O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
07.02.2012

Vada va vazifa unutilganda...

«Tadbirkorlik madaniyatini shakllantirish partiyaning ustuvor vazifalaridan biridir». O‘zLiDePning Saylovoldi dasturida shunday deb belgilab qo‘yilgan. Ammo partiya nashri — «XXI ASR» gazetasining so‘nggi sonlarida bu fikrga teskari gaplar aytilmoqda.

«O‘zbekiston ovozi» gazetasining shu yil 19 yanvar sonida yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun huquqiy va iqtisodiy qulayliklar yaratilayotgan bir paytda, ana shu qatlam manfaatlarini himoya qilishni o‘z maqsadi va vazifasi, deb e’lon qilgan O‘zLiDeP bu borada yechimini kutayotgan ayrim masalalar yuzasidan amaliy ish qilmayotgani haqida fikr bildirilgan edi.

Ammo O‘zLiDeP nashri buni noto‘g‘ri tushungan yoki tushunsada gapni ataylab boshqa tomonga burmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ko‘p joylarda, jumladan, Farg‘ona viloyatining Quva, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Boysun tumanlarida kundalik ehtiyoj uchun muhim bo‘lgan sartaroshxona, poyabzal ta’mirlash ustaxonalari, foto salonlar va kimyoviy tozalash shoxobchalari kabi xizmatlar talab darajasida tashkil etilmagan. Borlari ham aksariyat holda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatayotir. Bu — soha rivojiga to‘siq bo‘layapti, aholiga noqulaylik tug‘dirayapti. Vaholanki, bunday xizmatlar qonuniy faoliyat ko‘rsatishi uchun huquqiy asoslar yetarli. Bu — masalaning birinchi tomoni.

Masalaning ikkinchi tomoni — hunarmand yoki tadbirkor noqonuniy faoliyat yuritishdan manfaatdor emas. Chunki u o‘z ishini qonuniy tashkil etsa, yaratilgan imtiyozlardan foydalanadi, davlat himoyasiga olinadi. Xo‘sh, unda muammo nimada? Muammo, tadbirkorlik madaniyati yuqori emasligida, zamonaviy iqtisodiy-huquqiy ko‘nikmalarning yetishmasligida...

Agar qo‘lida hunari bor, bir ishning boshini tutgan, ozmi-ko‘pmi elga xizmat qilayotgan, odamlarga nafi tegayotgan kishilar o‘rtasida tegishli qonunchilik, davlatimiz yaratib bergan imtiyozlar, umuman, sohaning past-balandi haqida yetarli tushuntirish olib borilsa, kundalik hayot uchun zarur bo‘lgan mazkur xizmatlar ko‘paygan, qishloqlar infratuzilmasi rivojlangan bo‘lar edi.

Qonun hamma uchun barobar. Unga muvofiq ishlash lozim. Lekin qonun va me’yoriy hujjatlar to‘g‘risida yetarli tushunchaga ega bo‘lmagan oddiy kishilarga maslahat va ko‘mak kerak. Tadbirkorlik madaniyatini shakllantirishni maqsad deb bilgan siyosiy partiya bu borada tadbirkorlarga ko‘mak ko‘rsatsa, samaradorlik yuqori bo‘ladi-ku!..

O‘zLiDeP Saylovoldi dasturida «Partiya, shu jumladan, davlat hokimiyati vakillik organlaridagi o‘z deputatlari orqali moliya va bank tizimi barqarorligini kuchaytirishga, bu borada zarur chora-tadbirlar ishlab chiqib, ularning qabul qilinishiga ko‘maklashaveradi», deb belgilangan. Bunda, xususan, «chakana savdo sohasida naqdsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish mexanizmlari samaradorligini ta’minlash, bankdan tashqari pul aylanishini qisqartirish» asosiy vazifalardan etib ko‘rsatilgan.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, noqonuniy faoliyatning qonuniy tus olishi bevosita shu vazifalar ijrosi bilan bog‘liq-ku?! Ammo «XXI ASR» gazetasining 2 fevral sonidagi «Tanqiddan tegishli xulosalar chiqarildi» sarlavhali maqolada negadir bundan ko‘z yumiladi.

Quva, Sariosiyo va Boysun tuman Kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlari tadbirkorlik madaniyatini ko‘tarish, bu boradagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha biron-bir tashabbus ko‘rsatgan-ko‘rsatmagani to‘g‘risida lom-mim deyilmaydi.

Aksincha, «Quva yoki Kasbi («O‘zbekiston ovozi»ning 19 yanvar sonidagi maqolada bu tuman haqida hech qanday gap yo‘q. Kim bilsin, balki O‘zLiDeP bu tumandagi kamchiliklardan ham boxabardir) tumanida sartaroshxona ochish yoki poyabzal ta’mirlash do‘koni ishini yo‘lga qo‘yish siyosiy partiyaning, ya’ni O‘zLiDePning vazifasi emas», degan qabilda fikr aytiladi.

Tadbirkorlarni bunday ishlarga da’vat etish, ularga haq-huquqini tushuntirish kimning ishi? Yoki tadbirkor noqonuniy ishlayotgan bo‘lsa, unga buni kim aytadi? Aynan O‘zLiDeP emasmi?

Endi mana bu gapga qarang: «ushbu masalalar juda muhim bo‘lib, ularning barchasi o‘z yechimini topishi kerak. Lekin bu ish qonun bilan berilgan vakolatlar doirasida amalga oshirilishi darkor, deb hisoblaymiz», deyiladi «XXI ASR» gazetasida.

Qabul qilingan qonunlarning ijro etuvchi hokimiyat, ya’ni hukumat tomonidan markazda, hokimliklar tomonidan esa joylarda qanday bajarilayotgani ustidan qat’iy parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatish parlamentimiz va mahalliy vakillik organlari — Kengashlar oldida turgan g‘oyat muhim vazifa, deb uqtirgan Prezidentimiz.

Noqonuniy faoliyat qonunga zid, bu — tegishli qonunchilik talablari bajarilmayapti, deganidir. O‘zLiDePning mazkur tumanlardagi deputatlik guruhlari qonuniy vakolatlar doirasida faoliyat ko‘rsatganida, masalani yaqindan o‘rgangan, uni hal qilish bo‘yicha muayyan tashabbus bilan chiqqan bo‘lardi.

Davr siyosiy partiyalar oldiga jiddiy va mas’uliyatli vazifalarni qo‘ydi. Uni eskicha qarash, eskicha ish usuli bilan, quruq gap bilan ado etish qiyin. Saylovoldi dasturida belgilangan vazifaga nisbatan «qozon yopiqligicha qolsin» qabilida yondashish mumkindir, ammo odamlar bildirgan ishonchga befarq qarash, uni javobsiz qoldirish qimmatga tushadi.

To‘lqin TO‘RAXONOV


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: