O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
24.03.2012

OzXDP davlatga moddiy jihatdan qaramlikni yoqlamaydi balki boqimandalik kayfiyatini yoqotish uchun kurashaveradi

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarning maqsadi — davlat va jamiyat boshqaruvini demokratlashtirish, fuqarolarning xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, manfaatlarini mustahkam himoya qilinishini ta’minlashdan iborat. Bu jarayonda siyosiy partiyalar o‘z dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, faol va tashabbuskor bo‘lishi zarur. Buning uchun «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi Qonun, «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun va boshqa tegishli qonunlar orqali huquqiy asoslar yaratilgan.

«Ko‘ppartiyaviylik, avvalo, jamiyatimizda o‘z manfaat va qarashlariga ega bo‘lgan har qaysi ijtimoiy qatlam va guruhning maqsad va intilishlarini to‘liq aks ettirish uchun kerak», deya ta’kidlagan edi Prezidentimiz.

Bugun mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonlarida, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda bevosita o‘z vakillari orqali ishtirok etmoqda.

Siyosiy partiyalarning dasturiy maqsadi, g‘oyalari xilma-xilligi, muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish bo‘yicha yondashuvlari turlichaligi ular o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi va bu tabiiy hol. Ayni chog‘da partiyalararo bahs, siyosiy kurash jamiyatni yanada demokratlashtirishning muhim omili hisoblanadi.

Ammo ayrim partiyalararo munozaralarda o‘z siyosiy raqibining dasturiy maqsad va g‘oyalarini noto‘g‘ri tushunish yoki talqin qilish hollari uchramoqda. Bu partiyalararo raqobatning amaliy tus olishiga, jamiyat rivoji bilan bog‘liq masalalar izchil muhokama qilinishiga to‘sqinlik qiladi.

O`zLiDeP nashri «XXI ASR» gazetasining shu yil 8 va 15 mart sonlarida chop etilgan «Ko‘ppartiyaviylik tamoyili» sarlavhali maqolada bildirilgan ayrim fikrlarni bunga misol sifatida keltirish mumkin. Maqolada, xususan, shunday deyiladi: «XDP ko‘proq aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga tayansa, O`zLiDeP tadbirkorlar va ishbilanmonlar, ya’ni mulkdorlar qatlami manfaatlarini himoya qiladi».

O‘zXDPning biron-bir dasturiy hujjatida partiya aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga tayanishi haqida gap yo‘q. O‘zXDP dasturi (O‘zXDPning 2005 yil 2 iyuldagi 5 qurultoyida qabul qilingan)da partiya «O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy adolat hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj fuqarolari manfaatlarini ifoda etadi va himoya qiladi», deb belgilangan. Ya’ni, XDP ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga tayanmaydi, balki uning manfaatini himoya etadi. Tayanish masalasiga kelsak, biz partiyamiz g‘oyalari tarafdori bo‘lgan kishilarga, partiyamiz a’zolari imkoniyati va kuchiga tayanamiz.

O‘zXDPning Saylovoldi dasturiga muvofiq, partiya o‘z faoliyatini bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida jamiyat va davlatning alohida qo‘llab-quvvatlashiga ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini har tomonlama hisobga olish, ifodalash va himoya qilishga yo‘naltirgan.

O‘zXDP bozor iqtisodiyoti ijtimoiy himoyaga asoslangan bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Ammo buni O‘zLiDeP nashri noto‘g‘ri talqin qilishga urinmoqda. Liberallar maqsadli ijtimoiy siyosat — aholining faqat kam ta’minlangan va ijtimoiy zaif qatlamlariga mo‘ljallangan siyosat, degan yuzaki tushuncha bilan cheklanib qolmoqda.

O‘zXDP o‘z oilasini boqish uchun doimiy ish va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lmagan mehnatga qobiliyatli aholi, ishga joylashishda qiyinchiliklarga uchrayotgan va tegishli qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar iqtisodiyot rivojida ishtirok etishi uchun ularga yordam ko‘rsatish, yetarli imkon yaratish kerak, deb hisoblaydi. Bu, «xususiy mulkchilik to‘g‘risida so‘z yuritganda, aholining ijtimoiy nochor qatlamlari huquqini ustuvor tamoyil sifatida nazarda tutish lozim», degan qarashni anglatmaydi. O‘zLiDeP nashridagi maqolada O‘zXDP shu yondashuvni ilgari surayapti, deyiladi. Vaholanki, O‘zXDP bunday yondashuvni qo‘llab-quvvatlayotgani yo‘q va bu jamiyatda boqimandalik kayfiyatini kuchaytiradi, deb hisoblaydi. Shu bois, partiya Saylovoldi dasturida deputatlik korpusidagi o‘z vakillarining sa’y-harakatlarini aholining ayrim qatlamlarida hamon davom etib kelayotgan ijtimoiy boqimandalik kayfiyatini bartaraf etishga qaratishini belgilab olgan. Partiya tashkilotlari tizimida tashkil qilinayotgan tadbirlarda ham bunga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yana bir masalaga oydinlik kiritib o‘tmoqchimiz. Qo‘lidan ish keladigan, ammo turli sabablarga ko‘ra vaqtincha ishsiz bo‘lganlar bilan jismoniy imkoniyatlari cheklangan nogironlar va keksa kishilarni ajrata bilish kerak. Ana shunda «boqimandalik kayfiyati»ni asossiz ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

«Ko‘ppartiyaviylik tamoyili» maqolasida «O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bozor iqtisodiyoti tamoyillarini mutlaqlashtirishni noto‘g‘ri hisoblab, iqtisodiyotda bozorning mutlaq hukmronligiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, bozor iqtisodiyoti xalqimiz tanlagan yo‘lga muvofiq ijtimoiy yo‘naltirilgan bo‘lishi, ya’ni nafaqat xususiy manfaatlarga, balki jamoaviy manfaatlarga ko‘proq xizmat qilishi zarur, degan g‘oyani ilgari surmoqda», deyiladi.

Bu o‘rinda ham O‘zXDPning bozor iqtisodiyoti rivojiga nisbatan nuqtai nazarini buzib ko‘rsatishga urinish seziladi. Holbuki, O‘zXDP Saylovoldi dasturida «Bozor iqtisodiyoti tanlangan yo‘lga muvofiq, xususiy manfaatlarga emas, balki ijtimoiy yo‘naltirilgan va jamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan bo‘lishi lozim», deb belgilangan.

O‘zXDP aholi ko‘pchiligining manfaatlarini ko‘zlab, iqtisodiy o‘sishning uzoq muddatli maqsadlarini tanlashda va kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning boshqaruvchilik rolini mustahkamlashni strategik ustuvor vazifa sifatida e’tirof etadi. Ya’ni, bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida davlat bozor xususiy manfaatlar ustunligiga emas, aksincha, jamiyat manfaatlariga xizmat qilishini ta’minlash imkoniga ega bo‘lishi, shu maqsadda ijtimoiy yo‘naltirilgan, maqsadli siyosat yuritish vakolati va imkoniyatini o‘zida saqlab qolishi kerak.

Bu O‘zLiDeP himoya qilayotgan xususiy mulk daxlsizligiga putur yetkazish, uning kafolatlarini qisqartirish, degani emas. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida aholining turli qatlamlari, ayniqsa, jamiyat yordamiga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar ijtimoiy himoyasi hisobga olinmasa, adolatsizlik bo‘ladi va buning oqibati og‘ir muammolarni keltirib chiqaradi.

O‘zXDP nuqtai nazariga ko‘ra, iqtisodiyotda bozorning cheksiz hukmronligiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Buning uchun uni qonun bilan belgilangan moliyaviy va soliq me’yorlari orqali tartibga solish kerak. Aholi daromadlari o‘rtasidagi muvozanat keskin oshib ketmasligi uchun bu muhimdir. Ammo bu bilan O‘zXDP biznes va tadbirkorlik faoliyatini chegaralash kerak, demoqchi emas. Qaytaga bu sohani yanada rivojlantirish, tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat va imtiyozlar berilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari olayotgan daromadining muayyan qismini o‘z faoliyatini modernizatsiya qilish, raqobatbardoshliligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish hamda ularning barqarorlik kafolatini kuchaytirish uchun sarflashini ko‘zda tutuvchi me’yorlar tarafdoridir. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq qonun loyihalari muhokamasiga shu nuqtai nazardan yondashayapti, bu borada o‘z takliflarini muntazam bildirib bormoqda.

Biroq O‘zXDP jamiyatda ish beruvchilarning qonunlar va meyo’riy hujjatlarga rioya qilishi bo‘yicha javobgarligini kuchaytirish zarur, deb biladi. Yaxshi foyda ko‘rayotganiga qaramay, xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish shoxobchalari egalari ishlayotgan kishilarga munosib haq to‘lamaslik, mehnat daftarchasi yuritilmaslik, oddiy ishchilar ijtimoiy himoyasi ta’minlanmayotganiga ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Xalq hunarmandchiligi va kasanachilik rivojlanishi,qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashga qaratilgan, o‘z faoliyatini tashkil etish uchun rerurslarni ko‘p talab qilmaydigan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati kengayishi orqali barqaror ish o‘rinlari yaratilishi O‘zXDP dasturiy maqsadlariga hamohangdir. Shu bois, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yilida O‘zXDP barcha hududlarda iqtisodiy forumlar o‘tkazdi. Ular hayotda o‘z samarasini berdi, partiyaning yordami bilan kollej bitiruvchilari, doimiy daromadga ega bo‘lmagan kishilar o‘z ishini ochdi, ularning bandligi ta’minlanishiga amaliy hissa qo‘shildi.

Partiya bu yilgi iqtisodiy anjumanlarda imkoniyati cheklangan kishilar o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi, ularning tadbirkorlik loyihalari amalga oshishi uchun yordam berishga e’tibor qaratmoqda. Tadbirkorlik rivojiga nisbatan O‘zXDP ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlash, barqaror yangi ish o‘rinlari yaratish nuqtai nazaridan, ya’ni dasturiy maqsadlariga muvofiq yondashmoqda. Bu O‘zXDP tadbirkorlikka «yangicha nazar» bilan qarayotganini bildirmaydi. Liberallar fikricha, XDP go‘yo tadbirkorlik harakati mohiyatini endi tushunayapti.

Shu o‘rinda aytish kerakki, O‘zXDP tashkil etilgan dastlabki kunlardanoq xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish tarafdori bo‘lgan.

«Ko‘ppartiyaviylik tamoyili» maqolasidagi quyidagi fikrni ham qo‘llab-quvvatlaymiz: «Aslini olganda O`zLiDeP aynan shu sohada mulkdorlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar manfaatlariga zarar keltiradigan, faqat foyda va boylik orttirishga qaratilgan intilishlari ustuvor bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, balki mulkdorlarning jamiyat va davlat oldidagi majburiyatlarni bajarishi, ijtimoiy mas’uliyatni his qilishga erishish partiya alohida e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan eng muhim masalalardan biri, deb hisoblaydi».

Bundan ko‘rinib turibdiki, O‘zLiDeP bozor iqtisodiyotida uzoq muddatga mo‘ljallangan, ijtimoiy yo‘naltirilgan strategik siyosat olib borilishi muhimligini, biznes va tadbirkorlik faqat pul to‘plash, o‘zining shaxsiy manfaatini o‘ylash emas, ko‘rilgan foyda hisobidan yangi imkoniyat izlashga, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va faoliyatni kengaytirishga yo‘naltirilishi zarurligini, ya’ni xususiy manfaatlardan jamiyat manfaatlari ustunligini anglab yetmoqda.

To‘lqin TO‘RAXONOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: