Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
21.06.2016

XITOY VA O‘ZBEKISTON XALQLARI

Buyuk ipak yo‘lining shonli tarixini birgalikda yaratgan

Mamlakatlarimiz ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish sohasida hamkorlik qilish va bu borada investitsiya sarflash uchun barcha imkoniyatlarga egadir.

Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik «Buyuk ipak yo‘lining iqtisodiy «belbog‘i»ni birgalikda yaratish va ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish hamda rivojlantirish sohasidagi xalqaro hamkorlik samarasida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

 

Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze bilan suhbat:

— O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi bugungi munosabatlarni qanday baholaysiz?

Buyuk ipak yo‘lida joylashgan ikki qadimgi davlat – Xitoy va O‘zbekistonni uzoq yillardan buyon do‘stona munosabatlar bog‘lab turadi. 1992 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik ko‘lami muntazam kengayib, xalqlarimizning an’anaviy do‘stligini yangi mazmun-mohiyat bilan boyitmoqda. 1996 yilning iyul oyida ikki davlat «do‘stona munosabatlarni o‘zaro tenglik va manfaatdorlik asosida mustahkamlash», 2005 yilning mayida esa «har tomonlama uzoq muddatli do‘stona hamkorlik va sheriklikni» rivojlantirishga qaror qildi. 2012 yilning iyun oyida Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

2014 yil avgust oyida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasida tenglik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan hamda umumiy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan strategik sheriklikni o‘rnatishga qaror qildi. So‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining ShHT doirasidagi uchrashuvlari muntazamlik kasb etmoqda. Masalan, 2015 yilda Xitoy va O‘zbekiston rahbarlari ikki marta uchrashib, bir marta telefon orqali muloqot qildi. Davlat rahbarlarining mustahkam do‘stligi va samimiy munosabatlari Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar, shuningdek, xavfsizlik sohalarida ham ikki tomonlama hamkorlik borasida salmoqli natijalarga erishildi, BMT, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida Pekin hamda Toshkent o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik muntazam kengayib bormoqda.

— Shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga davlat tashrifi kutilmoqda. Sizningcha, Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishda mazkur tashrif qanday ahamiyat kasb etadi?

— Yaqin do‘st va hamkorlar bo‘lgan Xitoy va O‘zbekiston xalqlari Buyuk Ipak yo‘lining shonli tarixini birgalikda yaratgan. Bugungi kunda bu ikki mamlakat amaliy hamkorlik asosida gumanitar aloqalarni rivojlantirmoqda va bu borada «Buyuk Ipak yo‘lining iqtisodiy «belbog‘i»ni yaratish imkoniyatidan foydalangan holda, Sharq va G‘arb o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikka, sivilizatsiyalarning o‘zaro boyishi va butun insoniyatning rivojlanishiga ko‘maklashish yo‘lida birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Xitoy —O‘zbekiston aloqalari ikki tomonlama munosabatlarning mutassil chuqurlashib borayotgani tufayli yanada kengaymoqda. Har ikki mamlakat bugungi kunda davlatlararo munosabatlarni yanada mustahkamlash zarur, deb hisoblaydi. Bunday fursat esa keldi. Shu bois ikki davlat rahbarlari bu boradagi muhim qarorlarni o‘z vaqtida qabul qiladi, deb o‘ylayman. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ShHT sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keladi. Sammit doirasida Si Szinpin va Islom Karimov turli sohalarda ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashadi. Ishonchim komilki, bu galgi tashrif Xitoy — O‘zbekiston munosabatlarini yanada kengaytirishga hamda davlatlararo do‘stlik munosabatlari tarixida yangi sahifa ochadi.

— Xitoy bilan O‘zbekiston savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida qanday yutuqlarga erishmoqda?

Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi amaliy savdo-iqtisodiy hamkorlik o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Mamlakatlarimiz tabiiy resurslar qazib olish va ishlab chiqarish sohasida bir-birini qo‘llab kelmoqda. Xitoy katta hajmda mablag‘, yuqori darajada rivojlangan ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lsa, O‘zbekiston tabiiy resurslarga, ishchi kuchiga boy va shu bilan bir qatorda sanoatni modernizatsiya qilishdan manfaatdor. Mamlakatlarimiz ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish sohasida hamkorlik qilish va bu borada investitsiya sarflash uchun barcha imkoniyatlarga egadir. Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik «Buyuk Ipak yo‘lining iqtisodiy «belbog‘i»ni birgalikda yaratish va ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish hamda rivojlantirish sohasidagi xalqaro hamkorlik samarasida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ikki tomonlama savdo hajmi mutassil kengayib bormoqda. Investitsiyalar va ishlab chiqarish quvvatlari sohasidagi hamkorlik sifati va darajasi ham o‘smoqda. Bu borada energetika, infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlaridagi strategik loyihalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda neft va gaz qidirish, quvur o‘tkazish, transport infratuzilmasini qurish, telekommunikatsiyalar, to‘qimachilik, irrigatsiya va yangi energiya manbalarini barpo etish sohasida Xitoyning 600 dan ortiq korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlari kuzatilmoqda. Xususan, «Jizzax» maxsus iqtisodiy zonasi faoliyati uzluksiz kengayib bormoqda, «Angren-Pop» temir yo‘l tunneli muvaffaqiyatli qurib bitkazildi.

— Savdo-iqtisodiy sohada Xitoy bilan O‘zbekiston hamkorligi qanday istiqbolga ega?

— O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilingandan so‘ng o‘tgan 25 yil davomida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 8 foizli o‘sish sur’atini saqlab qoldi, tashqi savdo hajmi oshdi va sanoat hamda qishloq xo‘jaligi muvaffaqiyatli modernizatsiya qilinmoqda, iqtisodiy taraqqiyot natijalari keng miqyosda e’tirof etilmoqda. Bugun O‘zbekiston global iqtisodiyotning pasayishiga qaramasdan milliy iqtisodiyotni qayta tashkil etishni yanada chuqurlashtirishni iqtisodiy islohotlarning muhim jihati sifatida ko‘rib chiqmoqda. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari ma’lum darajada Xitoyning ishlab chiqarish quvvatlarini chetga chiqarish bo‘yicha sa’y-harakatlariga mos keladi. Bu esa Xitoy — O‘zbekiston korxonalarining hamkorligini mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Masalan, O‘zbekistonga temir yo‘l tarmoqlari va lokomotivlarni modernizatsiya qilishda har tomonlama yordam berilmoqda va bu borada ikki davlat o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston quyosh energiyasi resurslariga boy mamlakat bo‘lib, bu yerda ushbu ko‘rsatkich 50 milliard tonna neftga tengdir. O‘zbekiston paxta eksportini kengaytirish, shuningdek, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish uchun paxtani shu yerning o‘zida qayta ishlashga harakat qilmoqda. Shu sababli Xitoyning to‘qimachilik sanoati korxonalari O‘zbekistonda o‘z biznesini rivojlantirish imkoniyatiga ega. O‘zbekiston sanoat parklarini qurish, xususan, «Jizzax» maxsus industrial zonasi hududida sanoat parkini barpo etish loyihalarini ilgari surmoqda. Xitoy korxonalari mazkur imkoniyatlardan keng foydalanishi mumkin.

Xitoy va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanmoqda. «Buyuk Ipak yo‘li iqtisodiy «belbog‘i»ning birgalikda barpo etilishi mamlakatlarimizning pragmatik hamkorlik qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratib beradi. Ayni paytda tomonlar infratuzilmani barpo etish, sanoat parklari sohasida hamkorlikning dastlabki ijobiy natijalariga ega bo‘ldi. Tomonlarning fikricha, «Buyuk Ipak yo‘li iqtisodiy «belbog‘i»ning birgalikda barpo etilishi ikki mamlakat hamkorligining asosiy yo‘nalishiga aylanishi lozim va bu ikki mamlakat xalqlari farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi hamda mintaqaviy rivojlanishga ko‘maklashishi lozim.

— Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston o‘rtasida gumanitar sohadagi hamkorlik qanday amalga oshirilmoqda?

— «Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy «belbog‘i»ni birgalikda qurish ikki davlat xalqlari taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Ikki mamlakat o‘rtasida madaniy aloqalar borasida ham muayyan natijalarga erishildi.

O‘n yil avval Toshkentda Markaziy Osiyodagi dastlabki Konfutsiy instituti tashkil etildi. Yaqinda esa shunday ikkinchi institut Samarqandda ochildi. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va boshqa qator oliy o‘quv yurtlarida xitoy tili fakultetlari, maktablarda esa xitoy tilini o‘rganish sinflari tashkil etildi. Xitoy tilini o‘rganayotgan o‘zbekistonliklar «Xitoy ko‘prigi» tanlovida ajoyib yutuqlarini namoyish etmoqda. Xitoy Markaziy millatlar universiteti, Shanxay xorijiy tillar universiteti va Shimoli-g‘arbiy millatlar universitetida esa o‘zbek tili o‘qitilmoqda. Xitoy tomonidan O‘zbekistonda tashkil etilayotgan «Chunze bayramini nishonlash», «Xitoy kinosi kunlari» va boshqa tadbirlar keng ommalashgan. Sinszyan, Xenan va Guansidan guruhlarning chiqishlari o‘zbekistonlik tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston o‘rtasida yuqori texnologiyalar va arxeologiya sohasidagi munosabatlar barqaror rivojlanib, ikki mamlakatning gumanitar sohadagi hamkorligining asosiga aylandi. Sinszyan qishloq xo‘jaligi universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Xitoy — O‘zbekiston ta’lim markazini tashkil qildi. Bundan tashqari, «Xuavey» kompaniyasi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ko‘magida axborot va tarmoq texnologiyalari fakultetini tashkil etdi. Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbekistonda dorivor preparatlar tadqiqot markazini, shuningdek, ko‘plab ilg‘or laboratoriyalarni tashkil qildi va O‘zbekiston bilan qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish borasida salmoqli yutuqlarga erishildi.

Xitoy Xalq Respublikasi bilan birgalikda arxeologik tadqiqotlar sohasidagi hamkorlik ham rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Arxeologiya bo‘limi va Xitoy Shimoli-g‘arbiy universitetining ikki guruh arxeologlari ayni paytda Andijon viloyatidagi Mingtepa qal’asida, shuningdek, O‘zbekistonning boshqa hududida qadimgi xalqlar merosini o‘rganish maqsadida qazilma ishlarini olib bormoqda.

— ShHTning rivojlanishi va istiqbollarini qanday baholaysiz?

— ShHT tashkil etilganidan buyon o‘tgan 15 yilda barcha sohalarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, xalqaro tashkilotning yangi modeli shakllantirildi. Xalqaro hamkorlikning rivojlantirishga qodir va bu hamkorlikning mexanizmlaridan biri bo‘lgan ShHT yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik, samarali sheriklik, ochiqlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik namunasiga aylandi. ShHT ta’siri mutassil kengayib bormoqda, tashkilot olti a’zo davlat, olti kuzatuvchi mamlakat va muloqot bo‘yicha olti davlatdan iborat «katta oila»ga aylandi. BMT, MDH, ASEAN va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga ko‘maklashuvchi faol kuchga aylandi. O‘tgan yili Ufada ShHT sammitidan so‘ng a’zo davlatlar 2025 yilgacha bo‘lgan davrda ShHTni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishga kirishdi, ShHTning ekstremizmga qarshi konvensiyasi, Narkojinoyatchilikka qarshi strategiyasini tayyorlashni faollashtirdi, savdo hamda investitsiyalarni soddalashtirish choralarini muhokama etdi, tashkilotni yanada rivojlantirishning mustahkam asoslarini ishlab chiqdi. ShHTga raislik qilayotgan O‘zbekiston Toshkent sammitini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun ko‘plab samarali ishlarni amalga oshirdi. Sammitda tashkilotni yanada rivojlantirishning muhim rejasi ishlab chiqiladi. Xitoy ShHT doirasida barcha mamlakatlar bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratadi va ular bilan birgalikda tashkilotning Toshkent sammiti samarali o‘tishi uchun harakat qiladi.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Muhammadjon OBIDOV

suhbatlashdi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: