Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
22.12.2015

O‘ZBEKISTONNING OLTIN SANDIYOI

yoki Navoiy kon-metallurgiya kombinati ishchi-xizmatchilarining matonatli mehnati va ularning ijtimoiy himoyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida

Navoiy viloyati ildizlari moziyga tutashgan Karmana shahri, Raboti Malik, Nurota kabi qadimiy manzillar, Toshmasjid, Chilustun, Ko‘kgumbaz kabi obidalar, Qosim shayx, Orif Dehgaroniy kabi aziz-avliyolarning muqaddas qadamjosi, bepoyon sahro bag‘rida Navoiy va Zarafshon, Uchquduq kabi shaharlari bilan bag‘ri butun, qaddi baland viloyat. O‘z mehnatidan baraka topayotgan insonlar maskani, oltin, kumush, paxta, g‘alla, qorako‘l singari noyob boyliklarga kon zamin.

Viloyat markazi — Navoiy shahri istiqlol yillarida bunyodkorlik maydoniga aylandi — ko‘plab muhtasham binolar, obod ko‘chalar, ravon yo‘llar, xiyobonu istirohat bog‘lari barpo etildi.

Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston mustaqilligining o‘n yilligini nishonlash arafasida ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiyga bag‘ishlab bunyod etilgan yodgorlik majmuining ochilish marosimida shunday degan edi: «Bir paytlar qush uchsa, qanoti, odam yursa, oyog‘i kuyadigan Qizilqum sahrosini gullagan vohaga aylantirayotgan navoiyliklar o‘z olijanob ishlaringizda, avvalo, Navoiy dahosidan ruh va ilhom, Navoiy qahramonlaridan o‘rnak va ibrat olib yashayotganingiz barchamizga quvonch va iftixor bag‘ishlaydi».

Bugungi kunda «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy hududidagi yangi ishlab chiqarish tizimlari, o‘nlab sanoat korxonalari nafaqat Navoiy viloyati, balki mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatining oshishiga xizmat qilmoqda. Ana shulardan biri — rangli nodir metallar qazib olish, qayta ishlashda zamonaviy texnologiyalarni amalda qo‘llash bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadigan Navoiy kon-metallurgiya kombinati hisoblanadi.

Korxona ishlab chiqarish quvvatlari ko‘lami, mahsulot turlari ko‘pligi, xodimlar ish o‘rni soni, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish hajmiga ko‘ra nufuzi balandligi bilan navoiyliklarning faxriga aylangan. To‘g‘risini aytganda, bu korxona mamlakatimiz iftixori, desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi.

— Korxonamizda har bir ishchi-xizmatchi o‘z mehnatidan qadr topayapti, — deydi Qizilqum geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi boshlig‘i, xalq deputatlari Zarafshon shahar hamda Navoiy viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi Shokiriddin Iskandarov. — Oylik maosh ham ro‘zg‘orni obod qiladigan darajada. Eng zamonaviy ta’lim-tarbiya muassasalari farzandlarimiz xizmatida. Dam olamiz, davolanamiz desak, sihatgohlarga bepul yo‘llanma bor.

Ekspeditsiyamiz tarkibida 370 nafar ishchi va mutaxassis yetti uchastkada foydali qazilmalar bo‘yicha qidiruv-geologiya ishlarini olib boradi. Ularga dala sharoitida ham barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, «Muruntog‘» qo‘rg‘onida o‘quv yurtini bitirib kelgan mutaxassislar uchun 120 o‘rinli yotoqxona, kutubxona, sport zali mavjud.

KONChILAR ShAHRI

Qizilqum sahrosining qoq markazida joylashgan mo‘jiza shahar — Zarafshonning barpo etilganiga yarim asr bo‘lsa-da, uning Bukantov, Uru daralarida aniqlangan petrogliflar bu hududda eramizdan avvalgi mingyilliklarda ham odamlar yashaganini isbotlaydi. Qirbukan qudug‘i yonidagi qoyatoshga chizilgan odam-qush surati dunyoning bor-yo‘g‘i sanoqli joylarida uchrashi ham jahon olimlarida katta qiziqish uyg‘otib kelayapti.

1964 yilda Markaziy kon boshqarmasi tashkil etilib, birinchi poydevor qo‘yildi. Huvillagan cho‘l bag‘rida turar-joylar qurilib, odamlar ko‘chib kela boshladi.

Bir yildan keyin bu yerda Zarafshonning birinchi fuqarosi dunyoga keldi. Go‘dakning shodon chinqirig‘i ushbu maskanda hayot boshlanganini bildirdi, odamlarni quvontirdi. 1966 yilda dastlabki maktab foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, 1972 yilda Zarafshonga shahar maqomi berildi.

 Ayni paytda 2,5 ming gektar maydonni egallagan shaharning qariyb 75 ming nafar aholisining har biri zarafshonlik ekani bilan faxrlanadi.

— Kombinatning Sanoat issiq suv ta’minoti va oqava suvlarni tozalash sexiga O‘zXDP faoli Mansurjon Qudratov rahbarlik qiladi, — deydi mazkur sex byurosi boshlig‘i, xalq deputatlari Zarafshon shahar Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi rahbari Ismat Boltayev. — Tizimda oz emas, ko‘p emas, 787 nafar ishchi-xizmatchi mehnat qiladi. Oylik maoshdan ko‘nglimiz to‘q, farzandlar uchun ta’lim-tarbiya, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari ishlab turibdi. Shuning uchun ishchi-xizmatchilarimizning kayfiyati yaxshi. Kayfiyat yaxshi bo‘lsa, ishda unum bo‘ladi.

Zarafshon sanoat mintaqasi sifatida mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. Istiqlol yillarida ushbu hudud infratuzilmasini yaxshilashda ham, sanoat korxonalarini modernizatsiya qilishda ham ulkan ishlar amalga oshirildi. Natijada NKMK Markaziy kon boshqarmasi tasarrufidagi barcha korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari oshdi, mehnat unumdorligi yaxshilandi.

Korxonada hozirgi kun talabidan kelib chiqqan holda mahalliylashtirish dasturlarini amalga oshirish, innovatsion va ratsionalizatorlik loyihalarini o‘zlashtirishga alohida e’tibor berib kelinmoqda.

Natijada ishlab chiqarish samaradorligini oshirish asnosida bozor talablarini o‘rganish, mahsulot tannarxi va energoresurs xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha ratsionalizatorlik g‘oyalari amaliyotga tatbiq etilayotir.

Kombinat mustaqillik yillarida eng zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlandi, ko‘plab korxona va inshootlar qurilib, ishlab chiqarish liniyalari modernizatsiya qilindi.

Kombinat hozirgi paytda dunyoga mashhur ko‘plab xorijiy kompaniyalar bilan doimiy tijorat va iqtisodiy aloqalar o‘rnatgan.

— Kombinat boshqaruv tizimida yuqori komputer texnologiyalari, zamonaviy aloqa-kommunikatsiya va informatsion tizimlar joriy etilgan, — deydi korxona matbuot xizmati rahbari Azamat Zaripov. — Bularning barchasi korxonada jahon standartlari darajasida sifatli mahsulot ishlab chiqarish hamda ishni yuqori samarali tarzda tashkillashtirish imkonini bermoqda.

Korxonada 6 nafar fan doktori, 43 nafar fan nomzodi va boshqa malakali xodimlarning faoliyat ko‘rsatishi tizimda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining rivojlanishiga jiddiy asos bo‘layotir.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati rivojlanish strategiyasiga ko‘ra, joriy yilda mavjud ichki imkoniyatlardan foydalanish tufayli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 10-20 foizga oshdi, energetika va xomashyo sarfi esa 24 foizga kamaydi.

Farhod haykalining aynan Navoiy shahri markaziga o‘rnatilganligi tom ma’noda bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorliklar ramzidir. Shaharning har bir mavzesida takrorlanmas me’moriy yechimlar asosida qurilgan go‘zal koshona va saroylar shundan dalolat berib turibdi.

— Farhod tog‘u toshni qazib, sahroga obihayot olib kelgan bo‘lsa, konchilarimiz ana shu tog‘-tosh bag‘rida yashirinib yotgan xazinalarni qazib olib, mamlakatimizdagi bunyodkorlik ishlariga hissalarini qo‘shyapti, — dedi Azamat Zaripov. — Prezidentimiz ham «Navoiy vohasini O‘zbekistonning oltin sandig‘i, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz», deb bejizga aytmagan.

MO‘JIZALAR O‘Z-O‘ZIDAN PAYDO BO‘LMAYDI

— Mamlakatimiz iqtisodiyotida va og‘ir sanoatida katta salohiyatga ega bo‘lgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 70 ming nafarga yaqin turli millat vakillari mehnat qiladi, — deydi kombinat kasaba uyushmalari Kengashi raisi Isroil Rahmatov. — Ishchilarimiz mehnatini chinakam mo‘jizaga qiyoslasa bo‘ladi. Mo‘jizalar esa mashaqqatli mehnat, aql-zakovat evaziga yaratiladi.

Shunga yarasha, ularning madaniy dam olishi, sog‘liqlarini tiklashi, tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tib, bepul davolanishiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu esa, tabiiyki, mehnat unumdorligini oshirishda muhim omil hisoblanadi.

Masalan, «Metallurg» sihatgohida har yili uch ming nafarga yaqin ishchi va faxriylarimiz bepul yo‘llanma asosida o‘z sog‘liqlarini tiklaydilar. «Farhod» madaniyat saroyi, sport-sog‘lomlashtirish maskanlari faqat ishchi-xizmatchilarimizning farzandlarigagina emas, balki barcha navoiyliklarga xizmat ko‘rsatadi.

«BUNI O‘Z KO‘ZINGIZ BILAN KO‘RIShINGIZ KERAK!»

Azamat «Farhod» madaniyat saroyi direktoriga «sim qoqdi»:

— Nikolay Petrovich, mehmonlar kelishgan edi, madaniyat saroyi faoliyati bilan tanishsak, deyishayapti...

Keyin bizlarga yuzlandi:

— Hozir gaplashgan odamim saroy direktori Sisoyev, u kishi bizlarni kutyapti.

Nikolay Petrovich bizni qadrdonlariday kutib oldi.

— «Farhod» madaniyat saroyi tashkil etilganligining 40 yillik yubileyiga bag‘ishlab uning faoliyati haqida risola chop etganmiz, — dedi u bizga bittadan kitob taqdim qilib. — Lekin eshitgan boshqa-yu, o‘z ko‘zing bilan ko‘rgan boshqa. Bu yerga kelganimga 20 yil bo‘lishiga qaramasdan, har kuni yangi ish boshlayotgan kishiday saroyga shoshilaman. Boshqa iloj ham yo‘q, vaqt esa qarab turmaydi. Mana bular mening qanotlarim — Nikolay Petrovich bizga yigitlarni tanishtirdi — Shavkat To‘xtayev ma’naviyat-ma’rifat bo‘yicha, Sherzod Davronov badiiy ijod bo‘yicha o‘rinbosarlarim.

Uchquduq, Zarafshon, Zarmitan, Marjonbuloq, Nurobod, Zafarobod madaniyat saroylari ham bizning tasarrufimizda. Shuning uchun bosh qashishga qo‘l tegmaydi.

Madaniyat saroyi bosh rejissyori Muhiddin Kenjayevning aytishicha, ilgari bu maskanda 14 to‘garak faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir 76 taga yetgan. Kombinat ishchi-xizmatchilarining farzandlaridan tashqari Navoiy viloyati bo‘yicha shu sohaga qiziqqan o‘g‘il-qizlar bu yerda ijod bilan shug‘ullanadi. Eng muhimi, bundan tijorat maqsadi yo‘q, hamma to‘garaklar bepul.

«ShAXMAT BO‘YIChA JAHON ChEMPIONI BO‘LMOQChIMAN!»

Kombinatning ziyo maskani — axborot-resurs markazi kitobxonlar bilan gavjum. Ularga xalaqit bermagan holda binoning ikkinchi qavatiga — «Qiroatxona» deb yozib qo‘yilgan bo‘limga ko‘tarilamiz. Bu yerda maktab o‘quvchilari, talaba-yoshlar, kattalar qiroatxonasi alohida bo‘lib, o‘quv o‘rinlarining bo‘sh turganini ko‘rmaysiz.

Bolalar bo‘limida 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘zlari tanlagan kitob mutolaasi bilan band. Ikkita bolaning o‘rtasida shaxmat taxtasi, donalar «jang» maqomida, qo‘llarida esa qandaydir kitob-qo‘llanma. Sekin razm solsam, mashhur shaxmat ustasi Emmanuil Laskarning «Shaxmat o‘yini darsligi».

— Men shahardagi 16-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Murod Ro‘ziyevman, — deydi ulardan biri. — Raqibim — 8-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Ulug‘bek Tursunov. Biz mana shu kitob-qo‘llanma asosida shaxmat sirlarini o‘rganyapmiz. Maqsadim — jahon chempioni bo‘lish!

— Men hayvonlar haqidagi topishmoqlarni o‘rganyapman, — deydi 1-umumta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchisi Madina Zayniddinova.

— Men esa she’r yodlayapman, — deydi uning dugonasi, 2-sinf o‘quvchisi Dilyuz Abdukarimova.

To‘g‘risi, jajji shirintoylarning kitobga bunchalik qiziqishini ko‘rib, ko‘ngil osmon qadar yuksaldi.

— Qiroatxonamizda 40 o‘quv o‘rni bor, — deydi bolalar bo‘limi mudiri Sojida Nurullayeva. — Unga istagan o‘quvchi a’zo bo‘lishi, istagan kitobini topib o‘qishi mumkin. Bundan tashqari, kutubxonaga a’zo bo‘lgan o‘quvchilarga uyida o‘qishi uchun ma’lum muddatga kitob beriladi.

Kattalar bo‘limi mudiri Nodira Nurimovaning aytishicha, kutubxona umumiy fondi 226 mingni tashkil qiladi. Yaqinda yana 26 ming kitob xarid qilinib, ziyo maskani xazinasi boyitildi.

SOG‘LOM ChEHRA ChAROG‘ON BO‘LADI

Bizni «Metallurg» sihatgohining bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Dilmurod Ro‘ziyev kutib olib, sihatgoh bo‘ylab kichik «ekskursiya» uyushtirdi.

— Muassasamiz 150 o‘ringa mo‘ljallangan, umumiy hududi 22 gektardan iborat, — deydi bosh shifokor. — Kombinat ishchi-xizmatchilari, faxriylari bepul yo‘llanma bilan kelib, 18 kun mobaynida o‘z sog‘liqlarini tiklab ketadilar. O‘tgan yili kombinat kasaba uyushmasi ko‘magi bilan Angliyadan umurtqa pog‘onasini cho‘zadigan ikkita uskuna olib keldik. Lazer nuri bilan davolash, magnitoterapiya, UVCh, olti kanalli elektrokardiograf uskunalari ham yangi olib kelingan. Ilgari yurak xastaligi bilan og‘rigan bemorlarni shahar tibbiyot maskaniga jo‘natishga majbur bo‘lardik. Hozir bitta hamshira va ikkita kardiolog shifokorimiz shu yerning o‘zida bemorlarni davolayapti.

 Sog‘lom odamning chehrasi charog‘on bo‘ladi. Kombinatda 44 yil mehnat qilgan faxriy Mustafo Ergashevning sihatgohga 12-marta kelishi ekan. U bu yerda yaratilgan qulayliklar, davolash usullari, hamshira va vrachlarning shirinso‘zligidan mamnun. Sulton Shamsiyev esa kombinatga qarashli Zafaroboddagi 5-kon boshqarmasidan kelib, o‘z sog‘lig‘ini tiklayapti. Janubiy kon boshqarmasi burg‘ulovchisi bo‘lib 40 yil ishlagan Hikmat Rahmonov, nazoratchi Akmal Izzatullayev ham Mustafo akaning fikrini ma’qullashdi.

— Tibbiyotda inson kasallikka chalinmasdan turib, uning oldini olish dasturi bor, — deydi Dilmurod aka. — Sihatgohga kelgan ishchi-xizmatchilarni shu asosda davolaymiz. Mijozlarimiz suv harorati 28 daraja bo‘lgan yopiq basseynda ertalab soat 6.00 da suzishadi, 2 sauna, sovuq suvli hovuz ular xizmatida.

Sihatgoh faoliyati kombinat rahbariyati tomonidan doimiy nazorat qilinib boriladi. O‘tgan yili muassasa xonalariga 70 dona zamonaviy televizor qo‘yildi. Binoning to‘rtinchi qavati to‘la ta’mirdan chiqarilib, qolgan qavatlarda ta’mirlash ishlari davom etyapti. Isitish tizimlari butunlay boshqatdan yangilandi.

Sihatgoh hududi qishda ham, yozda ham yam-yashil bo‘lib turadi.

— Ikki yil avval sihatgoh hududiga xushmanzara daraxt ko‘chatlari o‘tqazgan edik, — deydi bosh shifokor. — Hozir yana ming tup ko‘chat uchun joy tayyorlab qo‘ydik.

Sihatgohga tutash joyda qurilishi tugamagan uch qavatli binoda ustalar qo‘li-qo‘liga tegmay ishlayapti. «Horma, bor bo‘l»dan so‘ng bosh shifokor bizga izoh berdi:

— Mana bu qo‘shimcha bino qurilishi ko‘p yillardan buyon to‘xtab qolgandi. Rahbariyat yordami bilan yetarli darajada mablag‘ ajratilib, yakuniy ishlar davom etyapti. Xudo xohlasa, yaqin olti oy ichida uni ham ishga tushirib, bir korpusdan ikkinchi korpusga o‘tadigan ichki koridor quramiz. Shunda mijozlarimiz muolaja olish uchun tashqariga chiqib yurmaydi. Rejalarimiz ko‘p. 200 o‘ringa mo‘ljallangan oshxonani yotoqxona yoniga ko‘chiramiz. Yangi binoda balchiq, qum, yodobromli suv bilan davolashni yo‘lga qo‘yamiz. Ruhiy-hissiy bosimdan xalos bo‘lish xonalarini ochamiz. Konimexda tuya naslchilik fermasi bor, o‘sha yerdan olib kelinadigan tuya suti bilan davolashni tashkil qilmoqchimiz. Fransuz olimi nomi bilan «Vish vannasi» deb ataladigan asab tizimlarini davolaydigan ikkita uskunaga buyurtma berib qo‘yganmiz.

QOZONINGIZ UChTAMI?

Vaqt tushlikdan oshib qolganda bosh shifokor qo‘yarda-qo‘ymay taomlardan tatib ko‘rish uchun bizni oshxonaga boshladi. Sihatgoh bosh oshpazi Ro‘zi Hamroyev bu sohada 22 yillik ish tajribasiga ega. U dasturxonni birinchi, ikkinchi, uchinchi... parhez taom bilan to‘kin qildi.

— Nima, qozonlaringiz uchtami? — deya hazillashdim.

— Yo‘q, qozon o‘n sakkizta, — dedi bosh shifokor jiddiy ohangda. — Mijozlarning ta’biga qarab alohida-alohida taom tayyorlanib, tarqatiladi. Davolovchi shifokor qaysi qozonga qancha masalliq solinishini boshida turib nazorat qiladi. Har bir taom sifati doimiy faoliyat ko‘rsatadigan davolash-nazorat komissiyasi a’zolari tomonidan baholab boriladi.

DOSTONLARGA SIG‘MAYDIGAN YaNGILIKLAR

— Kombinat rahbariyatining ishchi-xizmatchilarni ijtimoiy muhofaza qilish borasida olib borayotgan ishlari juda serqirra, buni bitta maqola bilan qamrab olish qiyin, — dedi sihatgohdan qaytayotganimizda Azamat Zaripov. — Birgina Zarafshon shahrida bunyod etilgan «Akvapark»ning ishga tushirilishi yoki Uchquduq tumanida Shimoliy kon boshqarmasi tomonidan yosh oilalar uchun foydalanishga topshirilgan 48 xonadonlik ko‘p qavatli uy-joyda o‘tkazilgan uy to‘ylari quvonchi haqida katta bir doston yozsa arziydi.

«Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi ijrosini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti. Mehnat faxriylari, yolg‘iz keksalar, nogironlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olib turish, ularga moddiy yordam ko‘rsatish kombinat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy himoyaning yana bir qirrasi hisoblanadi. Nurota tumanida kombinatning «Do‘stlik» agrofirmasi tomonidan tashkil etilgan 100 gektarlik mevazor bog‘ ham «Nuroniylar bog‘i» deb atalibdi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati iqtisodiy ko‘rsatkichlarining yildan-yilga yuksalib borishi ishchi-xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning oilasi, farzandlari uchun munosib turmush sharoiti yaratib berish imkoniyatini ham kengaytirmoqda.

Navoiyliklar Prezidentimiz aytganiday, «bag‘rida behisob tabiiy boyliklarni — oltin va kumush deysizmi, marmar va fosforit deysizmi, uran va kvars deysizmi, feruza va ohaktosh deysizmi — muxtasar aytganda, o‘zida butun Mendeleyev jadvalini mujassam etgan saxovatli zamin»da fidokorona mehnat qilib, orzu-niyatlari ushalib, hayotdan rozi bo‘lib, shodu xurramlik bilan yashashmoqda. Buyuk bobomiz «Farhod va Shirin» dostonida bitgan quyidagi satrlar aynan ularga bag‘ishlanganday:

Bu ishkim, biz demay bunyod etibsen,

Bag‘oyat ko‘nglumizni shod etibsen!

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: