O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
13.03.2012

Vada boshqa, amaliy ish boshqa

yoki ayrim joylarda O‘zLiDePning Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar unutilayotgani haqida

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va unda siyosiy partiyalar ishtiroki tahlil etilsa, o‘ziga ortiqcha baho berayotgan partiyalarning haqiqiy ahvoli ma’lum bo‘ladi, qo‘yadi.

Bugun siyosiy partiyalar faoliyatidagi yutuq va kamchiliklarni aniqlash unchalik qiyin ish emas. Har bir siyosiy kuch saylov oldidan belgilab olgan Dasturiga ega. Oradan ma’lum muddat o‘tgan hozirgi sharoitda o‘sha va’dalar ijrosiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Faqat xolis xulosa chiqarish kerak: ijro hokimiyati amalga oshirayotgan ishlar bilan siyosiy partiyaning faoliyatini aralashtirib yubormaslik zarur.

Siyosiy partiya Dasturida vazifalar aniq bayon etilgan va ular aniq ijroni talab etadi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zLiDeP Saylovoldi dasturida ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida «Hozirgi sharoitda asosiy e’tibor media-tarmoqlar, matbaachilik korxonalarini axborot-kommunikatsiya sohasidagi eng yangi yutuqlar asosida yaratilgan texnika va asbob-uskunalar bilan ta’minlash masalalariga qaratilishi zarur»ligi qayd etilgan.

Albatta, media-tarmoqlar va matbaachilik korxonalarini yangilash va modernizatsiya qilish bo‘yicha mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, mustaqillikdan oldin yurtimizda 475 bosma va elektron ommaviy axborot vositalari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 1200 tani tashkil etayapti. Ayniqsa, matbaa sohasining jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotganiga mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 1400 dan ortiq matbaa korxonalari misolida amin bo‘lishimiz mumkin. Ular o‘z mahsuloti bilan nafaqat ichki bozorni to‘ldirmoqda, balki tashqi bozorga ham mahsulot eksport qilayotir.

Vazirlar Mahkamasining 1998 yildagi «O‘zbekiston Respublikasida matbaa faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida»gi hamda 2002 yildagi «Matbaa korxonalarini ro‘yxatga olish va hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorlari matbaa korxonalari faoliyati rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari Ro‘zmat Safoevning ta’kidlashicha, yurtimizda matbaa sohasini jahon andozalari darajasida rivojlantirish, poligrafiya korxonalarini texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish masalasiga doimiy e’tibor qaratilib kelinayapti. Xususan, matbaa korxonalarining aksariyati zamonaviy, jahon standartlari talabiga javob beradigan, yuqori quvvatga ega matbaa uskunalari bilan jihozlangan.

Ammo matbaa korxonalari faoliyatini yanada takomillashtirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni keng jalb etish, ishlab chiqarish jarayonini yanada sifatli va samarali tarzda yo‘lga qo‘yish borasida ayrim muammolar ham yo‘q emas. Masalan, Surxondaryo viloyatidagi matbaa korxonalari, xususan, bosmaxonalar faoliyati bunga misol bo‘la oladi. Zamon talablaridan ortda qolgani, moddiy-texnika bazasi yangilanmagani uchun bu bosmaxonalar xizmatidan viloyatdagi aksariyat matbuot nashrlari foydalanmaydi. Viloyatdagi qator gazetalar Qarshi va Samarqand shahridagi zamonaviy bosmaxonalarda chop etilmoqda.

Bu jarayonga Surxondaryo viloyati Matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i O‘rol Oltiboev shunday izoh berdi:

— 2012 yil 9 mart holatiga ko‘ra, viloyatimizda 33 ta davriy bosma nashr davlat ro‘yxatiga olingan. Shundan 14 ta gazeta viloyatdagi «Denov bosmaxonasi» va «Surxondaryo bosmaxonasi»da, 6 tasi Samarqand shahridagi «Noshir lyuks», 11 ta gazeta Qarshi shahridagi «Uzoq bobo» bosmaxonasida va 2 ta gazeta Toshkent shahridagi bosmaxonalarda chop etiladi. Ayni paytda viloyatimizda gazeta chop etishga mo‘ljallangan 3 ta matbaa korxonasi bor, lekin ular zamonaviy texnika va asbob-uskunalar bilan ta’minlanmagan, gazetalarni rangli bosish imkoniyatiga ega emas. Shuning uchun o‘z mahsulotini rangli chop etishni xohlagan tahririyatlar boshqa viloyatlardagi bosmaxonalar xizmatidan foydalanishga majbur bo‘layapti.

Ma’lum bo‘lishicha, Samarqandda chop etilayotgan gazetalar orasida viloyatning bosh nashri — «Surxon tongi» va «Zarya Surxana» gazetalari ham bor. «Zarya Surxana» gazetasi bosh muharriri Gulbahor Tangirovaning ta’kidlashicha, gazeta keyingi paytda A-2 formatda rangli chop etilayapti. Viloyatdagi mavjud bosmaxonalarda bunday imkoniyat yo‘qligi sababli Samarqanddagi bosmaxona xizmatidan foydalanishga majbur bo‘linayapti.

Har bir sohaning taraqqiyoti uchun mas’ul tashkilot va idoralar bor, albatta. Ammo mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha siyosiy partiyalar o‘z zimmasiga olgan vazifalar ham aniq. Xususan, O‘zLiDePning saylovoldi Dasturida yuqorida aytilganidek, media-tarmoqlar va matbaachilik korxonalarini modernizatsiya qilish va yangilash masalalari ustuvor yo‘nalishlardan etib belgilangan.

Biroq 2009 yilgi saylovlardan beri o‘tgan ikki yil orasida xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlari bu masalaga e’tibor qaratishni unutgan ko‘rinadi. Viloyat sessiyalarida bosmaxonalarni modernizatsiya qilish, zamonaviy texnika va asbob-uskunalar bilan ta’minlash masalasini biror marta muhokama qilishga erishmagan, hatto taklif va tavsiyalar ham berishmagan.

Va’dani berish oson, lekin uni amalda bajarish uchun faollik va tashabbus talab etiladi. Saylovoldi Dasturida katta-katta va’dalarni bergan, bugun ham o‘z faoliyatlariga yuksak baho berayotgan liberallar so‘zimizga ishimiz mos kelayaptimi, deb o‘zlariga savol berib ko‘rishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Elmurod EGAMQULOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: