O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
15.03.2012

Ijtimoiy adolat uchun aniq takliflar kerak

«Adolat» SDP esa bu dolzarb vazifa ijrosini yig‘ilishlarda qatnashish bilan ta’minlash mumkin, deb o‘ylayotganga o‘xshaydi

Har qanday siyosiy partiya saylovlar jarayonida imkon qadar ko‘proq saylovchilar ovozini olishga harakat qiladi. Vakolat muddatida bajarilishi ko‘zda tutilayotgan asosiy yo‘nalishlarni aks ettiruvchi saylovoldi dasturi ishlab chiqiladi, har bir siyosiy partiya o‘z platformasi afzalligiga odamlarni ishontirishga harakat qiladi. Berilgan va’dalar amalga oshsa, partiyaga ishonch ortadi. Amaliy ish o‘rniga havoyi gaplar bilan cheklanilsa, qilayotgan ishi va’dasiga mos kelmasa, tabiiyki, bunday partiyaning jamiyatda mustahkam o‘rni bo‘lmaydi.

«Adolat» SDPning saylovoldi Dasturida belgilangan juda dolzarb va katta masalalar bilan amaliy faoliyati qiyoslansa, so‘zi boshqa-yu, ishi boshqaligi ma’lum bo‘ladi. Ko‘p hollarda esa partiya vakillari qaysidir yig‘ilishda qatnashganini keng yoritish bilan, «ushbu masalada bizning o‘rnimiz katta», degan da’voni ilgari surayotgani sezilib qoladi.

«Adolat» gazetasining 2011 yil 48-sonida «Yosh iqtidorlar kashf etilmoqda» degan maqola berildi. Unda O‘zFA qoshidagi «Yosh olimlar kengashi» a’zolari safi ortib borayotgani, tadbirda «Adolat» SDP Siyosiy kengashi rahbarlaridan biri qatnashib, so‘zga chiqqaniga urg‘u beriladi. Vaholanki, «Yosh olimlar kengashi»ning bunday yig‘ilishlari muntazam o‘tkazib kelinadi. Bu jarayonga «adolatchi»larning qay darajada aloqasi bor? Yoki «Adolat» SDP mazkur kengash tuzilishida tashkilotchilardan biri bo‘lganmidi?

«Adolat»chilar O‘zXDP MK tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan iqtisodiy forumlar haqida asossiz fikr bildirib, bizni birovlarning ishini o‘zlashtirib olyapti, degan zamini puch da’voni bildiradi. Birovning mehnatini o‘ziniki qilish bizga emas, balki «Adolat»ga xosroq odat emasmi? O‘zXDPning o‘zi tashkil etgan tashabbuslari, amaliy ishlari bor, birovning mehnatiga sherik bo‘lishga ehtiyoji yo‘q.

O‘zXDP emas, balki aynan «Adolat» SDP boshqalarning ishiga sheriklikka intilayotganiga misollar oz emas. Bu partiya nashrining 2012 yil 27 yanvar sonidagi «Umumiy maqsad yo‘lida» nomli maqolada keltirilishicha, «Adolat» SDP tashabbusi bilan «topinambur» o‘simligidan import o‘rnini bosuvchi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasi haqida so‘z yuritiladi. O‘simlikning shifobaxsh xususiyatlari haqida partiya aholini xabardor qilayotganligi shunchalik mamnuniyat va g‘urur bilan tilga oladiki, siyosiy jarayonlar, partiyalar orasidagi g‘oyaviy kurashlardan ozgina bo‘lsa-da, xabardor kishi bu materialni o‘qisa, yuzida tabassum paydo bo‘ladi. Partiya uchun bu kabi ishlarni amaliy ish deb ko‘rsatishni qanday baholash mumkin? Ehtimol, «adolatchi»lar maqsadi partiyalararo bahs bahonasida bu o‘simlik shifobaxshligini reklama qilishdir?

Gazetaning 2012 yil 27 yanvar sonida asosiy mavzu sifatida «Partiya tashabbusi» rukni ostida «Elektron ta’lim va masofali o‘qitish. Uning huquqiy asoslarini takomillashtirish — dolzarb masala» mavzusidagi maqola e’lon qilindi. Unda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida «Elektron ta’lim va masofali o‘qitishning huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari» mavzusida tashkil etilgan elektron konferensiya haqida so‘z boradi. Biroq masofali o‘qitishni rivojlantirishga oid qarorlar sanab o‘tilgani holda, ularni qanday takomillashtirish to‘g‘risida bironta aniq fikr bildirilmagan. Undan tashqari, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste’dod» jamg‘armasi qoshidagi masofali o‘qitish markazida respublika ta’lim muassasalarining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarning masofadan malaka oshirishi yo‘lga qo‘yilgan»i ta’kidlanadi.

Shuningdek, «2011 yilda O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi, «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligidagi «O‘zbekiston Respublikasida «Elektron ta’lim» milliy tarmog‘ini yaratish» loyihasi asosida barcha oliy ta’lim muassasalari, «Iste’dod» jamg‘armasi, ilmiy ma’rifiy muassasalar yagona «Elektron ta’lim» tarmog‘iga ulandi», degan ma’lumot ham beriladi. Bilmaganlar bilib qo‘ysin, masofaviy o‘qitish, elektron ta’lim tizimi oliy ta’limda qator yillardan buyon mavjud bo‘lib, yildan-yilga rivojlanib, xalqaro andozalarga javob beradigan darajaga yetmoqda. Nahotki, «Adolat» endi uni «yangi innovatsiya» atab, bu ishlar bizning yordamimiz va ishtirokimizda amalga oshirilmoqda, deya da’vo qilsa?

To‘g‘risini aytganda, bir hisobda, ular juda to‘g‘ri yo‘lni tanlashgan. Davlat idoralari amalga oshirayotgan ishlarning ketidan ergashib ketaversa, kishi adashmaydi, uyalib ham qolmaydi. Chunki bu ishlar izchil amalga oshaveradi, natijasi yuksalaveradi. Mevali daraxtning tagida o‘tirgan odam baribir uning mevasidan bahramand bo‘ladi-da.

Mamlakatimizdagi o‘zgarish va yangilanishlardan odamlar yaxshi xabardor. Ayniqsa, har bir sohaning egalari qaysi ish kim tomonidan bo‘layotganini ko‘rib, bilib turadi. Shunday bo‘lgach, birov yaratgan yangilik yoki qilgan mehnatga o‘zini sherik qilib ko‘rsatishga urinish hech kimga, ayniqsa, siyosiy partiyaga munosib ish emas, ozgina bo‘lsa-da, o‘zingning amaliy ishingdan gapirsang yarashadi.

Alisher RAVShANOV,

O‘zXDP MK Matbuot xizmati xodimi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: