O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
04.02.2012

Ishonchni oqlash kerak

ammo ayrim deputatlar buni yetarli darajada tushunib yetmayapti

O‘z vazifasini yaxshi bilgan, amaliy ishlar qilib, ishonchni oqlagan deputat xalq orasida obro‘-e’tibor qozonadi. Buning uchun esa mas’uliyatni chuqur his etib, halovat bilmay yelib-yugurish, aniq taklif va tashabbuslar bilan chiqish talab etiladi.

Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashida partiyamizdan 15 nafar, shahar va tuman kengashlarida 110 nafar deputat bor. Bu katta kuch, albatta. Deputatlarimiz orasida o‘z vakolatlaridan samarali foydalanib, elektorat manfaati himoyasi yo‘lida faol harakat qilayotganlari oz emas.

O‘tgan davr mobaynida tuman Kengashlarining 9 ta sessiyasida partiyamizdan saylangan deputatlar tomonidan elektorat manfaatini ko‘zlab kiritilgan masalalar ko‘rib chiqilgani, quvonarli albatta. Bog‘ot, Xonqa, Gurlan va Yangibozor tuman kengashlaridagi deputatlarimiz faoliyati bunga misol bo‘la oladi. Biroq qonun bilan belgilangan vakolatidan yetarlicha foydalana olmayotgan deputatlar ham yo‘q emas.

Masalan, Urganch shahridagi ko‘p qavatli uylarda kommunal xizmatlar bo‘yicha o‘ziga yarasha kamchilik va muammolar bor. Jamoatchilik qabulxonalariga tushayotgan murojaatlarning aksariyati ham ushbu masalalar bilan bog‘liq. Xo‘sh, shahar kengashidagi 8 nafar deputatni birlashtirgan partiyamiz deputatlik guruhi bu borada nima ish qildi? Afsuski, hech qanday. Elektoratning issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lib, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni hal etishda takliflar bilan chiqish o‘rniga ular tomoshabin bo‘lib turishibdi. Shahar Kengashi sessiyalarida ham deputatlar gapirishdan ko‘ra, eshitishni ma’qul ko‘rishgani bu fikrni yana bir marotaba tasdiqlaydi. Eng achinarlisi, partiya tashkiloti bilan deputatlar orasida «uzilish» vujudga kelgan.

— Yaqinda partiyaning tuman va shahar kengashlari hamda deputatlik guruhlarining joriy yildagi faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shma majlis o‘tkazdik, — deydi viloyat partiya kengashi raisi o‘rinbosari Saburyaz Ishchanov. — Shahar kengashida o‘tkazilgan bu majlisga bor-yo‘g‘i uch nafar deputat keldi, xolos. Bu yig‘ilishga hatto deputatlik guruhi rahbari Egambergan Ro‘zmetovning o‘zi ham kelmadi. Sababini ham aytmadi.

To‘g‘ri, Kamara Rahimova, Shuhrat Sharipov, Farhod Qurbanovlar shahar Kengashidagi faol deputatlardan hisoblanadi. Ularni har doim saylovchilar huzurida ko‘rish mumkin. Partiya tashkilotlari o‘tkazayotgan turli tadbir va yig‘inlarda qatnashish, hayotiy taklif va e’tiborli loyihalarni ko‘tarib chiqishda ibrat ko‘rsatib keladi. Lekin bir-ikki deputatning harakati, yelib-yugurishi bilan vaziyat o‘zgarmaydi.

Har bir saylov arafasida partiya tashkilotlariga serqatnov bo‘lib qoladigan partiya a’zolarini yaxshi bilamiz. Maqsad — partiyadan deputat bo‘lish. Ammo saylovdan so‘ng partiya va elektorat ishonchini oqlash haqida o‘ylashni unutishadi.

Bugun davrning o‘zi mahalliy Kengash deputati zimmasiga aniq va mas’uliyatli vazifalar qo‘ymoqda. Ularning ijrosi o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, buning uchun ishni to‘g‘ri tashkil etish, izlanish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish xususiyatlarini chuqur o‘rganish kerak. Shunda joylarda yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklar yechimi bo‘yicha hayotiy taklif va tashabbuslar ko‘payadi. Deputat faoliyatida izchillik bo‘ladi. Muhimi, bundan odamlarga naf yetadi. Saylovchilar aynan shuning uchun deputatga ovoz bergan, ishonch bildirgan.

Ro‘zimboy HASAN,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: