O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
19.04.2012

Xizmat korsatish sohasi

uni rivojlantirishni maqsad qilgan O‘zLiDePning mahalliy Kengashlardagi deputatlari bu borada nega tashabbus ko‘rsatmayapti?

Ma’lumki, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2011 yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida bu soha iqtisodiyotning yuksalishiga, aholi bandligi va daromadlari oshishiga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, ammo uni kengaytirishda foydalanilmayotgan katta imkoniyatlar borligi ta’kidlandi. Hukumatga xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2012-2016 yillarga mo‘ljallangan dastur loyihasini tayyorlash, bunda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti tarkibida soha ulushini 54-56 foizga yetkazishni ko‘zda tutish vazifasi yuklandi.

Xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish nafaqat yangi ish o‘rinlarini yaratadi, bandlikni ta’minlaydi, ayni chog‘da aholi turmush madaniyatini ham yuksaltiradi.

O‘zLiDeP o‘z dasturida bu muhim soha rivojiga munosib hissa qo‘shishni asosiy vazifalar sifatida belgilagan edi. Xo‘sh, liberallarning mahalliy Kengashlardagi deputatlari bu masalada qanday tashabbuslar bilan chiqmoqda?

Angren shahri misolida qaraydigan bo‘lsak, bu sohada 2011 yilda 78 ta (184 ta ish o‘rni) savdo va umumiy ovqatlanish, kiyim tikish, sartaroshxona, poyabzal ta’mirlash, suratxona, mehmonxona, maishiy texnikalar va avtomobillarni sozlash shoxobchasi tashkil etilgan. Joriy yilda esa 65 ta xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchasi (178 ta ish o‘rni) yaratish ko‘zda tutilgan.

Ko‘rinib turibdiki, sohaga oid ko‘rsatkich shaharda yildan-yilga kamayib borayapti. Angren shahrida 170 ming aholi istiqomat qiladi. Ammo 2010-2011 yillar davomida guzar shaklida bor-yo‘g‘i bitta savdo shoxobchasi ochilgan. O‘tgan yili kiyim-kechaklarni kimyoviy tozalash bo‘yicha shoxobcha umuman tashkil etilmagan. Xizmat ko‘rsatish va servisni rivojlantirish borasida kamchiliklar oz emas. Shahar hokimligi apparati ularni bartaraf etishga imkon qadar harakat qilayapti. Ammo...

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi o‘z Dasturida «Partiya xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga va uning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirishga alohida e’tibor beradi» deb belgilab qo‘ygan. Shu bois partiyaning Angren shahridagi faollari, deputatlari bu borada nima ish qilayapti, sohani rivojlantirishga qanday hissa qo‘shayapti, degan savol tug‘iladi.

Yaqinda xalq deputatlari Angren shahar Kengashining 2011 yilda o‘tgan 5 ta, joriy yildagi 2 ta sessiyasi kun tartibidagi masalalarni ko‘zdan kechirdik. Biroq ularning ichida xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish masalasi muhokama etilmagan.

Shahar Kengashidagi 14 nafar liberal deputat, hoynahoy, bu borada hokimiyat qabul qilgan Dastur bor, shu yetadi-da, deb o‘ylagan ko‘rinadi. Sohani rivojlantirishga hukumat darajasida e’tibor qaratilayotgan bir paytda Angrendagi liberal deputatlarning tomoshabin bo‘lib turishi nimadan dalolat beradi?

Shaharda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan chiqish, sohaga oid qonun hujjatlari ijrosi ustidan deputatlik nazorati o‘rnatish, mutasaddi rahbarlarning hisobotlarini eshitish, shu asosda tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish ularning zimmasidagi vazifa emasmi?!

Bundan tashqari, tadbirkorlarga sohada yaratilgan imtiyoz va afzalliklarning ahamiyatini tushuntirish yuzasidan O‘zLiDeP shahar kengashi muayyan amaliy tadbirlar tashkil etmagan.

Shahar Kengashining o‘tgan yilgi sessiyalarida O‘zXDP deputatlik guruhi a’zolarining tashabbusi bilan bir qator masalalar muhokama qilindi. «Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari» bo‘yicha doimiy komissiya raisi, deputat Bakir Rasulov tomonidan shahar Kengashi sessiyasiga «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunning yirik sanoat korxonalari tomonidan ijro etilishini «Angren issiqlik stansiyasi» va «Yangi Angren issiqlik stansiyasi» misolida o‘rganish yakunlari bo‘yicha, Angren shahrida yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashda «Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonining ijrosi to‘g‘risidagi masalalar shular jumlasidandir.

— Joriy yilning fevral oyida deputatlik guruhimiz yig‘ilishida shaharda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish hisobiga aholi bandligini oshirish masalasini muhokama etdik, — deydi Angren shahar Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi rahbari Baxtiyor Yuldoshev. — Unda shahar Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi rahbari T.Yusupov ma’lumot berdi. Yig‘ilishda soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan sabablar tahlil qilindi. Ularni bartaraf etish choralari bo‘yicha fikr almashildi. Mazkur masalani ikkinchi chorak yakunigacha shahar Kengashi sessiyasiga kiritishga kelishib olindi.

Xizmat ko‘rsatish va servisni rivojlantirish borasida katta va’dalarni bergan liberal deputatlar esa hamon xotirjam yurishibdi. Ehtimol ular bu borada kamchilik yo‘q, deb o‘ylashayotgandir. Qanday kamchilik va muammo borligini bilish uchun liberal deputatlar sohani chuqurroq o‘rganishlari lozim.

Elmurod EGAMQULOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: