O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
14.04.2012

Giyohvandlik girdobi

undan bolalarimizni qanday asrab qolamiz?

Oila sha’ni hamisha muqaddas. Ota-onam bir umr biz farzandlari uchun yashadi. O‘z navbatida bugun men ham bolalarimni o‘ylayman. Ularning sog‘lig‘i, o‘qishi, tarbiyasi hayotimdagi eng muhim masalaga aylangan.

Men oilamning mustahkamligi, farzandlarimning baxtu iqboli, kelajagi uchun bugun qayg‘urishim va bu yo‘lda uchrash ehtimoli bo‘lgan tahdidlarni bartaraf etishim, oilamni, farzandlarimni himoya qilishim, asrashim zarur.

Samarqandni aylanib Bibixonim majmuasi yonida Siyob bozoridan chiqib kelgan keksa ayol bilan suhbatlashib qoldim. U dardi-dunyosini to‘kib soldi.

— O‘zim bilmagan holda yolg‘iz qizimni baxtsiz qildim, — dedi u. — Unga yetti mahalladan sovchilar kelishgan. Men ko‘z o‘ngimda bo‘lsin deb uni yon qo‘shnimning o‘g‘liga uzatdim. Bilmagan, surishtirmagan ekanman, kuyovim giyohvand ekan. Kuyib ketganimdan bitta bolasi bilan qizimni ajratib oldim... Oradan ko‘p o‘tmay eri shu balo-qazodan nobud bo‘ldi.

Qizimni bu dunyoga bog‘lab turgan birgina ilinji o‘g‘li edi. Lekin u ham kasalmand, duduq bo‘lib qoldi. Ey bolam, giyohvandlik shunday balo ekanki, uning kulfatlarini haligacha butun oilamiz tortib kelyapti...

Onaxonning dardlarini eshitib dahshatga tushdim. Ko‘z oldimga farzandlarim keldi. To‘g‘risini aytsam, juda-juda qo‘rqib ketdim. Chorasiz odamga o‘xshab qoldim. Nima qilish kerak? Bolalarimizni giyohvandlik changalidan qanday asrab qolamiz?

Biz yashab turgan dunyoda insonga, oilaga, jamiyatga qaratilgan tahdidlar juda ko‘p. Lekin mening nazarimda bugun oilaning bir butunligini parchalayotgan, uning tinchligiga, xotirjamligiga raxna solayotgan eng mudhish tahdidlardan biri bu — giyohvandlikdir.

Bugun dunyoning bir qator mamlakatlarida minglab gektar maydonlarda giyohvand moddalar yetishtirilmoqda. Eng dahshatlisi ular butun yer yuzi bo‘ylab bu zahri qotilni tarqatmoqda. Bu global jinoyatga, odamkushlikka qarshi qanchalik kurashilmasin uning barcha kirdikorlari, dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida sodir bo‘lmoqda. Kishini tashvishga soladigani uning domiga, to‘riga, changaliga eng avvalo yoshlar tushmoqda. Qanchadan-qancha navqiron yoshlar uning quliga aylanib qolishgan. Qanchalarining guldek umrlari xazon bo‘lmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bizning davrimizga kelib giyohvandlik butun dunyoning og‘riqli nuqtasiga aylanib ulgurdi. U allaqachon odamlarni, oilalarni, butun boshli mamlakatlarni qamrab oldi.

Qo‘shningizning bolasi giyohvand. U xohlagan vaqtida sizning bolangizni ham giyohvandlik jariga itaradi. O‘g‘lingizning sinfdoshi giyohvand. U tanaffusdami, biror-bir tug‘ilgan kundami, o‘tirishdami sizning o‘g‘lingizga undan bir totib ko‘rishni taklif qiladi. Achchiq, alamli haqiqat shundaki, bu balo-qazodan hech kim to‘liq himoyalangan emas. Dahshatga tushdingizmi? Yuragingizga og‘riq kirdimi? Nima qilish haqida o‘ylay boshladingizmi? Uyquda yotgan o‘g‘lingizning cho‘ntagini, sumkasini titib ko‘rdingiz. Ertalabki nonushtada unga o‘rtoqlarini kimligi haqida savol berdingiz. Bir kun oldin qaysidir sinfdoshining kafeda bo‘lib o‘tadigan tug‘ilgan kuniga sizdan ruxsat olgan edi. U ishonishi qiyin bo‘lgan bahonalar bilan va’dangizni qaytarib oldingiz. Baribir sizni qo‘rquv tark etgani yo‘q... Siz qo‘llagan chora-tadbirlar esa samarasiz.

Respublika narkologiya markazida avval gaplashishni xohlaydigan bemorlar, so‘ngra mutaxassislar bilan suhbatlashdim.

Bu yerda davolanayotgan Botirning hikoyasiga bir quloq tutib ko‘ring-a.

— Yunusobod tumanidanman. Yoshim o‘ttiz birda. Bir oydan beri shu yerdaman. Birinchi marta 18 yoshimda, o‘zimdan 4-5 yosh katta bolaning qistovi bilan giyohvandlik moddasini totib ko‘rganman. Oltita og‘aynim bor edi, men bilan yetti kishi. To‘rttasi o‘lib ketdi, bittasi qamaldi. Bu yerga kelishimdan ikki kun oldin bitta og‘aynim ko‘chada o‘lib qoldi. Boshida faqat hidlab ko‘rardik. Keyin tomirga olishni boshlaganmiz. Har kuni kechqurun qabul qilardik. Oradan taxminan o‘n soat o‘tgach, uning kuchi ketardi va yana xohlardik.Bizda bitta maqsad bo‘lardi. Pul topib, yana kayf qilish.

Boshlanishida bir kunda bir marta faqat kechqurun yig‘ilardik. Asta-sekin organizmimiz ko‘proq talab qilishni boshladi. O‘z-o‘zidan xarajatlar ham ko‘paydi. Bir oyda kamida 3 million so‘m pul kerak edi. Keyinroq ikki marta, uch martaga o‘tdim.

Oilaliman, 1 yoshli o‘g‘lim bor. Ayolim ishlamaydi. Onam hayot, otam vafot etgan. 2006 yilda giyohvand ekanimni birinchi marta akamga aytganman. Aytmasam bo‘lmasdi, chunki qiynalib ketgandim. U paytda uylanmagandim. Akam yordam beraman, kasalxonaga yotqizaman degan.

O‘rgatuvchilar boshida «Kel, bir marta qilib ko‘ramiz, zo‘r bo‘ladi», — deydi. Afsuski, hammasi shu birinchisidan boshlanadi. Ular o‘rtahol oilaning farzandini tanlamaydi. Puli ko‘proq odamning bolasini o‘tqizishga harakat qilishadi. Boshida bir-ikki marta tekinga berishadi. Uchinchi marta esa o‘zingiz pul ko‘tarib kelasiz. Keyin faqat shuning uchun yashashga majbur bo‘lasiz. Giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanadiganlar esa birovning baxtsizligi, fojiasi, oilalar notinchligi, kimnidir o‘limi evaziga pul ishlashadi. Oilada kenja o‘g‘il bo‘lganman. Boshida pulni otam berardi. Diskotekaga boraman, og‘aynilarim bilan o‘tiraman deb olardim. 17 yoshimda «Tiko» olib berishgan. Qisqasi, puldan muammo bo‘lmagan. Bir umr shunday rohat-farog‘atda yashayman, deb o‘ylaganman.

Bu hayotimni sindirdi, umrimning yarmidan ko‘pi shu bilan o‘tib ketdi, desam ham bo‘ladi. Shuni sotib olib, iste’mol qilish uchun hamma narsaga tayyor edim. O‘g‘irlik qildim, odamlarni aldadim, ko‘p narsalarimni sotib yubordim, garovga qo‘ydim. Oxiri yaqinlarimni ko‘ziga qarashga ham uyaladigan bo‘lib qoldim.

Ota-onam meni giyohvand bo‘lsin deb voyaga yetkazmagan. Ehtimol, ba’zida e’tiborsizlik qilishgandir, nazoratsiz qolgandirman, «Qayerga ketayapsan, qayerdan kelayapsan?», — degan savolni kamroq berishgandir. Aslida hammasi uchun o‘zimni ayblayman. Shifoxonadan davolanib chiqsam, hayotimni qaytadan boshlamoqchiman.

Botir bilan suhbatimizni tinglab o‘tirgan Sasha ham o‘z boshidan o‘tganlarni gapirib berdi:

— Uch oydan beri davolanayapman. Yoshim 24 da. Bu ko‘chaga 18 yoshimda kirganman. O‘shanda to‘rt kishi edik. Bittasi odam o‘ldirgani uchun qamalib ketdi. Dastlab pulni onamdan olardim. Keyin ko‘p-ko‘p so‘raganim uchun bermay qo‘ydi. O‘shanday paytlarda uyda janjal ko‘tarib, buyumlarni sindirardim, ko‘chaga olib chiqib, sotardim. Keyin o‘g‘irlik qilishga, odamlarni aldashga o‘tdim. Bu yerda xatolarimni tushunib yetdim, davolanib chiqqach, ishlamoqchiman...

Chirmoviqni ko‘rganmisiz? U boshqalar tanasiga chirmashib oladi. Ularning qonini so‘radi. Chirmoviq chirmashgan har qanday tirik jon undan qutulishi mushkul. Uni chirmoviq changalidan xalos etish zarur. Unga yordam berish kerak. Zabardast bir qo‘l o‘sha chirmoviqni tag-tomiri bilan sug‘urib tashlashi qanchadan-qancha jonlarga qaytadan hayot baxsh etadi. Ularni yashashga qaytaradi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati matbuot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 1994 yildan 2010 yilning avgustigacha mamlakatimiz huquq-tartibot idoralari tomonidan 46 tonna 836 kilogramm giyohvand moddalar yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilindi.

Ular grammlar, kilogrammlar shaklida chegaradan olib o‘tilayotganda, yo‘llarda va boshqa joylarda fidoyi insonlar tomonidan qo‘lga olingan. Bu bilan o‘nlab, balki yuzlab insonlarning hayoti saqlab qolingan.

G‘ulom BO‘RIXO‘JAYeV, Respublika narkologiya markazi bosh shifokori:

— 2001 yilda Markazimizni tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori chiqdi. Bizning markazimiz O‘rta Osiyoda yagona hisoblanadi. Dunyo tajribasida alkogol va giyohvandlarga faqat birinchi yordam ko‘rsatiladi, xolos. Bizda esa ular kompleks davolanadi. Mana, shart-sharoitlarimizni ko‘rdingiz. Biz asosiy e’tiborni bemor ruhiyatini davolashga qaratamiz. Bir mutaxassis sifatida shuni aytishim kerakki, giyohvandlikka olib keladigan sabab bitta: u ham bo‘lsa avval ota-onaning, so‘ngra atrofdagilarning e’tiborsizligidir. Qayerda beparvolik, loqaydlik yuz berdimi, bilingki bu bo‘shliqni giyohvandlik yoki boshqa illatlar to‘ldiradi. Mening nazarimda targ‘ibot-tashviqot ishlari yetarli darajada emas. Bu harakatlar umumxalq ishiga aylanishi kerak. Har birimiz ota-ona, fuqaro sifatida giyohvandlik illatiga qarshi birgalikda kurashishimiz zarur...

Yelena XAN, narkolog:

— Bu toifadagi bemorlar o‘z xohishi bilan davolanishni istamasa, barcha sa’y-harakatlar besamar ketishi mumkin. Biz avval dori-darmonlar, keyin psixoterapiya yordamida davolaymiz. Masalan, geroin iste’mol qiladigan bemorda 12 soatdan keyin titroq, og‘riq, uyqusizlik, vahima boshlanadi. Muolajalar yordamida titroqni, og‘riqni qoldirishga harakat qilamiz. Bu jarayon 3-4 kun davom etadi. Avval bemor tanasidagi qon giyohvand moddalardan tozalanadi, so‘ngra terapiya usuliga o‘tiladi. 7-8 kunda esa bemorning ahvoli birmuncha yaxshilanadi va psixoreabilitatsiya muolajalari boshlanadi. Shuni aytish kerakki, giyohvand moddalarni iste’mol qilishga bo‘lgan xohishni to‘liq bartaraf etish qiyin. Bu o‘rinda psixolog yordami bemor uchun juda muhim. Unga xohishini boshqarishni psixolog va psixoterapevtlar o‘rgatadi.

Shuningdek, bemor davolanib chiqqandan keyin bu yo‘lga qaytishi yoki qaytmasligi ko‘proq tashqi muhit va uning sabr-toqatiga bog‘liq. Bu o‘rinda atrofdagilarning, oila a’zolarining e’tibori va g‘amxo‘rligi juda zarur. Davolanish jarayoni oson yoki qiyin kechishi bemorning giyohvand moddalarning necha yil davomida iste’mol qilganiga bog‘liq.

Yekaterina VIKULSEVA, Respublika narkologiya markazi tibbiy-sotsial reabilitatsiya bo‘limi mudiri:

— Bu yerga kelgan bemorlar shifokorlar va ruhshunoslar nazoratida bo‘lishadi. Keyinchalik ularning xohishiga qarab, muolajalarni davom ettiramiz. Psixoterapiya mashg‘ulotlarining jadvali bo‘lib, bemorlar bilan har kuni shug‘ullanamiz. Dastlabki kunlarda kasallikning tuzilishi, giyohvand moddalarga qaramlik holati, oilaviy masalalar, shaxsiy muammolarni o‘rganamiz va yechimini topishga harakat qilamiz. Ular o‘z muammolarini birinchi kundanoq aytishmaydi. Moslashishgandan so‘nggina ko‘nglini ochishadi. Aql-idrokka asoslangan mashg‘ulotlar va sport bilan shug‘ullanishadi. O‘z-o‘zlariga xizmat ko‘rsatishadi. Bemorlarimiz haftada ikki marta surat chizish mashg‘ulotiga ham qatnashishadi. Odatda, ular dilidagi kechinmalarini qog‘ozga tushirishadi. Biz esa ularning chizgan rasmlariga qarab, ruhiy ta’sir holatini o‘rganamiz. Davolanayotganlarning tabiati turli xil bo‘lgani uchun alohida e’tibor bilan, xarakterlaridan kelib chiqqan holda, yondashamiz.

Bu yerdagi shifokorlar meni kasalxona hayoti bilan yaqinroq tanishtirishdi. Reanimatsiya bo‘limiga kirib o‘lim bilan olishayotgan bemorlarga duch keldim. To‘g‘risi, umidsizlikka tushdim. Giyohvandlik changalidan osonlikcha qutulib bo‘lmasligiga o‘kindim.

Reabilitatsiya bo‘limida bemorlar chizgan suratlar osib qo‘yilgan. Bilasizmi, bu rasmlarni ko‘rish azob. Ularda asosan zulmatdan yorug‘likka intilish tasvirlangan.

Umid ismli 18 yoshli yigitcha chizgan suratga uzoq tikilib qoldim. Atrof qop-qorong‘u. Yilt etgan nur ham, yorug‘lik ham yo‘q. Faqat o‘sha zulmat qoplagan xonaning derazasi ochiq. Faqatgina o‘sha tomonda yorug‘lik, nur bor. Bu surat menda ham bir umid, bir ishonch, bir ilinj uyg‘otdi:

Agar butun dunyo odamlari birlashsa, kurashsa giyohvandlik tahdididan oilamizni, bolalarimizni albatta asrab qolamiz.

Farruh HAMROYeV


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: