Joriy yilning 25-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining Fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan «Fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovining tashkiliy-huquqiy asoslari» mavzusida video-muloqot shaklida seminar o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Senati Kengashi Komissiyasi a’zolari, onlayn rejimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tashkiliy-nazorat guruhlarining rahbarlari, fuqarolar yig‘inlarida saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri komissiyalari raislari va a’zolari, ushbu komissiyalar huzurida tashkil etilgan axborot xizmatlari rahbarlari, tuman va shahar komissiyalari, «Mahalla» fondining hududiy bo‘limlari raislari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Seminarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining Fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisining o‘rinbosari, Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari S.Ortiqova olib bordi.
Shu yilning may-iyun oylarida fuqarolar yig‘inlarining amaldagi raislari va ular maslahatchilarining vakolat muddati tugaydi. Shu munosabat bilan «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi, «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis Senati Kengashining shu yil 5-martda qabul qilingan qarori ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash maqsadida bo‘lg‘usi muhim tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborildi. Joylarda bo‘lajak saylovning oshkoralik, muqobillik va teng saylash huquqi prinsiplari asosida o‘tishi uchun barcha choralar ko‘rilayotir. Xususan, fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlar shakllantirilmoqda, ular uchun zarur shart-sharoit va qulaylik yaratilmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi Komissiyasining a’zolari tomonidan ta’kidlanganidek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bo‘yicha eng muhim talablar va aniq maqsadga qaratilgan vazifalar – fuqarolar yig‘inlari organlarini shakllantirishda keng ishtirok etish bo‘yicha fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishdan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga o‘tkaziladigan saylov jarayonining barcha ishtirokchilari tomonidan amaldagi qonun hujjatlari talablariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashdan, fuqarolarni fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari lavozimiga nomzodlar, ularning ish hamda axloqiy fazilatlari bilan har tomonlama tanishtirishdan iboratdir.
Fuqarolar yig‘inlari raislari va ular maslahatchilarining bo‘lg‘usi saylovi davlat va jamiyat qurilishining barcha jihatlarini demokratlashtirish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlari chuqurlashtirilishi bilan ifodalanadigan sifat jihatidan yangi sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda o‘tishi ta’kidlandi.
Hozirgi vaqtga kelib, Fuqarolar yig‘inlarida saylovni tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman va shahar komissiyalari tuzildi.
Seminar chog‘ida ishtirokchilar saylovga tayyorgarlik ko‘rishning barcha bosqichlari to‘g‘risida to‘liq axborot va tushuntirish oldi. Oliy Majlis Senati Kengashi Komissiyasi a’zolarining chiqishlarida saylovning tashkiliy-huquqiy asoslariga alohida e’tibor qaratildi. Fuqarolar yig‘inlarida saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar va ishchi guruhlar oldida turgan vazifalar ko‘rib chiqildi hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi. Xususan, saylovni tashkil etish va o‘tkazish masalasi bo‘yicha aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borish, fuqarolarning ushbu jarayon yuzasidan murojaatlarini ko‘rib chiqish, shaharcha, qishloq va ovullardagi hovli, uy, ko‘cha va mahallalar fuqarolarining vakillik normalarini belgilash ularning vakolatlariga kiradi.
Seminarda fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari lavozimiga munosib nomzodlarni ko‘rsatish muhimligi aytildi. Mamlakatimiz bo‘yicha 9764 nafar fuqarolar yig‘inlari raisini, shuningdek, ularning 99 mingdan ziyod maslahatchisi saylovini munosib darajada o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishda mahalliy davlat hokimiyati organlari ko‘magining ahamiyati ta’kidlandi.
Amaliy va ishchanlik ruhida kechgan muloqot chog‘ida tadbir ishtirokchilari aholini, xususan, yoshlarni va ayollarni saylov jarayoniga keng jalb qilish, ularning ijtimoiy faolligini va huquqiy bilimlarini oshirish choralarini ko‘rish masalalarini muhokama qildi. Bunda hududiy komissiyalar huzurida tashkil etilgan hamda saylov jarayonini tashkil etish va o‘tkazishning barcha bosqichlarini yoritib borishga mas’ul bo‘lgan axborot xizmatlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari shubhasiz muhim rol o‘ynashi zarur. Ayni paytda, fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasini ijro etish maqsadida 2016-yilning may-iyun oylarida o‘tkaziladigan saylovning barcha bosqichlari izchil yoritilishini ta’minlash uchun jurnalistlarning bilimlarini mustahkamlash bo‘yicha mintaqaviy seminarlar o‘tkazilmoqda.
Senatorlar, Senat Kengashi Komissiyasi a’zolari seminar ishtirokchilarining ko‘plab savollariga javob berdi. Tadbirlar rejasiga muvofiq hududiy ko‘maklashuvchi komissiyalar hamda ishchi guruhlar a’zolari, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokidagi bunday tadbirlarni respublikamizdagi barcha tuman va shaharlarda o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Seminar ishtirokchilari fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi qonun hujjatlari talablariga muvofiq munosib darajada o‘tkazilishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati
Kengashining Fuqarolar yig‘inlari raislari
(oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini
tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi