Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
10.11.2015

QO‘SHIQ — MILLAT QALBINING SADOSI, QUDRATLI TARBIYA VOSITASI

Yoki «Laylo opang qani, Zuhro opang qani, jinni qildi sani opang mani...» qabilidagi betayin «qo‘shiq»lar haqida

Har bir odam o‘z xalqining milliy musiqasi va qo‘shiqlaridan ruhiy quvvat olib voyaga yetadi. Musiqaning inson qalbiga, ongiga ta’sir kuchi, qudrati beqiyosdir. Ulug‘ allomalarimiz inson tarbiyasida, ma’naviyatini yuksaltirishda musiqaning ahamiyati naqadar yuksakligini doimo uqtirib kelishgan.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda musiqa san’atini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, davlatimiz tomonidan milliy estradani rivojlantirish, iste’dodli ijodkorlarning professional malakasini oshirish, yosh ijrochilarni qo‘llab-quvvatlash uchun «Nihol», «Yagonasan, muqaddas Vatan!», «Ofarin», «E’tirof» singari turli tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. Har yili iste’dodli san’atkorlarimizning katta guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Biroq bugun yaratilayotgan qo‘shiqlar orasida mazmunan sayoz, badiiy jihatdan g‘aliz, xorijiy musiqalarga yoki san’atkorlarga taqlid qilinayotgan qo‘shiqlar ko‘payib borayotgani sezilmoqda. Chet el musiqalariga yengil-elpi matnni qo‘yib kuylash ham urf bo‘lyapti. Ba’zi kliplarda esa milliy madaniyatimiz, axloq mezonlariga mos kelmaydigan lavhalar uchramoqda.

Bunday kuy-qo‘shiqlar, avvalo, san’atning obro‘siga putur yetkazadi. O‘sib kelayotgan yoshlarda san’at, xususan, estrada san’ati to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otadi. Estrada san’ati muxlislarining asosiy qismi yoshlardan iborat ekanini hisobga olib fikrlasak, demak, jamoatchilik orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kengroq olib borish, bu sohaga ma’naviyatimizning muhim halqasi sifatida e’tiborni yanada kuchaytirishimiz zarur, deb o‘ylaymiz.

Shu bois bugungi estrada san’atining yutuq va kamchiliklari, ayrim yosh ijrochilar qo‘shiqlari to‘g‘risida bir guruh ijodkorlar va san’at muxlislarining fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

Iqbol MIRZO, O‘zbekiston xalq shoiri, Milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi raisi:

— Bugungi kunda milliy estrada san’atiga bo‘lgan e’tibor va qiziqish ham, talab ham kuchayib bormoqda. Bu tabiiy, albatta. Chunki xalqimiz san’atga tarbiya vositasi sifatida qaraydi. Umuman, qo‘shiqchilik, azaldan madaniyat, ma’naviyatimizning ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Afsuski, ayrim ijodkorlar, san’atni shou-biznesga aylantirishga urinishyapti. Buning oqibatida efirda ketayotgan qo‘shiqlardan, kliplardan ko‘pchilik norozi bo‘lyapti. Masalan, kuni kecha bir yosh xonandaning ijrosini eshitib qoldim. «Zeboli yuz», deb kuylayapti. O‘ylab ko‘ring, bu mantiqqa zid emasmi? Aslida «Zebo yuzli» deganda ma’no-mazmun bo‘ladi.

Yana boshqa bir yosh xonanda Zavqiy domlaning «Kulbam aro ey mahliqo, bir yo‘l xirom aylab keling» misrasini buzgan holda, «Kulbam aro ey mahliqo, bir yil xirom aylab keling», deb radioda kuylayapti. Bu tinglovchida noto‘g‘ri tasavvur o‘yg‘otadi. Chunki, yorning bir yilda kelishi kerakligini har kim har xil ma’noda tushunadi. Hatto ba’zi qo‘shiqlarning matnlari shunchalik telba-teskariki, eshitib yoqangni ushlaysan.

O‘zbek degan juda katta qadimiy xalqning san’ati, adabiyoti ham buyuk. Buni har bir inson chuqur tushunib, hurmat qilishi lozim. Aytilayotgan qo‘shiqlardagi so‘zlarga jiddiy e’tibor berilishi shart. Bizda til haqida qonun bor. So‘zlarni buzib aytish qonunga zid hisoblanishi barobarida xalqimizga ham hurmatsizlik bo‘ladi. Shunday ekan, past saviyadagi qo‘shiqlarni kuylayotgan xonandalarga e’tirozimizni bildirishimiz, to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishimiz, kerak bo‘lsa, chora ko‘rishimiz ham mumkin.

«O‘zbeknavo» estrada birlashmasida yangi kengaytirilgan badiiy kengash tuzilib, unga jamoatchilik asosida nuroniylar, mahalla oqsoqollari, olimlar, shoir va jurnalistlar, talabalar jalb etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Badiiy kengash ma’qullagan qo‘shiqlarnigina efirga berish talabi qo‘yilsa, o‘ylaymanki, mazmunan sayoz qo‘shiqlar tarqalishining oldi olinadi.

Oydin ABDULLAYEVA, bastakor:

— Bolaning ongi asosan besh-etti yoshda shakllanishini inobatga olsak, aynan shu davrda uning qalbida ma’naviyatning ilk kurtaklari namoyon bo‘la boshlaydi. O‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy dunyosini yuksaltirish haqida so‘z borganda esa, qo‘shiqlarning roli va ta’siri xususida to‘xtalish, albatta, o‘rinlidir. Ochig‘ini tan olish kerak, bugun ayrim yosh xonandalar xorij musiqalarini o‘zlashtirib, yengil-elpi qo‘shiqlarni kuylayapti. Ayni mana shunday qo‘shiqlarning tinglovchilari esa asosan yoshlar ekanini o‘ylasak, qo‘shiqlar saviyasiga jiddiy e’tibor qaratishimiz zarurligini anglaymiz. Buning uchun esa umumta’lim maktablaridagi musiqa darslarining soatini, musiqa to‘garaklari soni va turini imkon qadar ko‘paytirishimiz zarur bo‘ladi. O‘tilayotgan dars va mashg‘ulotlarni takomillashtirish, saviyasini jiddiy nazorat qilib borishga to‘g‘ri keladi. Natijada yoshlarimiz musiqiy janrlar va qo‘shiqlarning badiiy, g‘oyaviy jihatlaridan chuqurroq xabardor bo‘lib boradi. Bu bilan biz yoshlarimizni saviyasi past, yengil-elpi qo‘shiqlar ta’siriga tushib qolish kabi salbiy holatlardan asragan bo‘lamiz. Didi baland tinglovchiga manzur bo‘ladigan qo‘shiq yaratish uchun xonandalarimiz yanada ko‘proq izlanishga majbur bo‘lishadi.

Shu bilan birgalikda, mutasaddi tashkilotlar o‘zaro hamkorlikda yosh xonandalarimiz uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tez-tez o‘tkazib turishi kerak deb o‘ylayman. Ular o‘z mahoratlarini oshirib borishiga jiddiy talablar qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Asqar QO‘ZIYEV, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

— Ayrim xonandalarimiz sahnada xorijlik qo‘shiqchilarning so‘zlarini tushunmasdan kuylashini, milliy qadriyatlarimizga xos bo‘lmagan yengil-elpi harakatlarini qanday baholash mumkin? Bu kabi holatlar to‘ylarimizda ham avj olib borayotgani tashvishlanarli, albatta. Rostini aytish kerak, tinglovchilarimizda ham ayb bor. To‘ylarda ko‘p kuzatganman. «Munojot», «Tanovor» kabi mumtoz qo‘shiqlarni kuylasak, yoshlarimiz diqqat bilan eshitmaydi. Raqs uchun o‘zimizdagi yaxshi qo‘shiqlarni ijro etsak, darrov xorij qo‘shiqlarini aytishimizni iltimos qilishadi. Ikki-uch soat davom etadigan to‘ylarda nari borsa, besh-oltita o‘zimizdagi saviyali qo‘shiqlar ijro etiladi, aksariyati esa turli tilda yengil-elpi qo‘shiqlar yangraydi. Bunga chek qo‘yish uchun esa, menimcha, matbuotda jiddiy tanqidiy maqolalarni tez-tez uyushtirib turish kerakka o‘xshaydi.

To‘g‘ri, bugun kimgadir sen nega bu qo‘shiqni aytayapsan, deb taqiq qo‘yish noo‘rin. Lekin masalaning tarbiyaviy ahamiyatini hisobga olsak, bu borada zarur chora-tadbirlarni ko‘rish shart. San’at nimaligini tushunmasdan qo‘shiq aytayotgan ayrim yoshlarimizning jonli ijroda kuylay olmasligi ham ma’lum. Shunday ekan, «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi tomonidan xonandalarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish masalasini jiddiyroq o‘ylab ko‘rish kerakka o‘xshaydi.

Agar «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi tomonidan xonandalarga katta ommaviy sahnalardagi konsert dasturlarida qisman jonli ijroda kuylash talabi qo‘yilsa, bu talab asta-sekin kuchaytirib borilsa, to‘ylarimizda ham fonogrammada kuylashni to‘xtatsak, o‘ylaymanki, xonandalar mas’uliyatni his etib, elimizga manzur bo‘ladigan qo‘shiqlar soni ortishi shubhasiz.

Soib BEGMATOV, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor:

— Har bir xalqning o‘ziga xos milliy estrada san’ati bo‘lishi kerak. Masalan, hind musiqasini Afrikadagi yoki Janubiy Amerikadagi odamlar ham bilishadi, hech ikkilanmay «bu hindlarniki», deyishadi. Shu bois, bugun g‘arbga taqlid qilib, ajnabiy musiqalarga mazmunan sayoz matn qo‘yib kuylash, bu endi san’atga ham, millatga ham hurmatsizlik bo‘ladi. Bu tarzda qo‘shiq aytishdan uyalish kerak.

Shu o‘rinda yana bir muhim masala bor. Axloqqa zid, mazmunan sayoz qo‘shiqlar ko‘pgina illatlarga sabab bo‘ladi. Insonni go‘zal maqsadlardan, ulug‘vor g‘oyalardan chalg‘itadi, didini o‘tmaslashtiradi. Ayniqsa, yoshlar ruhiyatida yengil-elpi hayotga moyillikni kuchaytiradi. Asta-sekin sog‘lom fikrga ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Bu holat esa ma’naviyatni yuksaltirmaydi, aksincha unga putur yetkazadi.

Kuy-qo‘shiqning tarbiyaviy ahamiyati nihoyatda katta ekan, demak, biz bu masalaga jiddiy qarashimiz, jamoatchilik nazoratini doimiy ravishda olib borishimiz shart.

Umida ABDUAZIMOVA, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

— Bugungi kunda efir orqali uzatilayotgan qo‘shiqlar bastakori yoki she’r muallifi aksariyat hollarda aytilmaydi. Bilishimcha, ayrim «bastakor»lar nafaqat birovlarning musiqasidan «ilhomlanib», balki shoirlarning she’rlaridan ham g‘oya ko‘chirib, kissasini to‘ldiryapti.

«Hamon o‘sha-o‘shasan, dardimga dard qo‘shasan» degan satr bilan boshlanadigan she’rim o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida bitilgan. Bu she’rni o‘sha paytda taniqli san’atkor Ilhom Ibrohimov ajoyib musiqa bastalab, elga manzur qilib kuylagan. Ayni vaqtda huddi o‘sha satrlar qo‘shilgan o‘nlab qo‘shiqlarni sizga topib berishim mumkin. Yoki «Tikilib-tikilib qaraysan» nomli she’rim ustoz san’atkorimiz G‘ulomjon Yoqubov tomonidan hamon zavqu shavq bilan kuylanmoqda. Holbuki, bu qo‘shiq e’lon qilinganiga 36 yil bo‘ldi. Buni qarangki, «Sen menga sevishni o‘rgatding» degan topilmam butunlay boshqa satrlar qo‘shilib, endilikda juda ko‘p qo‘shiqchilar «qalbi»dan qo‘shiq bo‘lib «taralmoqda».

Qo‘shiq «muallif»lari shoir satridan foydalangani uchun qalam haqi to‘laymanmi, deb o‘ylab, o‘zlari «ijod» qilishga urinishganga o‘xshaydi. Ammo bilib qo‘yishsinki, o‘zini biladigan shoir ijodini narxlab, savdolashib yurmaydi. Buni o‘zlariga or bilishadi. Kuy bastalovchi yoki «aranjirovkachi» deganlar o‘zlarining birovlardan ko‘chirilgan «ijod»lari uchun ham osmon narxini qo‘yib, savdogarchilik, tirikchilik qilib yurishganini ko‘pchilik biladi. Kecha maktabni bitirib, san’at ostonasiga qadam qo‘yayotgan o‘smir qanday qilib ularning so‘raganini topib bersin?

«Suydirding meni,

kuydirding meni,

Shirin jonimdan

to‘ydirding meni»

Bu satrlar ham san’atkorlar repertuaridan turlicha so‘zlar qurshovida turli ohanglarda taralmoqda.

Ayniqsa,

«Bilsang edi, sen uchun

Ko‘zlarimni asradim,

So‘zlarimni asradim,

Suratingni asradim...»

degan she’rimdan yulib olingan satrlar Farrux Hamroyev tomonidan go‘zal ohanglarda kuylanishi yaxshi. Ammo ushbu «Asradim» nomli she’rimni unga kimdir o‘zicha «o‘zlashtirib» yozib beribdi.

«Kun charaqlab ketar ertaga,

Dil yaraqlab ketar ertaga»,

deb boshlanadigan «Ertaga» degan she’rimni aka-uka Vahobovlar qariyb 35 yil oldin qo‘shiq qilib, el hukmiga havola qilishgandi. O‘sha she’r e’lon qilingan kitobim «ijodkor»lar qo‘liga tushib qolganmi, undan satrlarni ko‘chirib, biroz o‘zgartirib, yasalgan qo‘shiqlar ham ko‘payib ketdi. Masalan:

Bog‘imdan gul uzding, yor,

Borlig‘imda suzding, yor,

Nozik qilib yurakka,

Ishq rasmini chizding, yor!

Endi o‘chirib bo‘lmas,

Yoki ko‘chirib bo‘lmas,

Bu qilgan gunohingni

Aslo kechirib bo‘lmas...

Bu she’r nodir ovoz sohibi Qodir Mirashurov talqinida aksariyat qo‘shiqsevarlar qalbiga chindan «chizilib» qolgan. Ammo hozir aynan o‘sha, «yurakka rasm» chizish-u, gunohni «o‘chirib» yoki «ko‘chirib» bo‘lmaslikdan so‘ylaydigan «qo‘shiq»lar ko‘payib ketdi. G‘oya o‘sha, muallifi o‘zga!

Gulchehra UMAROVA, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining bo‘lim mudiri:

— Bugun «estrada va yoshlar» iborasining matbuotda, radio-televideniyeda, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarda tez-tez tilga olinayotgani bejiz emas. Chunki ayni paytda estrada yoshlar orasida keng tarqalgan san’at turidir. Estrada ijrochilarining ham, tinglovchilarining ham aksariyati yoshlar. Savol tug‘iladi: xo‘sh, ana shunday ommaviy san’at yoshlarimizga qanday ta’sir ko‘rsatyapti?

Afsuski, bu savolga ko‘ngilni to‘q qilib, ijobiy javob berish biroz mushkul. Sababi, bugungi yoshlar estradasida «ommaviy madaniyat»ga ergashish, san’atga tezroq pul topish va mashhur bo‘lish yo‘li sifatida munosabatda bo‘lish ko‘zga tashlanmoqda. Vaholanki, har qanday san’at turi, jumladan, estrada ham ma’naviy-ma’rifiy tarbiya vositasi, madaniyat namunasi bo‘lib xizmat qilishi kerak.

Avvalo, matnga e’tibor nihoyatda susayib ketgan. Har qanday qo‘shiqning asosini matn tashkil etishini yaxshi bilamiz. Shubhasiz, musiqa va ijro ham qo‘shiqning asosiy tarkibiy qismlari. Lekin bu o‘rinda so‘zning ta’sir kuchini, uning qudratini e’tirof etmaslikning iloji yo‘q. So‘zning odam ongiga, dunyoqarashiga, ma’naviyatiga ta’siri nihoyatda katta ekani haqida buyuk ajdodlarimiz bisyor hikmatlar qoldirib ketgan.

Albatta, matnga e’tibor bilan qaraydigan madaniyatli xonandalarimiz oz emas. Biroq afsuski, aksariyat yoshlar, ayniqsa, estrada ijrochilari qo‘shiq matniga nihoyatda bee’tibor, pala-partish munosabatda bo‘lishyapti. Shu sababli, nafaqat ijodga endi kirib kelayotgan yoshlar, balki tajribali xonandalar repertuarida ham «Shak-shakarim yoron-ey, balle, Shek-sheki badan, obbo san-ey, balle-balle...», «Yaxshiyam tugadi shu serial, Juda uzundan-uzun, Vaqtimni oldi har kun. Ko‘zimni uzmay ko‘ribman, Sevgilimga qaramay...», «Yozgan qo‘shig‘ing menga, Anglolmadim men, Yana yo‘qdir hech bir so‘zimda, Takror, takror so‘zlar...», «Laylo opang qani, Zuhro opang qani, Jinni qildi sani opang mani...», «Yulduz ma’yus, Tuni bo‘yi beuyqu yuzma-yuz. Qani endi mening mehrim, Qani endi u tuyg‘u?..» kabi poyintar-soyintar jumlalar to‘lib-toshgan xirgoyilar ko‘payib boryapti. Bunday qo‘shiqlar, ayniqsa, nodavlat tele va radio kanallarida juda ko‘payib ketdi. Nima deb alahsirayotganligini o‘zi tushunmagan bunday «qo‘shiqchi»lar na so‘zning ma’nosini tushunadi, na musiqaning?

Bundan tashqari, ba’zi ijrochilar ilgari aytilgan qo‘shiqlardagi so‘zlarni buzib aytishyapti. Yana aralash matnli qo‘shiqlar ham (o‘zbekcha, ruscha, inglizcha) paydo bo‘layotganiga nima deysiz? Bu ona tilimizga, Davlat tiliga behurmatlik, san’atning ustidan kulish emasmi?... Bunday holatlar yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

Ayrim yosh xonanda qizlarimiz ijrosidagi qo‘shiqlar matnida, liboslarida, hatto o‘zlarini tutishlarida millatimizga xos hayo-iboning, odobning, madaniyatning yetishmasligi ham og‘riq nuqtalardan biri. Bu o‘rinda ba’zi erkak xonandalarning ijrolari ham qizlarnikidan qolishmayotganini aytib o‘tish kerak.

Kliplar haqida ham e’tirozlar yo‘q emas. O‘zbek tilida aytilayotgan qo‘shiqlar klipida boshqa millat vakillari «javlon urib» yuradi, kerak keraksiz joyda raqqoslar u yoqdan-bu yoqqa yuguradi (raqs tushmaydi), qo‘shiqchi xonanda raqqosga allaqanday sirli imo-ishoralar qiladimi-ey... Xullas, bu yoqda o‘g‘irlangan musiqalar, milliy mentalitetimizga xos bo‘lmagan ijrolar masalasi ham turibdi.

Albatta, har bir ijodkor erkin ijod qilishga, istagan qo‘shig‘ini aytishga haqli. Lekin bu unga odamlarning ma’naviyatini buzish huquqini bermaydi. Qo‘shiq inson ruhiga, ma’naviyatiga bevosita ta’sir etarkan, har qanday xonanda qaysi xalq nomidan sahnaga chiqayotganini unutmasligi kerak. Kamchiliklarni tuzatish uchun hammamiz birgalikda harakat qilishimiz lozim.

Yosh ijrochilar, avvalo, kitob o‘qishlari, milliy qadriyatlarimizdan, maqomdek mumtoz merosimizdan xabardor bo‘lishlari, har bir qo‘shiqlari asosida milliy musiqa, puxta matn, madaniyatli ijro yotishi kerakligini tushunib olishlari zarur.

Yurt kelajagini ma’naviyati butun, saviyasi yuksak avlod qurishini nazarda tutsak, bugun eng ommaviy bo‘lgan estrada san’atidagi kamchiliklarga murosasiz bo‘lishimiz lozim.

 

Ozoda BEKMURODOVA,

Abdusalim MAHMUDOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari.

 

TAHRIRIYATDAN: Yuqoridagi fikr-mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, muhokama etilgan masala juda dolzarb va muhim. Bu mavzu yuzasidan matbuotda ham ko‘p fikrlar bildirilyapti. Lekin afsuski, hali-hanuz ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmayapti, yengil-elpi qo‘shiqlarning tarqalishi to‘xtamayapti. Bizningcha, jamoatchilik bunday holatlarga faol munosabat bildirishi, mutasaddi tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar yanada kuchaytirilishi zarur.

Yaratilayotgan, kuylanayotgan kuy-qo‘shiqlar har birimizni, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ezgu amallarga ruhlantirsin, hayotga, Vatanga mehr-muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otadigan bo‘lsin.

Ushbu maqolada ko‘tarilgan masalalar jamoatchilikni, ayniqsa, o‘zbek milliy san’ati fidoyilarini, qalam ahli va ustoz san’atkorlarni befarq qoldirmaydi, deb umid qilamiz. Taklif, fikr-mulohazalaringizni kutamiz.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: