01.12.2015

O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlashning samarali mexanizmi yaratilgan

Toshkentda “Inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash – mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalashning asosiy yo‘nalishi: O‘zbekiston tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Germaniyaning K.Adenauer va F.Ebert nomidagi jamg‘armalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Adliya va Ichki ishlar vazirliklari, Bosh prokuratura, Oliy sud huzuridagi sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi, Yevropa Ittifoqining Venetsiya komissiyasi, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Irlandiya, Ruminiya, Shotlandiya, Xitoy, Mo‘g‘uliston va boshqa davlatlardan ekspertlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, sud va ijro hokimiyati organlari mas’ul xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari va diplomatik korpus vakillari, huquqshunos olimlar, jurnalistlar ishtirok etdi. 

Konferensiyada inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning qonuniy asoslarini mustahkamlash, qonun ijodkorligini yanada yaxshilash, sohada parlament nazoratini kuchaytirish, vakillik organlarining rolini oshirish, davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish borasidagi milliy va xorijiy tajriba chuqur tahlil qilindi. Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini rivojlantirish, ularning fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini mustahkamlash, fuqarolar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi belgilangan. Bularni ta’minlash yo‘llari va kafolatlari qonunlarimizda mustahkamlangan. Mamlakatimiz inson huquqlari bo‘yicha yetmishdan ortiq xalqaro hujjatga qo‘shilgan, jumladan, BMTning o‘nta asosiy hujjatini ratifikatsiya qilgan. Davlatimiz inson huquqlari va erkinligiga rioya etish hamda uni himoya qilish borasidagi majburiyatlarini to‘la bajarib kelmoqda. 

Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etilayotgani inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Sud-huquq tizimini liberallashtirish, sudning mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan tashkiliy, huquqiy chora-tadbirlar tufayli bu soha inson huquq va erkinliklarini ishonchli muhofaza etadigan mustaqil davlat institutiga aylandi. 

Mamlakatimizda prokuror va advokatning tengligini, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sud faoliyatining barcha bosqichlarida o‘zaro tortishuv bo‘lishini ta’minlashga oid huquqiy asoslar yaratildi. Jinoiy-huquqiy sohadagi siyosatni takomillashtirishda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini yanada liberallashtirish va insonparvarlik tamoyillariga muvofiqlashtirish fuqarolar manfaatiga xizmat qilayotir. 

Aholining qonuniy huquqlaridan samarali foydalanishi uchun jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, huquqiy ta’lim va ma’rifatni, huquqiy bilimlar targ‘ibotini yaxshilashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi qonuniy asosda ta’minlanayotgani ular faoliyati samaradorligini oshirib, fuqarolarning ular bilan muntazam aloqada bo‘lishiga keng yo‘l ochdi. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan unumli foydalanilayotir. 

– O‘zbekistonda inson huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirilgan, –dedi Inson huquqlari sohasida ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Tomas Patterson (Buyuk Britaniya). – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va barcha qonun hujjatlarida inson huquqlari himoyasini ta’minlash bilan bog‘liq jihatlar to‘liq mujassam ekani va ular amalda o‘z ifodasini topayotgani diqqatga sazovor. 

Anjumanda inson manfaatlari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasining mezoni sifatida belgilangani qayd etildi. Fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan ko‘plab qonunlar qabul qilingan. Bu mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda milliy qonunchilik tizimi aniq va puxta shakllanganining yorqin namunasidir. 

O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ratifikatsiya qilingan xalqaro konvensiyalarga rioya qilish monitoringini olib borish, bu boradagi ishlar ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga katta e’tibor qaratilayotir. Xalqaro ekspertlar parlamentning huquqiy maqomini oshirishga qaratilgan bosqichma-bosqich islohotlar uning jamiyatdagi rolining kuchayishiga, qonunlar sifatining oshishiga, ijro hokimiyati organlari ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga xizmat qilayotganini qayd etdi. 

2011-yilning martida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq parlamentga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish huquqi, shuningdek, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan Bosh vazirning hisobotlarini eshitish va muhokama qilish huquqi berilgani parlament vakolatlari va nazorat vazifalarini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. 

Mamlakatimizda ko‘ppartiyaviylik tizimini rivojlantirish va mustahkamlash, parlamentda va jamiyatda siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirishga qaratilayotgan katta e’tibor tufayli yurtimizda davlat ahamiyatiga molik eng muhim masalalarni hal qilishda siyosiy partiyalarning roli va ta’siri sezilarli darajada kuchaydi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovlarda eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan siyosiy partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi taklif etilishi tamoyili joriy etildi. Bularning barchasi mamlakatimizda demokratik jarayonlar xalqaro andozalar asosida olib borilayotganidan dalolat beradi. 

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi O‘zbekistonda siyosiy va iqtisodiy islohotlarning muhim dasturiga aylandi. Shu asosda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, sud-huquq tizimini takomillashtirish, axborot sohasini isloh qilish, saylov qonunchiligini rivojlantirish, fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish, bozor islohotlarini liberallashtirishni yanada chuqurlashtirish yo‘nalishlarida amalga oshirilgan tub islohotlar mamlakatimiz barqaror taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi uchun puxta zamin yaratdi. 

Anjumanda mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat qurilishi va jamiyatni rivojlantirishning, ichki va tashqi siyosatning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangani alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston shaxs huquqlari va erkinligini ishonchli himoya qilishning qator yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘plab mamlakatlarga namuna bo‘layotgani qayd etildi. 

Xalqaro ekspertlar o‘z chiqishlarida inson huquqlari va erkinligini himoya qilish bo‘yicha milliy institutlar – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutining qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar huquqlarini qonunchilikka binoan himoya qilish borasidagi rolini yuksak baholadi. 

– Bag‘rikenglik va inson huquqlarini hurmat qilish tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning muhim asosidir, – dedi BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Stefan Prisner. – Shaxs huquq va manfaatlarini himoya qilish mamlakatni har jihatdan rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida Prezident Islom Karimov inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan jamiyat barpo etishga e’tibor qaratgani diqqatga sazovor. 

Mamlakatimizda demokratik qadriyatlar, inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishda, uning siyosiy va fuqarolik faolligini oshirishda fuqarolik institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni va ahamiyati yuksalib bormoqda. 

Bu borada amalga oshirilayotgan demokratik tub o‘zgarishlar asosini Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan rivojlanishning mashhur besh tamoyili tashkil etadi. Unda inson huquqlari, manfaatlari va erkinligi himoya qilinadigan, uning salohiyatini yuzaga chiqarish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlaydigan kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish ustuvor yo‘nalish deb belgilangan. 

Mamlakatimizda fuqarolik institutlarining rivojlanishi, fuqarolarning yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi muhim vazifalarni bajarishda faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Konstitutsiyamizda davlatning jamoat birlashmalari huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlashi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib berishi mustahkamlangan. Ushbu prinsipga muvofiq qabul qilingan 250 dan ortiq qonun hujjatlari O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va faoliyatini tashkil etish tartibini yanada soddalashtirdi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari yanada takomillashtirildi. Natijada mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan NNTlar soni 8 ming 200 dan oshdi. Xususan, fuqarolarning 10 mingdan ortiq o‘zini o‘zi boshqarish organlari hududlarda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni rivojlantirish hamda amalga oshirishga katta hissa qo‘shayotir. Fuqarolik jamiyatining ommaviy axborot vositalari kabi muhim instituti ham jadal rivojlanib bormoqda. 

2014-yil 5-mayda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonuni fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqini yanada kengroq amalga oshirish imkoniyatini yaratdi. Shu bilan birga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qabul qilinayotgan qarorlar sifatini oshirish borasidagi mas’uliyatini oshirdi. Qonunda davlat hokimiyati organlari faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilib borish tartiblari aniq belgilangan. Aholi davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar, avvalambor fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq qarorlar haqidagi axborotlardan keng xabardor bo‘lib bormoqda. 

O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuni ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, gumanitar masalalarni hal etish, aholi turli qatlamlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat tuzilmalari bilan o‘zaro munosabatlaridagi tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirdi. “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonun esa ijtimoiy ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha muhim dasturlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari ishtiroki kengayishiga huquqiy asos yaratdi. Jamoatchilikning ekologik masalalardagi ishtirokini va ekologik axborot olishga bo‘lgan huquqini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ushbu qonun xalqimizning atrof-muhitga bo‘lgan huquqini kafolatlash, aholi salomatligini yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning amaldagi samarasidir. 

– O‘zbekistonning turli davlat va nodavlat tashkilotlari mamlakatda inson huquq va manfaatlarini ta’minlashga ko‘maklashayotgani e’tiborga loyiq, – dedi Shotlandiya inson huquqlari komissiyasi huquqshunosi Bryus Adamson. – O‘zbekistonning fuqarolar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarda jahon hamjamiyati uchun ochiq ekani, sohada amalga oshirilayotgan dasturlarga xalqaro standartlar keng tatbiq etilayotgani mamlakatingizda inson manfaatlari va erkinliklarini ta’minlashga katta e’tibor qaratilayotganini yana bir karra isbotlaydi. Bu jarayonda parlament nazoratini kuchaytirish yo‘lida keng ko‘lamli sa’y-harakatlar olib borilayotgani g‘oyat ahamiyatlidir. 

– Inson huquqlarini himoya qilish va qonun ustuvorligi tamoyilini amalga oshirish demokratik taraqqiyotning muhim jihatlari hisoblanadi,– dedi Inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha Xitoy jamiyati kengashi a’zosi, Nankay universitetining inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha markazi direktori o‘rinbosari Tang Yingksia. – O‘zbekistonda ushbu sohaning mustahkam huquqiy asosi yaratilgan va u amaliyotga keng tatbiq etilmoqda. Xitoyda ham bu kabi masalalarga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik mustahkamlanmoqda. O‘zbekistonda «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilingani mamlakatingizda axborot olish erkinligi to‘liq ta’minlanayotganining amaldagi yorqin isbotidir. O‘zbekistonda davlat hokimiyati organlari faoliyatining ochiqligini namoyon etuvchi ushbu qonun fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘la oladi. 

Xalqaro anjumanda mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalash jarayonida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sohada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot, mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. 

Iroda Umarova, Norgul Abduraimova, O‘zA

Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: