Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
02.04.2016

SPORT — BU SOG‘LOM AVLOD, SOG‘LOM KELAJAK

Mamlakatimizda sog‘lom, har jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash masalasi nafaqat ota-onalarning, balki butun jamiyatning bosh maqsadiga aylandi.

O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishida Prezidentimiz sport – bu avvalo sog‘lom avlod, sog‘lom kelajak ekanini, faqat sog‘lom xalq, sog‘lom millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘lishini yana bir karra ta’kidladi.

Tahririyatimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida «Barkamol avlod tarbiyasida sportning o‘rni» mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida shu haqda fikr yuritildi. Tadbirni «O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalari Bosh muharriri Safar Ostonov olib bordi.

 

Akmal BOBONOV, O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining ijro etuvchi direktori o‘rinbosari:

— 2003-2015 yillar davomida Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 2205 obyekt qurilib, foydalanishga topshirildi. Shulardan 1922 tasini sport inshootlari, 283 tasini bolalar musiqa va san’at maktablari hamda 96 tasini suzish havzalari tashkil qiladi. 2005 yilda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning 30 foizi, qishloq joylarida esa 29 foizi sport bilan muntazam shug‘ullangan bo‘lsa, 2015 yilda bu raqamlar 57,2 va 56 foizni tashkil etdi. 

E’tibor bering: shahar va qishloq bolalari o‘rtasidagi farq juda kam. Bu mamlakatimizning barcha tumanlarida, eng chekka qishloqlarida ham zamonaviy sport majmualari bunyod etilganining samarasidir.

Bugungi kunda Toshkentning markazida qad rostlagan sport maktabi bilan olis Xorazm yoki Surxondaryo viloyati qishloqlarida barpo etilgan sport majmuasi o‘rtasida deyarli farq qolmadi.

Mavjud sport inshootlari 120 nomdagi sport jihozlari bilan ta’minlandi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ularning 119 turi mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilmoqda. 2003 yilda bu ko‘rsatkich 73 tani tashkil etardi. Hozirgi kunda yurtimizda 123 korxonada sport anjomlari va uskunalari tayyorlanmoqda.

Mamlakatimiz miqyosida sport bilan shug‘ullanayotgan qizlar safi tobora kengayib boryapti. Bu ko‘rsatkich 2005 yilda 24 foizni, qishloq joylarda 22 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda qizlarning 47 foizi, qishloq joylarda 44,7 foizi sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda.

O‘tgan yilning 20-25 dekabr kunlari sportchi qizlarimizdan 131 322 nafariga Prezident sovg‘alari — sport kiyimlari tarqatildi.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashi yig‘ilishida bu ishlarni yanada rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda bolalar sporti infratuzilmasi yaratildi. Endigi vazifa — mana shu imkoniyatlardan unumli foydalanishdan iborat. Shuningdek, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar sport zallari va maydonlaridan samarali foydalanish masalasi ham nihoyatda dolzarb hisoblanadi. Jamg‘arma tashabbusi bilan homiylar hamkorligida yurtimizning har bir mahallasida tabiiy va sun’iy qoplamali futbol maydonlari bunyod qilish ishlari jadal olib borilmoqda.

Joriy yilda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 19 sport obyekti, 11 suzish havzasi, 217 umumta’lim maktabida sport zali, shuningdek, 18 musiqa va san’at maktabi qurilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

 

Shoakrom ISROILOV, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti rektori:

— Bolalar sportini rivojlantirish borasidagi ishlarning muvaffaqiyati yuqori malakali o‘qituvchi va murabbiy kadrlarga bog‘liqligi hech kimga sir emas. O‘tgan yillar davomida bolalar sporti obyektlarini murabbiylar, ayniqsa, ayol sport ustozlari bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘pgina ishlar amalga oshirildi.

Avvalo, murabbiylar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha yurtimizda yangi, samarali tizim joriy etilgani bugungi kunda o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Bunda, ayniqsa, Prezidentimizning Qishloq joylardagi bolalar sporti obyektlarida band bo‘lgan ayol sport ustozlari mehnatini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi qarori umumta’lim hamda bolalar va o‘smirlar sport maktablaridagi xotin-qiz o‘qituvchi-murabbiylar ish unumini oshirganligini alohida ta’kidlashni istardim.

Buning tasdig‘ini 2015 yilda sport bo‘yicha murabbiy va o‘qituvchilar 2005 yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘payganida, jumladan, ayol sport ustozlari 3,8 barobar oshganida ko‘rish mumkin. 

Hozirda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining bakalavr yo‘nalishida 4155 talaba tahsil olayotgan bo‘lsa, shundan 1515 nafarini qizlar tashkil etadi. 2006-2007 o‘quv yilidan boshlab Prezidentimiz qarori bilan Xotin-qizlar sportini rivojlantirish ta’lim yo‘nalishi ochilgan. Hozirgacha mazkur yo‘nalish bo‘yicha 1700 nafar mutaxassis ta’lim oldi va ayni paytda ular joylarda qizlarga saboq berishyapti. Amaldagi o‘quv yilida esa institutimizni yana 317 nafar talaba-qiz bitirib chiqadi.

 

Klara SHOKIRJONOVA, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti professori:

— Bolalarda jismoniy tarbiya va sportga mehr-muhabbatni, avvalo, oilada uyg‘otish lozim. Ota-ona farzandiga sport bilan shug‘ullanishing kerak, deyishining o‘zi kamlik qiladi. Qachonki, ularning o‘zi buni amalda ko‘rsatsa, hech bo‘lmasa muxlislik qilsa, ana shu oila farzandlari qalbida jismoniy tarbiya va sportga mehr uyg‘onadi. Buni o‘z hayotim misolida ko‘rib turibman.

Ikki o‘g‘lim bor. Ular bolaligidan o‘zlari yoqtirgan sport turi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Hozirda katta o‘g‘lim Temur belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempioni, Bobur yengil atletika bo‘yicha ko‘p karra mamlakat chempioni, Osiyo chempionati sovrindori va ko‘plab yirik xalqaro turnirlar g‘olibi, London olimpiadasi qatnashchisi hisoblanadi. Kichik o‘g‘lim shu yil avgustda Rio-de-Janeyroda bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Albatta, har bir bolaning oldiga sen jahon chempioni bo‘lasan, degan talabni qo‘yish to‘g‘ri emas. Sport to‘garaklariga qatnaydigan bolalarning hammasi professional sportchi bo‘lib yetishmasligi mumkin. Biroq jismonan sog‘lom bo‘ladi, teran fikrlaydi, dunyoqarashi keng bo‘lib ulg‘ayadi. Muhimi, jismoniy tarbiya va sportga mehr qo‘ygan farzandingiz zararli illatlardan yiroq bo‘ladi.

Bugun axborot texnologiyalari rivojlangan davrda yashayapmiz. Ilgari yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish asosan yoshi katta kishilarda kuzatilardi. Afsuski, bu xastalik endilikda yosh tanlamayapti. Gohida bir necha kun avval siz bilan yonma-yon ishlayotgan o‘ttiz besh-qirq yoshli hamkasbingizni bexosdan yurak xurujiga duchor bo‘lganligi qulog‘ingizga chalinib qoladi. Buning bosh sababi nimada?! Bu, avvalo, insonlarda kamharakatlilik, uzoq muddat bir joyda o‘tirib yoki komputer qarshisida soatlab ishlashi bilan bog‘liq.

Muxtasar aytganda, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish nafaqat bolalar uchun, balki barchamiz uchun ham juda-juda muhimdir.

 

Barno ABDUSAMATOVA, Sog‘liqni saqlash vazirligi onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi yetakchi mutaxassisi:

— Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, salomatlikka ta’sir ko‘rsatadigan omillardan birinchi o‘rinda turmush tarzi va ovqatlanish (50 foiz), ikkinchi o‘rinda genetika (20 foiz), uchinchi o‘rinda tashqi muhit, tabiiy sharoitlar (20 foiz) va oxirgi o‘rinda sog‘liqni saqlash (10 foiz) turadi. Ko‘rib turganimizdek, sog‘lom turmush tarzi — salomatlikni saqlash va mustahkamlashda eng muhim va zaruriy shartlardan biridir.

Ushbu tashkilotning ekspertlari fikriga ko‘ra, agar har bir mamlakat aholisi, birinchi navbatda, yoshlar, sog‘lom turmush tarziga amal qilsa, mehnat qobiliyati ortadi, uzoq umr ko‘radi.

Mamlakat qudratini belgilaydigan asosiy omillardan biri — voyaga yetayotgan jismonan sog‘lom, har tomonlama barkamol avloddir.

Ma’lumki, 6-18 yoshgacha bo‘lgan davrda jismoniy va ruhiy rivojlanishning asosiy jarayonlari yuz beradi. Balog‘atga yetish davri katta hayotga, oila qurishga tayyorgarlikning asosi bo‘lib xizmat qiladi. Bu vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish jismoniy, ruhiy va ma’naviy salomatlikka bog‘liqdir.

Bola salomatligining eng muhim ko‘rsatkichlaridan yana biri — bu uning uyg‘unlashgan jismoniy va ruhiy rivojlanishidir. Jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish yosh organizmga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, shu jumladan, ularning jismonan baquvvat bo‘lishi harakat ko‘nikmalari va imkoniyatlarini kengaytiradi. Organizmning zaxira kuchlari, ish qobiliyati, ko‘pgina kasalliklarga nisbatan qarshilik quvvatining oshishiga yordam beradi, himoya-moslashuv reaksiyalarini kuchaytirib, organizmni tashqi omillarning zararli ta’siriga chidamliligini kuchaytiradi hamda asab, yurak-qon tomir va nafas tizimlarini bardoshliligini oshiradi.

Sog‘lom hayot tarzining eng muhim jihati organizmning harakatga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hisoblanadi. Bola yoki o‘smir uning yoshiga mos keladigan harakat faolligi bo‘lgan sharoitdagina to‘laqonli rivojlanadi. Turli xil jismoniy mashqlarga qiz bolalar haftasiga 5-12 soat, o‘g‘il bolalar 3-15 soat ajratishlari kerak.

Maktab yoshidagi bolalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan tibbiy ko‘rik natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, 2015 yilda 2005 yilga nisbatan mutlaq sog‘lom bolalar soni 12,5 foizga oshib, 65,2 foizga yetdi.

2015 yilda 2005 yilga nisbatan sport bilan shug‘ullanuvchi 10-14 yoshdagi o‘g‘il bolalarning bo‘yi o‘rtacha 2,8 santimetrga, vazni o‘rtacha 3,6 kilogrammga oshgan, qiz bolalarning bo‘yi o‘rtacha 2,7 santimetrga, vazni o‘rtacha 4,0 kilogrammga ortgani aniqlandi.

Hozir mamlakatimizda sport tibbiyoti va ushbu soha bo‘yicha kadrlar tayyorlash masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. 2014-2015 o‘quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida «Sport tibbiyoti» yo‘nalishi bo‘yicha magistratura ochilib, ularda jami 16 nafar magistr tayyorlanmoqda. 2015-2016 o‘quv yilidan boshlab Samarqand, Buxoro, Andijon davlat tibbiyot institutlari bazalarida ham magistraturaning «Sport tibbiyoti» yo‘nalishi ochildi va ularga 15 o‘rin ajratildi.

Sport tibbiyoti mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi ehtiyojni e’tiborga olgan holda maqsadli klinik ordinatura orqali 2014-2015 o‘quv yilida Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamda Samarqand, Buxoro, Andijon davlat tibbiyot institutlarida «Sport tibbiyoti» mutaxassisligi bo‘yicha malakali vrachlar tayyorlanmoqda.

 

Bahodir MAMATNAZAROV, O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ommaviy sport tadbirlarini tashkillashtirish bo‘limi boshlig‘i:

— Bugun o‘g‘il-qizlarimizni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish uchun ularga tengqurlarining xalqaro maydonlarda erishayotgan natijalarini ibrat qilib ko‘rsatish lozim. Misol uchun, bokschilarimiz Abbos Atoyev yoki Bektemir Meliqo‘ziyevlarning jahon chempionatlari, olimpiadalarda erishgan g‘alabalaridan ruhlangan qanchadan-qancha ota-ona bolalarini boks to‘garaklariga yetaklab kelganini eslashning o‘zi kifoya. Farzandini dzyudo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, Pekin va London olimpiadalari bronza medali sovrindori Rishod Sobirovga o‘xshashini orzu qilayotganlar kam deb o‘ylaysizmi?! Shu bois, bolalar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport targ‘ibotini yanada kuchaytirish borasida olib borayotgan ishlarimizni yanada jonlantirishimiz zarur.

Yurtimizda an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan va Olimpiya harakati tamoyillariga to‘liq mos keladigan uch bosqichli sport o‘yinlari – «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va Universiada musobaqalari mamlakatimiz terma jamoalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Mohinur QAHRAMONOVA, O‘zDJTI sport psixologiyasi fakulteti talabasi, shohmot bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori:

— Besh yoshimdan boshlab shohmot o‘ynayman. Bir necha bor bolalar va o‘smirlar, yoshlar, ayollar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni, degan sharafli nomga ega bo‘ldim. Osiyo va jahon chempionatlari, yirik xalqaro turnirlarda yurtimiz sharafini himoya qilganimdan faxrlanaman. Ayniqsa, o‘n to‘rtinchi jahon chempioni, taniqli grossmeyster Rustam Qosimjonov bilan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Butunjahon shohmot olimpiadasida yurtimiz nomidan qatnashganimdan qalbim iftixorga to‘ladi.

Bu yutuqlarim zamirida, avvalo, Prezidentimizning biz, yoshlarga yaratib bergan shart-sharoitlari hamda g‘amxo‘rliklari mujassam. Qolaversa, bolaligimdayoq onam shohmotga bo‘lgan qiziqishimni to‘g‘ri anglab, meni qo‘llab-quvvatlagani hayotimda muhim rol o‘ynadi. Sport tufayli bugun jamiyatda o‘z o‘rnimni topganimdan, xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotganimdan juda baxtiyorman.

 

Kamola RAHMONOVA, O‘zDJTI sport psixologiyasi fakulteti talabasi, sport gimnastikasi bo‘yicha mamlakat chempioni va xalqaro turnirlar g‘olibi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori:

— Men tug‘ilib o‘sgan Quva tumanida shaharlardagidan qolishmaydigan zamonaviy va ko‘rkam sport majmuasi bor. Onam olti yoshimdan meni ana shu sport saroyining akrobatika to‘garagiga yetaklab borgan. Avvaliga bolalar va o‘smirlar o‘rtasida viloyat birinchiliklarida muvaffaqiyatli qatnashdim. So‘ngra murabbiyim meni yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan mamlakat chempionatiga olib bordi. O‘n to‘rt yoshimda O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritib, mamlakat terma jamoasi a’zosi bo‘ldim. Mana bir necha yildirki nufuzli xalqaro turnirlarda yurtimiz sharafini himoya qilib kelyapman. Germaniya, Belgiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlarda o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar safidan joy oldim.

Har safar uyga borganimda, o‘zim ta’lim olgan maktabga intilaman. Menga ta’lim-tarbiya bergan ustoz-murabbiylarimdan bir umr minnatdorman. Mahalladosh dugonalarim, tengdoshlarim bilan uchrashaman. Ular men erishgan yutuqlarga havas bilan qarashadi. Bu qalbimda faxr tuyg‘ularini uyg‘otishi bilan birgalikda, meni yanada ko‘proq izlanishga, yangi g‘alabalarga undaydi.

 

Go‘zal RAHMONOVA, O‘zDJTI yakkakurash turlari fakulteti talabasi, milliy kurash bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori:

— Men Chiroqchi tumanining chekka Xalqobod qishlog‘ida tug‘ilganman. Mahallamizda keksayu yosh kurash muxlisi. To‘ylarimiz kurashsiz o‘tmaydi. Qishlog‘imizdagi bolalar sport majmuasida asosan kurash to‘garaklari faoliyat ko‘rsatadi. O‘n yoshimdan milliy kurash bilan shug‘ullanib kelaman. Meni to‘garakka onam yetaklab borganlarida ko‘pchilik qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilarimiz «Kurash qiz bolaning ishi emas», deya gapirishgani kechagidek esimda. Ammo men shu sport turini yoqtirardim. O‘shanda onam, «Qizim hali chempion bo‘ladi», deya ruhimni ko‘targandi. Nafaqat mamlakat chempioni, balki 2012 yil yoshlar o‘rtasida Hindistonda o‘tgan Osiyo, oradan bir yil o‘tib Turkiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medalga sazovor bo‘ldim. Erishgan yutug‘im tufayli institutga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilindim.

Orzularimdan biri — kelajakda o‘zim kabi qizlarga sport sirlarini o‘rgatishdir. Men chempionlikni qo‘lga kiritgach, qishlog‘imizda qizlarini sport to‘garagiga olib boradigan ota-onalar ancha ko‘paydi. Hozir ularning ko‘pchiligi nafaqat viloyat, balki mamlakat miqyosida nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etib kelmoqda.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Erkin XOLBOBO yozib oldi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: