Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
21.02.2012

Hayotiy tashabbus o‘z natijasini berayapti

«Adolat» SDP esa buni inkor etishga urinmoqda

Prezidentimiz Islom Karimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil yanvarda bo‘lib o‘tgan qo‘shma yig‘ilishida «...siyosiy partiyalar o‘z elektoratini o‘ylantirayotgan sotsial-iqtisodiy muammolarni yanada chuqurroq o‘rganishga va ularni hal etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga butun diqqat-e’tiborini qaratishi kerak» deb alohida ta’kidlagan edi.

O‘zbekiston Xalq demokratik par­tiya­si davlat va jamiyat qo‘llab-quvvatlashiga ehtiyojmand aholi qatlami manfaatini himoya qilishni o‘z zimmasiga olgan. Partiya Saylovoldi dasturida bu bilan bog‘liq vazifalar belgilangan. Partiya tashkilotlari va deputatlar qilayotgan ishlarda shu maqsad aks etmoqda.

O‘zXDP Markaziy Kengashi tashabbusi bilan 2011 yil boshidan buyon Markaziy bank, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, «Mikrokreditbank» OATB va boshqa tijorat banklari bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinayotgan iqtisodiy forumlar partiya o‘z zimmasiga olgan masalaning hayotiy yechimiga qaratildi.

Saylovoldi dasturining amaldagi ijrosi

— Bu loyihaning yuzaga kelishi o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q, — deydi O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Sharbat Abdullayeva. — Par­tiya tashkilotlarimiz joylarda doimiy ravishda elektorat manfaati bilan bog‘liq masalalarni o‘rganadi. Ekspertlarimiz ularni tahlil etib boradi. Ana shuning natijasida biz iqtisodiy forumlar loyihasini ishlab chiqdik.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — davlat va jamiyatning manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj kishilar turmushini farovonlashtirishga oz bo‘lsa-da, hissa qo‘sh­moqchimiz. Zamon o‘zgarayapti. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qonunlarimizning tobora takomillashib borayotgani kam ta’­minlangan aholi qatlamining ham o‘z ishini boshlashiga imkon beradi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, iq­tisodiyotda band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi, ijtimoiy hi­moya­ga muhtoj va ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan kishilar, kam ta’minlangan oilalar, jis­moniy imkoniyati cheklangan odamlar orasida aksariyat o‘z kichik biznesi va oilaviy tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga intilayapti. Ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarida bu ishtiyoq kuchli. Ularni qo‘llab-quvvatlash va biznesini yo‘l­ga qo‘yishga ko‘maklashish nafaqat ular­ning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, balki jamiyatdagi bir-biri bi­lan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan boshqa ko‘p­lab masalalarni ham yaxlit hal etish­ga xizmat qiladi. Bu aynan partiyamiz Saylovoldi dasturida belgilangan elektoratimiz manfaatini himoya qilish bilan bog‘liq vazifalarning amaldagi ifodasidir.

Shunday ekan, «Adolat» SDP vakillarining O‘zXDP amaliy faoliya­tida Saylovoldi dasturidan chetga chiqib, O‘zLiDeP pozitsiyasidan bormoqda, iqtisodiy forumlar loyiha­si bunga misol degan iddaosi mutlaqo asossiz, tahlil va mushohadaga asoslanmagan mantiqsiz xulosadir. Iqtisodiy forumlarning ijti­moiy ahamiyatini tushunib yetmagan kishi shunday fikrlashi mumkin. Yoki «adolat»chilar buni atayin noto‘g‘ri talqin qilib, jamoatchilik fikrini chal­g‘itishga urinmoqda. Oldimizdagi vazifalarni ado etishda zamonaviy usullar, yangi imkoniyatlar, ijtimoiy hamkorlik va ijtimoiy sheriklik yo‘lidan foydalansak, buning nimasi Saylovoldi dasturidan chetga chiqish bo‘lar ekan? Buni anglash uchun masalaga xolis qarash kerak, xolos.

Biz ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar faqat kredit olishiga ko‘mak­lashayotganimiz yo‘q. Birinchi nav­batda, ularning iqtisodiy bilimini oshirish, iqtisodiy tafakkuri, tadbirkorlik ko‘nikmasi va mustaqil ish boshlashga intilishini kuchaytirishga harakat qilayapmiz. Chunki, kishining o‘zida harakat bo‘l­masa, barchasi befoyda. Shu sababli, «qayerdan qanday najot kelar ekan?», deb kutib o‘tirmas­dan, o‘zi uchun avvalo, o‘zi intilishi kerak, biz ularni shunga undayapmiz. Davlatimiz tomonidan ijtimoiy sohani moliyalashtirish, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga juda katta e’tibor qaratilayapti, albatta.

To‘g‘ri, XDPning aralashuvisiz ham tijorat banklari kredit ajrataveradi. Ammo biz aynan muhtoj ki­shi­lar oz miqdorda imtiyozli foiz­lar­da kredit olib, o‘z hayotini yaxshilashiga ko‘mak berayotgan bo‘lsak, tijo­rat banklari kreditlarining ijtimoiy samarasini oshirishga hissa qo‘shayotgan bo‘lsak, elektorat manfaatini himoya qi­lishning yangi-yangi mexanizmlaridan foydalanayotgan bo‘lsak, buning nimasi bilan «Adolat» SDP kelisha olmayapti? Saylov­oldi dasturimizda ular manfaatini himoya qilishga va’dalar berib, nega endi ularga amaliy ko‘mak bermasligimiz kerak? «Adolat» SDP ka­bi biz ham nomiga tadbir o‘tkazib o‘tirsak, bundan kimga foyda?

Forum doirasida tashkil etilgan iqtisodiy o‘quvlarni biz aynan kredit olib ish boshlashga xohishi bor va ayni paytda sertifikat olayotgan kishilarga mo‘ljallab tashkil etdik. Birinchidan, tijorat banklarida qanday kredit yo‘nalishlari bor, ularni qanday qilib olish mumkin, buning uchun nimalar talab etiladi, Prezidentimiz tomonidan bu borada yaratib berilayotgan imkoniyatlar, imtiyozlar, kredit olish shartlarining soddalashayotgani va boshqa masalalar yuzasidan batafsil tushunchalar berildi. Ikkinchidan, kreditni samarali ishlatish masalalari, qaytarish shartlari va navbatdagi kreditni olish uchun zamin tayyorlash yuzasidan ishtirokchilar bilan fikr almashdik. Uchinchidan esa, kishilarni o‘ylantirayotgan savollarga malakali mutaxassislar javob qaytardi.

IQtisodiy forumlar — Hamkorlikdagi loyiHa

— Iqtisodiy forumlar bu O‘zXDP Markaziy Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan loyihadir, — deydi Markaziy bankning Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashni muvofiqlashtirish departamenti direktori Aktam Sayfullayev. — 2011 yil boshida partiyaning bu loyihasini biz astoydil qo‘llab-quvvatladik. Shundan so‘ng boshqa partiyalar ham murojaat etishdi. Ular bilan ham hamkorlikda tegishli ishlarni olib bordik.

O‘zXDP o‘rtaga tashlagan g‘oya aynan yangi ish o‘rinlari tashkil etish, ishlab chiqarish va servis sohasini rivojlantirish, vaqtincha ishsiz fuqarolar, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, qo‘lida kasbi, hunari bor-u, ammo mustaqil ishini tashkil etishga qiynalib yurgan kishilarga ko‘mak berishga yo‘naltirilgan. Bu ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi, berilayotgan kreditlarning ijtimoiy aha­miyatini oshirdi.

Shu sababli viloyat hokimliklari bilan hamkorlikda Mustahkam oila yili munosabati bilan «Tadbirkorlik — mustahkam oila poydevori» mavzusidagi biznes-forumlar tashkil etildi.

Biz bugungi kunda partiya Markaziy Kengashi bilan birga o‘tgan yil davomida mamlakatimizning barcha mintaqalarida tizimli ravishda o‘tkazilgan iqtisodiy forumlarning yakunlarini tahlil etib, loyihani joriy yilda ham davom ettirayapmiz. O‘zXDP Markaziy Kengashi endi forumlarda jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarni ish bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratish taklifini ilgari surdi. Sababi — o‘tgan yili Toshkent shahrida bo‘lgan iqtisodiy forumda qo‘lida hunari, mustaqil biznes yuritishga qobiliyati va intilishi bo‘lgan jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarning 28 nafariga o‘z ishini tashkil etishi uchun imtiyozli mikrokreditlar ajratish bo‘yicha sertifikatlar topshirilgan edi. Natijada ular o‘zining biznesini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Partiya o‘z elektorati manfaatini himoya qi­lish, bank tizimi esa kredit ajratishdan ko‘zlangan maqsad amalga oshishidan manfaatdor bo‘l­moqda.

Forumlar doirasida tijorat bank­larining imtiyozli mikrokreditlari bo‘yicha metodik va uslubiy materiallar ko‘rgazmalari ham tashkil etildi. Minglab kishilar ular bilan yaqindan tanishdilar. Savollariga banklarning malakali mutaxassislaridan javob olishdi. Bu yerda banklar bilan aloqa bog‘lagan kishilar keyinchalik kredit olish masalasida murojaat etishdi. Bu ham forumning amaliy natijalaridan biri, albatta.

Biz bu kabi tashabbuslarni qo‘l­lab-quvvatlashga doim tayyormiz.

Mikrosarmoya oilaviy tadbirkorlik sari dastlabki yO‘l

Loyihaning hamkorlaridan yana bi­ri «Mikrokreditbank»dir. Forumlar doirasida imtiyozli mikrokreditlar ajratish bo‘yicha eng ko‘p sertifikatlar bergan tijorat banki ham aynan shu bank hisoblanadi.

— «Mikrokreditbank» mazkur sohani qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan respublikadagi eng yirik moliya muassasasi hisoblanadi, — deydi «Mikrokreditbank» OATB departamenti direktori Zulfiya Karimova. — Bunda bank dast­lab ish boshlashdan tortib, yirik sanoat korxonasiga aylangunga qa­dar qo‘llab-quvvatlaydi. E’tibor bering, boshlang‘ich sarmoyani shakllantirish mustaqil ish boshlashda ju­da muhim ahamiyatga ega. Xalq demok­ratik partiyasi ko‘­targan masala bu vazifa bilan hamohang. Jahonning ko‘plab kompaniya va korporatsiyalari, yirik biznes tuzilmalar ham faoliyatini dastlab boshlang‘ich sarmoyani shakllantirishdan boshlagan. Bizning bankimiz boshlang‘ich sarmoyani shakllantirish uchun eng kam oylik ish ha­qining 50 barobari miqdorigacha kreditni yillik 3 foiz stavka bilan beradi. O‘zXDP elektorati ham aynan o‘z ishini tashkil etish uchun boshlang‘ich sarmoyaga muhtoj kishilardir. Iqtisodiy forumda aynan ana shu toifani qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilgani uchun bankimiz bu loyihani qo‘llab-quvvatlab, unda hamkor sifatida faol ishtirok etdi.

«Adolat» SDP Hayot HaQiQatiga Qarshi bormoQda...

— Bizning viloyatimizda 2011 yilning 17 iyun kuni iqtisodiy forum bo‘lib o‘tdi, — deydi O‘zXDP Buxoro viloyat kengashi raisi, viloyat Kengashi deputati Saida Jo‘rayeva. — Bu anjumanga uzoq vaqt tayyorlandik. Partiya tashkilotlarimiz o‘z ishini boshlashni xohlagan, bunga qobiliyatli uyda o‘tirgan ayollar, vaqtincha ishsiz yoshlar, xususan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, qo‘lida kasb-hunari bo‘lgan kishilar, oilasi farovonligini ta’­minlash uchun kurashayotgan ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi vakillarini uzoq o‘rgandi. Ochig‘ini aytsak, ularning ko‘pchiligi bankdan kredit olishga botinmadi. «Keyin qaytara olamanmi, foiz to‘layman deb bor-budimdan ayrilib qolmaymanmi, ishim yurishmay qolsa, nima qilaman?..», deb ikkilanishdi. Biz tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib bordik. Viloyat bo‘yicha yuz nafardan ortiq shunday kishilar ro‘yxatini tuzdik. Ularga partiyamiz faollari, deputatlarimiz, tegishli hujjatlarni tayyorlashda yordam berdi. Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi, tijorat banklari bilan birga, ularning biznes lo­yihasi o‘rganib chiqildi va 60 tasi istiqbolli deb topildi. Forumda ana shu 60 kishi sertifikat oldi. Qolganlarga kerakli maslahat berildi. Bugungi kunda ularning aksariyati o‘z ishini boshladi.

Mana, hayotning o‘zi ko‘rsatayaptiki, bu loyiha aynan partiyamizning Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni bevosita amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Buni bilib-bilmay, chuqur o‘ylamay inkor etish aqldan emas.

Darhaqiqat, shunday. Iqtisodiy forumlar elektoratimiz manfaatini ta’minlashda qanchalik katta aha­miyat kasb etganini bugun hayot ko‘rsatib turibdi. Forumlarda 6000 dan ortiq kishi ishtirok etdi. O‘zXDP tashkilotlarining bevosita ko‘magi bilan 700 nafarga yaqin o‘z biznes-rejasi, maqsadli loyihasiga ega kishiga imtiyoz­li mikrokredit uchun sertifikat topshirildi. Hozirgacha ularning 500 nafarga yaqini kredit olib, o‘z loyihasini amalga oshirishga kirishdi. Natijada 1400 ga yaqin yan­gi ish o‘rni ochildi.

RO‘zG‘orimga baraka kirdi

— Tuman Kengashi deputati Zebo Yodgorova mahallamizda uchrashuv o‘tkazib, biznes yuritishga qobiliyati, istagi bor kishilarga bankdan kredit olib, o‘z ishini yo‘lga qo‘yishga partiya tashkilotlari ko‘maklashishini aytdi, — deydi Bo‘ka tumani­ning Jag‘albayli mahallasida is­tiqomat qiluvchi Mavluda Rahmonova. — Biz o‘ylab yurgan reja­lari­miz­ni aytdik va u kishining yordami, ko‘rsatgan yo‘l-yo‘rig‘i bilan hujjat tayyorlab bankka topshirdik. Ze­bo opa biz uchun yelib-yugurdi. Na­ti­­jada o‘t­gan yili O‘zbekiston XDP Mar­­kaziy Kengashi tashabbusi bilan Qib­ray tumanida o‘tkazilgan iqtisodiy forum­da qatnashib, chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha loyiham uchun sertifikat oldim. Birgina bizning ma­hal­ladan besh nafar ayol shunday ser­tifikatni qo‘lga kiritdi. Hozir ular­ning barchasi o‘z ishini bosh­lagan.

Prezidentimiz tadbirkorlik, kichik biznesni rivojlantirish uchun juda katta sharoit yaratib berayapti. Ammo bu imkoniyatdan foydalanishga kelganda ayrim kishilar biroz cho‘chiydi, ikkilanadi. O‘zimda ham shunday bo‘lgan. Mana, o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam bugun o‘z natijasini berayapti. XDP faollari, deputatlaridan minnatdorman.

Hunarmand edim, mustaQil ish boshladim

— Men zardo‘zlik bilan shug‘ullanar edim, — deydi Andijon shahrida istiqomat qiluvchi Dilorom Abdusattorova. — Keyin bu sohada ishimni kengaytirish niyati tug‘ildi. Ammo kimga murojaat qilishni bilmasdim. Xalq demokratik par­tiyasi faollari menga o‘xshash kishi­larga yordam berayotganini eshitib, ularga murojaat qildim. O‘tgan yili aprelda shahrimizda bo‘lgan forumda menga sertifikat berishdi. Ajratilgan kredit evaziga zardo‘zlikda foydalaniladigan uchta tikuv mashinasi sotib oldim. Bu qo‘l mehna­tini ancha yengillashtirdi. Yana to‘rt nafar qizni ishga qabul qildim. Ho­zir ular oyiga 450 ming so‘m maosh olayapti. Oxirgi bir yilda uch nafar shogirdim mustaqil ish boshladi.

Kreditni uch yil muddatga olgan edim. Ammo vaqti kelishini kutmasdan, shu yil yozigacha uni to‘liq qaytarish harakatidaman. Keyin yana imtiyozli kredit olib, ishni kengaytiraman.

Oilaviy biznes — oila farovonligi

— Dekabr oyining oxirida Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forumda men parrandachilikni rivojlantirishga doir loyiham uchun bankning sertifikatini olgan edim, — deydi Amudaryo tumanining Voxm ovulida yashovchi Otabek Sobirov. — Shunga asosan, bankning imtiyozli kreditlash maxsus jamg‘armasidan yillik 6 foiz stavkasi bilan ikki yil muddatga 15 million so‘m kredit ajratildi. Oilamiz katta. Aka-ukalar bir bo‘lib, «Matniyazova Yoqut» mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil etdik. Hozir unda oilamizdan 6 kishi ish bilan band.

Oilamiz farovonligini ta’minlash yo‘lida beg‘araz yordam ko‘rsatgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faollari hozir ham ishimiz qanday borayotgani bilan qiziqib turibdi.

Ishga marHamat!

Iqtisodiy forumlar loyihasining yana bir hamkori Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligidir. Forumlar doirasida joylarda bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari o‘tkazdi. Ularda 2500 dan ortiq kishi ishga joylashish uchun yo‘llanma oldi. Kasanachilar, hunarmandlar, oilaviy tadbirkorlik sub’ektlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasida esa yoshlar, elektoratimizning yuzlab boshqa vakillari o‘z ishining ustalaridan tajriba o‘rganishdi. Kasb-hunar kollejlarining ko‘plab bitiruvchilari ularga shogird tushishdi.

O‘zXDP aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiy himoyasini to‘la davlat byudjetiga yuklash tarafdori emas. Manzilli ijtimoiy himoya jamiyatda aslo boqimandalik kayfiyatini keltirib chiqarmasligi kerak. Qo‘lidan ish keladigan har bir kishi o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarib, o‘zi va oilasi farovonligi uchun kurashishi zarur. Bunda partiya tashkilotlari ularga ko‘mak berishga intilayapti va shu orqali O‘zXDP­ning Saylovoldi dasturini amalga oshirmoqda. Birov qilgan ishni o‘zlashtirmasdan, o‘zimiz uchun o‘zimiz ishlashga bizning kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetarli.

«Adolat» SDP 2009 yilgi saylovlardan keyingi faoliyatida ham amaliy jihatdan arzirli natijaga erisholmayapti. Tadbirbozlikdan nariga o‘tolmayapti. Buni yashirish uchun O‘zXDP­ning o‘z elektorati manfaatini ko‘zlagan va hayotda yaxshi samara berayotgan loyihala­rini yo‘qqa chiqarishga intilmoqda. Bu — partiyalararo sog‘lom raqobat emasligi kunday ravshan. «Adolat» par­tiyasi O‘zXDPning samarali loyihalariga o‘zining muqobil loyihasi bilan raqobatlashish o‘rniga jamiyatga hech qanday foydasi tegmaydigan yo‘lni tanladi.

Aslida, partiyalar o‘rtasidagi bahs-munozaralar jiddiy, malakali va amaliy negizda olib borilishi darkor. Siyosiy bahs jamiyatdagi muayyan muammolarni hal etish, elektorat manfaatini himoya­lash, ijro hoki­miyati organlari e’tiborini dolzarb ijtimoiy masalalarga qaratish, hayo­timizni yanada faro­vonlashtirishga xizmat qilishi lozim. Shunda har qaysi partiyaning g‘oya­­lari va dasturiy vazifalari hayotga muvaffa­qiyatli tatbiq etiladi, bundan odamlar foyda ko‘­radi.

Behzod ShUKUROV

Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: