O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
28.02.2012

Yangi qonunning OzLiDePcha talqini bilan kelisha olmaymiz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinmoqda

Kuchli fuqarolik jamiyati shakllanishida turli ijtimoiy institutlar, jumladan, siyosiy partiyalar faoliyati hal qiluvchi omillardan hisoblanadi. Bu esa har bir siyosiy partiyada hayotga teran nazar bilan qarab, masalaning shakliga emas, mohiyatiga e’tibor qaratish, sog‘lom fikrlash zaruratini uyg‘otadi. Afsuski, ayni mana shu joyda siyosiy raqiblarimiz qarashlarida chalkashliklar ko‘zga tashlanadi. Xususan, O`zLiDePning ijtimoiy islohotlarni yoqlab turgan O‘zXDPni asossiz ayblayotgani kishini o‘yga toldiradi.

«XXI asr» gazetasining 2012 yil 23 fevral sonida e’lon qilingan «Yangi qonun XDPning eskicha qarashlarini o‘zgartira oladimi?» nomli maqola yuqoridagi to‘xtamga kelishimizga turtki bo‘ldi.

Liberallar o‘z saylovoldi dasturida «O`zLiDeP hamjihatlikni saqlash, taraqqiyot va farovonlikka, Vatanimizning gullab-yashnashiga hamda xalq turmushining yanada to‘kin bo‘lishiga intiladi», deya e’tirof etgan bo‘lsa-da, bu qonun loyihasi bo‘yicha bildirayotgan fikrlarida o‘rta sinf manfaatlarigagina e’tibor qaratib, o‘z va’dalarida aytilganidek, xalqni emas, fuqarolar ayrim guruhlari manfaatlarini jamiyat manfaatidan ustun ko‘rmoqda. Ayniqsa, O’zLiDePning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi ayrim deputatlari qonun loyihasini to‘g‘ri talqin qila olmayotgani jamiyatning ijtimoiy yordamga muhtoj qatlami manfaati himoyasiga mas’ul O‘zXDPni befarq qoldirmaydi. Maqolada O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi qonun loyihasida birinchi marta «Xususiy mulkni olib qo‘yishga faqat jamiyat manfaatlari taqozo etgan va olib qo‘yish maqsadiga boshqa har qanday yo‘l bilan erishish mumkin bo‘lmagan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi», degan yangi norma kiritilayotganini ta’kidlaydi. Aslida esa, bu yangilik emas. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 202-moddasida ayni holat keltirib o‘tilgan. Umuman, qonun loyihasi mulkning muqaddaslik prinsiplarini o‘z ichiga qamrab olgan. Jumladan, unda mamlakatda amalga oshirilayotgan bugungi iqtisodiy, ijtimoiy jarayonlar nazarda tutilgan, masalan, mol-mulkni xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib-chiqish va bekor qilishga yo‘l qo‘yilmasligi, xususiy mulk huquqini amalga oshirishda davlat organlari va mansabdor shaxslar aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi kabi me’yorlar o‘rin olmoqda. Bu tushunarli. Ammo yuqoridagi maqolada quyidagi g‘alati fikr bildiriladi:

«...o‘z mulkiga ega bo‘lgan o‘rta qatlam nafaqat iqtisodiyotni mustahkamlash, balki aholini ish bilan ta’minlash va fuqarolarning turmush farovonligini oshirishning ham muhim omiliga aylanganini ta’kidlash joiz». Umuman, maqolada xususiy mulk va xususiy mulkdorlarga nisbatan munosabat ham biryoqlama talqin qilinganiga guvoh bo‘lish mumkin. Mulkdorlar sinfida O’zLiDeP o‘z elektoratini ko‘rar ekan, xususiy mulk egasi va tadbikorning orasida ma’lum farq va masofa borligini ham e’tiborga olsa, xolisona yondashuv bo‘lar edi.

Maqolada «... qonun loyihasi birinchi marta «Xususiy mulkni olib qo‘yishga faqat jamiyat manfaatlari va olib qo‘yish maqsadiga boshqa har qanday yo‘l bilan aralashish mumkin bo‘lmagan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi», deyilganu nima uchundir O‘zXDPning jamiyat manfaatlariga xizmat qiluvchi qarashlari tanqid ostiga olinadi?

Shuni ham aytish kerakki, qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida «jamiyat manfaati» jumlasini «davlat va jamiyat» deya to‘g‘rilash taklifi O‘zXDP fraksiyasi a’zolari tomonidan kiritilgan.

Kezi kelganda siyosiy raqiblarimizga Yurtboshimiz tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirishning beshta asosiy tamoyilining bittasi aynan bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida kuchli ijtimoiy siyosat yuritish ekanligini eslatib qo‘ymoqchimiz. Qolaversa, aholining faqatgina bitta qatlami manfaatlarini aks ettirish orqali maqsadga erishib bo‘larmikan, degan savol tug‘iladi.

Dilbar XOLIQOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Darhaqiqat, barchaga ma’lumki, bozor iqtisodiyoti bu — erkin tadbirkorlik tamoyillariga, xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarga asoslangan iqtisodiyotdir. Ya’ni, bozor iqtisodiyoti xususiy mulk va tovar-pul munosabatlari asosida rivojlanadi. U tadbirkorlik tamoyillari, mulkchilik shakllarining turli-tumanligi, ishlab chiqarish vositalari, narxlarning bozorga monand shakllanishi, xo‘jalik sub’ektlari (odamlar, korxonalar va hokazo) o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlar, davlatning xo‘jalik faoliyatiga cheklangan aralashuvi asosiga quriladi.

Menimcha, O’zLiDePchilar O‘zXDP dasturiy maqsadlarini tor ma’noda, ya’ni xususiy mulkchilikning inkor etilishidan iborat, deb tushunadi. Holbuki, xususiy mulkga mamlakatimizning har bir fuqarosi egalik qiladi. Bu esa, demokratik rivojlanish jarayonida bozor munosabatlari ijtimoiy yo‘naltirilgan bo‘lishi va shu boisdan jamoatchilik manfaatlariga xizmat qilishi lozim, degan tushunchaning yuzaga kelishiga asos bo‘ladi. Qolaversa, Bosh Qomusimizning 53-moddasida belgilab qo‘yilganki, «Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.

Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin».

Menimcha, O’zLiDeP jurnalisti o‘zi so‘z yuritayotgan masalaning muhim jihatlarini o‘zi anglab yetmagan ko‘rinadi. Axir xususiy mulk haqida so‘z yuritganda, faqat ishlab chiqarish vositalariga bo‘lgan mulkchilik nazarda tutilmaydi-ku! Xususiy mulk bu mulkning shunday bir shakliki, u jismoniy yoki yuridik shaxs, yo bo‘lmasa, ular guruhining mulkchilik predmetiga bo‘lgan, qonun bilan himoyalangan huquqini nazarda tutadi.

«Biz mustaqil taraqqiyotimizning dastlabki yillaridan boshlab ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholining daromadlari va turmush sharoitida keskin tafovut bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka katta e’tibor qaratmoqdamiz.

Keyingi o‘n yilda yurtimizda aholi daromadlari hajmi 8,1 barobar ortgan bir paytda, ish haqi, ijtimoiy ko‘makka muhtoj toifalarning daromadlari miqdorini jadal oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va soliq imtiyozlari berish hisobidan aholining eng past va eng yuqori daromadga ega bo‘lgan guruhlari o‘rtasidagi tafovut, boshqacha aytganda, daromadlardagi farq koeffitsienti 21,1 barobardan 8,3 barobarga qisqardi».

Prezidentimiz 2011 yilning asosiy yakunlari va 2012 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida ana shu jihatga alohida e’tibor qaratib o‘tgani o‘rta sinf manfaatini himoya qilishga alohida e’tibor qaratuvchi partiyaning nazaridan chetda qolmasligi lozim. Masalaning ana shu muhim jihatlarini hisobga olib sog‘lom fikrlagan kishi ijtimoiy yo‘naltirilgan va jamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan g‘oyalar tarafdori bo‘lgan O‘zXDPga asossiz da’volar qilmagan bo‘lardi. Biz partiyalararo bahs g‘oyalar kurashi orqali bo‘lishi tarafdori ekanimizni ilgari ham ko‘p bor aytganmiz. Va shunday nuqtai nazarda qolamiz.

Alisher RAVShANOV,

O‘zXDP Markaziy Kengashi Matbuot xizmati xodimi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: