O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
12.03.2016

BAXT SHOHSUPASI

«Prezident bolalarimiz haqida bizdan ko‘ra ko‘proq qayg‘uryapti... Biz ota-onalar-chi, o‘z farzandlarimiz uchun nima qilayapmiz, ularning taqdirini, baxtini o‘ylab qanchalik tashvishlanayapmiz?..»

Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanidagi oddiy bir qishloqda yashovchi pensioner yaqinda tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib shu gaplarni aytdi.

Ulashbotir degan bu kishi ko‘plab jurnalistlarning qadrdoni, chinakam sportsevar, futbolning ashaddiy muxlisi. Uni birinchi marta ko‘rganda, unchalik xushlamaysiz. Oftobda qoraygan yuzi, polvonsifat gavdasi, dag‘alroq so‘zlari kishiga yoqmaydi. Ammo birinchi suhbatdan so‘ng samimiy insonligini anglaysiz. Avvaliga dalada ishchi, brigadir, keyinchalik tadbirkor, fermer bo‘lgan, hozir nafaqada. Ammo sportga, futbolga fidoyiligi o‘sha-o‘sha. Terma jamoamiz yutqazib qo‘ysa, darhol qo‘ng‘iroq qiladi... «Nimaga indamaysizlar, bu nima degan gap, millionlab odamlar termulib turibdi-ku. Bularda ozgina oriyat bormi o‘zi», deb dardini, zahrini sochadi, go‘yo biz aybdordek. Ba’zan sharhlovchilardan nolib qoladi: O‘ylabroq gapirishsin, futbolni tushunadigan boshqa odamlar ham bor. Gapini qarang, «Agar bu o‘yinda biz yutqazsak, falon jamoa bilan uchrashamiz emish. O‘yindan oldin nimaga yomon niyat qiladi?»..

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashi yig‘ilishining ertasi kuni u yana qo‘ng‘iroq qildi. «Ko‘rdingizmi, eshitdingizmi?» deb so‘roqqa tutdi. Keyin kuyinib aytdi:

— Qarang, Prezidentdek odam, million-million ishidan ortib, vaqt topib, bizning bola-chaqamiz salomatligini, baxtini o‘ylab, jon kuydirib gapirayapti, g‘amxo‘rlik qilayapti. Lekin ochig‘ini aytay, odamlar orasida ko‘rib-bilib yuribmiz, ota-onalarning ko‘pchiligi o‘z bolasi haqida shunchalik kuyinmaydi... Menga qolsa, butun mahallalarda ota-onalarni yig‘ib, shu gaplarni qayta-qayta eshittirish kerak, tushuntirish kerak...

Uning uzuq-yuluq, achchiq-chuchuk, lekin samimiy gaplari Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashi yig‘ilishida bildirilgan fikrlar odamlarni to‘lqinlantirib, sportning ahamiyati haqida yanada chuqurroq o‘ylashga da’vat etayotganini bildiradi.

Avvalo shuni aytish kerakki, bolalar sporti, umuman sport sohasida bugun faxr-iftixor bilan e’tirof etilayotgan yutuqlarga osonlikcha erishilmadi, ko‘p mehnat qilindi, ko‘p mablag‘ sarflandi. Ammo eng og‘ir, murakkab ishlardan biri ota-onalar, katta-kichik rahbarlar ongida sportga munosabatni o‘zgartirish bo‘ldi, sportning inson hayotidagi, mamlakat taraqqiyotidagi bebaho ahamiyatiga ularni ishontirish bo‘ldi.

Yaqin o‘tmishda ham katta-kichik yig‘ilishlarda sportni ommaviylashtirish haqida balandparvoz nutqlar bo‘lardi. Ammo gap boshqa, ish boshqa edi. O‘sha zamonlarni ko‘rganlar yaxshi bilishadi, ko‘pchilik rahbarlar sportning foydasi to‘g‘risida ma’ruza qilardi-yu, aslida aytayotgan gapiga o‘zi ham ishonmasdi. To‘g‘risi, sportning foydasi nimadan iboratligini aniq bilishmasdi, tasavvur ham qilisholmasdi. Sport bilan shug‘ullanishni esa o‘zlariga ep ko‘rishmasdi. Rahbar odam ertalab turib yugursa, futbol yoki tennis o‘ynasa, obro‘si tushib ketadigandek tuyulardi ularga.

1996 yilda Prezident tashabbusi bilan ilgari hech kuzatilmagan, xayolga ham kelmagan bir musobaqa tashkil etildi. Tennis bo‘yicha o‘tkazilgan, «Havas kubogi» deb nomlangan bu turnirda vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlar ishtirok etdi. Bu chora-tadbirning bosh maqsadi, avvalo, ertayu kech xonada ishlab o‘tiradigan, jismoniy harakati kam bo‘lgan rahbarlar sog‘lig‘ini mustahkamlash bo‘lsa, ikkinchidan, sport jismoniy kuch beradigan, kishi ruhini tetiklashtiradigan vosita ekanini, ular shaxsan his etishi, bunga ishonch hosil qilishi uchun yaratilgan imkoniyat edi. Yana bir muhim jihati, rahbar odamning, xususan, vazirlar va hokimlar xalqning ko‘z o‘ngida tennis yoki futbol o‘ynashi o‘ta muhim ibrat namunasi bo‘lib xizmat qiladi.

Mamlakatimizda bolalar sporti, umuman, sportni rivojlantirish haqida gap ketsa, davlatimizning birinchi ordeni «Sog‘lom avlod uchun» ordeni ekani, Sog‘lom avlod fondi tashkil etilgani, Jismoniy tarbiya va sport haqida qonun qabul qilingani, «Umid nihollari», «Barkamol avlod», Universiada deb nomlangan uch bosqichli sport o‘yinlari tashkil etilgani qayta-qayta ta’kidlanib kelinadi.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishida davlatimiz rahbari sportning nafaqat yoshlar jismoniy barkamolligi, balki ma’naviy, axloqiy tarbiyasi, shaxs sifatida shakllanishi, millat va mamlakat taqdiridagi bebaho ahamiyati haqida ko‘proq to‘xtaldi. Sport — bu jismoniy tarbiya degan tor doiradagi qarashlarni o‘zgartiradigan, sportning xosiyatlari, qudratini to‘g‘ri baholashga o‘rgatadigan fikrlar bildirildi.

Jamoatchilik e’tibori sport sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, bolalarimizning irodasini toblash, mard va jasur etib tarbiyalashda muhim omil ekaniga qaratildi. Sport bolalarni yovuz maqsadli g‘oyalardan, zararli oqimlardan asrashi ta’kidlandi.

Prezident nutqida yana bir masalaga urg‘u berildi. Birinchidan, mustaqillikdan ilgari yurtimizda sport bilan ommaviy shug‘ullanish uchun sharoit deyarli yo‘q edi. Hozirgi sport saroylari, zamonaviy suzish havzalari, tennis kortlari yetti uxlab tushimizga ham kirmagan edi. Buning ustiga og‘ir mehnatni qilib, og‘ir sharoitda kun kechirgan, to‘yib ovqat yemagan, sifatli tibbiy-xizmat nimaligini bilmagan xalqimiz salomatligiga katta ziyon yetgan edi. Prezidentimizning «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» kitobida keltirilgan misollardan ayrimlariga e’tibor qarataylik: «O‘zbekiston aholisi o‘rta hisobda go‘sht mahsulotlarini, sut va sut mahsulotlarini, tuxumni, umuman mamlakat aholisiga nisbatan ikki baravar kam iste’mol qilmoqda».

Endi o‘ylab ko‘raylik, yashash uchun oddiy sharoit nari tursin, uzoq yillar davomida qorni to‘yib ovqat yemagan, qora mehnatdan boshi chiqmagan, tinka-madori qurib, yarim qullikda kun kechirgan millatning salomatligi nima bo‘lardi?

Kitobda yana shunday ma’lumotlar keltiriladi: «Ijtimoiy infrastruktura tarmoqlari: sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim muassasalari juda og‘ir ahvolga tushib qolgan. Maktab va kasalxonalarning 60 foizi nobop binolarda joylashtirilganini aytishning o‘zi kifoya. Juda o‘tkir iqtisodiy va ijtimoiy muammolar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin».

Shu o‘rinda xalqimiz sog‘lig‘ini yemirgan yana bir ayanchli misol yodga tushadi. Har yili kuzning boshida g‘o‘za bargini sun’iy to‘kdirish maqsadida ming-ming gektar paxta maydonlariga zaharli ximikatlar sepilardi. Bu zahriqotil hovuzlar, ariqlar, bog‘-rog‘lar ustiga yomg‘irdek yog‘dirilardi. Bunday paytda kishi nafas olishga qiynalar, ko‘ngil behuzur bo‘lardi. Ana shunday sharoitda homilador ayollar, chaqaloqlar, bolalar holi ne kechganligini tasavvur qilib ko‘raylik. O‘pka, nafas yo‘llari, jigar kabi insonning muhim a’zolari shikastlanar edi. Bolalar o‘rtasida kasalliklar nihoyatda ko‘payib, onalar va bolalar o‘limi bo‘yicha O‘zbekiston sobiq Ittifoqda eng oldingi o‘ringa chiqqandi.

Respublikamiz rahbari O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining 1990 yil 20 iyunda bo‘lib o‘tgan ikkinchi sessiyasida tashvish bilan shunday degan edi: «Millatning zurriyod fondini, hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, halokatdan saqlab qolish uchun keng ko‘lamdagi tadbirlarning katta kompleksini amalga oshirish kerak bo‘ladi. Muammo allaqachon viloyatlar doirasidan chiqib, umumdavlat darajasiga ko‘tarildi».

Millat salomatligini mustahkamlashning katta kompleksi katta yo‘nalishlaridan biri — bu sportni rivojlantirish edi.

Bunday qarorga kelishimizning yana bir muhim sababini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Yurtimiz mustaqillikka erishgach, biz huquqiy demokratik davlat, odil fuqarolik jamiyati qurishni, rivojlangan mamlakatlar qatoridan tezroq joy olishni, O‘zbekistonning buyuk kelajagini yaratishni asosiy maqsad qilib belgiladik. Prezident butun vaziyatni hisobga olib, kelajakni o‘ylab, ulug‘ g‘oyani ilgari surdi: «Sog‘lom xalq, sog‘lom millat buyuk ishlarga qodir bo‘ladi!».

Bu so‘zlar ayni haqiqat edi. Sog‘lom kishi katta orzu havaslar bilan yashaydi, o‘z maqsadi yo‘lida zavq-shavq bilan dadil mehnat qiladi. Kasalmand odam esa dardu tashvishga o‘ralashib qoladi, ko‘ngli yorishmaydi, g‘ayrati, ruhi so‘nadi, ruhi so‘ngan odamda kurashishga ishtiyoq bo‘lmaydi.

Sportni rivojlantirish biz uchun nimaga bunchalik zarur bo‘lganingi yana bir sababi bor. Istiqlolga erishgach, Vatanimizni, mustaqilligimizni o‘zimiz himoya qilishdek o‘ta muhim, aytish mumkinki, hayot-mamot vazifasi turardi. Buning uchun esa milliy armiyamizni, ha, aynan milliy armiyamizni zudlik bilan tuzishimiz kerak edi. Milliy armiyani mustahkamlash uchun esa birinchi navbatda sog‘lom, zabardast, dovyurak, irodasi mustahkam, har qanday sinovni mardona yengib o‘tadigan askarlar va ofitserlar zarur edi.

Shuning uchun ham sportni rivojlantirish, xususan, bolalar sportini rivojlantirish o‘ta muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lib, uzoqni o‘ylab, kelajakni ko‘zlab ishlab chiqilgan reja ekanini anglab olishimiz kerak bo‘ladi.

Sport nafaqat jismoniy barkamollik yoki salomatlik garovi, balki ma’naviy, madaniy, axloqiy tarbiya ekani, yoshlarni tartib-intizomga o‘rgatadigan, matonat va jasoratdan saboq beradigan, hayot sinovlarini dadil yengib o‘tishga tayyorlaydigan muhim vositadir. Kishiga o‘z sha’ni, jamoa sha’ni, Vatan sha’nini mardona himoya qilishni o‘rgatadigan o‘ziga xos dorilfunundir.

Sport insonga, har bir millatga olam-olam hayajon, quvonch, baxt hadya etadigan mo‘jizadir. Uning bu xosiyatlarini boshqa biror sohadan topib bo‘lmaydi.

Sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda g‘olib chiqib, shohsupaga ko‘tarilganda, davlatimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘i mag‘rur hilpirab turganida butun xalqimiz, O‘zbekistonimiz bir tan, bir jon bo‘lib shohsupaga ko‘tariladi... Sport millatni birlashtiradigan, unga shijoat, kuch-quvvat, g‘urur bag‘ishlaydigan qudratli kuchdir.

Shuni ham aytish kerakki, har bir sportchi xalqaro maydonda o‘z mahorati, mardligini namoyish etar ekan, avvalo, o‘zini, Vatanini, millatini dunyoga tanitadi, o‘z yurti, xalqi haqida tasavvur uyg‘otadi. Mamlakatning, millatning nomini ulug‘laydi, sha’nini ko‘kka ko‘taradi. Shuning uchun ham Prezidentimiz doim ta’kidlab keladi: Sport salomatlikni mustahkamlash bilan birga, har qaysi mamlakat, har qaysi davlatni olamga mashhur qiladigan beqiyos vositadir.

Sportning jamiki xosiyatlarini sanab beraman, degan har qanday bilag‘on sanog‘idan adashib ketishi aniq. Boshqacha aytganda, har qancha ko‘p bo‘lmasin, sportga sarf qilinayotgan xarajatlar miqdorini hisob-kitob qilish mumkin, ammo sportdan insonga, jamiyatga, davlatga keladigan foydaning miqdorini hisoblab chiqishning imkoni yo‘q.

Masalaga ana shu haqiqatdan kelib chiqib yondoshadigan bo‘lsak, yurtimizda sportni, ayniqsa, bolalar sportini keng ko‘lamda rivojlantirishga qaror qilingani, bu maqsad yo‘lida amalga oshirayotgan ishlarimiz qanchalik to‘g‘ri, muhim va hayotiyligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topadi.

Bugun erishilgan yutuqlar haqida gap ketsa, qay birini aytishni, sanashni bilmay shoshilib qolyapmiz. Bunyod etilgan sport inshootlarining ta’rifi va tavsifi bir dostonga sig‘maydi. Xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritilgan oltin, kumush, bronza medallarining sanog‘i yo‘q. Bundan o‘n yil ilgari yurtimizda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning 30 foizi sport bilan doimiy shug‘ullangan bo‘lsa, 2015 yilda bu raqam 57,2 foizni tashkil etdi. 2005 yilda qiz bolalarning 24 foizi, jumladan, qishloq joylarida 22 foizi sport bilan doimiy shug‘ullangan bo‘lsa, bugunga kelib, bu ko‘rsatkich 47 va 44,7 foizga o‘sdi.

Bu ommaviylik birinchi navbatda bolalar salomatligini mustahkamlamoqda, o‘z navbatida iqtidorli yoshlarni ham kashf etmoqda. Yoshi ulug‘roq odamlar yaxshi bilishadi, sovet zamonida ahyon-ayohnda o‘zbek qizlarining nomi dunyo musobaqalarida eshitilib qolardi. Qishloq qizlarini esa xalqaro musobaqalarda ko‘rish xayolimizga ham kelmasdi. Bugun esa qizlarimiz badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, akrobatika, dzyudo, suzish, taekvondo, karate, eshkak eshish kabi sport turlari bo‘yicha Osiyo va Jahon chempionatlarida kuchlilar safidan joy olib kelishmoqda. Ular orasida qishloq qizlari tobora ko‘payib bormoqda, million-million bolalar ularga havas qilib, sport maktablariga kelmoqda. Bu juda katta harakat boshlanganini bildiradi. Bu jarayon tobora chuqurlashib boradi va o‘zining bebaho mevasini beradi, albatta.

Bolalar sportini rivojlantirishning ahamiyati shunchalik balandligini anglab yetishning o‘zi bu boradagi ishlarimizni yanada kuchaytirishga bizni da’vat etadi. Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining yig‘ilishida bu ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha navbatdagi vazifalar belgilab berildi.

Darhaqiqat, bolalar sportini yanada rivojlantirish uchun hali ko‘p imkoniyatlarga egamiz. Masalan, hech kimga sir emas, hech bir mahalla yoki qishloq yo‘qki, bolalari sportga qiziqmagan bo‘lsin. Biroq, har bir ota-onaning ham bolasini sport maktabiga yetaklab olib borishga vaqti bo‘lmasligi mumkin. Bolaning o‘zini yuborishga esa transport xavfsizligini o‘ylab, yuragi dov bermaydi. Buning ustiga kam ta’minlangan oilalar farzandlari bor... Shu bois, har bir mahallada, qishloqda oddiy sport maydonchalarini barpo etishga e’tiborni yanada kuchaytirish zarurga o‘xshaydi. Bu borada Toshkent shahri tajribasini, ya’ni bo‘sh yotgan joylarda sun’iy qoplamali futbol maydonchalari va bolalar o‘yin maydonchalarini barpo etish ishlarini viloyatlarda, eng chekka qishloqlarda ham keng qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega.

Ikkinchidan, har bir mahalla va qishloqda an’anaviy sport musobaqalarini yo‘lga qo‘yish, bu ishlarni o‘sha joyda yashovchi jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va faxriy sportchilarni jalb etish orqali amalga oshirish mumkin.

Bolalar sportini rivojlantirishning yana bir muhim jihati haqida o‘ylab ko‘rish kerakka o‘xshaydi. Ma’lumki, fuqarolar yig‘inlariga tobora katta huquq, vakolat va imkoniyatlar berilmoqda. Hozir kam ta’minlangan oilalarni himoya qilishdan tortib, ma’rifiy, diniy ishlaru, arazlashib qolgan er-xotinni yarashtirib qo‘yadigan mas’ullargacha, mahalla posbonigacha bor. Ammo bolalar sporti bilan kim shug‘ullanadi? Bu masala eng asosiy vazifalardan emasmi? Hozir jamiyatni tashvishga solayotgan ko‘pdan-ko‘p muammolar ildizi aynan bolalar va yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liqligi ayonku.

Eng nozik va muhim masala bolalarning darsdan bo‘sh vaqtini tashkil etish, ularni nazoratsiz qoldirmaslik hisoblanadi. Sportning beqiyos ahamiyatini hisobga olib, fuqarolar yig‘inlari qoshida bolalar sporti yo‘riqchisi yoki murabbiyi shtati tashkil etish masalasi ustida fikr yuritib ko‘rilsa, bu taklifni ehtimol ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlar.

Bu haqda gap ketganda, kimdir mablag‘ni ro‘kach qilishi mumkin. To‘g‘ri, mablag‘ kerak. Lekin hisoblab ko‘raylik, qancha mablag‘ kerak bo‘ladi?..

Endi masalaning ikkinchi tomoniga e’tibor qarataylik. Bir bola egri yo‘lga kirib, jinoyatchiga aylansa, uni qayta tarbiyalash uchun davlat qancha mablag‘ sarflaydi? Ichkilikbozlik, giyohvandlik changaliga tushib qolgan bolani davolash uchun qancha mablag‘ ketadi?.. Yoki qaysidir bola yovuz kuchlar tuzog‘iga ilinib, tuzatib bo‘lmas, kechirib bo‘lmas jinoyatga qo‘l ursa, ota-onaning sho‘ri qurimaydimi, jamiyatga, davlatga behisob moddiy, ma’naviy ziyon yetmaydimi?..

Bolalar sporti haqida gap ketganda, maktabgacha ta’lim muassasalari to‘g‘risida kamroq gapiramiz, go‘yo bu sohada hamma ishlar joyidagidek. Yoki jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarining o‘zi yetarli deb hisoblaymiz. Avvalo o‘ylab ko‘raylik, bugun bolalar bog‘chalarining necha foizi jismoniy tarbiya yoki sport tarbiyachisi bilan ta’minlangan? Ulardan qanchasida bu mutaxassisliklarga ehtiyoj bor? Sport yoki musiqa zallari zarur inventarlar bilan to‘la jihozlanganmi?.. Bugungi talabdan kelib chiqib, masalaga yondoshadigan bo‘lsak, bolalar bog‘chalarida jismoniy tarbiya va sportni zamonga mos darajada yo‘lga qo‘yish lozimligini anglaymiz. Ayrim mutaxassislar fikricha, tegishli tashkilotlar hamkorligida, albatta Sog‘liqni saqlash vazirligi ishtirokida, ushbu masalani qayta ko‘rib chiqib, bolalarga mos sport o‘yinlarining mukammal dasturini tayyorlash kerak bo‘ladi.

Bolalar sportini rivojlantirish ko‘p jihatdan ota-onalarga ham bog‘liqligini unutmaslik kerak. Ular dori-darmonga, kasalxonaga sarflaydigan mablag‘ini, vaqtini sportga sarflashni o‘rganishsa, tashvishlari kamroq, quvonchlari ko‘proq bo‘lishi tabiiy. Farzandi sog‘lom, barkamol, mard, jasur bo‘lib voyaga yetsa, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilsa, xalqning, Vatanning olqishiga sazovor bo‘lsa, ota-ona baxt degan eng yuksak shohsupaga ko‘tariladi.

Safar OSTONOV,

O‘zbekiston Respublikasida

xizmat ko‘rsatgan jurnalist.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: