Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
16.06.2016

YANGI UNIVERSITET: O‘ZBEK TILI VA ADABIYOTI TARAQQIYOTI YO‘LIDA

Prezidentimiz Islom Karimovning «Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, o‘zligini anglatish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar silsilasida ulkan tarixiy voqea bo‘ldi.

O‘zA muxbiri Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat SIROJIDDINOV bilan mazkur farmonning tarixiy ahamiyati, yangi oliy o‘quv yurtini tashkil etishdan ko‘zlangan ezgu maqsadlar, jamoa oldiga qo‘yilayotgan vazifalar, ushbu maskanda ilk o‘quv yili uchun tayyorgarlik ishlarining borishi haqida suhbatlashdi.

— Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir islohot zamirida ezgulikka xizmat qilish, hayotimizni yanada farovonlashtirish, moddiy va ma’naviy taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko‘tarishdek ezgu maqsadlar mujassamdir, – deydi Shuhrat Sirojiddinov. – Bundan yigirma yetti yil muqaddam – mustabid tuzum kishanlari hali parchalanmagan bir sharoitda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi Vatanimiz mustaqilligi sari qo‘yilgan dadil qadam edi.

Har qaysi xalqning ona tili uning milliy ruhi va o‘zligining, milliy g‘oyasining asosini tashkil etadi. Til va millat tushunchasi egiz tushunchalardir. Millat bo‘lmasa til yo‘q, til bo‘lmasa millat ahamiyatsizdir.

Mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan ona tilimizning huquqiy maqomini tiklash va ta’minlash, mustabid tuzum tomonidan ona tilimizga nisbatan ko‘rsatilgan kamsitish asoratlariga barham berish, o‘zbek tilini keng iste’molga kiritish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qator qonun va qarorlar, Prezidentimizning «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch», «Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor», «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida», «Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish — eng oliy saodatdir» kitoblari bu boradagi beqiyos islohotlar yo‘rig‘i va ravnaqini belgilab berdi.

1991 yilning Alisher Navoiy yili deb e’lon qilinishi, 1993 yilda «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonun, 1995 yili «Davlat tili haqida»gi qonunning yangi tahriri, 1996 yili ushbu qonunni amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori va boshqa hujjatlar qabul qilingani ona tilimiz rivoji uchun beqiyos imkoniyatlar yaratdi.

Tilimizning o‘ziga xos qirralarini o‘rganish kuchaydi. O‘zbek tili va adabiyotining xalqimiz, jamiyatimizning ma’naviy rivojida, mamlakatimizning dunyo hamjamiyatiga tobora kuchli integratsiyalashuvi hamda axborot bilan yaqindan, bevosita tanishish imkoniyatlarini yaratishdagi muhim roli bilan bog‘liq ko‘plab tadqiqotlar, lug‘at va qomuslar dunyo yuzini ko‘rdi. Bir qancha terminologik, tarjima, etimologik, izohli lug‘atlar, turli yo‘nalishdagi o‘quv lug‘atlari nashr qilindi.

XXI asr yuksak texnologiyalar va axborot asri sifatida tarixga kirdi. Bugun o‘z davlati taraqqiyoti va nufuzini ulug‘lashga intilgan har qanday millat o‘z tili va madaniyati dunyo xalqlari e’tirofiga sazovor bo‘lishi uchun kurashayotganini ko‘rmoqdamiz. Eng rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin olishni maqsad qilgan xalqimiz ona tilimiz, tariximiz va madaniyatimiz bilan ham dunyoning eng mo‘tabar maqomlaridan joy olishga intilmoqda.

Prezidentimizning «Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni xalqimiz sha’nini yanada ulug‘lashga da’vat, g‘ururini ko‘tarish, o‘zligini tobora chuqur anglatish borasida yana bir muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbek tili va adabiyoti universiteti ana shu ezgu maqsadlarni amalga oshirishga hissa qo‘shadigan, til orqali millat sha’nini dunyo xalqlari oldida himoya qila oladigan, xalqimizning ko‘p mingyillik tarixi, san’ati va adabiyotini ilmiy asosda xolis baholab, keyingi avlodlar uchun ilmiy poydevor yasashni o‘ziga burch deb bilgan vatanparvar, fidoyi va iqtidorli mutaxassislar, ilmiy tadqiqotchi va pedagoglar tayyorlashga yo‘naltirilgan.

— Universitet jamoasiga ona tilimizning qo‘llanish doirasini yanada kengaytirish, uning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish va ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish borasida qanday vazifalar yuklangan?

— Universitet jamoasi oldida qator ilmiy izlanishlar olib borish vazifasi turibdi. Ona tilimizning keng qo‘llanishi mamlakatimizda iqtisodiyotimizning turli sohalariga oid xilma-xil lug‘at va qo‘llanmalarni ishlab chiqish, jahon miqyosida o‘zbek tiliga e’tiborni kuchaytirish maqsadida tizimli targ‘ibot ishlari va axborot texnologiyalari vositasida o‘zbek tilidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, avtomatlashtirilgan tarjima dasturlarini yaratish ustida muntazam ilmiy-amaliy izlanishlarni yo‘lga qo‘yishni taqozo etadi.

O‘rta maktab, litsey, kollej o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun yozilgan darslik hamda qo‘llanmalarni takomillashtirishga, ularda yozma va og‘zaki nutq kompetensiyalarini shakllantirishga zarurat kun sayin ortib bormoqda. Farmonda «hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida o‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning hamda ushbu soha bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish» alohida ta’kidlangan. Demak, yangi universitet jamoasi o‘z faoliyatini ushbu talablarga mos tashkil etishni, Vatanimiz ilm-fani uchun, o‘zbek filologiyasi ilmining dunyo filologiyasi bilan tenglashishi uchun zarur fundamental ilmiy masalalar ustida bosh qotirish va uning yechimlarini amaliyotga joriy etishni, har tomonlama bilimdon, o‘zbek va xorijiy tillarda ravon so‘zlaydigan yetuk mutaxassis kadrlar yetishtirishni oliy maqsad deb biladi.

Komputer lingvistikasi sohasini rivojlantirish, o‘zbek tilining axborot uslubini shakllantirish, ona tilimizda matnlarni avtomatik tahrir qilish, mashina tarjimasi uchun mo‘ljallangan dasturlarni, komputer izohli va tarjima lug‘atlarini ishlab chiqish, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha elektron darsliklar, multimedia komplekslari, ingliz tilidagi IELTS, TOEFL tipidagi mukammal dastur tizimini yaratish singari hozirgi davr uchun dolzarb bo‘lgan ishlar ham yangi universitet jamoasi zimmasida turibdi.

— Universitetda ta’lim jarayonining o‘ziga xos jihatlari haqida to‘xtalsangiz. Tashkil etiladigan fakultetlar, mutaxassislik yo‘nalishlari shu vaqtga qadar mavjud bo‘lganlaridan nimasi bilan farq qiladi?

— Avvalo, bu universitet o‘zining mazmun-mohiyatiga ko‘ra, ma’naviyat namunasi bo‘lishi lozim. Har bir pedagog va talaba mustaqil diyorimizning barkamol avlodi qiyofasini belgilashi nazarda tutilmoqda. Davlatimiz tomonidan universitetga ajratilgan bino va undagi jihozlar dunyo universitetlarining havasini keltiradigan darajada. Shunga munosib ravishda o‘quv jarayoni ham bugungi zamonaviy xalqaro tajribaga asoslangan modern usullar asosida tashkil etiladi. Ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv rejalari mamlakatimizda filologiya sohasidagi boshqa ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari o‘quv rejalaridan tubdan farq qiladi. Maxsus ishchi guruhlar tomonidan dunyoning ilg‘or mamlakatlari oliy ta’lim muassasalari o‘quv rejalari chuqur o‘rganilib, ular asosida milliy g‘oyamizni o‘zida aks ettirgan, shu bilan birga, kelajakda butun dunyodan o‘zbek tilini o‘rganishga kelishi kutilayotgan xorijiy talabalarning qiziqish doirasi hisobga olingan, eng asosiysi, til va adabiyotga doir fanlar bilan bir qatorda tarix, san’at va falsafa bo‘yicha yangicha yondashuvlarga ega fanlar kiritilmoqdaki, ular o‘z xalqi va uning moddiy-nomoddiy merosidan iftixor qiladigan bo‘lg‘usi mutaxassislarning mukammal bilim va kompetensiyalarga ega bo‘lishini ta’minlaydi.

Yangi tashkil etilgan o‘zbek-ingliz tarjima fakulteti o‘zining maqsad-mazmuni bilan tarjima nazariyasi va amaliyoti ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga ega boshqa oliy o‘quv yurtlari fakultetlaridan keskin farq qiladi. Boshqa oliy o‘quv yurtlarida xorijiy tilni o‘qitish va xorij mamlakatshunosligiga keng e’tibor qaratilsa, ya’ni ingliz-o‘zbek sxemasida bilim, malaka va ko‘nikma berishga mo‘ljallangan o‘quv rejasi tuzilgan bo‘lsa, yangi universitetda o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassisiga yuqori darajada ingliz tilini egallash malakasi beriladi. Bu ilmiy, badiiy, she’riy asarlarni o‘zbek tilidan ingliz tiliga va boshqa chet tillardan ona tilimizga professional darajada tarjima qiluvchi mutaxassislarni tayyorlash imkonini beradi.

Universitet pedagog-o‘qituvchilari butun mamlakat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar orasidan tanlab olindi.

— O‘quv rejalari va dasturlari, ilmiy va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqishda nimalarga e’tibor qaratilmoqda?

— Yangi universitet nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyodagi eng nufuzli o‘quv dargohlaridan bo‘lishi shart. Ayni paytda universitetimiz jahon o‘zbek tilshunosligining markaziga aylanishi lozim. O‘zbek tili va adabiyoti, o‘zbek ma’naviyati va madaniyati bilan shug‘ullanuvchi xorijdagi markazlar universitetimiz bilan hamkorlik qilishni o‘ziga sharaf deb bilishiga erishmog‘imiz kerak. Buning uchun hozirdan jahon ta’lim tizimida universitetimizning jozibadorligini oshirish, xalqaro aloqalarni o‘rnatishga katta e’tibor berish, o‘quv jarayonini dunyodagi eng ilg‘or ta’lim an’analari asosida takomillashtirish, ilmiy izlanishlarimizni ona tilimizning tarixiy ildizlarini ochish, uning xalqaro nufuzini oshirishga qaratishimiz lozim.

— O‘zbek adabiyoti namunalarini xorijiy tillarga, xususan, ingliz tiliga, jahon adabiyotining durdona asarlarini ona tilimizga yuksak tarjima qiladigan mohir tarjimonlarni tayyorlash maqsadida qanday chora-tadbirlar amalga oshiriladi?

— Badiiy tarjima haqida gapiradigan bo‘lsak, o‘zbek adabiyoti nazariyasi janr va poetikasini yaxshi tushunadigan, o‘zbek va chet tillarini birdek biladigan, o‘z Vatanini chin dildan sevadigan mahoratli tarjimonlargina o‘zbek adabiyoti namunalarini jahon adabiyotining durdona asarlari qatoridan o‘rin olishiga hissa qo‘shishi mumkin. O‘zbek-ingliz tarjima fakultetining o‘quv rejasi aynan shu kompetensiyalarni shakllantirish nuqtai nazaridan ishlab chiqildi. Unda birinchi navbatda o‘zbek tilining barcha nazariy fasllari — fonetika, leksikologiya, morfologiya, sintaksis, stilistika ingliz tili grammatikasi bilan qiyoslab chuqur o‘rgatiladi. O‘bek adabiyoti tarixi, poetika asoslari, ulug‘ o‘zbek adiblari, jumladan, Alisher Navoiy ijodi batafsil o‘rganiladi. O‘quv dasturlariga bo‘lajak tarjimonlarning ilmiy, texnik, tibbiy va boshqa sohalarda malakaga ega bo‘lishi uchun terminologiya, ilmiy-texnik tarjima amaliyoti bilan bog‘liq bir qancha maxsus kurslar kiritilmoqda. Talabalar o‘quv rejasidagi fanlarni o‘qish bilan cheklanib qolmaydi. Ularning ijodkorligi, iste’dodi adabiy to‘garaklarda ham toblanadi. Fakultet qoshida «Tarjimon» to‘garagi faoliyat yuritadi.

— Dastlabki o‘quv yili uchun abituriyentlarni qabul qilish jarayoniga tayyorgarlik qanday ketmoqda? Qancha hujjat qabul qilinishi, bir o‘ringa necha abituriyent to‘g‘ri kelishi borasida qanday taxminlar qilinmoqda?

— Yangi universitetga qiziqish juda kuchli. Hali qabul jarayonigacha ancha kun bo‘lsa ham ko‘plab litsey va kollej bitiruvchilari eshik qoqib, maslahatga kelmoqda. Bu o‘quv yili biz uchun juda sharafli va mas’uliyatli yil bo‘ladi.

Qabul komissiyasi Toshkentdagi Turin politexnika universiteti huzuridagi akademik litsey binosida faoliyat ko‘rsatadi. Abituriyentlardan qabul qilinayotgan hujjatlar hamda boshqa zarur ma’lumotlar aks etadigan maxsus e’lon taxtalari joylashtirildi va ular har kuni yangilab boriladi. Fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va ularga tezkor javob berish maqsadida komissiyaning «ishonch telefoni» ishlamoqda. Shu yerning o‘zida abituriyentlarga hujjat topshirish jarayonida zarur bo‘ladigan o‘quv qurollari savdosi, suratga olish, ovqatlanish, kutuvchilarning dam olishi uchun maxsus joylar tashkil qilinmoqda. Universitetimizda tuzilgan targ‘ibot guruhi shu kecha-kunduzda viloyatlarga chiqib, litsey-kollejlarda targ‘ibot va tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

Dastlabki o‘quv yili uchun abituriyentlardan qancha hujjat qabul qilinishi, bir o‘ringa qancha talabgor bo‘lishidan qat’i nazar eng iste’dodli, bilimdon yoshlar test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib universitetimiz talabalariga aylanishiga ishonchimiz komil.

— 2016/2017 o‘quv yili uchun birinchi kursga qabul ko‘rsatkichlari qanday belgilangan?

— Bu yil qabul rejasiga ko‘ra, o‘zbek filologiyasi fakultetiga 80, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish fakultetiga 120, o‘zbek-ingliz tarjima fakultetiga 100 nafar talaba qabul qilinadi. Yangi universitet tarkibidagi barcha fakultetlarning o‘z maqsad va vazifalari, bamaslahat ishlab chiqqan konseptual yo‘llari mavjud. Har bir fakultet va ular tarkibidagi kafedralar o‘zlari o‘qitadigan fanlar bo‘yicha jahondagi eng ilg‘or oliy o‘quv yurtlarining fakultet va kafedralari bilan hamkorlik qilishi rejalashtirilgan.

— Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalasi bo‘yicha ham muayyan rejalar bormi?

— Biz tayyorlagan kadrlar qayerda ishlaydi, degan masalani muhokama qilmasdan o‘quv jarayoniga kirishish mantiqsizlik bo‘ladi. O‘zbek tili va adabiyotini mukammal biladigan, ingliz va sharq tillaridan birini egallagan, shuningdek, axborot texnologiyalaridan erkin foydalana oladigan, har tomonlama keng bilimlarga ega zamonaviy fikrlovchi filolog mutaxassislarga iqtisodiyotimiz va ijtimoiy sohalarning barcha bo‘g‘inlarida talab katta bo‘lishi shubhasiz. Bitiruvchilar mamlakatimizda va xorijda o‘zbek tilida ish yuritishni yanada rivojlantirish, ta’lim-tarbiya dargohlari, o‘quv muassasalari, tahririyat, nashriyot, radio-televideniye, ma’naviyat-ma’rifat markazlari va boshqa sohalarda ishlashlari ko‘zda tutilgan. Universitetimizda tahsil oladigan yoshlar xalqimizning yurak-yuragidan joy olgan, necha asrlardan buyon yashab kelayotgan o‘zbek tili va adabiyotining dunyo miqyosidagi obro‘-e’tibori va nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonamiz.

 

O‘zA muxbiri

Dilshod KARIMOV

suhbatlashdi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: