O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
10.03.2016

ShHT EZGU MAQSADLAR ROYOBIGA XIZMAT QILMOQDA

Prezidentimiz Islom Karimovning 2016 yil 21 yanvardagi Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishi hamda O‘zbekiston Respublikasining ShHTga raisligi doirasidagi boshqa tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda ushbu yirik anjumanni yuqori saviyada o‘tkazish uchun izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkiloti hozirgi shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonda xalqlar farovonligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotgan nufuzli xalqaro tashkilotdir. Mana, 15 yildirki, ShHTga a’zo davlatlar o‘zaro siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasida samarali loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Jahon hamjamiyati e’tiborini butun dunyoga tahdid solib turgan xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi xavf-xatarlarning oldini olishga da’vat etayotir.

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga uchinchi marotaba raislik qilmoqda. Mamlakatimiz ushbu tashkilotga ilk bor 2003-2004 yillarda raislik qilgan. 2004 yil 17 iyunda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining sammitida ShHT faoliyatining ikki asosiy yo‘nalishi – xavfsizlik va savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

Prezidentimiz Islom Karimov ushbu sammitda Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatini yanada takomillashtirish, xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish, mintaqadagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha yuksak samarali g‘oya va takliflarni ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyodagi vaziyatga baho berar ekan, butun dunyoda xavfsizlik va barqarorlikka tahdid va xavf-xatar oshib borayotgan bir sharoitda bu mintaqa o‘zining geosiyosiy va geostrategik ahamiyati hamda boy tabiiy-iqtisodiy, mineral-xomashyo va birinchi navbatda uglevodorod zaxiralari tufayli xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida bo‘lib kelayotganini ta’kidladi. Afg‘onistondagi tiklanish jarayoni bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratdi.

ShHTning Toshkentda o‘tgan sammitida Afg‘onistondagi vaziyat muhokama etilgan dolzarb masalalardan biri bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan mazkur anjumanga Afg‘onistonning o‘sha paytdagi muvaqqat ma’muriyati rahbari Hamid Karzay mehmon sifatida ilk bor taklif qilindi va bu tashabbus keyinchalik an’anaga aylandi. Zero, Afg‘oniston rahbarining bevosita muhokama jarayonida ishtirok etishi vaziyatni to‘g‘ri baholash va har tomonlama maqbul qarorlar qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining 2004 yilgi sammiti doirasida poytaxtimizda tashkilotning doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi organi — Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasining ochilgani ShHT faoliyatidagi muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Uning zimmasiga axborot almashish, maxsus xizmatlarning hamkorligini muvofiqlashtirish, shu orqali terrorchilikning oldini olish, terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka, giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasiga, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishiga qarshi birgalikda kurashishni kuchaytirishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqish, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlarning oldini olish kabi vazifalar yuklandi.

Davlatimiz rahbari mazkur tuzilmaning muvaffaqiyatli faoliyat olib borishining eng muhim sharti — bizning Markaziy Osiyo mintaqasi va butun dunyodagi xavfsizlik va barqarorlikka qarshi qaratilgan xavf-xatar va tahdidlarga umumiy va yagona yondashuv va qarashimiz, deb ta’kidladi. Uning muvaffaqiyatli ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha O‘zbekiston bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishini qayd etdi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, terrorizmga qarshi kurashda qo‘poruvchilarni, ularning bazalarini yo‘qotish bilan cheklanib, ya’ni tahdidlarga faqat kuch bilan javob berish bilan kifoyalanib bo‘lmaydi. Odamlarning ongini zaharlaydigan, terrorizmni moliyalashtiradigan markazlarga qarshi keskin kurashish kerak. Bu kurash siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy mezonlarni ham qamrashi darkor. Sammitda davlatimiz rahbari ana shu zaruratni ta’kidlar ekan, terror va narkobiznes uchun «tranzit davlat» tushunchasining o‘zi yo‘qligini qayd etdi.

ShHT doirasida a’zo mamlakatlarning tashqi siyosat mahkamalari, iqtisodiyot va savdo vazirliklari, xavfsizlik kengashlari o‘rtasida muntazam muloqotlar o‘tkazilmoqda. 2004 yilgi Toshkent sammiti arafasida ham bu idoralar rahbarlarining uchrashuvlari tashkil etildi. Bu tashkilotni rivojlantirishga, uning doirasidagi hamkorlikni yanada faollashtirishga xizmat qildi.

Har bir mamlakatning va butun mintaqaning manfaatlarini inobatga olgan holda, kommunikatsiya va transport sohasi, suv-energetika va xomashyo zaxiralaridan, insoniy salohiyatdan oqilona foydalanishga doir loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha harakatlarni o‘zaro kelishish va muvofiqlashtirish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotir. Islom Karimov taklifiga binoan ShHT doirasida mintaqaga xorijiy kapital va investitsiyalarni jalb etish, shu maqsadda bu hududdagi barcha mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgan shart va qoidalarni shakllantirishga katta e’tibor qaratildi. Bugungi kunga kelib ShHT sammitlari doirasida ilgari surilayotgan barcha taklif va yondashuvlar turli sohalarda davlatlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga, xalqlarimizning turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Sammitda hamkorlikda transport infratuzilmasini rivojlantirish, tabiiy, mineral xomashyo zaxiralarini o‘zlashtirish, suv-energetika zaxiralaridan unumli foydalanish, ekologiya, xususan, ichimlik suvi muammolarini hal qilish kabi dolzarb masalalar ham muhokama etildi.

Mazkur omillarga katta e’tibor qaratgan O‘zbekiston Markaziy Osiyo hududi orqali o‘tadigan yirik transport-kommunikatsiya loyihalari, transport yo‘laklari va yo‘nalishlari borasida ilgari surilgan g‘oya va takliflarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bu g‘oya va takliflar ShHTga a’zo davlatlar bilan Yevropa Ittifoqi, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Hamkorlikda iqtisodiy dastur va loyihalar faol amalga oshirilmoqda. O‘zaro muloqot va uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning barchasi bugun amalda o‘zining yuksak natijalarini berayotgani ahamiyatlidir.

Sammitda mintaqamiz istiqboliga doir muhim hujjatlar qabul qilinganini alohida ta’kidlash joiz. ShHTning vakolatlari va immunitetlari to‘g‘risidagi konvensiya, Narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, ShHT huzuridagi kuzatuvchi maqomi to‘g‘risidagi nizom hamda tashkilot va uning organlari faoliyatiga doir qator boshqa hujjatlar imzolandi. E’tiborlisi shundaki, ushbu anjumanda ilk marotaba Mo‘g‘uliston vakillari kuzatuvchi sifatida ishtirok etishdi. Bu ShHT huzuridagi kuzatuvchi davlatlar bilan amaliy hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishidagi dastlabki qadam bo‘ldi. Shuningdek, mazkur sammit xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish, a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi aniq amaliy natijalarga boy bo‘lgani va ishchanlik ruhida o‘tgani bilan ShHT sahifasidan alohida o‘rin oldi.

Mazkur tashkilot sammitlarida qabul qilingan hujjatlar mintaqamizda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, barqarorlikni ta’minlash, ShHTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar, muloqot bo‘yicha sheriklar bilan madaniy-gumanitar, ilm-fan, savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar va transport kommunikatsiyalari sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tashkilot faoliyati samaradorligini muttasil oshirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Nodira MANZUROVA,

O‘zA sharhlovchisi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: