida xususiy mulkka qariyb 267,5 milliard so‘m miqdorida investitsiya majburiyatlari qabul qilgan holda 305 ta davlat aktivlari sotildi. O‘tgan davrda xorijiy investorlarga 30 ta aksiyadorlik jamiyatidagi ulushlar sotildi. Ustav fondlarida davlat ulushiga ega bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari soni 2015 yilning shu davridagi 374 ta o‘rniga 202 tagacha qisqardi.

Vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallariga kamida 15 foiz miqdorida salohiyatli xorijiy investorlarni jalb etish va 2015 yil noyabr oyidagi Xalqaro investitsiya forumida tuzilgan memorandumlar doirasida investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish ishlarini faollashtirish topshirig‘i berildi.

Davlat raqobat qo‘mitasiga manfaatdor vazirliklar, idoralar va hokimliklar bilan birgalikda aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvning zamonaviy metodlarini hamda ijro etuvchi organlar faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlarini joriy qilish va qo‘llashning, shuningdek, «nol» qiymat bo‘yicha sotilgan davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanishning hamda investorlar tomonidan olingan investitsiya majburiyatlari to‘liq bajarilishining holati yuzasidan tizimli monitoring olib borilishini ta’minlash yuklandi.

Majlisda g‘alla o‘rim-yig‘imi yakunlari tanqidiy tahlil qilindi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlarining e’tibori kuch va vositalarni g‘o‘zani intensiv parvarishlashga va hosil yig‘im-terimiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ta’minlashga yo‘naltirilishi zarurligiga qaratildi.

Majlisda, shuningdek, davlatimiz rahbari qarori asosida yangidan tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini tashkil etish, shuningdek, Milliy universitetda, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida hamda Toshkent davlat texnika universitetida ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi. Bunda oliy ta’lim muassasasidagi ta’limning ilm-fan bilan o‘zaro mustahkam aloqasini ilg‘or jahon tajribasi asosida ta’minlashga, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlariga muvofiq holda yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifati va darajasini tubdan oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha belgilangan tadbirlarning bajarilishi holati ham ko‘rib chiqildi. Ushbu masalani muhokama qilish davomida vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oldiga O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligini munosib kutib olish va tantanali nishonlash bo‘yicha tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’rifiy va axborot-tushuntirish tadbirlarini sifatli amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.

Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar va respublika viloyatlari hokimliklari rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Respublika Hukumatining majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi, ularda 2016 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

 

O‘zA


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: