O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
10.03.2016

SESSIYA QARORI ASOSIDA

elektorat manfaatlariga xizmat qiladigan muhim ijtimoiy masala hal etilmoqda

Namanganda xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi O‘zXDP guruhlari elektorat manfaatlariga xizmat qiladigan tashabbuslar bilan chiqmoqda.

O‘tgan yili O‘zXDP guruhlari tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining sessiyalariga 10 masala kiritilib, muhim qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, partiya guruhlari yig‘ilishlarida 40, doimiy komissiyalar yig‘ilishlarida 13 masala muhokama qilinib, tegishli takliflar ishlab chiqilgan.

Xususan, 2015 yilning dekabrida O‘zXDP guruhi tashabbusi bilan viloyat Kengashining sessiyasida dehqon bozorlari, savdo hamda xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida to‘lov terminallaridan foydalanish va plastik kartochkalar orqali savdo qilishning ahvoli to‘g‘risidagi masala muhokama etilib, tegishli qaror qabul qilingan edi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Xo‘sh, sessiya qarori asosida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Partiya guruhi tomonidan kiritilgan masala bo‘yicha xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasining qaroriga muvofiq viloyatdagi bank muassasalarida ham tizimli ish tashkil etildi, — deydi Markaziy bank Namangan viloyat Bosh boshqarmasi boshlig‘i Akmalxon Dadaboyev. — Hozir viloyatda 10421 to‘lov terminali, 119 infokioska va 11 bankomat aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Muomalaga chiqarilgan bir milliondan ortiq plastik kartochkalarning 612 mingtasini «on-line» rejimida ishlovchi «uzcard» tashkil etadi. Viloyat bo‘yicha fuqarolar plastik kartochkalaridagi mablag‘larning har oyda o‘rtacha 8-10 milliard so‘mi tijorat bank bo‘limlari tomonidan naqd pul qilib berilmoqda.

Respublika Markaziy bankining 2016 yil 15 fevraldagi ko‘rsatma xatiga asosan bozorlar hududida faoliyat yuritayotgan naqd pul tushumiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar xatlovdan o‘tkazilib, banklarda hisob raqamlari ochildi. 1284 savdo va pullik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi to‘lov terminali bilan ta’minlandi.

Xatlov natijasiga ko‘ra, bankda hisob raqami ochgan bo‘lsa-da, to‘lov terminaliga ega bo‘lmagan 472 subyektga belgilangan tartibda terminallar berildi. 192 subyekt davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, hisob raqami ochildi va ularning savdo hamda xizmat ko‘rsatish vaqtida to‘lov terminalini doimiy ishlatishi nazoratga olindi.

Namangan shahridagi «Ixtisoslashtirilgan qurilish savdo kompleksi»da 50, «Chorsu» bozorida 22, «Sardoba»da 22, «Jahon bozori»da 28, «Do‘stlik» buyum bozorida 35, Kosonsoy «Dehqon bozori»da 27, Namangan tumanidagi «G‘irvon» bozorida 22 patent asosida xizmat ko‘rsatayotgan savdo shoxobchasining banklarda hisob raqami ochmagani aniqlangan va ular qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ularning kelgusidagi faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, hisob raqami ochishi uchun viloyat pul kredit komissiyasiga tahliliy ma’lumot kiritilgan.

To‘lov terminallaridan foydalanmaydigan aksariyat subyektlar o‘z hisob raqamiga ega bo‘lsada, terminal bilan ta’minlash haqida murojaat qilmagan. Ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarda esa to‘lov terminallari bo‘la turib, turli bahonalar bilan ularni ishlatmay kelayotgani tasdiqlandi. Bunday holatlar aholiga noqulaylik tug‘dirib kelmoqda. Buning oldini olish uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.

— O‘zXDP guruhi tomonidan ko‘tarilgan masalaning dolzarbligidan kelib chiqib, joylarda tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari tashkil etyapmiz, — deydi Namangan viloyat davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abdusamat Abdupattayev. — Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish viloyat birlashmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan seminarlar davomida aholining plastik kartochkadagi mablag‘laridan cheklovlarsiz foydalanishini ta’minlash, to‘lov terminallarining uzluksiz ishlashiga erishish masalalari muhokama etilmoqda. Shuningdek, xarid qilingan summaga nazorat kassa chekini berish shartligi, bu borada qonunda belgilangan tartib-qoidalar atroflicha tushuntirilmoqda.

O‘zXDP guruhi tomonidan ko‘tarilgan masalaning yana bir ahamiyatli jihati, endilikda nafaqat dehqon bozorlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida, balki jamoat transportlarida ham yo‘lkira haqini plastik kartochkalar orqali to‘lashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki harakatlar boshlandi. Buning uchun viloyat Markaziy bank Bosh boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi viloyat bo‘limiga xat yuborildi. Dastlab amaliyot «Namangan — Toshkent» yo‘nalishidagi taksilarda yo‘lga qo‘yilmoqda.

Nosirjon DEHQONOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: