Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
11.06.2015

BIZGA TINCHLIK KERAK, OMONLIK KERAK

Tahririyatimizda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi, Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi bilan hamkorlikda «Bizga tinchlik kerak, omonlik kerak» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatini gazetamiz Bosh muharriri Safar Ostonov olib bordi.  

— Bugun dunyo tez o‘zgarib, kuchli davlatlar geosiyosiy manfaatlari to‘qnashuvi keskin tus olayotgani, xalqaro terrorizm, ekstremizm, erkinlik niqobi ostidagi «ommaviy madaniyat»  kabi xavf-xatarlar kuchayib borayotganini hisobga olib fikrlaydigan bo‘lsak, avvalo, bu balo-qazolardan o‘z vaqtida ogoh bo‘lishimiz, tegishli xulosalar chiqarib olishimiz zarurligini anglaymiz, — dedi u.

— Ogohlik xavf-xatardan asraydi, falokatlarning oldini oladi. Ayniqsa, tinchligimizga  nimalar tahdid solayotgani, katta-katta davlatlarning manfaatlari to‘qnashgan hududlarda qanday siyosiy o‘yinlar ketayotganini oldindan ko‘rib, anglab olinsa, ularga qarshi chora topishga vaqt ham, imkon ham bo‘ladi. Bu hayot haqiqatini Prezidentimiz takror va takror ta’kidlab keladi, tinchlikdek bebaho ne’matni asrashga xalqimizni da’vat etadi, tinchlik uchun albatta ogohlik zarurligini doimo uqtiradi.

9 may — Xotira va qadrlash kunida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan bo‘lgan suhbatda Prezidentimiz xalqimiz e’tiborini yana bir bor tinchlikni asrashga qaratdi. Xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bugungi notinch zamonda nimalardan ogoh bo‘lishimiz, qanday tahdidlarga qarshi kurashishimiz lozimligi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi.

Shu kunlarda joylarda Prezidentimiz ilgari surgan tinchlik g‘oyalari qiziqish bilan o‘rganilmoqda. «Bizga tinchlik kerak, omonlik kerak», degan so‘zlar yurtdoshlarimiz qalbida jaranglamoqda. Bugungi davra suhbatidan ko‘zlangan maqsad ham Prezidentimiz Xotira va qadrlash kunida ilgari surgan g‘oyalar mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, tinchlikni asrash uchun nimalarga e’tibor qaratishimiz zarurligi haqida fikrlashib olishdir.

Komila KAROMOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Bugun dunyoda yuz berayotgan turli voqea-hodisalar, tahdidlar birgina o‘sha davlat yoki mintaqa hayotiga daxldor degan odam adashadi. Chegara bilmas bu xavf-xatarlar butun insoniyatning, taraqqiyotning dushmanidir. Atrofimizda bo‘layotgan geosiyosiy jarayonlar, diniy ekstremizm, terrorizm, narkobiznes, millatlararo nizolar butun insoniyatga katta ofatlar keltirishini hammamiz ko‘rib, bilib turibmiz.

Barchamizga ma’lumki, «O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan. Ushbu hujjat Prezidentimiz tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida parlamentga kiritilgan edi.

Unda hozirgi xalqaro munosabatlar tizimidagi o‘zgarishlarga O‘zbekiston manfaatlari nuqtai nazaridan baho berilgan. Davlatimiz tashqi siyosatining asosiy maqsadi, prinsiplari, vazifalari hamda ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Shuningdek, tashqi siyosiy faoliyatni shakllantirish jarayonlari va uni amalga oshirish mexanizmlari ko‘rsatilgan. Umuman olganda, dunyoda va mintaqamizda yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olgan holda, O‘zbekistonning o‘z nuqtai nazari ifoda etilgan. 

Mazkur konsepsiyada bayon etilgan vazifalardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, mamlakatimiz manfaatlari bevosita Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchun O‘zbekiston o‘zining yaqin qo‘shnilari bilan munosabatlarda doimo ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat yuritish tarafdori bo‘lib kelgan. Mintaqadagi barcha dolzarb siyosiy, iqtisodiy va ekologik muammolar o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda, amaliy muloqot va xalqaro huquq normalari asosida hal etilishining tarafdori bo‘lgan. Buning o‘zi ham davlatimiz doimo tinchlik, totuvlik, o‘zaro hamjihatlik tamoyillariga sodiqligini anglatadi.

Parlament a’zolari, keng jamoatchilikka mazkur qonunning mazmun-mohiyatini yanada kengroq tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini olib borish lozim, deb o‘ylayman. Tinchlikni asrash uchun hamma baravar harakat qilishi, kurashishi zarur. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, tinchliksiz rivojlanish bo‘lmaydi, rivojlanishsiz esa kelajak ham yo‘q.

Aktam JALILOV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi prorektori:

— Prezidentimizning Xotira va qadrlash kunida bildirgan fikrlari xalqimiz uchun, mamlakatimiz tinchligi va taraqqiyoti uchun juda katta ahamiyatga egadir.

Mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tinchlik g‘oyasidan kelib chiqqan holda ayrim fikrlarni bildirmoqchiman. Ma’lum bir mintaqalar, ba’zi mamlakatlar borki, ular yirik qudratli davlatlarning manfaatlari to‘qnashadigan hududlarda joylashgan. Markaziy Osiyo ham ana shunday nuqtalardan biri hisoblanadi. Xalqaro ekspertlarning fikricha, bugun yirik davlatlarning diqqat-e’tibori Markaziy Osiyoga nisbatan biroz pasaygan paytdir. Lekin ma’lum bir vaqt o‘tgandan so‘ng bu hududga nisbatan jadal geosiyosat boshlanishi mumkin.

Muayyan bir davrda manfaatlar to‘qnashuvi sodir bo‘lsa, mamlakatdagi ichki resurslar uning oldini olishga yetmay qolishi ham kuzatilgan. Biz buni uzoq-yaqinimizdagi ayrim davlatlar misolida ko‘rdik.

Mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni saqlashda davlat rahbarining xorijiy tashriflari, rasmiy uchrashuvlari muhim ahamiyat kasb etadi. Mana, yaqinda Prezidentimiz davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo‘ldi. Tashrif chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim hujjatlar imzolandi.

Bu tashrif nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy masalalardagi kelishuvlarga erishilgani bilan, balki O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatda tutgan o‘rni va nufuzini oshirishi bilan ham ahamiyatlidir. Shuningdek, ushbu tashrifdan ko‘zlangan bosh maqsadlardan yana biri — mintaqa va jahon tinchligi yo‘lida hamjihatlikda harakat qilishdir. Shuning uchun ushbu tashrifga xalqaro ekspertlar, AQSh, Rossiya va Yevropa Ittifoqi alohida ahamiyat qaratdi. O‘zbekiston Prezidenti nega aynan Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi, degan savolga kelsak, bu Markaziy Osiyoning barqarorligi bilan bog‘liq masaladir. Ya’ni, mamlakatda tinchlikni saqlash qo‘shni davlatlar hamda dunyodagi mamlakatlar bilan O‘zbekistonning hamjihatligiga, davlat rahbarlarining o‘zaro munosabatlariga har tomonlama bog‘liqdir.

Markaziy Osiyoda manfaatlar muvozanati ta’minlangan taqdirdagina barqarorlikni saqlab qolish mumkin. Bu muvozanatni qurishda intellektual jihatdan yuksak salohiyatga ega bo‘lgan mutaxassislarning o‘rni kattadir.

Tinchlik taraqqiyot bilan yanada mustahkam bo‘ladi. Zamonaviy bozor munosabatlari an’anaviy qoidalarga bo‘ysunmaydi. Prezidentimiz bir chiqishida xalqaro tashkilotlarda bizning yoshlarimiz faoliyat ko‘rsatadigan payt keldi-ku, degan fikrni ilgari surdi. Bunda chuqur ma’no bor.

Mana, hozirgi vaqtda har bir mamlakat jahon reytingida yuqori o‘rinni egallab turgan universitetlarda o‘qiyotgan o‘zining talabalari sonini hisoblab bormoqda. Xalqaro tashkilotlarda qaysi mamlakat fuqarolari ko‘proq faoliyat yuritsa, o‘sha mamlakatning manfaatlari xalqaro miqyosda ishonchli himoya qilinadi. Farzandlarimizning ta’lim-tarbiya darajasi o‘zimizning qo‘limizda. Bugun O‘zbekistonda xalqaro universitetlarning soni yettitaga yetdi. Demak, yoshlar xalqaro standartlarga mos ravishda ta’lim olyapti.

Nazarimda biz, avvalo, mana shu xalqaro vaziyatni, uning ba’zi nozik jihatlarini ekspertlar darajasida har tomonlama chuqur muhokama qilib turishimiz kerak. Bunday muhokamalarda bildirilgan fikrlarni xalqimiz, keng jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalari faollik ko‘rsatishi zarur, deb o‘ylayman. Bu jamiyatimizda erkin va mustaqil fikrlashni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sharbat ABDULLAYEVA, O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari:

— Chindan ham, yuqorida to‘g‘ri ta’kidlandi. Bugungi kunda xalqaro vaziyatning shiddat bilan o‘zgarishi, yer yuzining turli nuqtalarida yangi nizo o‘choqlarining paydo bo‘lishi jahon jamoatchiligida katta tashvish va xavotir uyg‘otmoqda. Mamlakatlar iqtisodiyoti orqaga ketmoqda, ish o‘rinlari qisqarmoqda, insonning oliy huquqlari, muqaddas qadriyatlari poymol qilinmoqda.  

Shu bois O‘zbekiston mustaqillikka erishgan birinchi kunlardanoq «Qo‘shning tinch – sen tinch», degan azaliy hikmatga amal qilib, afg‘on mojarosini tinch yo‘l bilan hal etishga harakat qilib kelmoqda. Bu muammoning doimo e’tibor markazida turgani, davlatimiz rahbari nufuzli xalqaro minbarlarda afg‘on muammosini bartaraf etish maqsadida jon kuydirib, dunyo hamjamiyatiga takror va takror murojaat qilayotgani barchamizga ma’lum. Xalqimizning tinch-osoyishta hayoti uchun barcha imkoniyatlar ishga solinayotgani hammamizni quvontiradi.

Biz tinchliksevar xalqmiz. Uyimiz, mahallamiz, yurtimiz tinch bo‘lsa, xotirjam mehnat qilib, har qanday yutuq va marraga o‘z kuchimiz bilan erishamiz. Odamning ongi, fikrlashi, xayoli toza bo‘lsa, uni hech qanday kuch o‘z domiga tortolmaydi.

Bugun mamlakatimiz tinch, odamlar bemalol ishlashi, orzu-niyatlariga yetishi uchun sharoit ham, imkoniyat ham yetarli. Bu odamzod uchun eng buyuk ne’mat, ulug‘ baxt aslida.

Atrofga nazar tashlasak, hozir ayrim davlatlarda bolalarni bog‘chaga, maktabga yuborish, ishga borib-kelish ham katta muammoga aylangan. Ko‘chaga chiqishga odamlarning yuragi dov bermaydi.

Shu bois tinchlikni qadriga yetish borasida ko‘proq targ‘ibot ishlarini olib borishimiz kerak. Partiyamiz dasturida ham tinchlik-osoyishtalik, el-yurt farovonligi, xalqimiz o‘rtasidagi ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash masalalari alohida o‘rin olgan.

Qayerda, qaysi sohada mehnat qilishimizdan qat’i nazar har birimiz tinchlikni asrab-avaylashga, uni yanada mustahkamlashga o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Shuning uchun partiyamiz tashkilotlari, deputatlar joylarda bu masalaga alohida e’tibor berib kelmoqda. Turli mafkura va qarashlar avj olgan hozirgi zamonda inson ongu-tafakkurini buzg‘unchi g‘oyalar bilan zabt etishga bo‘layotgan harakatlarga beparvo qarab bo‘lmaydi. Shu bois aholi, ayniqsa, yoshlar orasida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini keng ko‘lamda olib borish dolzarb vazifalarimizdan biridir.

Anvar qori TURSUNOV, Toshkent shahar bosh imom-xatibi:

– XXI asr – murakkab asr. Yurtboshimiz mustaqilligimizning ilk yillaridan tinchlik siyosatini ilgari surdi. Har bir chiqishlarida gapni tinchlik haqidagi fikr bilan boshlaydi. Hozir xalqimizning qalbiga ham shu ruh chuqur singib ketdi. Bugun xalqimiz faqat tinchlik bilan hayot bardavomligini yaxshi biladi, yurak-yurakdan his qiladi.

Yurtboshimiz «Bizga tinchlik kerak, bizga omonlik kerak», deb qayta-qayta ta’kidlaganining zamirida chuqur ma’no, katta maqsad  yotadi. Negaki tinchlik bor joyda baraka, to‘ylar, bayramlar bo‘ladi. Prezidentimiz har safar boshqa mamlakatlarga borganlarida ham bugun dunyoda eng muhim masala tinchlik, yaxshilik bo‘lishi kerakligini, albatta, ta’kidlab o‘tadi.

Bugun dunyodagi tinchlikka rahna solayotgan eng asosiy tahdid terrorizm, ekstremizm. Bugun sharq olamida shu darajada musibatli voqealar sodir bo‘lmoqdaki, beixtiyor hayratga tushasan kishi. Eng achinarlisi, ana shu qonli urushlarga ko‘p hollarda muqaddas Islom dini niqob qilib olinmoqda. Aslida Islom dinining bu qon to‘kishlarga mutlaqo daxli yo‘q. Islomda odam o‘ldirish, qon to‘kish qoralanadi, og‘ir gunoh sanaladi. Islomning o‘zi tinchlik, degani. Assalomu-alaykum, degani sizga tinchlik-xotirjamlik tilayman, degani. Islomda tajovuz yo‘q.

Mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik bo‘lgani bois bir necha dinga e’tiqod qiluvchi millat va elatlar bahamjihat, tinch-totuv yashashmoqda. Muqaddas dinimizning amallarini bajarish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Buni ko‘rolmagan ekstremistik tashkilotlar tinchligimizga tahdid qilishga urinayapti.

E’tiborga molik yana bir jihat borki, buni nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Yurtimizda yoshlarimizning diniy va dunyoviy bilimlarini yanada oshirib borish muhim ahamiyatga ega. Tinchlikka tahdid soluvchi tashqi kuchlar, avvalo, yoshlarning ma’naviyatini buzishga, ongi-shuurini egallashga urinadi. Yoshlarni bunday tajovuzlardan asrash uchun ularning sof din haqidagi tushunchalarini boyitish lozim. Ana shunda fikrga qarshi fikr bilan kurash olib bora oladi.

Jamiyat – ikkita qanotli qush. Biri ma’naviyat va ikkinchisi moddiyat. Milliy ruh qudratli tushuncha. U qalbimizda bo‘lishi kerak. Tahdidlardan biri yoshlarning bizga yetti yot begona odatlarga taqlidga berilishida, deb o‘ylayman. Shu ma’noda milliy ruhni ko‘tarishimiz zarur.

Maqsuda VORISOVA, Oliy Majlis Senati a’zosi:

Prezidentimiz har bir ma’ruzasida xalqning tinchligi va omonligi, osoyishtaligini asrash masalasiga alohida e’tibor qaratishi bejiz emas. Boisi bugungi dolg‘ali zamonda tinchlik dunyodagi eng ulug‘ ne’mat sifatida e’tirof etilib, bu ne’matdan bahramand bo‘lib yashash baxti qanchadan-qancha davlatlar, xalqlarning orzu-armoniga aylanib qolmoqda.

Har kuni farzandlarimizni o‘qishga kuzatamiz, bog‘chaga olib boramiz, o‘zimiz ham xotirjam ishga yo‘l olamiz. Aslida shuning o‘zi katta baxt. Hammamiz ko‘rib turibmiz, dunyoning qator mamlakatlarida nimalar sodir bo‘layotganini. Uyidan chiqishga qo‘rqayotganlar ozmi, yurak hovuchlab tong ottirayotganlarchi?.. Ayrim joylarda yangi olovli nuqtalar paydo bo‘layapti, turli inqiloblar, davlat to‘ntarishlari oddiy odamlarga faqat kulfat keltirmoqda.

Dunyoda shunday notinch vaziyat davom etayotgan bir paytda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalik hukm surib, xalqimiz turmushi tobora farovonlashib borayotgani quvonarlidir. Buning asosiy sababi, eng avvalo, davlatimiz tomonidan barcha tahdid va xavf-xatarlardan xalqimizni himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va tizimli ravishda amalga oshirib kelinayotgani bilan bog‘liq.

Respublikamiz mintaqamizda va global miqyosda tinchlik hamda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan deyarli barcha xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan. Mamlakatimizda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlovchi muhim qonun hujjatlari qabul qilingan, ularning ijrosi izchil ta’minlab kelinmoqda. Xususan, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida»gi, «Fuqaro muhofazasi to‘g‘risida»gi, «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi, «Mudofaa to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi  qator qonunlar xalqimiz osoyishtaligini ta’minlashda muhim tarixiy ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Fotima MO‘MINOVA, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori:

– Yangi asr o‘zi bilan yangicha qarashlarni, g‘oyalarni, turmush tarzini olib kelganiga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Bir so‘z bilan aytganda, bugun faqat boy o‘tmishimiz bilan faxrlanib yashashning o‘zi kamlik qiladi. Endi o‘zimizni, o‘zligimizni namoyon qilish fursati keldi. Beruniyning bir asarida shunday so‘zlar bor: Kim o‘zining ajdodlarini maqtab yashasa, ularni ulug‘lab, o‘zining kelajagini o‘ylamasa, uning ajdodlari tirik, o‘zi esa o‘likdir. Necha asrlar avval aytilgan bu so‘z bugungi kunda ham o‘z qadrini yo‘qotmagan, aksincha yanada ahamiyatli ma’no-mazmun kasb etmoqda.

Bugungi axborot asri bizga boshqacha talablarni qo‘ymoqda. Aslida axborot degani — bilim degani. Uni kim yaxshi o‘zlashtirsa, marra o‘shaniki. Xo‘sh, buning uchun nima qilish kerak? Ortimizdan yosh avlod o‘sib kelyapti. Ularda bu vaqtda hech qanday hayotiy tajriba yo‘q bo‘ladi. Demak, televideniye, radio va matbuot orqali bolalar ongiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi ko‘rsatuv, eshittirish va darsliklarni yaratishimiz zarur.

Xulosa qilib aytganda, bizga tinchlikni asrovchi, uning mazmun-mohiyatini keng ochib beruvchi ko‘rsatuvlar, eshittirishlar, maqolalar nihoyatda zarur. Yosh avlod ana shunday tarbiya ko‘rib voyaga yetsagina, o‘z xalqi va Vatani uchun qayg‘uradigan inson bo‘lib yetishadi.

Nigora ESHMETOVA, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:

— Prezidentimizning tinchlik haqidagi fikrlari hammamizni chuqur o‘ylab, mulohaza qilishga undaydi. «Biz dunyoning turli o‘lkalarida davom etayotgan ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqatgina siyosiy yo‘l bilan, tinchlik yo‘li bilan hal etish tarafdorimiz», dedi davlatimiz rahbari. Yaxshilab o‘ylab ko‘raylik. Bu so‘zlarda xalqimizning maqsad-muddaosi, ta’bir joiz bo‘lsa, hayot falsafasi mujassam emasmi?..

Partiya vakili, deputat bo‘lganim uchun ko‘proq odamlar orasida bo‘laman, ular bilan hamfikr, hamnafas bo‘lishga harakat qilaman. Bugun xalqimizga nima kerak? Albatta, eng avvalo, tinchlik.

Inson qachon o‘zini baxtli his etadi? Qachon farzandlari kelajagi, taqdiridan ko‘ngli tinch bo‘lsa. Insonning eng ustuvor va muqaddas huquqlaridan biri — bu uning tinch yashash huquqidir. Tinchlik bo‘lmagan joyda inson huquqi paymol etiladi, orzu-maqsadlarga yetib bo‘lmaydi.

Shukrki, yurtimiz tinch. Orzu-havasga yetish uchun katta sharoitlar bor bizda. Ana shu yorug‘ va osuda kunlarning qadriga yetsak, istiqbolimiz shuncha yuksaladi.

Menimcha, hozir ko‘plab davlatlar tinchligiga rahna solayotgan missionerlik harakati haqida fuqarolarimizni ogoh etishimiz zarur.  

Bundan tashqari yana bir masala. Mening nazarimda, aholi bandligini ta’minlash masalasiga yanada jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim. Ayniqsa, yoshlar ishsiz bo‘lsa, oson yo‘l bilan pul topishga o‘tadi, bekorchilikdan boshqa narsalar xayolini band etadi, o‘zgalar ta’siriga tushib qoladi.

Xalqimiz orasida, o‘tgan davr mobaynida Vatanimiz bosib o‘tgan yo‘lni, amalga oshirilgan tarixiy ishlarni xolisona sarhisob qilib, bugungi yutuq va marralarga, avvalo, qanday og‘ir va mashaqqatli mehnat evaziga erishganimiz haqida suhbatlarni ko‘paytirsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Eng muhimi, bugungi kunlarga yetish oson bo‘lmagani, ayni paytda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni hayotiy misollar, o‘zimiz, oilamiz taqdiri, farzandlarimiz erishayotgan muvaffaqiyatlar misolida chuqur ochib berish muhim ahamiyatga ega.

Biz bir narsani unutmasligimiz kerak. Tinchlikni hech kim yaratib bermaydi. Uning uchun kurashish, uni asrash, qadriga yetish kerak. Chunki inson xotirjam va osoyishta bo‘lsagina, maqsadi sari dadil intiladi, o‘zini chinakamiga baxtli his qiladi.

Xudoyberdi TO‘XTABOYEV, O‘zbekiston xalq yozuvchisi:

– Umuman, goh-goh fikrlovchi, mulohaza qiluvchi kishilar to‘planib, yurtimizdagi tinchlik-totuvlik, farovonlik to‘g‘risida fikr almashgani yaxshi. Mana bu borada televideniyeda ham turli ko‘satuvlar, badiiy va hujjatli filmlar berib borilyapti. Bu, albatta, insonlarni yurtimiz osudaligining qadriga yetishga undaydi.

Kuni-kecha G‘afur G‘ulom bog‘ida bolalar kitobxonligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘ldi. Kitob bayramida hamma qatori kitoblarni qiziqib tomosha qildim. Shunday kitob bayramining o‘tkazilayotganligi yaxshi, biroq bolalar uchun yozilgan kitoblarning kamnamoligi meni o‘yga toldirdi. Axir, yosh avlod Vatanga mehr-muhabbatli, tinchlik-xotirjamlikning qadriga yetadigan bo‘lib kamol topishida adabiyotning o‘rni beqiyos emasmi?!

Tinchligimizga xavf solayotgan tahdidlardan biri ommaviy madaniyatdir. Uning turli xil ko‘rinishlari bor. Ular so‘roqsiz tafakkurga kirib oladi. Ayniqsa, internet saytlarida ommaviy madaniyat xuruji avj olgan. Bunga qarshi ko‘p kitob o‘qigan, tafakkuri keng, g‘oyaviy immuniteti mustahkam yosh avlodgina kurasha oladi. Bu xislatlarga bolalarimiz faqatgina ko‘p o‘qish va bilim egallash orqali ega bo‘lishadi.

Prezidentimiz ziyo.net internet tarmog‘ini tashkil qilish haqidagi fikrni ilgari surganda, yoshlarimizning tarmoq orqali dunyoda bo‘layotgan ma’naviy va siyosiy jarayonlardan boxabar bo‘lib borishini hamda jahonga bo‘ylashib fikrlashlarini niyat qilgandi. Buning natijasida yoshlarimiz ma’naviyati, yutuqlari ancha yuqorilamoqda. Jahon fan olimpiadalaridagi, sportdagi g‘alabalar bunga misoldir. 

Bugungi rivojlangan zamonda bolalarimiz nima bilan shug‘ullanyapti, degan savol meni ko‘p o‘ylantiradi. Biri kitob o‘qiyapti, ikkinchisi internet bilan mashg‘ul. Shu narsaga e’tibor qaratish kerakki, bolalar kitobxon bo‘lsa oqu-qorani ajrata biladi. Negaki kitob qalblarga yorug‘lik olib keladi.

O‘tkir QAYUMOV, «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini  o‘rganish markazi direktori o‘rinbosari:

— Haqiqatan ham, qachon notinch, behalovat joyda taraqqiyot bo‘lgan? Bunday joyda kim o‘zini baxtli his qiladi? Aksincha, osoyishtalik bo‘lgan joydagina rivojlanish bo‘lgan, xalq farovon hayot kechirgan, saodatga erishgan.

Jahonda va yon-atrofimizda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga to‘g‘ri va xolis baho bermay, kechayotgan jarayonlardan tegishli xulosa chiqarmay, «bu tahdidlarning menga daxli yo‘q, ular haqida boshqalar bosh qotirsin», degan tushuncha bilan yashashning, loqaydlikning vaqti allaqachon o‘tgan. Zotan, urush olovi yonayotgan mamlakatlar aholisi o‘zlari yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolarning, aniqrog‘i birovlarning nog‘orasiga o‘ynashning jabrini tortayapti.

Sir emas, jahonda xalqlarning tinchini buzayotgan guruhlar va kuchlar ishonuvchan yoshlardan foydalanmoqda. Bu bilan nafaqat bugungi kun, balki kelajak ham vayron qilinishini bunday yovuz kuchlar juda yaxshi anglaydi.

Yuqorida to‘g‘ri aytildi. Biz farzandlarimizda milliy g‘urur, mustaqil fikr va dunyoqarashni shakllantirishimiz zarur. Fikrimcha, buning uchun oila muhitini yaxshilash kerak. Xohlaymizmi, yo‘qmi bola dastlabki tarbiyani, hayotga qarashni, ilk saboqlarni oiladan oladi. Yigit-qizlarning ongini, mustaqil tushunchasini boyitish ishlarini faqat ta’lim dargohlarida olib borish bilan cheklanmaslik kerak. Bu borada ota-onalarning ham yordami muhim o‘rin tutadi. Biz nafaqat maktab va kollejlarga, balki oilalarga ham kirib borishimiz lozim, deb hisoblayman.

Aksana XUSHVAQTOVA, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti ilmiy xodimi:

— Shu o‘rinda bir narsaga e’tibor qaratishni istardim. Internet bugungi kunda kuchli va shu bilan birga xatarli qurolga aylanib qoldi. Turli videoroliklarning tarqatilishi, fotosurat, maqola va ovozli xabarlar bilan odamlarning ongiga ta’sir o‘tkazish usullari odatiy holga aylandi. Agar hozirgi vaqtda yoshlarimizning katta qismi bo‘sh vaqtini turli ijtimoiy tarmoqlar, saytlarda o‘tkazayotganini hisobga olsak, muammoning qanchalik muhim ekanini anglash qiyin emas. Internet shunday olamki, unda soniyalarda sanoqsiz axborotlar joylashtiriladi. Ularning ichida insonlarni yaxshilikka chorlaydigani ham, tubanlikka boshlaydigani ham bor.

Sir emaski, qancha yoshlar bir-birlari bilan internet orqali pinhona tanishmoqda, bir-birlarini sinamay, bilmay do‘stlashmoqda. Achinarlisi, biror marta ham ko‘rmagan suhbatdoshiga o‘zining sirlarini ochmoqda. Bunday yozishmalar internet xotirasida uzoq vaqtgacha saqlanadi va xohlagan vaqtda bu sirlardan ogoh bo‘lish, kerak bo‘lsa g‘araz maqsadlarda ham foydalanish mumkin.

Bugungi kunda yurtimizda oddiy maktab o‘quvchisi ham xorijiy tillarni biladi va muloqot qila olish imkoniyatiga ega. Demak ularning ijtimoiy tarmoqlardagi buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolish ehtimoli yuqori. Biz har qanday sharoitda ham tahdidlarga tayyor turishimiz, internet olamidan o‘zimizga keragini ola bilishimiz lozim. Shu yo‘l bilan tinchligimizni saqlashga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Demak oldimizda turgan muhim vazifalardan biri, avvalo, yosh avlodni internetdan foydalanish savodxonligini oshirishimiz kerak. Bu ish oiladan, boshlang‘ich maktab davridanoq amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.    

Mehrinoz ABBOSOVA, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi:

— Prezidentimizning «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» kitobini o‘qib, bugungi kunlarga osonlikcha yetib kelinmaganini chuqur anglab yetdik.

Davlatimiz rahbarining, tinchlik uchun ko‘rsatgan jasoratini, bu zamon o‘z-o‘zidan bo‘lmaganini shu kitob orqali bildim. Yaqinda internet orqali bir xabar tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, AQShning Kolumbiya universiteti sotsiologlari tomonidan «Dunyoning eng baxtli mamlakatlari» degan mavzuda tadqiqot o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, yurtimiz mazkur reytingda 158 mamlakat orasida 44-o‘rinni, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari o‘rtasida esa birinchi o‘rinni egallagan. Bunga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q, albatta. Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, olib borilayotgan oqilona siyosat, xalqimizning fidokorona mehnati samarasidir.

Yaqinda yurtimizning bir guruh yoshlari «Biz buyuk yurt farzandlarimiz» shoiri ostida Buxoroda bo‘lib qaytishdi. Tengdoshlarim qatori men ham u yerga bordim, biz ko‘p muloqotlarda bo‘ldik. Xo‘sh, O‘zbekiston farzandlari nima deydi? Ular hayotdan mamnun, ertasidan ko‘ngli to‘q yashayapti. Mana g‘urur va iftixor bag‘ishlaydigan eng muhim narsa. Bundan ko‘nglim bir olam quvonchga to‘ldi. Ana shunday yurt farzandi ekanligimdan, ana shunday mustaqil fikrli tengdoshlarim borligidan behad shodlandim.

Och-nahorlikda, ko‘cha-ko‘ylarda sarson bo‘lib yurgan yoshlar kammi bu dunyoda? Biz ularni ko‘rib fikr qilishimiz, o‘tayotgan har bir baxtli daqiqamizning qadriga yetishimiz kerak bo‘ladi.

Yurtboshimiz har chiqishlarida bizga katta ishonch bildiradi. Kimlarning avlodi ekanimizni unutmasligimizni ta’kidlaydi, marrani baland olishimizni aytadi, hech kimdan kam emasligimizni uqtiradi.

 Äàâëàò rahbarining bizga bildirgan bu ishonchi har bir yoshni ruhlantirishi, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga undashi shubhasiz, albatta. Bobolarimizdan meros qolgan ana shu buyuk tuproqni ko‘z-qorachig‘idek asrash har birimizning burchimizga aylanishi kerak. Bizni qo‘llab-quvvatlovchi, ezgu maqsadlarimizga qanot bo‘lguvchi mustaqil, tinch va osoyishta Vatanimiz, xalqimiz bor.

 

To‘lqin TO‘RAXONOV,

Laziza SHEROVA,

Bobur ELMURODOV

tayyorladi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: