O'zb  
 
10.03.2016

VODIY NEMATLARIGA YEVROPANING QIZIQISHI ORTMOQDA

Shu yil fevral oyining oxirgi haftasida Farg‘ona shahrida Rossiya, Qozog‘iston, Litva, Germaniya, Belorus davlatlari ishbilarmonlari ishtirokida o‘tgan «Biznes forum»da yurtimizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksporti bo‘yicha 200.0 million AQSh dollari miqdorida shartnomalar imzolandi.

Viloyatdagi bir qator agrofirmalar, fermer xo‘jaliklari va kichik biznes subyektlari Rossiya Federatsiyasining «Magnit», «Azbuka vkusa», «Ashan», «Vester», «Prizma», «Metro Kesh End Kerri», Belorusning «Bel Vilmeden», OOO «Frut real», Germaniyaning «Baltikum» MChJ, «PRO BALTIKUM», Latviyaning OOO «IG‘TN» «Usbekistan Trading House» kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi.

Tojixon Shodiyeva nomli agrofirma sarxil meva-sabzavot yetkazib berishga ixtisoslashgan.

— Forum juda samarali bo‘ldi, — deydi agrofirma rahbari Murodjon Mamajonov. — Rossiyaning «Magnit», Belorusning «Frut real», Litvaning «Yato gris» kompaniyalariga ertangi sabzavot va meva yetkazib beradigan bo‘ldik.

— Biz Lotin Amerikasi mamlakatlari, Afrika va Yevropadagi 200 ga yaqin ta’minotchidan meva-sabzavot sotib olamiz, — deydi Belorusning «Frut Real» kompaniyasi vakili Dmitriy Alish. — Lekin ularning hech biri O‘zbekistonnikiga teng kelolmaydi. Agar meva, sabzavotlarni saralash, qadoqlash hamda jo‘natish zamonaviy asosda tashkil etilsa, yurtingizda yetishtirilgan shirin-shakar mahsulotlar dunyoni zabt etishiga ishonaman.

— Forum ishida qatnashgan partiyamiz faollari mahsulot eksporti bo‘yicha shartnomalar tuzishda fermerlarga o‘z maslahatlari bilan yordam berdi, — deydi O‘zXDP viloyat kengashining aholi bandligi va ijtimoiy siyosat masalalari bo‘limi mudiri Yunusbek Nabiyev. — Zero, eksport shartnomalari kafolatli ish o‘rni yaratish va aholining daromadini oshirishda muhim omildir.

Muhammadjon OBIDOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: