O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
27.02.2012

Norin kaskadi tabiatga suiqasd

Ushbu qaydlar muallifi — butun umrini Markaziy Osiyo tabiatini o‘rganishga bag‘ishlagan geografdir. Mening ishlarim va sobiq ittifoqning turli respublikalaridagi hamkasblarim mehnatining asosiy natijasi — mintaqamiz tog‘lari, tog‘ bag‘irlari va tekisliklari alohida mavjud bo‘lmay, yagona yer organizmini, bir butun geotizimni tashkil etishini anglashdan iborat bo‘lgan.

Har qanday organizmdagi kabi, geotizimda ham, uning barcha qismlarini birlashtiruvchi moddalar oqimi, o‘ziga xos landshaft qoni mavjud bo‘lib, bu suvdir. Daryo oqimi tufayli suv havza geotizimi ishlaydi va rivojlanadi, u tashqi ta’sirlar natijasida — iqlim o‘zgarishiga va insoniyat aralashuviga reaksiya beradi.

Fan bunda qandaydir mutlaqo yangi bo‘lgan masalani ochayotgani yo‘q: bizning dehqonlarimiz Markaziy Osiyodagi daryolarning yuqori qismi va quyidagi vodiylarning uzviy bog‘liq ekanligini allaqachon his etishgan.

Tabiat taqozosi bilan shunday bo‘lganki, Sirdaryo havzasidagi 37,9 kub kilometr o‘rtacha yillik oqimning 28,0 kub kilometri yoki deyarli 74 foizi Qirg‘izistonda hosil bo‘ladi, ayni paytda O‘zbekiston hissasiga atigi 5,6 kub kilometr yoki 15 foizdan kamrog‘i to‘g‘ri keladi.

Shunisi nihoyatda afsuslanarliki, Norin-Sirdaryo daryosi oqimi shakllanadigan zonada gidrouzellar kaskadini loyihalashtirish va qurish ilmiy asoslanmagan. Ma’lumki, uning resurslarini o‘zlashtirish rejasi o‘tgan asr yetmishinchi yillarida paydo bo‘lgan.

U vaqtlarda gidrotexniklar va qator muhandislar loyihani amalga oshirishning keyinchalik bo‘ladigan salbiy oqibatlarini bashorat qilish va ularning oldini olish yoki yumshatish, tashqi muhitga ta’sir etishini baholash amaliyoti haqida hatto tushunchaga ham ega bo‘lmaganlar.

Ular faqat qishda suvni to‘plash va suv omborlarini bahor, yoz paytlarida dalalarni sug‘orish uchun bo‘shatishni bilishgan. Yilning qish faslida elektr quvvati ishlab chiqish uchun suv berishni qisqartirish maqsadida Qirg‘izistonga muntazam ravishda yonilg‘i yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Kaskadning bosh GESi — To‘xtag‘ul GESi to‘la quvvat bilan mo‘‘tadil irrigatsiya tartibida uch yil ham ishlamadi. Sobiq ittifoq tarqalishi bilan mazkur loyiha hayotdan mutlaqo uzoq ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Hozirgi paytda tarkibiga 6 ta — To‘xtag‘ul, Kurupsoy, (quvvati bo‘yicha To‘xtag‘ul GESidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi), Toshko‘mir, Shomoldisoy, Uchqo‘rg‘on va yaqinda ishga tushgan Qambarota 2-GESlari kiradigan Norin kaskadi belgilangan foydalanish qoidalari qo‘pol ravishda buzilgan holda faoliyat ko‘rsatmoqda. Qo‘shnilarimiz hattoki, suvning «daxlsiz» zaxiralaridan foydalanishga ham o‘tishdi.

Tabiat qonunlarini buzish nimaga olib keldi?

Birinchidan, Sirdaryo geotizimi tartibida chuqur o‘zgarishlar yuz berdi. Bu vodiylarni, shu jumladan, qishloq xo‘jalik yerlari va oldin o‘zlashtirilmagan to‘qay o‘rmonzorlar va butazorlardan iborat orolchalarning cho‘lga aylanishiga sabab bo‘ldi. Jonli organizmlarda biz bunday hodisalarni nihoyatda jiddiy yo‘qotish deb atagan bo‘lardik.

Ikkinchidan, dehqonchilikka ixtisoslashgan tumanlar iqtisodiyoti, suv tanqisligi tufayli juda katta zarar ko‘rayotganligi va ekin maydonlariga daryo cho‘kindilarining yetib bormayotgani natijasida katta yo‘qotishlar yuz bermoqda.

Uchinchidan, bu eng asosiysi, yozda suv yetishmasligi va qishda suv ko‘payishidan yuz minglab kishilar aziyat chekmoqda.

Ko‘z o‘ngimizda xalqaro huquq me’yorlarini ochiqdan-ochiq inkor etish holati yuz bermoqda. Ustiga-ustak Qirg‘iziston tomoni Qambarota 1-GESi qurilishini boshlab, qo‘shimchasiga Norin kaskadi yaratishni davom ettirmoqchi. Loyihani amalga oshirish uchun investitsiya kiritish, o‘ylashimizcha, qiyin bo‘ladi. Gap shundaki, Espo Konvensiyada bu masalalarda atrof-muhitga ta’sirni baholash to‘g‘risida fikrlar bildiriladi.

Ushbu hujjat transchegaraviy daryolardan foydalanish borasida biror-bir tomon ma’lum bir qaror qabul qilishidan oldin ekologik omillarni hisobga olishiga qaratilgan.

Mazkur Konvensiya tomonlar zimmasiga bir qator mas’uliyat va vazifa yuklaydi. Bu hujjat atrof-muhitga ta’sirni baholash, keyinchalik uning natijalarini muhokama qilish va ikki tomonlama maslahatlashuvni ko‘zda tutadi. Murakkab loyiha bo‘yicha qaror qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida manfaatdor tomonlar e’tirozlari to‘liq hisobga olinmog‘i lozim.

Bundan tashqari, barcha yirik banklar ekvator prinsiplari deb atalmish tamoyillarga rioya qiladi. Bu prinsiplar Xalqaro moliyaviy korporatsiya tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, loyiha tashabbuskori zimmasiga atrof-muhitga ta’sirni baholashni o‘tkazish va manfaatdor tomonlarni xulosalardan boxabar qilish vazifasini yuklaydi.

Qirg‘iziston tomoni Qambarota GESlari loyihalari ekologik xavfsizligi, ular o‘z vaqtida ekspertizadan o‘tganligini ta’kidlashadi. Lekin bu gap haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini bir qator nufuzli ilmiy tekshirish muassasalari ilgari surishmoqda. Masalan, Rossiyadagi «Gidroproekt» instituti mutaxassislari ham buni alohida ta’kidlashmoqda.

Norin kaskadining bundan buyon kengaytirishni to‘xtatish shuning uchun muhimki, har bir yangi GESning paydo bo‘lishi bu suv omborlarini to‘ldirish, bug‘lanish va filtratsiya tufayli ko‘plab miqdorda suvni yo‘qotish deganidir. Bundan esa eng avvalo O‘zbekiston zarar ko‘radi. Shuningdek, hududda yuz berishi ehtimoli ko‘p bo‘lgan zilzilalar paytida halokatlar ro‘y berishi xavfi yanada oshadi.

Amerika Seysmologiya instituti olimlarining ma’lumotlariga qaraganda, Rixter shkalasi bo‘yicha 4-5 ball magnitudagi yer osti silkinishlari Norin-Sirdaryo kaskadi to‘g‘onlari joylashgan hududlarda har yili kuzatiladi. Shuni qayd etish kerakki, Qirg‘iziston o‘zining energetik xavfsizligini ham xavf ostiga qo‘ymoqda. Chunki To‘xtag‘ul suv omborining qishki elektr energiya ishlab chiqarish quvvati keskin kamayadi.

Norin-Sirdaryo kaskadi atrofidagi nizoni qanday hal etish mumkin? Sug‘orma dehqonchilik ehtiyojlari uchun O‘zbekistonga suv sotib olishi haqida bildirilayotgan takliflarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Fanda allaqachon aniqlanganki, ishlab chiqarish va iste’mol tizimlarini modernizatsiya qilish orqali yo‘qotishlarni qisqartirish yangi qurilishdan anchagina samaraliroqdir. Yirik GESlarning o‘zini oqlash muddati odatda kamida o‘n yil bo‘ladi. Energiyani tejash loyihalari esa 2-3 yildan keyinoq foyda berishi mumkin.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda energiya yo‘qotish darajasi 30 foizdan ortiqdir. Ularni qisqartirish bo‘yicha choralar ko‘rish GESga yukni kamaytirishi va shunga mos ravishda, irrigatsiya oqimlarini hech bo‘lmaganda 15-20 foiz oshirish imkonini berar edi. Aslida qo‘shni davlatlarga suv ta’minotining yaxshilanishi kafolatlari bo‘lgan taqdirda, Qirg‘izistonda energiyani tejash dasturlarini moliyalashtirishda ishtirok etish masalasi ko‘rib chiqilgan bo‘lar edi. Balki To‘xtag‘ul gidrouzeli foydalanish loyiha rejimini qisman tiklashi uchun Qirg‘iziston tog‘ daryolarida kichik GESlarni qurish bo‘yicha Xalqaro konsorsiumni tashkil etish masalasini muhokama qilishi kerakdir.

Nima bo‘lganda ham yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolishda transchegaraviy daryolardan foydalanish tartiblariga amal qilish va uni buzmaslik juda muhim ahamiyatga ega. Ona tabiat — noo‘rin, noxolis, noilmiy aralashuvlarni kechirmaydi. Bu ishlarning oxiri esa o‘nglab bo‘lmas ekologik muammolar girdobida qolib ketishga olib keladi.

Lapas ALIBEKOV,

Samarqand davlat universiteti fizikaviy-geografiya va

geoekologiya kafedrasi mudiri, professor, O‘zbekiston

Respublikasi fan arbobi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: