O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
09.02.2012

Toyxona: xizmat korsatish shoxobchasimi yoki dabdababozlik maskani?

Yurtimizda so‘nggi yillarda to‘ylarni tartibli, kamchiqim qilib o‘tkazishda to‘yxona mezbon vazifasini o‘tay boshladi. Bu yangilik shaharlardan eng chekka qishloqlargacha tez fursatda kirib borgani quvonarli. Shundan, qishloqlarda ham tadbirkoru mulkdorlar to‘yxonalar qurishmoqda. Respublikamizning chekka hududi — Xorazmda ham deyarli har hafta — oyda qaysidir qishloqda yangi, zamonaviy to‘yxona bunyod etilgani haqidagi xabarni eshitib qolamiz.

To‘yxona qulaylik. Eng avvalo har qanday ob-havo sharoitda ham bemalol to‘y o‘tkazish mumkin. Qolaversa, qozon, o‘choq, stol-stul, idish-tovoq ko‘tarib yurmaysan. Bu narsalarning hammasi to‘yxonada bor. Pulini to‘laysan-da bemalol mehmon kutaverasan.

Har qanday yangilik, taraqqiyot o‘ziga xos muammolarni ham keltirib chiqaradi. Buni vaqtida bartaraf etish, ushbu masalaga mutasaddi tashkilotlar, mahalliy hokimiyatlar, jamoatchilik e’tiborini qaratish vaziyatni to‘g‘ri, yaxshi tomonga o‘zgartirishni ta’minlaydi. Xullas, bugungi maqolamiz to‘yxonalar va ularning ba’zilarida uchrayotgan kamchiliklar, muammolar haqida.

...Hazorasplik bir oshnamiz nevarasining sunnat to‘yiga aytdi. Shu kichikroq tadbirni to‘yxonada o‘tkazishni rejalashtiribdi. Demak, tartibli, ixcham o‘tadi. Mehmonlar aytilgan vaqtda kelishadi, erta tongdan xuftongacha eshigingni qoqib yurishmaydi.

Qishloq markazidagi to‘yxonaga bordik. Uzoqdan kelgan mehmon deb siylab, to‘rga o‘tqazishdi. To‘yxonaning «to‘ri» qatorlashtirib qo‘yilgan stollarning eng yuqorisida — devor tagida edi. Hali barcha mehmonlar kelib ulgurishmagani uchun shu «to‘r»ga o‘tishimiz oson kechdi. Ammo qachonki, izzatimiz bitib, ketish taraddudiga tushib, mezbonga uzrimizni bildirdiku... so‘ng tortgan xijolatimizni ayting. Stollar zich qo‘yilgan, ikki tomonidagi qator stullar bir-biriga «elka» suyashib turibdi. «To‘r»dagi aziz mehmonga ruxsat berish uchun «poygak»ka dovur bemalol o‘tirgan biror qirq mehmonni o‘rnidan qo‘zg‘ashga to‘g‘ri keldi.

Bizning xijolat bo‘lganimizni sezib, mezbon uzrini aytdi. — To‘yxona olti yuz o‘ringa mo‘ljallangan. Shunga stol-stullar zich qo‘yilgan. To‘yxona egasiga qulaylikdan ko‘ra har mehmon boshiga oladigan haqi muhimroq. Bugungi to‘yga uch yuz kishini taklif qilganman. Ammo olti yuz o‘rin uchun haq to‘lashim shart. Mayli aytgan pulingizni beray, faqat ortiqcha stol-stullarni tashqariga chiqarib qo‘yaylik, mehmonlar bemalol o‘tirsinlar, desam to‘yxona egasi rozi bo‘lmadi. — Bir kunlik to‘y deb inter’erni buzaymi, — deydi u.

Bugungi kunda zamonaviy to‘yxonalardagi «o‘rinlar sonini oshirish» masalasi bilan bog‘liq bir qator muammolar yuzaga kelmoqda.

...Yaqinda Urganch shahrida bir yarim ming kishilik yangi, zamonaviy to‘yxona ish boshlagani haqida mahalliy televidenieda rosa reklama berishdi. Bir yarim ming mehmon-a?! Yana har bir o‘rin uchun to‘rt ming so‘mdan «to‘yxona haqi» olinishini ayting.

To‘y egasi ko‘pi bilan uch soat davom etadigan to‘yda olti million so‘m pulni to‘yxonachiga sanab berishi kerak!

Yurtboshimizning to‘ylarni dabdabasiz, kamchiqim, tartibli o‘tkazish borasidagi farmonida, mahalla oqsoqollari, fuqarolar yig‘inlari raislari zimmasiga ham bir qator vazifalar yuklatilgan.

Sa’dulla QILICHEV, O‘zXDP faoli, tuman Kengashi deputati, fermer:

— Xalqimizda «Oz bo‘lsin, soz bo‘lsin!» degan naql bor. Bu qimmatli gap to‘ylarimizga ham taalluqli. Ammo kim o‘zarga to‘y berish, yana falonchi falon katta to‘yxonada o‘tkazdi, mening undan qayerim kam deb musobaqalashishdek yomon illat paydo bo‘lmoqda. Cho‘ntagi shuni ko‘tarar ekan, o‘zi biladi desak, bu yoqda o‘rtahol, kamdaromadli oilalar turibdi. Ularning bo‘y yetgan farzandlari ham o‘sha tengquridan ortda qolgisi kelmaydi. Mana yoshlar tarbiyasiga putir yetkazadigan holatlardan biri! Umuman olganda to‘ylarimizni tartibga solish, kamchiqim qilib o‘tkazish haqida ko‘p gapiriladi-yu, ana shunday «rekord o‘rinli» to‘yxonalarga mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hech ikkilanmay ruxsat berishayotganini qanday baholash mumkin?

Qulon Qorabog‘ qishlog‘ida mo‘‘jazgina to‘yxona bor. Uch yuz o‘rinlik. Kunda bu dargohda to‘y. Hatto navbat kutib turishadi. Xizmatlar a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan. To‘ylar juda tartibli o‘tadi. Bu asosiysi emas. Asosiysi — to‘yxona egasi, oddiy fermer o‘tkazilgan to‘y uchun har mehmon boshiga besh yuz so‘mdan, ya’ni yuz ellik ming so‘m haq oladi. Agarda to‘y egasi kam daromadli bo‘lsa yana chegirma qiladi. Ana insof, ana imkon!

Yangi to‘yxona qurgan, tez kunda ishga tushirish uchun shoshayotgan bir tadbirkor akaxon bilan suhbatlashdik. Ya’ni intervyu oldik. Uning og‘zidan bol tomadi: — Xalqimizga bir xizmat qilaylik dedik-da. To‘yxonaning savobi ko‘p.

Shu o‘rinda biz to‘yxona uchun sarflangan mablag‘ qanchaligi va qancha muddatda o‘zini qoplashi bilan qiziqdik. Shunda tadbirkor akaxonimiz raqamlarni raqamlarga urib, bilag‘onlik qildi: — To‘yxonamiz sakkiz yuz o‘rinli. To‘rt yuz million so‘mga yaqin mablag‘ sarfladim. Har o‘rin uchun uch mingdan olsam, oyiga yigirma to‘y o‘tkazsam... bir yilda sarflagan mablag‘im qaytib turibdi...

Sa’dulla BOBOYeV, iste’fodagi ichki ishlar xodimi:

— To‘yxonalarning joylashtirilishi masalasiga ham mutasaddi idoralar rahbarlari e’tibor qaratishsa bo‘lardi. Bir to‘yxona bor — katta magistral yo‘l ustida. Mashinalar uchun to‘xtash joyi kichkina. Olti yuz o‘rinli to‘yxonaga mehmonlarning kamida to‘rtdan biri o‘z shaxsiy mashinasida keladi. Qani ularni qo‘yishga joy? Katta yo‘l usti mashinalarga to‘lib ketadi. Ular yo‘l harakati xavfsizligiga xalaqit berishayotgani hech kimning xayoliga kelmaydi. Shuningdek, so‘nggi paytlarda muttasaddilarning e’tiborsizligi oqibatida hatto o‘quv dargohlari va kasalxonalarga yaqin joylarda ham to‘yxonalar qad rostlayapti.

Ahmadjon VAISOV, O‘zXDP Xonqa tuman kengashi raisi:

— Aholi zich mahallalar, shaharlardagi ko‘p qavatli imoratlarda yashayotgan odamlar to‘y mavsumida har kuni shovqin-suronli qo‘shiqlarni eshitishga majbur. To‘yxonani qurishdan oldin ana shu tomonlarini ham o‘ylash kerak.

Yaxshisi bu haqda mutaxassis fikriga quloq solaylik.

Navbahor Solayeva, psixologiya fanlari nomzodi, Al Xorazmiy nomidagi Urganch davlat universiteti o‘qituvchisi:

Shovqin inson asabini yemiradi. Asabning buzilishi esa turli xastaliklar keltirib chiqaradi. Shu boisdan aholi istiqomat joylarida, ayniqsa, shaharlarda tungi dam olish vaqtida osoyishtalikni ta’minlash uchun shovqin-suronli uskunalar ishlatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ishlatilganda ham me’yor bo‘ladi.

Shu o‘rinda yana bir gap. Ba’zi to‘yxonalar moslashtirilgan binolarda ham ochilgan. Qachondir savdo markazi vazifasini bajargan bino tadbirkorning «loyihasi» asosida ikki-uch oy ichida to‘yxonaga aylanadi. Mana shunday binolarning ikkinchi qavatida to‘rt yuz — besh yuz chog‘liq mehmon o‘tqaziladi. To‘y avjida yoshlar davra o‘rtasida tinmay raqsga tushishadi. Bu eski binoning devorlari — tayanch ustunlari shuncha odamni ko‘tarib turishga mo‘ljallanganmi?

To‘g‘ri, bino moslashtirilganda, yangi «loyiha» asosida xizmat turini o‘zgartirganda mas’ul tashkilotlarning mutaxassislari o‘z xulosalarini berishgandir, ammo kafolat qani?

Barcha xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida xaridor va iste’molchilar bilan hisob-kitob qilishda pul o‘tkazish, plastik kartochka muomalasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani va qo‘yilayotganini ko‘rib turibmiz. To‘yxonalarda-chi? Pul ko‘chirish yoki plastik kartochka orqali hisob-kitobga to‘yxona egalarining ko‘pchiligi rozi bo‘lmaydi. Asosiy hisob-kitob — naqd pul to‘yxona egasi kissasiga tushadi. Soliq to‘lovlar qanday bo‘ladi? Ehtimol bu haqda ham o‘ylab ko‘rish kerakdir?

Umuman to‘yxona xizmat shoxobchasimi yoki — tez boyishning, dabdababozlikning yangicha shaklimi?

Ro‘zimboy HASAN,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



Izoh


SATTOROV UMID

(UMID_1393)

XONQA TUMANIDA TOYXONALAR JUDA KOP

Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: