O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
07.01.2012

Tojikiston tashqi ishlar vazirligining Rogun vasvasasi

Vaxsh daryosida balandligi 335 metr bo‘lgan bahaybat to‘g‘on — qaltis va bahs-munozarali gidroinshoot — Rog‘un GESi qurilishi tojik xalqi va butun Markaziy Osiyo mintaqasiga olib keladigan «ijobiy imkoniyat»lar haqida safsata to‘qib chiqarish Tojikiston targ‘ibot mashinasi uchun allaqachon odatdagi mashg‘ulotga aylangan.

Bu qip-qizil uydirmadan pirovard maqsad — oxiri ko‘rinmaydigan qashshoqlik va nochorlikdan allaqachon charchagan tojik xalqi ongida Rog‘un deb atalmish afsonani mustahkamlashdan iborat. Ayni paytda Tojikiston tashqi siyosat mahkamasi va uning tuzilmasiga kiruvchi xorijiy vakolatxonalar bu afsonani zo‘r berib xalqaro jamoatchilik ongiga singdirishga urinayotir.

2011 yilning dekabrida Bonnda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda boshqa mehmonlar qatori Tojikiston tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy ham qatnashdi. Konferensiyadan ko‘zda tutilgan maqsad — 2014 yil xalqaro koalitsiya qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilgach, xalqaro hamjamiyat Qobulga beradigan uzoq muddatli yordamni kafolatlash edi.

Ammo tojik diplomati o‘tkazgan uchrashuvlar shuni ko‘rsatdiki, u mintaqadagi xavfsizlikka xavf solib turgan janubiy qo‘shnisining muammolariga jon kuydirib Bonnga kelmagan. Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi (TIV) axborot departamenti xabar berishicha, bu uchrashuvlarda mamlakatning turli yo‘nalishlarda ikki tomonlama va ko‘ptomonlama hamkorligi masalalari hamda respublikada gidroenergetika loyihalarini amalga oshirish masalasi muhokama qilingan. Tojikiston ommaviy axborot vositalari shu munosabat bilan: «TIV rahbari mamlakat energetika ta’minoti va kuzgi-qishki mavsumda aholi hamda sanoat ehtiyojlari uchun Rog‘un GESi va boshqa ob’ektlar qurilishi muhim ekanini alohida ta’kidladi», deb yozdi. Tashqi siyosat mahkamasi rahbari Tojikiston tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishi va respublika iqtisodiyotini yanada rivojlantirish uchun gidroenergetikaning hayotiy zaruratini tushunishlariga umid bildirdi».

Ko‘rinib turibdiki, Afg‘oniston bo‘yicha Bonn konferensiyasi maqsadlari Tojikiston delegatsiyasi maqsadlari bilan mutlaqo bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Tojik tomoni Rog‘un GESi qurilishi bo‘yicha siyosiy «daromad» undirish ilinjida shunday yirik xalqaro forumdan foydalanib, o‘zining xorijiy sheriklari ko‘kragiga yana bir bor bosh qo‘yib, obi-diyda qildi.

Bu borada Tojikiston elchixonalari orqali ham faol ish olib borilmoqda. Bugungi kunda, ayniqsa, G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan tojik diplomatlari butun salohiyatini Rog‘un GESi tojik xalqining kulfatlariga malham deb ko‘rsatishga, bunga turli dalillar topishga qaratilgan.

Lekin ma’lum bo‘lishicha, qancha iltimos qilmasin, qancha yalinmasin, suv-ekologiya muammolari bo‘yicha bilimdon ekspertlar tojik tashviqotchilari izmida yurishni xohlashmayapti, ular o‘z obro‘lariga dog‘ tushirishni istashmayapti. Alal-oqibat Rog‘un bo‘yicha afsona to‘qish jarayonida tojik diplomatlari suv masalalaridan yiroq, ammo muayyan maqomga ega diletantlar xizmatidan foydalanmoqda, chunki boshqa yo‘l yo‘q. Bunga hayron bo‘lmaslik kerak. Aytishadi-ku, baliq bo‘lmasa, qisqichbaqa ham baliq...

Tojikiston milliy axborot agentligi «Xovar» tarqatgan xabarga ko‘ra, Yevroparlament ofisida 2011 yil 12 iyulda S.Stivenson va ekspertlar guruhi Qozog‘istonning qandaydir nohukumat tashkiloti vakili Kamila Magzieva degan kimsa ishtirokida Rog‘un GESiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazgan. Ushbu material bilan tanishgandan keyin nahotki Yevroparlament uchun Tojikistondagi GES qurilishi istiqboli muhokamasi uchun alohida konferensiya o‘tkazishdan ko‘ra dolzarbroq masala yo‘q, degan savol tug‘iladi.

Undan keyin Tojikiston hukumat nashri o‘z mamlakati TIV axborot departamentiga tayangan holda ma’lum qilishicha, tadbirda «Yevroparlament deputatlari, Yevropa Ittifoqining fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlik Dasturining nufuzli vakillari» ishtirok etgan. Biroq nima uchundir tadbir ishtirokchilarining bir qarashda mo‘‘tabar ko‘ringan tarkibini sanash chog‘ida faqat uch kishi — Stivenson, Magzieva va Tojikistonning Belgiyadagi elchisi R.Solievning nomlarigina tilga olingan.

Xabardan ayon bo‘ladiki, atrof-muhit muammolari, gidrotexnika va seysmologiyadan yiroq mana shu uch kishi Rog‘un GESi qurilishi loyihasining ilmiy va ekologiya nuqtai nazaridan xavfsiz ekaniga Yevropa parlamenti a’zolarini ishontira olishgan. Ammo keyinchalik aniqlanishicha, bu qat’iy bayonot, Tojikiston tarafining omadsizligini qarangki, boshqa bironta axborot manbasi tomonidan tasdiqlanmadi. Tasdiqlanmagani ham mayli, yevrodeputatlar ishtiroki bilan o‘tkaziladigan barcha tadbirlar to‘g‘risida o‘z elektron sahifalarida xabar beradigan Yevroparlamentning Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati bu borada butunlay boshqa axborot tarqatdi.

Darhaqiqat, Yevroparlamentda 12 iyulda yevrodeputatlar va ko‘zga ko‘ringan ekspertlar ishtirokida konferensiya bo‘lib o‘tgan. Biroq bu konferensiya Tojikiston TIV departamentiga tayanib «Xovar» agentligi ovoza qilganidek, Rog‘un GESiga emas, «Qishloq xo‘jaligining kelgusi taraqqiyotida suv jarayonlarini shakllantirish» mavzusiga bag‘ishlangan. Konferensiya dasturidan ma’lum bo‘lishicha, uning qatnashchilarini Yevropa Ittifoqi hududidagi fermerlar va atrof-muhit manfaatlari yo‘lida qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlar va suvdan foydalanishni yaxshilash texnologiyalarini joriy etish masalalari qiziqtirgan. Bu konferensiya mavzusi bilan Tojikistondagi Rog‘un GESi qurilishi orasida qanday bog‘liqlik bo‘lishi mumkin?..

Yevropada qishloq xo‘jaligi va suvdan foydalanish samaradorligi muhokama qilinayotgan konferensiyada janob Stivenson va Magzieva xonim Rog‘un GESining foydasi to‘g‘risida qanday otashin nutq so‘zlashi mumkin?..

O‘z-o‘zidan shunday xulosa kelib chiqadi: Tojikistonning Bryusseldagi diplomatik missiyasi yana bir bor «qulay fursatdan» foydalanib qolish va Yevropadagi suv muammolariga bag‘ishlangan konferensiya mavzusini o‘z xohishicha, ya’ni gidroenergetika masalasi deb o‘zgartirish, shu yo‘l bilan Dushanbedagi oliy rahbariyat oldida obro‘ qozonishga ahd qilgan yoki yolg‘on xabar tarqatgan.

Rog‘un loyihasini ovoza qilishda chegaradan chiqqan Hamroxon Zarifiyning xodimlari ma’lum va mashhur Yozef Gebbels tamoyiliga amal qilishgan ko‘rinadi. Gebbels: «Tutib olmasliklari aniq bo‘lsa yoki kech tutib olishlariga amin bo‘lganda yolg‘on gapirish mumkin», deyishni yaxshi ko‘rgan.

Shunisi aniqki, Tojikiston bunday shov-shuvlar bilan Rog‘un haqida ijobiy fikr uyg‘ota olmaydi, ayniqsa, odamlar hayotiga xavf soluvchi yirik to‘g‘onlar qurishdan allaqachon voz kechgan Yevropada...

Boz ustiga, aqlli sarmoyador asosi bo‘sh bu loyiha uchun tavakkal qilib mablag‘ tikmaydi. Aholisi yoppasiga qashshoq bo‘lgan Tojikistonning hozirgi sharoitida Yevropa jamoatchiligi hali qurib bitkazilmagan ob’ekt aksiyalarini sotib olishga o‘z xalqini majbur qilayotgan rejimga mamlakatlari hukumatlari yordamini ma’qullamasligi aniq.

Rog‘un GESi targ‘iboti masalasida Tojikiston tashqi siyosat mahkamasi urinishlari aslida o‘z-o‘zini aldashdan boshqa hech narsa emas... Hammaga ma’lumki, Tojikistondek kichik mamlakatning energetika ehtiyojini Rog‘un GESini qurmasdan ham to‘la qondirish mumkin. Buning uchun mamlakatda ishlab turgan ko‘psonli gidroelektrstansiyalar quvvatini samarali boshqarish kifoya. Tojik diplomatlari tomonidan xorijda, jumladan, Yevropada Rog‘un GESi keng qo‘llab-quvvatlanayotgani to‘g‘risida berilayotgan materiallar prezidentning xomxayollariga xushomaddan boshqa hech narsa emas. Albatta, ular o‘zlarining xorijdagi bekami-ko‘st hayotini (shinam uy-joy, farog‘atli turmush va kattagina maosh) qandaydir tarzda oqlashi kerak-ku!..

Furqat VALIYeV

Manba: http://www.centrasia.ru


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: