O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
15.03.2012

Aholi bandligi ijtimoiy muhofaza asosi

Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib kelinayapti. Bu jarayonda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham munosib ishtirok etishga harakat qilmoqda. Partiyamizning 2011-2014 yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturida yangi ish o‘rinlari ochish va aholi bandligini ta’minlashda ishtirok etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Har bir hududda partiya faollari va mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari ularning ijrosiga alohida e’tibor qaratmoqda.

O‘tgan yili hududiy partiya tashkilotlarimiz, mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari bu borada muayyan natijalarga erishdi. Masalan, Farg‘ona shahar partiya kengashi shahar Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi bilan birga kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish masalasini o‘rganib, shu asosda sessiya muhokamasiga masala kiritdi. Yutuqlar, shu bilan birga xato-kamchiliklar atroflicha tahlil etildi va ularni bartaraf etish yuzasidan sessiyaning tegishli qarori qabul qilindi. Hudud infratuzilmasini inobatga olgan holda aniq investitsion dasturlarni shakllantirish va hayotga tatbiq etish bo‘yicha tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Bu joylarda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilashga qo‘shimcha imkon yaratdi.

Shuningdek, Farg‘ona shahar, Dang‘ara, Beshariq va Buvayda tumanlarida ham «Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashtirish» masalasi deputatlik guruhlarida muhokama qilindi va tegishli tartibda tuman Kengashi sessiyalari kun tartibiga kiritildi. Jumladan, Dang‘ara tuman Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi sa’y-harakati bilan tumandagi transport kasb-hunar kolleji bitiruvchilaridan 44 nafari Qo‘qon shahridagi Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish korxonasiga ishga joylashdi. Mazkur tumanlarda O‘zXDP deputatlik guruhlari a’zolari sessiya qarori ijrosi ustidan nazorat o‘rnatgan.

Namangan tuman Kengashidagi deputatlik guruhi hududda kasanachilik rivojini tahliliy o‘rgandi. Shu asosda yangi ish o‘rinlari ochish bo‘yicha tuman Kengashi sessiyasiga masala kiritildi.

Aytish o‘rinliki, O‘zXDP hududiy tashkilotlari va mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlarining qator manfaatdor tashkilot va idoralar bilan hamkorlikni kuchaytirishi kutilgan samarani bermoqda.

Qishloq aholisi uchun kommunal tarmoqlarni, qurilish sohasida xizmat ko‘rsatishni kengaytirish, shu orqali yangi ish o‘rni ochish e’tiborda bo‘ldi. Xususan, Qo‘rg‘ontepa va Jalaquduq tuman Kengashlaridagi deputatlik guruhlari a’zolari bu masalani atroflicha o‘rgandi. Yuzaga kelgan muammolar chuqur tahlil qilindi, ularning oldini olish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Tomdi tuman Kengashi sessiyasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarini ko‘paytirish hisobiga aholi bandligini oshirish masalasi muhokama qilindi. Sessiya qaroriga ko‘ra, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalariga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli loyihalar ishlab chiqildi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari, hududiy partiya tashkilotlari Harakat dasturi ijrosini ta’minlash, elektorat manfaatlarini himoya qilishda muayyan tajriba to‘pladi. Bu o‘z navbatida, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga xizmat qiladi, albatta.

Ammo Harakat dasturi ijrosiga bee’tibor qaragan mintaqaviy kengashlar va deputatlik guruhlari oz emas. Bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Xususan, Zarafshon shahrida «Sanoat korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi masala o‘rganilishi kerak edi. Lekin deputatlarning sustligi bois bu yerda hozirgacha biron-bir ijobiy ish qilingan emas.

Bundan tashqari, ayrim masalalar faqat tegishli doimiy komissiyalarda ko‘rilgan. Sessiyalarga olib chiqish kechikayapti. Masalan, Nurobod va Paxtachi tumanlarida «Kichik biznesni rivojlantirish va keng qo‘llab-quvvatlash hisobiga yangi ish joylari tashkil etish» masalasini deputatlik guruhlari izchil o‘rganmadi. Natijada elektorat manfaati bilan bog‘liq muhim masala, bu boradagi muammolar e’tibordan chetda qoldi.

Shuningdek, Nishon tuman Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi a’zolari hududdagi elektorat vakillarini o‘ylantirayotgan masalalarni belgilangan vaqtda o‘rganmadi. Holbuki, bu tuman sanoati rivojlangan hudud. Odamlarni ish bilan ta’minlash imkoni katta...

Bu kabi kamchiliklarning sababi ko‘p. Ayrim deputatlik guruhlari Harakat dasturidagi vazifalarni chuqur bilmaydi. Ular bu borada reja asosida ishlamayapti. Ko‘p hollarda deputatlarda tashabbuskorlik yetishmayotir, ishga jiddiy yondashilmayapti. Vaholanki, ular orasida hayotni ko‘rgan, tajribasi katta, salohiyatli kishilar oz emas. Biroq ular o‘z imkoniyatidan foydalana olmayapti.

Yana bir jiddiy sabab shuki, partiya mahalliy tashkilotlari va deputatlik guruhlari o‘rtasida uzviy aloqa yo‘q. Deputatga odamlar ishonch bildirgan. Shunday ekan, kishilarning og‘irini yengil qilishi, bunga har bir deputat o‘zida kuch topishi zarur. Buning uchun partiya tashkilotlari bilan hamkorlik o‘rnatish lozim.

Aks holda, deputatlarning saylov okrugidagi faoliyati yaxshilanmaydi. Ular shunchaki uchrashuvlar tashkil qilish bilan cheklanib qolaveradi. Joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, shuningdek, fuqarolar murojaati tizimi o‘rganilmaydi. Natijada deputatlar odamlardan, hayotdan uzilib qoladi. Bu ularning ham, partiyaning ham obro‘-e’tiboriga putur yetkazadi.

Muammolarni hal etish bo‘yicha tashabbus bilan chiqadigan, voqelikka xolis va tanqidiy baho beradigan deputatlar ko‘p emas. Shu bois, hududlarda partiyamizning Harakat dasturi ijrosi sust. Bu davr siyosiy partiyalar oldiga qo‘ygan talabga, partiyamiz obro‘siga to‘g‘ri kelmaydi. Shu bois partiyamizning har bir faoli, deputatlar mas’uliyatli bo‘lishi, jon koyitib ishlashi kerak. Shunda elektorat manfaati bilan bog‘liq masalalar hududlarda samarali hal qilinadi.

Boymurod YuSUPOV,

O‘zXDP MK Aholi bandligi va ijtimoiy siyosat masalalari bo‘limi mudiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: