O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
03.03.2012

Vada katta edi, natija-chi?

Chakana savdo sohasida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirish masalasi O‘zLiDePning Saylovoldi dasturida belgilangan edi. Xo‘sh, liberallar bu borada qanday tashabbus bilan chiqishdi, qanday ishlarni amalga oshirishdi?

Bugun mamlakatimizda plastik kartochkalar bilan savdo qilish tizimi jadal rivojlanayapti. Chunki bu zamon taqozosiga aylandi, har bir tijorat banki o‘z mijozlariga jahon talablariga javob beradigan zamonaviy bank xizmatlari ko‘rsatishga intilmoqda.

Aytish joizki, naqd pulsiz hisob-kitoblar mexanizmini rivojlantirish, aholining bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda to‘lovlarni amalga oshirishi uchun hukumatimiz keng imkoniyat va qulaylik yaratib bermoqda. Prezidentimizning «Bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitob tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori tizimni takomillashtirishga samarali xizmat qilayapti. Tijorat banklari tomonidan plastik kartochkalar tizimini rivojlantirishni yanada jadallashtirish maqsadida shahar va tuman hokimliklari, manfaatdor idoralar, kompaniyalar, uyushmalar bilan birga qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, plastik kartochka naqd pulsiz hisob-kitobning zamonaviy, ishonchli va qulay vositasi. Uning juda ko‘p afzalliklari bor. Xususan, hisob-kitobning tezkorligi, yonida naqd pul ko‘tarib yurmaslik yoki kassa oldida naqd pulni bir necha bor sanashga sarf qiladigan vaqtni tejaydi. Har qanday joyda va istalgan vaqtda masofadan turib to‘lovni amalga oshirish mumkin.

Bu borada mamlakatimizda qisqa davr ichida qator ijobiy ishlar qilindi. Markaziy bankning Toshkent shahar bosh boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda poytaxtda davlat ro‘yxatidan o‘tib, faoliyat ko‘rsatayotgan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining 17 mingdan ortig‘i (91 foizi) to‘lov terminallari bilan jihozlangan. Shuningdek, naqd pul mablag‘lari bilan uzluksiz ta’minlash hamda barcha turdagi to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida poytaxtdagi bank muassasalari va yirik korxonalarda 133 ta bankomat, 238 ta infokiosk va 2226 ta kassa terminallari o‘rnatilgan. Toshkent shahrida joriy yilning 1 fevral holatiga ko‘ra, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bank plastik kartalari soni qariyb 1,4 barobarga o‘sdi va 1,8 million donadan oshdi.

Ammo shunga qaramay plastik kartochkalar orqali hisob-kitob qilishda ayrim muammolar borligidan ham ko‘z yuma olmaymiz. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitob tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarorining 3-bandida keltirilgan ilovaga asosan aholi bilan hisob-kitoblarni amalga oshiradigan va bank plastik kartochkalaridan to‘lovlar qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminallari bilan jihozlanishi shart bo‘lgan chakana savdo hamda xizmat ko‘rsatish sohasi ob’ektlari ro‘yxatini kengaytirish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari — mulkchilik shakli, savdo hajmi, inshootning o‘lchamidan qat’i nazar, to‘lov terminallari bilan jihozlanishi kerak. Lekin bunga hamma savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida amal qilinayapti, deb bo‘lmaydi.

Davlat soliq qo‘mitasi Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi Toshkent shahar bo‘limi bergan ma’lumotlar buni tasdiqlab turibdi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: o‘z Saylovoldi dasturida chakana savdo sohasida naqdsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish mexanizmlari samaradorligini ta’minlashga va’da bergan O‘zLiDeP faollari, Toshkent shahar Kengashidagi partiya deputatlik guruhi bu borada qanday tashabbus bilan chiqayapti? Yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarga qay darajada e’tibor qaratmoqda?

Ma’lumotga ko‘ra, bu masala yuzasidan O‘zLiDeP deputatlari o‘tgan yil davomida biron bir tashabbus bilan chiqmagan. Soliq idoralari, tijorat banklariga bironta taklif yoki tavsiya kiritmagan. Yoki O‘zLiDeP Saylovoldi dasturida belgilangan bu vazifani unutdimi?

Ma’lumki, terminal orqali to‘lovlar qabul qilinganda savdo va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga soliq imtiyozi mavjud, pul mablag‘larining tezligini oshirish hisobiga inflyatsion zararning riski kamayadi. Plastik kartalar orqali hisob-kitobni rivojlantirish muomaladagi naqd pul massasini qisqartirish va uning taqchilligini bartaraf etish, davlat byudjetiga soliq tushumining oshishiga xizmat qiladi. Shuningdek, yuridik shaxslar ham bir qator imtiyozlarga ega. Ular ko‘rsatilgan xizmatlarga plastik kartalar qo‘llanilib to‘langan hajmidan amaldagi stavkaga nisbatan 10 foiz pasaytirilgan stavka bo‘yicha foyda solig‘i yoki yagona soliq to‘laydi. Qolaversa, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar to‘lov terminallarini imtiyozli kreditlardan foydalangan holda (Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 50 foizi miqdorida) xarid qilish yoki lizingga olishi mumkin.

Shuncha imkoniyat bo‘lsa-da, to‘lov terminallarining ahamiyati va afzalligini bilmaganlik yoki tushunmaganlik uchun tadbirkorlar o‘rtasida qonun buzilish holatlari sodir bo‘lmoqda. Anglashiladiki, O‘zLiDeP o‘z elektorati bilan ularning bu boradagi huquqiy bilimini oshirish borasida tegishlicha chora-tadbirlar ko‘rmagan.

Shu o‘rinda liberallarga eslatib qo‘ymoqchimiz, partiyaning Saylovoldi dasturida bankdan tashqari pul aylanishini qisqartirish belgilangan, vakillik organlaridagi deputatlari orqali moliya va bank tizimi barqarorligini kuchaytirishga, bu borada zarur chora-tadbirlar ishlab chiqib, ularning qabul qilinishiga ko‘maklashaverish alohida vazifa sifatida qayd etilgan.

Elmurod EGAMQULOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: