O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
09.02.2012

Fuqarolar murojaati bilan ishlash

elektorat manfaatiga xizmat qiladi, ammo O‘zXDP Boysun tuman kengashi bu masalaga yetarli e’tibor qaratmayapti

Partiyamiz mahalliy tashkilotlari qoshida tashkil etilgan Jamoatchilik qabulxonalari elektorat manfaatini himoya qilishning tajribadan o‘tgan samarali vositasi hisoblanadi. U orqali fuqarolarni o‘ylantirayotgan masalalar o‘rganiladi, muammo va kamchiliklar bartaraf etiladi, odamlar og‘iri yengil bo‘ladi, partiyaga ishonchi ortadi. Shu bois, murojaatlarni vaqtida ko‘rib chiqish va yechishda partiya tashkilotlari va deputatlarning hamkorligi muhim ahamiyatga ega.

Ammo joylarda Jamoatchilik qabulxonalari faoliyati kuchayib borayotgan bir paytda ayrim mahalliy Kengash deputatlari va partiya tashkilotlari bu masalaga loqaydlik bilan qaramoqda. O‘zXDP Boysun tuman kengashidagi Jamoatchilik qabulxonasidagi ahvol buning tasdig‘idir.

Dastlab bir masalaga e’tibor qarataylik: bu yerda qabulxonaning ish tartibi va qabul kunlari faqat qog‘ozdagina ko‘rsatilgan. Hatto qabulxonaga partiya kengashidan kim mas’ul ekani haqida ham hech qanday ma’lumot yo‘q. Qabulga kelgan fuqarolar kimligi, murojaatlarning mazmuni, uning yechimi yuzasidan qilingan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar yetarli emas.

— Muammolar atroflicha o‘rganiladi, ularni hal etish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga xat bilan chiqamiz, — deydi tuman partiya kengashi raisi Omon Boboev. — Bir misol: yanvar oyida Darband mahallasida istiqomat qiluvchi Noroy Jumaqulova energiya ta’minotidagi kamchiliklar yuzasidan bizga murojaat qildi. Biz bu borada elektr tarmoqlari korxonasiga xat yuborganmiz. Masala ijobiy hal etilgan bo‘lsa kerak?!

Demak, partiya faollari masala qanday yechim topgani bilan hatto qiziqmay ham qo‘ygan. Buni bilish maqsadida tuman partiya kengashi raisi hamrohligida elektr tarmoqlari korxonasiga bordik.

— To‘g‘ri, muammolar bor, — deydi korxona rahbari Baxtiyor Samadov. — Ammo bu borada partiya kengashidan xat olganimiz yo‘q...

Sayrob mahallasida istiqomat qiluvchi Shamsiddin Hamidov aholi bandligini ta’minlashda yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan qabulxonaga murojaat qildi. Uning ta’kidlashicha, bir oydan ko‘p vaqt o‘tdi. Ammo haligacha mazkur muammo yechimi borasida hech qanday javob yo‘q.

— O‘zXDP Jamoatchilik qabulxonasi haqida nima bilasiz,— degan savolimizga hammadan ham qoniqarli javob ololmadik. Ayrimlar esa «Shunday ko‘makchimiz bormi?», — deb so‘radi.

Birgina shu savol-javoblarning o‘zi ham tuman partiya kengashi va deputatlar qanday faoliyat yuritayotganini yaqqol ko‘rsatadi, desak, xato qilmaymiz. Tuman partiya kengashi va deputatlar o‘z mas’uliyatini ozgina bo‘lsa-da his qilib, kuch va imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanganda edi, keng jamoatchilikning qabulxona haqida tushuncha va tasavvuri bo‘lar edi. E’tibor bering, tuman Kengashidagi 9 ta o‘rinni partiyamizdan saylangan deputatlar band etgan. Afsuski, ular ham qabulxona imkoniyatidan yetarli darajada foydalana olmayapti...

— To‘g‘risini aytganda, faoliyatimiz hali bugungi kun talablari darajasida emas, — deydi O‘zXDPdan tuman kengashi deputati Xursand Saidov. — Kamchilik va muammolarni bartaraf etish uchun avvalo o‘zimiz tashabbus ko‘rsatishimiz kerak. Afsuski, bu borada bizga qat’iyat yetishmayapti...

Savol tug‘iladi: nima uchun «qat’iyat» yetishmayapti? Ularga birov to‘sqinlik qilayaptimi? Yoki kimdandir cho‘chishyaptimi? Yo‘q, unday emas. Kamchilik va muammolarni bartaraf etish uchun tashabbus ko‘rsatganlardan odamlar minnatdor bo‘ladi, bundan partiya ham manfaat ko‘radi. Hamma gap shundaki, partiyamizning ayrim mahalliy kengash yetakchilari, deputatlar Jamoatchilik qabulxonalari faoliyatining partiya hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yetarli darajada tushunib yetgani yo‘q. Bu qabulxonalar nima maqsadda tashkil etilgani, o‘tgan davr mobaynida elektorat undan qanday foyda ko‘rganini bilgan kishi mazkur masalaga e’tiborsiz qaray olmaydi.

Abdumalik HAYDAROV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: