Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
27.01.2015

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING YAQIN MUDDATGA VA UZOQ ISTIQBOLGA MO‘LJALLANGAN HARAKAT DASTURI

2015 yilning 23 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakat dasturi taqdim etildi

Joriy yil 16 yanvarda o‘tkazilgan 2014 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan 2015 yilda va keyingi yillarda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishning strategik vazifalari belgilab berildi. Yangi tarkibdagi Hukumatning asosiy e’tibori qaratilishi lozim bo‘lgan vazifalarning mazmun-mohiyati va ularni amalga oshirish mexanizmlari chuqur ochib berildi. Jumladan, quyidagi eng muhim va dolzarb vazifalarga alohida ahamiyat qaratildi.

Birinchidan, tarkibiy o‘zgartirishlarni kengaytirish va chuqurlashtirish, sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va faol diversifikatsiya qilish hisobiga iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash.

Ikkinchidan, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni yanada taraqqiy ettirish uchun bu yo‘ldagi barcha to‘siqlar va cheklashlarni bartaraf etish, ushbu soha rivojiga to‘liq erkinlik berish.

Uchinchidan, iqtisodiyotda davlat ishtiroki darajasini tanqidiy baholash, uni strategik va iqtisodiy asoslangan darajagacha qisqartirish.

To‘rtinchidan, korporativ boshqaruv tizimidagi tamoyillar va yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish, shuningdek, ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy va investitsiya jarayonlarining korporativ menejmentiga doir xalqaro zamonaviy standartlarni joriy etish.

Beshinchidan, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish.

Oltinchidan, rivojlangan infratuzilmani, birinchi navbatda, axborot-kommunikatsiya tizimlarini yaratish, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya qurilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish.

Yettinchidan, aholi bandligini ta’minlash, eng avvalo, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratish.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ushbu strategik vazifalar Hukumatning Harakat dasturiga asos va poydevor hisoblanadi. Qabul qilingan qonun hujjatlariga tayangan holda, 2015 yil va undan keyingi yillarga mo‘ljallangan, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik ustuvor yo‘nalishlarini o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish – Hukumatning eng muhim vazifasi hisoblanadi. 

Qayd etilgan muhim ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida Hukumat bir qator dasturiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqishni va ularni yaqin muddatlarda tasdiqlash uchun kiritishni ta’minlaydi. Ushbu loyihalarning har birida iqtisodiyot tarmoqlari va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha maqsadli dasturlar hamda ularni amalga oshirish  mexanizmlari belgilab beriladi.

Birinchi ustuvor vazifani amalga oshirish uchun – iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgartirishlarni yanada kengaytirish, sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va faol diversifikatsiya qilishni amalga oshirish doirasidasanoatni yanada rivojlantirish va uning raqobatdoshligini oshirishni ta’minlaydigan dasturlar ishlab chiqilmoqda.

Xususan, 2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari dasturini tayyorlash doirasida jami qiymati 38 milliard dollarga teng bo‘lgan 870 ta yirik investitsiya loyihasi ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu loyihalarga binoan 415 ta yangi korxona barpo etish hamda 455 ta ishlab turgan korxonani modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash nazarda tutilmoqda.

Dasturning prinsipial tarzda ajralib turadigan jihati shundaki, eksportga mo‘ljallangan, ichki va tashqi bozorlarda raqobatdosh bo‘lgan mahsulot turlarini aniqlash va yuqori texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarish korxonalarini jadal rivojlantirishga asosiy e’tibor qaratilgan. Bular jumlasiga tayyor to‘qimachilik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlar, polimerlar va uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash orqali olinadigan boshqa mahsulotlar, elektr-maishiy va elektron tovarlar, maishiy kimyo tovarlari, zamonaviy qurilish va pardozlash materiallari, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati mahsulotlari kiradi.

Bunday keng ko‘lamli dasturni amalga oshirish uchun O‘zbekistonda yetarlicha tajriba, resurs va imkoniyatlar mavjud. Mamlakatimiz Prezidentining tashabbusiga ko‘ra, so‘nggi yillarda respublikamizda bir qator noyob, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan va eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan sanoat korxonalari barpo etildi. Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, «Jeneral Motors Pauertreyn — O‘zbekiston» qo‘shma korxonasi, Ustyurt gaz-kimyo kompleksi, Samarqand viloyatidagi og‘ir yuk avtomobillari zavodi, zamonaviy bug‘-gaz energobloklari va issiqlik elektr stansiyalari, shuningdek, boshqa bir qator loyihalar shular jumlasidandir.

Respublikada ushbu o‘ta murakkab loyihalarni amalga oshirishda to‘plangan ilmiy-texnik, muhandislik-ishlab chiqarish va intellektual salohiyat eng ilg‘or texnologiyalar joriy etiladigan yangi, texnik jihatdan yanada murakkab bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam poydevor bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlarning uzoq yillar mobaynida raqobatdosh bo‘lib qolishining kafolati hisoblanadi.

Ana shu orttirilgan tajribani nafaqat sanoatning bazaviy tarmoqlarida, balki boshqa sohalarda ham, eng avvalo, qayta ishlash sanoatida keng qo‘llash lozim bo‘ladi. Buning uchun tashkil etiladigan ishlab chiqarish obyektlariga professional va strategik xorijiy investorlar hamda eng ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lgan kompaniyalar jalb etiladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra dasturni amalga oshirish quyidagi natijalarga erishish imkonini beradi:

— mashinasozlik, kimyo, neft-gaz-kimyo, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati kabi yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tarmoqlar jadal rivojlantiriladi. Buning natijasida sanoat mahsulotlarining 1000 tadan ortiq yangi turini ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi;

— sanoat ishlab chiqarishining 5 yilda 1,5 barobarga o‘sishi, sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 24 foizdan 2020 yilga borib 27 foizgacha ortishi mo‘ljallanmoqda;

— yuqori texnologiyali mahsulotlar eksportini yanada oshirish va 52 mingtadan ortiq yangi ish o‘rni yaratish nazarda tutilmoqda.

Sanoatni rivojlantirish borasidagi yana bir ustuvor vazifa bu ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada chuqurlashtirish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hisoblanadi.

Mahalliy xomashyo va materiallarni chuqur qayta ishlashni ta’minlaydigan ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hisobidan import hajmini optimallashtirish maqsadida 2015-2019 yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallarni mahalliylashtirish hamda ishlab chiqarish dasturi tayyorlanmoqda.

Dastur mahalliy mineral xomashyoni chuqur qayta ishlashni va talab yuqori bo‘lgan 1225 ta mahsulot turini ishlab chiqarishni ta’minlaydigan 600 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Dasturning ijrosi har yili 3,5 milliard dollar miqdoridagi import o‘rnini bosadigan mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish va 13 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

Respublika Hukumati iqtisodiyotni izchil rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligi va turmushi sifatini oshirishning eng muhim asosi sifatida xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga doir ustuvor vazifalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratadi.

Ana shu maqsadda Xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilmoqda.

Dastur quyidagilarni nazarda tutadi: biznes yuritish shart-sharoitlarini yanada erkinlashtirishni jadallashtirish; davlat organlarining xususiy biznesga noqonuniy aralashuvi holatlariga to‘liq barham berish; bu yo‘ldagi barcha to‘siqlarni va asossiz cheklashlarni bartaraf etish; ochiq birja va yarmarka savdolari orqali kichik biznesning moddiy va xomashyo resurslaridan, kredit va moliyaviy mexanizmlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish.

Davlat boshqaruvi va nazorat qiluvchi organlar va ularning mansabdor shaxslarining tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvi va xususiy tadbirkorlik uchun to‘siqlar yaratishi, tadbirkorlarning qonuniy huquqlari va kafolatlari buzilishi yuzasidan ularning mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Tadbirkorlar manfaatini sudlar tomonidan himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishga doir takliflar tayyorlanadi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish va ruxsatnomalar olish mexanizmlarini «yagona darcha» tamoyili asosida yanada soddalashtirish masalalari asosiy diqqat-e’tibor markazida bo‘ladi. Buning uchun har bir tumanda Tadbirkorlar uchun yagona markaz tashkil etish taklif etilmoqda. Uning asosiy vazifasi — mulkka bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish, biznes subyektlariga yer uchastkalari berish, qurilish va obyektlarni infratuzilma tarmoqlariga ulash bilan bog‘liq bo‘lgan ruxsatnomalar va tartib-qoidalarni soddalashtirish va arzonlashtirishdan iborat.

Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun 2015-2016 yillarda davlat mulkini xususiylashtirish dasturini shakllantirish yakunlanmoqda. Ushbu Dastur quyidagilarni nazarda tutadi:

— to‘la quvvat bilan ishlamayotgan 660 tadan ko‘proq davlat korxonasini tugatish va ochiq savdo orqali yangi xususiy mulkdorlar tasarrufiga o‘tkazish;

— strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan 360 ta korxonadagi davlat ulushini to‘liq ravishda sotish;

— foydalanilmayotgan 400 tadan ortiq davlat mulki obyektini «nol» qiymati bo‘yicha sotish. Bu, o‘z navbatida, qisqa muddatlarda strategik xorijiy investorlar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish imkonini beradi;

— xususiy investorlarga 450 milliard so‘mlik qo‘shimcha aksiyalarni fond bozorida sotish orqali ishlab turgan 203 ta korxonadagi davlat ulushini 51 foizgacha qisqartirish.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan Dasturni amalga oshirish natijasida davlat mulki bo‘lgan qariyb 1000 ta obyekt ochiq savdolarda sotiladi, ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar soni esa 534 tadan 147 tagacha, ya’ni 3,6 barobarga kamayadi.

Korporativ boshqaruv tizimidagi tamoyil va yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish bo‘yicha eng muhim ustuvor yo‘nalishni amalga oshirish maqsadida mulk tarkibida davlat ulushi bo‘lgan 1100 tadan ortiq aksiyadorlik kompaniyasi va boshqa xo‘jalik birlashmalari faoliyatining samaradorligini tanqidiy ko‘rib chiqish hamda bu sohada Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya va boshqa rivojlangan mamlakatlarda qo‘llanilayotgan menejment tizimlari asosida yangi uslub va yondashuvlarni ishlab chiqish va joriy etish mo‘ljallanmoqda.

Korporativ boshqaruv tizimida tamoyillar va yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash doirasida davlat ulushiga ega bo‘lgan aksiyadorlik kompaniyalarining yangi namunaviy tashkiliy tuzilmasi va ularning xodimlariga qo‘yiladigan talablar tasdiqlanadi hamda vazifalari belgilanadi.

Bundan asosiy maqsad — boshqaruv xodimlari va mutaxassislar lavozimlari nomi va funksional vazifalarini o‘zgartiribgina qolmay, balki ularning faoliyat ko‘rsatish tamoyillarini tubdan o‘zgartirishdan iboratdir. Bu esa, o‘z navbatida, rivojlanish uchun o‘zaro hamkorlik va tashabbuskorlikka yangi turtki beradi.

Navbatdagi muhim vazifa — bugungi kunda aksariyat hollarda eskicha ma’muriy-buyruqbozlik usulida korxonani boshqarayotgan samarasiz direktorlik korpusidan batamom xalos bo‘lish. Bundan maqsad — korxonalarni bozor iqtisodiyotini chuqur biladigan va yuksak professional malakali yangi menejerlar boshqarishiga erishishdir.

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish Hukumat faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda bu boradagi tarkibiy qayta o‘zgartirishlarni davom ettirishga, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etishga, sohani kompleks mexanizatsiyalash hamda xomashyo resurslarini qayta ishlashni chuqurlashtirishga qaratilgan hujjatlar loyihasi tayyorlanmoqda.

Respublikamiz fermerlari bilan joylarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda va O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirish masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiyada davlatimiz Prezidenti tomonidan belgilab berilgan vazifalarga muvofiq 2015-2019 yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish dasturi ishlab chiqilmoqda. Dastur hosildorligi past bo‘lgan g‘o‘za maydonlarini qisqartirish, bo‘shaydigan yerlarga meva-sabzavot, poliz, kartoshka va boshqa oziq-ovqat ekinlarini joylashtirish, intensiv bog‘lar barpo etish hisobiga ekin maydonlarini bosqichma-bosqich optimallashtirishni nazarda tutadi. Seleksiya va urug‘chilikni yanada rivojlantirishga, shu jumladan, g‘o‘za va don ekinlarining yangi, yuqori samarali, sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli navlarini yaratishga doir chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Dehqon va fermerlarimizni o‘zimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnikalar bilan ta’minlashni yanada yaxshilash maqsadida «O‘zagrosanoatmashxolding» kompaniyasi korxonalarida «Klaas», «Lemken» va boshqa yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda zamonaviy, yuqori samarali traktorlarni, modernizatsiya qilingan paxta terish mashinalari, g‘alla o‘rish kombaynlarini va boshqa texnikalarni ishlab chiqarish tashkil etiladi.

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi samaradorligini oshirishning muhim asosi va kafolati sifatida sug‘oriladigan yerlarning hosildorligini oshirishga Hukumat alohida e’tibor qaratadi. 2013-2017 yillarda Sug‘oriladigan yerlarni meliorativ jihatdan yaxshilash chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish izchil davom ettiriladi. Dastur irrigatsiya inshootlari kompleksini qurish va rekonstruksiya qilishni hamda yanada zamonaviy, energiyani tejaydigan asbob-uskunalar o‘rnatishni nazarda tutadi. Bundan maqsad — 5 yil davomida 1 million 400 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishni ta’minlashdan iboratdir.

Suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish ishlarini davom ettirish, jumladan, bog‘lar va uzumzorlarni tomchilatib sug‘orish tizimlarini kengaytirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu esa har yili 1 milliard kubometrgacha suvni tejash imkonini beradi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirish — navbatdagi muhim vazifa hisoblanadi. Ushbu maqsadda oziq-ovqat sanoatida 391 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish, kamida 1 million 300 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash hajmiga ega bo‘lgan 2 mingdan ortiq zamonaviy sovutish kameralarini qurish, saqlash joylarining umumiy hajmini 2 million tonnagacha yetkazish nazarda tutilmoqda. Ayni vaqtda o‘zaro bog‘langan logistika tizimi rivojlantiriladi.

Agrar sohada ko‘rsatib o‘tilgan va boshqa chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 2015-2019 yillarda oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlash va oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy turlari bilan respublikaning o‘zini-o‘zi ta’minlashi, shuningdek, tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ushbu mahsulotlar eksportini sezilarli oshirish ta’minlanadi.

Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya tizimini, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya qurilishini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishni amalga oshirish doirasida barcha infratuzilma sohalarini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish, shuning hisobidan o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni jahon bozorlariga chiqarish xarajatlarini kamaytirish muhim vazifa hisoblanadi.

Transport kommunikatsiyalarning uzoqligi va dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati mavjud emasligi O‘zbekiston uchun jiddiy muammolardan biri hisoblanadi. Shu sababli hozirgi vaqtda tashqi savdo kamida 2-3 ta davlat hududi orqali tranzit yo‘li bilan amalga oshirilmoqda. Natijada yuklarni yetkazib berishning qiymati oshmoqda, bu esa respublikadagi korxonalar eksportining raqobatdoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan, 2015-2019 yillarda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturida, eng avvalo, avtomobil va temir yo‘llarni, logistika markazlari va kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga doir aniq choralar ko‘rish nazarda tutilgan. Bu borada umumiy qiymati 10 milliard dollarlik 150 tadan ortiq loyihani amalga oshirish lozim bo‘ladi.

Mamlakat temir yo‘l kommunikatsiyasini rivojlantirish va elektrlashtirish bo‘yicha 13 ta loyiha, jumladan, Angren — Pop, Maroqand — Qarshi, Qarshi — Termiz, Maroqand — Buxoro yo‘nalishlari bo‘yicha loyihalarni belgilangan muddatda bajarish alohida nazoratga olinadi.

O‘zbekiston milliy avtomagistralining 1 ming 800 kilometr uzunlikdagi uchastkalarini, Qarshi, Qo‘qon, Toshkent, Buxoro, Guliston shaharlarini aylanib o‘tuvchi yangi yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilish, mahalliy ahamiyatga molik yo‘llarni modernizatsiya qilish ta’minlanadi.

Hukumat infratuzilmani rivojlantirish doirasida 2013-2020 yillarda milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishi ustidan nazoratni kuchaytiradi. Bu dastur barcha hududlarning, shu jumladan, olis va chekka hududlarning raqamli televideniye tizimiga to‘liq o‘tishini tugallash, respublika hududlarini mobil aloqa bilan qamrab olish darajasini 80 foizdan 95 foizgacha oshirish imkonini beradi. «Elektron hukumat» tizimi va Internetning samarali ishlashi uchun ishonchli texnik baza ta’minlanadi.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirishda Hukumatning asosiy e’tibori aholi bandligini, eng avvalo, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirishni ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishni amalga oshirishga qaratiladi.

Birinchi navbatda, bu iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning ehtiyojini hisobga olgan holda, yangi ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha har yilgi dasturlarni ishlab chiqishni ko‘zda tutadi. 2015 yilda 1 millionga yaqin, jumladan, qishloq joylarda 604 mingta yangi ish o‘rni tashkil etish zarur. Asosiy maqsad — korxonalarning aniq buyurtmalari asosida malakali mutaxassislarni tayyorlash dasturiga muvofiq kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalarining har bir bitiruvchisini o‘zi tanlagan mutaxassisligiga ko‘ra ishga joylashtirishni ta’minlashdan iborat.

Global tovar bozorlaridagi noaniqlik va beqaror vaziyatni, ko‘plab yirik mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlari pasaygani hamda boshqa jiddiy tahdidlarni e’tiborga olib, Hukumat o‘z faoliyatini qanday murakkab sharoitlarda amalga oshirishi kerakligini yaxshi anglaydi. Shuning uchun 2015 yildagi eng muhim ustuvor vazifalarni amalga oshirish bilan bir paytda bir qator maqsadli vazifalarning bajarilishi — respublika Hukumatining doimiy diqqat-e’tiborida bo‘ladi.

Global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz eng avj olgan paytda — 2008 yilda mamlakat Prezidenti tomonidan ishlab chiqilgan va o‘z vaqtida qabul qilinib, muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan Inqirozga qarshi choralar dasturi o‘zining naqadar to‘g‘ri va samaradorligini har tomonlama isbotlamoqda. Shuning uchun makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha o‘zini oqlagan chora-tadbirlar va mexanizmlardan foydalanish masalalari ustuvor vazifa sifatida saqlanib qoladi.

Kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish Vazirlar Mahkamasi va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining muhim vazifasi hisoblanadi.

Umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy komputer va o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan to‘liq jihozlashni yanada jadallashtirish, talab yuqori bo‘lgan, bugungi yoshlarimiz uchun zarur bilimlar va fanlarni, jumladan, axborot texnologiyalarini, chet tillarini, tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish amaliyoti yanada kengaytiriladi.

Shu bilan birga, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Vasiylik Kengashining umumta’lim maktablarida 1 ming 700 ta zamonaviy sport zali qurish va jihozlash hamda 153 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabini va ixtisoslashgan olimpiya zaxirasi maktablarini asbob-uskunalar bilan to‘liq ta’minlash borasidagi qarorlari ijrosini amalga oshirish lozim bo‘ladi.

Shuningdek, Ona va bola sog‘lig‘ini muhofaza qilishning milliy modelini amalda tatbiq etish, asosan profilaktik tadbirlarga o‘tish va sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini joriy qilish dasturini amalga oshirish davom ettiriladi. Qishloq vrachlik punktlari ishi samaradorligini oshirishga, tibbiyot muassasalarini zamonaviy davolash va diagnostika uskunalari bilan jihozlashni jadallashtirishga hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga alohida ahamiyat beriladi.

Aholining ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, jumladan, sifatli ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz, zamonaviy sanitariya-tozalash tizimi bilan ta’minlash hamda kommunal xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, shuningdek, shaharlar va qishloq aholi punktlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish borasidagi muhim masalalar ham Hukumatning doimiy diqqat-e’tiborida bo‘ladi. Respublika aholisi turmush madaniyatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish tugallanadi va taqdim etiladi.

Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha o‘zini amalda to‘liq oqlagan, zarur ijtimoiy va bozor infratuzilmasi shakllantirilgan, har tomonlama qulaylikka ega bo‘lgan yakka tartibdagi uy-joy qurilishi dasturini amalga oshirish davom ettiriladi va uning ko‘lamlari yanada kengaytiriladi.

2015-2016 yillar mobaynida 25 mingta namunaviy uy-joyni va barcha zamonaviy infratuzilmaga ega shinam qishloq massivlarini o‘z vaqtida va sifatli qurishni ta’minlash ishlarini amalga oshirish muhim vazifa sifatida belgilangan.

Ishlab chiqilayotgan «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi doirasida chora-tadbirlarning katta kompleksini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Barqarorlik, xavfsizlik, qonuniylik, huquq-tartibot va ijtimoiy adolat prinsiplariga amal qilishni ta’minlash borasida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan eng muhim vazifalar, shak-shubhasiz, Hukumatning e’tibor markazida bo‘ladi.

Iqtisodiy va ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar borasidagi ustuvor vazifalarning samaradorligi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralar, barcha darajadagi hokimliklar faoliyatining samaradorligi bilan belgilanadi. Shu sababli ma’muriy-buyruqbozlik tizimining qoldiqlarini va eskirgan boshqaruv usullarini qat’iy bartaraf etish, amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirilishini ta’minlash muhim vazifa sifatida qo‘yiladi.

Shu munosabat bilan Hukumat ma’muriy tartib-qoidalar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga doir tegishli takliflarni tayyorlaydi va Parlamentga kiritadi. Ushbu takliflar ijro etuvchi hokimiyat organlari ishida zamonaviy usullarni joriy etishni, ichki idoraviy nazorat mexanizmini kuchaytirishni, qabul qilinayotgan qarorlar natijadorligi uchun mansabdor shaxslarning mas’uliyatini yanada oshirishni nazarda tutadi.

Yuqorida bildirilgan eng muhim vazifalarni va Harakat dasturini amalga oshirish — respublika Hukumatining har bir a’zosidan hamda barcha darajadagi rahbarlar faoliyatida yangi samarali va zamonaviy yondashuvlarni talab etadi. Shu bilan birga, pirovard natijalarga erishish uchun ularning shaxsiy mas’uliyati yanada ortadi.

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining izchil va barqaror rivojlanishi va ravnaq topishi yuzasidan mamlakat Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan belgilab berilgan strategik vazifalarni muvafaqqiyatli amalga oshirish uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklarning birgalikdagi sa’y-harakatlarini birlashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.



Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: