O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
23.02.2012

Deputatlar faol va tashabbuskor bolsa

elektorat manfaat ko‘radi, partiyaning xayrixohlari ko‘payadi

Siyosiy partiyalarning kuch va salohiyati ko‘p jihatdan deputatlik guruhlari amalga oshirayotgan ishlar bilan belgilanadi. Deputatlar uyg‘oq, faol va tashabbuskor bo‘lsa, partiya elektorati shuncha mustahkam himoyalanadi, xayrixohlari ko‘payadi.

Bugungi kunda Jizzax viloyatidagi xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlarida O‘zXDPdan saylangan 126 deputat faoliyat olib boradi. Ular aholi turmush farovonligiga xizmat qiluvchi ko‘plab masalalarni o‘rganib, mahalliy Kengashlar sessiyalariga olib chiqayapti. Ularning yordami bilan aholidan tushayotgan murojaatlar tegishli tashkilotlar orqali hal etilmoqda.

Xalq deputatlari Zafarobod tuman Kengashida O‘zXDPdan saylangan 8 nafar deputat faoliyat yuritadi.

— Guruhimiz, avvalo, qonunchilikdagi o‘zgarishlar va yangiliklar mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish, hukumat qarorlari ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda, — deydi deputatlik guruhi rahbari Jahalboy Quvondiqov. — Islohotlar qanchalik samarali borishi, shubhasiz, deputatlarning xalq orasiga kirishi, joylardagi muammolarni qay darajada o‘rganishi va qonun bergan vakolatlardan samarali foydalana olishiga bog‘liq.

Deputat doimiy izlanishi, elektoratni o‘ylantirayotgan muammolarni izchil o‘rganib borishi zarur. Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratish kerak, deb o‘ylayman. Bu — xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlaridagi deputatlar bilan Oliy Majlisga saylangan deputatlarning o‘zaro hamkorligi masalasidir. Chunki joylarda yuzaga kelayotgan masalalarni malakali o‘rganish va Oliy Majlis muhokamasiga kiritish aynan shu hamkorlik rivojiga bog‘liq. Biz bu masalaga alohida ahamiyat berayapmiz. Yil boshidan buyon ana shunday uchrashuvlardan o‘nga yaqini tashkil etildi. Turli masalalar tizimli o‘rganilib, tahlil etib borilayapti. Muhokamalarda bahsli o‘rinlar tug‘ilsa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan fikrlashayapmiz.

Xalq deputatlari G‘allaorol tuman Kengashiga O‘zXDPdan 12 nafar deputat saylangan. Ular reja asosida samarali faoliyat olib bormoqda.

Deputatlik guruhi tuman partiya kengashi bilan hamkorlikda turli tadbirlar o‘tkazmoqda. Prezidentimiz ilgari surgan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ni hayotga tatbiq etishda partiya tashkiloti va deputatlik guruhlarining ishtiroki masalasiga bag‘ishlangan qator davra suhbatlari, seminar-treninglar tashkil etildi.

— Hisobot davrida tuman Kengashining 5 ta sessiyasi bo‘lib o‘tdi, — deydi deputatlik guruhi rahbari Bahor Jumaboeva. — Ularda jami 21 masala muhokama qilindi. O‘zXDP deputatlik guruhi tashabbusi bilan G‘allaorol tuman partiya kengashining G‘allaorol tumanidagi qayta ishlab chiqarish korxonalarini rivojlantirish hisobiga iste’mol bozorini sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘ldirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari haqidagi masala sessiyada muhokama etildi va tegishli qaror qabul qilindi.

«Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili»da ham deputatlarimiz tomonidan qator ibratli ishlar amalga oshirildi. Partiyamizdan saylangan deputatlar tashabbusi bilan joylarda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, xususan, kasanachilar bilan mahalliy ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlar yanada takomillashtirildi.

Bu esa, hududiy rivojlantirish dasturlariga qo‘shimcha fuqarolarni mehnatga jalb etish imkonini bermoqda. Shu orqali ichki bozor o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlar bilan yanada boyimoqda.

* * *

Ammo viloyatning barcha tuman Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhlari birdek samarali faoliyat olib borayapti, deb ayta olmaymiz. Misol uchun, Arnasoy va Zomin tuman Kengashlaridagi O‘zXDP deputatlik guruhi elektorat manfaatidan kelib chiqadigan bironta ham ijtimoiy masala yoki muammoni tuman Kengashi sessiyasi, doimiy komissiyalar muhokamasiga kiritgan emas. Deputatlarning ayrimlari aholi bilan uchrashuvlarni izchil tashkillashtirmaydi, ayrimlari esa nomiga uchrashuv o‘tkazadi.

2011-2014 yillarga mo‘ljallangan O‘zXDP Harakat dasturida Arnasoy tuman Kengashidan deputatlik guruhi zimmasiga 2011 yilning birinchi choragida tumandagi sport majmuasini ta’mirlash ishlarini tugallashga yordam ko‘rsatish belgilangan edi. Shuningdek, yilning ikkinchi choragida qishloq tibbiyot muassasalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlashda yordam ko‘rsatish bo‘yicha qator ishlar rejalashtirilgan. Afsuski, Harakat dasturida belgilangan mana shu rejalar ham bajarilmagan.

Shu o‘rinda bir masala ustida chuqurroq o‘ylab ko‘rish zarurga o‘xshaydi. Partiyamiz tuman, shahar va viloyat kengashlari yoki deputatlik guruhlari ish rejasida belgilab olingan masalalar qay darajada dolzarb, elektorat manfaatiga qay darajada yaqin?.. Yoki bu vazifalar qaysi yo‘l bilan hal qilinishi haqida tasavvurga egamizmi?..

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi davr har bir vazifa aniq va mantiqli, qat’iy bo‘lishini taqozo etadi. Aks holda, reja ham, ijrosi ham mavhum bo‘lib qoladi. Odamlarning biz to‘g‘rimizdagi fikri ham shunga yarasha bo‘ladi. Bunday hollar bilan hech qachon kelishib bo‘lmaydi.

Gulruh ODAShBOYeVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: